2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Islohotlar yurt obodligi va aholi farovonligiga xizmat qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 may kuni sanoat va jamoat transporti sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar, mahallalardagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida Toshkent shahrining Chilonzor tumaniga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari dastlab Chilonzor sanoat zonasidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.

Mazkur sanoat hududida bugungi kunda 510 ta korxona bo‘lib, yana ko‘plab yangilari tashkil etilmoqda.

Xususan, oziq-ovqat korxonasida yiliga 7 ming tonna mahsulot, shu jumladan, 10 turdagi chips tayyorlanmoqda. Yaqinda loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilib, mahsulotlar turi kengaytiriladi.

Mebelsozlik tarmog‘idagi korxonada yiliga 2 million metr kvadrat yog‘och panellar ishlab chiqarilmoqda. Ularning katta qismi import o‘rnini bosishi bilan ahamiyatli.

Funksional oziq-ovqatlar kombinatida yiliga 5 million quti yodlangan qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ularning 30 foizini eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari ushbu korxonalarning ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Ularning har biri o‘ziga xos yo‘nalish tanlaganiga e’tibor qaratib, barcha hududlarda shunday korxonalarni tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Yodning aholi salomatligi uchun muhimligini inobatga olib, mamlakatimizda yod bilan boyitilgan oziq-ovqatlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Shu yerda Chilonzor tumanida sanoatni rivojlantirish rejalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

– Chilonzor tumanida juda katta infratuzilma, bo‘sh turgan binolar, kafolatlangan energiya resurlari bor. Faqat tadbirkorlarga mablag‘ berib, xorijiy texnologiyalar olib kelib, Chilonzorni industriya xabiga aylantirish kerak, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari iqtisodiy loyihalar ijtimoiy sohada ham natija keltirishi zarurligiga alohida to‘xtaldi. Tadbirkorlarga ko‘mak berib, faoliyatini kengaytirib, mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligiga hissa qo‘shish zarurligini ta’kidladi. Bu borada boshlangan yangi dasturdan foydalanib, tumandagi 3 ming kambag‘al va 10 ming ishsiz fuqaroni ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Prezidentimiz Chilonzor tumanidagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasini ham ko‘zdan kechirdi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi 7-avtobus saroyiga bordi.

Aholining kundalik hayotiga daxldor har bir masala davlatimizning e’tiborida. Xususan, jamoat transporti tizimi o‘sib borayotgan talabdan kelib chiqib rivojlantirilmoqda.

So‘nggi yillarda Toshkent shahri ham eniga, ham bo‘yiga o‘sdi. Muqim aholi, vaqtincha yashovchilar, turistlar, talabalar soni oshdi. Ilgari shaharda kuniga 800-900 ming yo‘lovchi jamoat transportidan foydalangan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 1 million 300 mingdan oshgan. Shu bois avtobuslar yetishmasligi, kutish vaqti ko‘pligi kabi muammolar yuzaga kelgan edi.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yil 13 dekabr kuni poytaxtmizdagi 18-avtobus saroyida bo‘lib, bu ahvolni o‘zi ko‘rgan, yangi avtobuslar olib kelish va yo‘lovchilarga qulayliklarni oshirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Shundan kelib chiqib, joriy yil 16 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu galgi tashrif chog‘ida Shavkat Mirziyoyev sohadagi vazifalar ijrosi bilan tanishdi.

Aprel-may oylarida Toshkent shahriga 755 ta zamonaviy avtobus olib kelinib, yo‘lovchilari eng ko‘p yo‘nalishlarga qo‘yilgan. Natijada avtobuslarning kunlik soni 1 ming 400 taga yetgan, 9 ta qo‘shimcha yo‘nalish ochilgan. Yaqin kunlarda yana 245 ta avtobus keltiriladi.

Jumladan, 7-avtobus saroyi shu paytgacha 18 ta yo‘nalishda kuniga 90 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatar edi. Yaqinda uning parki 67 ta yangi transport bilan boyidi. Tabiiyki, yo‘lovchi tashish quvvati oshib, avtobuslarning oraliq vaqti qisqardi.

Mutasaddilar Toshkent shahrining yangilangan Transport bosh rejasi bo‘yicha ham axborot berdi. Qayd etilganidek, u shaharning kengayishi va yo‘lovchilar oqimi tahlili asosida, 167 ta yo‘nalishdan iborat tarzda ishlab chiqilgan. Shundan 17 tasida kunlik reja belgilash tartibi bekor qilinib, bosib o‘tilgan masofaga qarab hisob-kitob tizimiga o‘tilgan. Iyun-iyul oylarida qolgan 150 ta yo‘nalish ham tender savdolari orqali shunday tizimga o‘tkaziladi. Natijada qatnovlar muntazamligi ta’minlanadi, xizmat sifati oshadi.

Bunda haydovchilarning malakasi ham juda muhim. Shu bois Toshkent davlat transport universiteti va boshqa o‘quv markazlarida haydovchilikka o‘qitish hamda qayta tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Avtobus haydovchilarining oylik maoshlari ikki barobar oshirilib, yil boshidan beri mingdan ziyod haydovchi ishga qabul qilingan.

Davlatimiz rahbari avtobuslarga sifatli servisni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi. Yo‘lkira to‘lovi tizimini tartibga solish, harakat nazoratini raqamlashtirish, bekatlarda sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

– Yangi avtobuslar, albatta, xalqimizga qo‘shimcha sharoit yaratdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Endigi vazifa yo‘llarda tirbandlikni kamaytirib, avtobuslarning erkin harakatini ta’minlash. Pirovard maqsad – Toshkentda jamoat transporti qamrovini 2 million yo‘lovchiga yetkazish.

Prezident avtobusga o‘tirib, oddiy yo‘lovchilar bilan birga yo‘nalish bo‘ylab yurib ko‘rdi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi 3-Katta Chilonzor mahallasiga ham tashrif buyurdi.

Mamlakatimizda barcha dasturlar aholi ehtiyojidan kelib chiqib, manzilli amalga oshirilmoqda. Buning uchun “mahalladagi beshlik” tizimi joriy etilib, ularga keng imkoniyatlar berildi. “Xavfsiz mahalla”, “Xavfsiz ko‘cha” konsepsiyalari hayotga tatbiq etilmoqda. Mahallalarning o‘ziga mablag‘ yo‘naltirilib, obod qilinmoqda.

Bu 3-Katta Chilonzor mahallasida ham yaqqol namoyon. Fuqarolar yig‘ini binosi, 52 ta ko‘p qavatli uy zamonaviy qiyofaga ega. Maydonchalar va ichki yo‘llar tekislanib, atrofi obodonlashtirilgan. Bolalar o‘yingohi va sayilgoh tashkil etilgan.

«Yashil makon» umummilliy loyihasiga muvofiq, bo‘sh maydonlarga daraxt ko‘chatlari, rayhon, namozshomgul kabi gullar ekildi, maysazorlar tashkil etildi. Mahalla hududidan o‘tgan “Anhor” kanali bo‘yida sayilgoh, piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etildi. Shuningdek, elektr podstansiyasi, transformator va past kuchlanishli kabellar yangilandi.

Prezidentimiz bu o‘zgarishlarni ko‘zdan kechirdi. Shu yerda mahallalar faollari, nuroniylar bilan muloqot bo‘ldi.

– Bilasizlar, hamma ishlarimizni mahallada amalga oshiryapmiz. Agar mahalla obod, oilalar tinch va daromadli bo‘lsa, o‘qish, izlanish, rivojlanish bo‘ladi. Shu bois bu tizimga qo‘shimcha vakolatlar berayapmiz. Bugun mahalla kambag‘allikni qisqartirish, xotin-qizlar muammosini hal qilish, yoshlar tarbiyasida katta kuchga aylanmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 Aholi vakillari buni mahalla hayotida sezayotgani, yoshlarni o‘qitish, ishga joylashtirish e’tiborda ekanini aytishdi. Chilonzordagi 55 ta mahallani obod qilish, ijtimoiy masalalarni hal etishga 115 milliard so‘m ajratilgani qayd etildi.

Bu yil Toshkent shahrining 585 ta mahallasiga 351 milliard so‘m, shundan Chilonzordagi 55 ta mahallaga 35 milliard so‘m yo‘naltirilishi ma’lum qilindi.

Prezident bandlik masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

– Xabaringiz bor, kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim asosida ish boshladik. Bunda mahallalardagi ishsizlar salohiyatli tadbirkorlarga biriktiriladi. Chilonzor tumanida 10 ming nafar ishsiz fuqaroning bandligini ta’minlashimiz kerak. O‘ylaymanki, tadbirkorlar bu bo‘yicha o‘ziga mas’uliyat olib, nuroniylarimiz bosh-qosh bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Uchrashuvda Prezident fuqarolar bilan ochiq, samimiy suhbatlashdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida bo‘ldi.

Bu maskan 2019 yilda xorijiy kompaniyaga ijaraga berilgan edi. O‘tgan vaqtda 12 million dollarlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, sharoitlar yaxshilandi. 43 ta yangi attraksion o‘rnatilib, uch yuzdan ziyod ish o‘rni yaratildi.

Asosiysi, bog‘ni rekonstruksiya qilishda biror-bir daraxtga ziyon yetkazilmasdan, aksincha, hududga uch mingdan ziyod manzarali ko‘chatlar  va daraxtlar ekildi. Bog‘da ichimlik suvi va gaz hamda kanalizatsiya o‘tkazilgan, shuningdek, hudud to‘liq zamonaviy sug‘orish tizimi bilan qamrab olingan. 

Ilgari boqqa kuniga 30 ming atrofida mehmon kelgan bo‘lsa, rekonstruksiyadan so‘ng o‘rtacha 60 ming kishi tashrif buyurmoqda.

Davlatimiz rahbari bog‘ bo‘ylab yurib, odamlar bilan suhbatlashdi. Bolajonlarga mehr ko‘rsatib, ezgu tilaklar bildirdi.

27.05.2023

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Ишсиз деб эътироф этиш ва ишсизлик нафақасини тайинлашИшонч телефони12 Fevral 202421 Fevral 2024Qoraqalpog`iston Respublikasi
Ҳомиладорлик ва туғиш таътилига (декретга) чиқиш, таътил даврида тўланадиган нафақаИшонч телефони19 Fevral 202426 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Шахсий жамғариб бориладиган пенсия ҳисобварағига (ИНПС) оид масалаларИшонч телефони20 Fevral 202423 Fevral 2024Samarqand viloyati
Муҳтожларга бир марталик моддий ёрдамИшонч телефони27 Yanvar 202424 Fevral 2024Buxoro viloyati
Йўл, унга қарашли йўлак, лоток, ариқ ва бошқаларнинг талабга мувофиқ эмаслигиИшонч телефони26 Oktabr 202323 Fevral 2024Toshkent viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati

Foydali resurslar