2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Murojaatchilarga nisbatan “muomalasizlik” 822 ta norozilik murojaatiga sabab bo‘lgan

Inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, fuqarolarning murojaatlarida ko‘tarilgan masala va muammolarni hal etish, inson qadrini ulug‘lash bugungi islohotlarning bosh mezoniga aylandi.

Bugungi kunda har bir tashkilot va idora, mansabdor shaxs fuqarolarning murojaatlariga alohida e’tibor qaratib, ularda aks etgan muammolarni hal etish choralarini ko‘rmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda uning mintaqaviy vakillari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi muntazam ravishda ta’minlanmoqda. 2022 yilning o‘tgan sakkiz oyi davomida Vakil nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 9 ming 166 ta murojaat kelib tushgan.

Ularning 5,4 foizi, ya’ni 495 tasi Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillariga yuborilgan. Murojaatlarning 2 ming 448 tasi takroriy ravishda kelgan bo‘lsa, 70 tasi belgilangan tartibda anonim deb topildi.  

Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha 8 oylik faoliyati natijalariga bag‘ishlangan brifingda aytib o‘tildi.

— Murojaatlarning 14,2 foizi fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklariga oid, 33 foizi ijtimoiy huquqlar, 25,8 foizi iqtisodiy huquqlar, 15 foizi siyosiy huquqlar va 1 foizi ekologik huquqlarga tegishlidir, — dedi brifingda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning matbuot kotibi Fotima Madrahimova. — Murojaatlarning 16 tasi xorijiy davlatlarning inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmanlaridan kelib tushgan. Yuqorida tasnif etilganlardan tashqari, fuqarolarning davlat ijro hokimiyati, davlat boshqaruvi organlari xodimlarining murojaatchilarga nisbatan muomala madaniyatiga amal qilmaganligi yuzasidan 822 ta murojaat kelib tushgan.

Ombudsmanning o‘ziga yuborilgan 8 ming 671 ta murojaatdan 2 ming 532 tasi parlament nazorati sub’ekti sifatida nazoratga olingan. 979 ta murojaat bo‘yicha murojaatchiga batafsil huquqiy maslahat va tavsiyalar berilgan. Qolgan 5 ming 160 ta murojaat tegishliligi bo‘yicha vakolatli tashkilotlarga mazmunan ko‘rib chiqish uchun yuborilgan. Murojaatlarning 26 foizi nazoratga olinib, 88,4 foizi esa ijobiy hal etilgan.  

Murojaatlar hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p murojaat Qashqadaryo viloyati (1 650 ta), Toshkent shahri (1 510 ta), Surxondaryo (1184 ta), Toshkent (696 ta), Samarqand (668 ta) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng kam murojaatlar esa Sirdaryo viloyatidan (216 ta) va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan (212 ta) kelib tushgan, — dedi axborot beruvchi.    

Shuningdek, Ombudsman tomonidan hisobot davrida fuqarolarning manfaatlari yuzasidan tashkilotlarga 52 ta ta’sir choralari  qo‘llanilgan. Fuqarolarning qarzdorligi, sog‘lig‘iga yetkazilgan zararlar, moddiy va ma’naviy zararlar va boshqa majburiy to‘lovlar oqibatida yuzaga kelgan huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganilishi natijasida jami 143 million so‘mdan ortiq mablag‘lar fuqarolar foydasiga undirilgan. Bundan tashqari, 31 million so‘mdan ortiq aliment to‘lovlari undirilishi ta’minlangan. 4 nafar fuqaro ishga tiklangan, 2 nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan.  

Vakil tomonidan fuqarolarning davlat organlari va tashkilotlar mansabdor shaxslari xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yozgan murojaatlari ham batafsil o‘rganildi. Natijada huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 3 nafar mas’ul xodimi o‘z vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun intizomiy javobgarlikka tortilgan, 1 nafariga qattiq ogohlantirish berilgan. Shuningdek, Ombudsman so‘roviga asosan vakolatli davlat organlari tomonidan mas’ul mansabdor shaxslarning harakatlarida qonunbuzilish holatlari mavjudligi aniqlanib, 1 nafar mansabdor shaxs egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. 3 nafar mas’ulga “xayfsan” intizomiy jazosi qo‘llanilgan, 4 nafar mas’ulga o‘rtacha oylik ish haqining 30 foiz miqdorida “jarima” intizomiy jazosi qo‘llanilgan, 2 nafar mas’ul ishiga sovuqqonlik bilan yondashgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan.  

Ta’kidlash joizki, fuqarolarning Ombudsman nomiga yuborgan hech bir murojaati e’tiborsiz qolmagan. Har biri yuzasidan tegishli tartibda choralar ko‘rilgan. Bu esa mamlakatimizda inson huquqlari, manfaatlari, qadr-qimmati har narsadan ustun ekanligi va doim e’tiborda bo‘lishini namoyon etadi.  

21.09.2022

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Иш ҳақи ва унга тенглаштирилган тўловларни ундиришИшонч телефони5 Iyun 202117 Iyun 2021Andijon viloyati

Foydali resurslar