2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Ulug‘ ayyom kunlaridagi ezgu ishlar

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 aprel kuni Toshkent shahri Olmazor tumanida olib borilayotgan bunyodkorlik va mahallalarni obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.

2018 yil 15 iyun, Ramazon hayiti kuni Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi. bugungi muborak Ramazon kunlarida davlatimiz rahbari ushbu majmuaga yana tashrif buyurdi.

Bu markaz ham mahobati, ham mohiyati jihatidan ulkan loyiha. Uning qurilishi qariyb to‘rt yildirki davom etmoqda. Majmua uch qavatli bo‘lib, qadimiy obidalarimiz shaklida barpo etilgan. Bino markazida ulkan gumbaz, to‘rt tomonida simmetrik peshtoqlar qurilgan. bugungi kunda pardozlash ishlari olib borilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu ishlarni ko‘zdan kechirdi. Binoni pardozlashda qadimiy madrasalarimizdagi belgilar va issiq ranglardan foydalanilmoqda.

Davlatimiz rahbari majmuani chiroyli va sifatli qilib qurish bilan birga mazmuniga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

– Bugun, muborak Ramazon oyida, juma kunida bu yerga kelishimiz bejiz emas. Bunday ulug‘ ayyom kunlarida qilingan niyatlar amalga oshadi. Oxirgi yillarda og‘ir-og‘ir sinovlardan o‘tdik. Lekin bu yerda ish to‘xtagani yo‘q. Nima uchun buni qurayapmiz? Xalqimizning dunyoqarashini, g‘ururini ko‘tarish, qanday buyuk el ekanimizni ashyoviy dalillar bilan namoyon etish uchun, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning ma’naviy qudratini ko‘rsatishi qayd etildi.

– O‘tgan yili Qashqadaryoda “O‘zbekiston GTL” zavodini ochib, butun dunyoga mamlakatimizning iqtisodiy qudratini ko‘rsatdik. Bu markaz xalqimizning ma’naviy va ma’rifiy qudrati timsoli bo‘lib qoladi, – deya ta’kidladi Prezident.

Davlatimiz rahbari devorlardagi ravoqlarning bezak va yozuvlari namunalari bilan tanishdi. Darvozalar tepasiga tinchlik, ilm, odobga chorlovchi oyatlardan yozish maqsadga muvofiqligini aytdi.

Islom sivilizatsiyasi markazining tarkibiy qismlari to‘g‘risida ma’lumot berildi. Birinchi qavatda muzey ombori, qadimiy qo‘lyozma va osori-atiqalarni saqlash hamda restavratsiya qilish xonalari, nashriyot va kitob do‘konlari joylashadi.

Ikkinchi qavat majmuaning asosiy ko‘rgazma maydoni bo‘ladi. Bu yerdagi Islom tarixi muzeyi 9 ta bo‘limdan tashkil topadi. Binoning markazida 65 metr balandlikdagi gumbaz ostida Islom olamining durdonasi hisoblangan Usmon mushafi qo‘yiladi. Bu zal atrofida yana 8 ta – “Islomdan avvalgi davrda Markaziy Osiyo”, “Islomning Markaziy Osiyoga yoyilishi”, “Ta’lim”, “Ilm-fan”, “Me’morchilik va shaharsozlik”, “San’at va badiiy hunarmandchilik”, “An’analar” hamda “Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston” bo‘limlari joylashadi.

Shuningdek, bu qavatda 550 kishiga mo‘ljallangan konferensiya zali bo‘ladi.

Prezidentimiz “Ilm-fan” bo‘limini ko‘zdan kechirdi. Alloma bobolarimiz merosini keng va ta’sirchan targ‘ib etish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Davlatimiz rahbari uchinchi qavatga chiqib, kutubxona, Islom akademiyasi ilmiy kafedralari va ma’muriy xonalar namunalarini ham ko‘rdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanidagi Universitet mahallasiga bordi.

Ijtimoiy dasturlarni mahallabay amalga oshirish – davlatimiz rahbarining eng asosiy talabi. Universitet mahallasida ham ish shunday tashkil etilgan. Fuqarolar yig‘ini binosi zamonaviy ta’mirlangan. Uylar hovlisi, maydonchalar obod qilinib, ichki yo‘llar beton bilan tekislangan, 700 metr uzunlikdagi velosiped yo‘laklari qurilgan.

Ma’lumki, o‘tgan yili noyabrda “Yashil makon” umummilliy loyihasi e’lon qilingan edi. Davlatimiz rahbari bu jarayonda daraxt ko‘chatlari ekish bilan birga mahallalarda ishkomli ko‘chalar tashkil qilish zarurligini aytgan edi. Shunga muvofiq, Universitet mahallasida 750 metr uzunlikdagi ishkomlar o‘rnatilib, uzum ko‘chatlari ekilgan. Ko‘p qavatli uylar oldidagi maydonlarga rayhon, namozshomgul kabi gullar yetishtirilmoqda.

Universitet mahallasida 4 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. 19 ta ko‘p qavatli uyning qiyofasi, yo‘laklari yaxshilandi. Bu yerda 150 o‘rinli xususiy maktab ham bor. O‘ndan ortiq kichik biznes korxonasida mahalliy yoshlar va ayollar ishlamoqda.

Prezidentimiz mahallada bajarilgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Mahalla faollari, nuroniylar bilan suhbatlashdi.

– Sizlarni avvalo Ramazon oyi bilan, mahallangiz shunday obod bo‘lgani bilan tabriklayman. Bu salgina harakat qilsa, rahbarlar pastga tushib ishlasa, natija bo‘lishining bir misoli. Ilgari mahallaning nomi bor edi, hokim xushi kelsa, gaplashardi. Hozir hamma tizimni mahallada mujassam qilayapmiz. Nima uchun? Har bir oilaga, har bir insonga yetib borish uchun. Bunday ishlar hamma mahallada tezroq bo‘lishini istardim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘tgan yili Toshkent shahridagi 579 ta mahallaga 2 milliard so‘mdan berilgan edi. Bu yil ham yana shunchadan mablag‘ yo‘naltirilishi ma’lum qilindi.

Davlatimiz rahbari mahalladagi “Olmazor xolding grand” boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishdi.

Ko‘p joylarda bo‘lgani kabi Universitet mahallasida ham kommunal xizmat ko‘rsatishda muammolar bor edi.

2021 yil 19 iyunda O‘zbekiston Prezidentining “Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. “Olmazor xolding grand” kompaniyasi ushbu imkoniyatlar natijasida tashkil topdi. Uning ikki qavatli binosida qulay sharoitlar yaratilgan.

Kompaniya 7 mahalladagi 103 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi. Ilgari bu uylarga 27 ta shirkat qaragan. Ularda direktordan boshqa mutaxassis, maxsus texnika bo‘lmagan. Hozir servis kompaniyasida 70 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Maxsus texnikalar sotib olingan. Kompaniya binosida kommunal xizmatlar bo‘yicha o‘quv markazi ham ochilgan.

Hisob-kitoblarda billing tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida «Mening uyim» mobil ilovasi joriy etilgan.

Bundan tashqari, boshqaruv kompaniyasi binosidagi qo‘shimcha xonalar hamda ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasida 30 ga yaqin maishiy xizmatlar tashkil etilgan. Prezidentimiz ushbu shoxobchalarni ham kirib ko‘rdi.

Shu yerda Toshkent shahri tumanlarida tashkil etiladigan boshqaruv servis kompaniyalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanidagi 102-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatni borib ko‘rdi.

Mazkur ta’lim muassasasi 1966 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2016 yilda kapital ta’mirlangan. Ayni paytda bu yerda 221 nafar o‘quvchi tarbiyalanmoqda. Ularga oliy ma’lumotli defektolog va tarbiyachilar saboq bermoqda. O‘tgan yili 21 nafar bitiruvchidan 3 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan.

Maktab-internatda 4 ta o‘quv binosi, 280 o‘rinli yotoqxona, oshxona, kutubxona, sport zali, faollar zali mavjud.

Davlat rahbari o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi. Tarbiyalanuvchilarning mashg‘ulot jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.

Toshkent shahar hokimligiga maktab-internatning oshxonasi va texnologiya xonalarini ta’mirlash, sport kompleksi va ishlab chiqarish ustaxonasi tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.

Xalq ta’limi vazirligiga “Zamin” jamg‘armasi bilan birga 2 ming 600 dan ziyod zaif eshituvchi bolalarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib, ularni eshitish moslamalari bilan ta’minlash, eshitish qobiliyati tiklangan bolalarni bosqichma-bosqich umumta’lim maktablariga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.

Shundan so‘ng maktab-internatda yurtimizdagi shunday ijtimoiy muassasalardagi sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining avvalida Qur’oni karimning “Rahmon” surasidagi “Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir”, degan oyatni yodga oldi.

Keksalarga hurmat, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Pandemiya davrida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati keng tarqalib, elimiz ehtiyojmandlarga beg‘araz yordam bergani, qiyinchilik va sinovlarni bahamjihat yengib o‘tgani buning yorqin misoli bo‘ldi.

Inson qadrini ulug‘lash, mehr va yordamga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash – davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yo‘nalishi. Bu borada juda ko‘p xayrli ishlar qilinmoqda.

O‘tgan yili 25 martda qabul qilingan Prezident farmoni asosida keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarini yaxshilash choralari ko‘rildi. Jumladan, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, “Saxovat” va “Muruvvat” uylari, faxriylar sanatoriy va pansionatlari, boshqa qator tibbiy-ijtimoiy muassasalar uning tasarrufiga o‘tkazildi.

“Saxovat”, “Muruvvat” uylari, Respublika faxriylar pansionatining rahbar va shifokorlari ish haqi 1,5 barobarga, kichik va o‘rta tibbiyot xodimlari ish haqi 2 barobarga oshirildi.

Ushbu internat uylarda yashovchi 9 ming 400 nafar keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda 18 ming nafar yolg‘iz fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

“Zamin” jamg‘armasi bilan hamkorlikda zaif eshituvchi 2 mingdan ziyod bolalar raqamli eshitish moslamalari bilan ta’minlandi, 11 ta ixtisoslashgan maktab-internat yordamchi tovush-nutq vositalari bilan jihozlandi. Nogironligi bo‘lgan 900 nafar bola protez-ortopediya moslamalari, 1 ming 100 nafar shaxs pultli aravachalar bilan ta’minlandi.

Yig‘ilishda viloyat hokimlari o‘z hududidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarga borib, u yerdagi ahvolni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani, muammolarni o‘rgangani haqida axborot berdi.

Jumladan, 12 ta “Saxovat” va “Muruvvat” uyida qo‘shimcha bino, 7 tasida yotoqxona, oshxona, tibbiyot bo‘limi, sport zali qurish, 21 tasida binolar va isitish-sovutish tizimini ta’mirlash zarurligi qayd etildi. Shuningdek, 6 ta “Mehribonlik uyi”, imkoniyati cheklangan bolalarga ixtisoslashgan 11 ta maktab-internat ta’mirga muhtoj.

Prezident mutasaddilarga barcha tibbiy-ijtimoiy muassasalar ahvolini yana bir bor chuqur o‘rganib, zarur qurilish va ta’mirlash ishlarini qamrab olgan holda 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan hukumat qarori loyihasini tayyorlashni vazifa qilib qo‘ydi.

Bunday muassasalardagi keksalar, nogironligi bo‘lgan bolalar va shaxslarni to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ularni manzilli davolanish va dam olishga yo‘naltirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Ota-ona qaramog‘idan mahrum ko‘plab bolalar oilalarga qaytayotgani, 10 ta mehribonlik uyi, 3 ta bolalar shaharchasi va 2 ta bolalar uyi ehtiyoj qolmagani sababli yopilgani qayd etildi.

– Bolalar uylari va ulardagi yetimlar soni kamaygani xalqimizning yuksak ma’naviyati, iymon-insofini ko‘rsatib turibdi. Lekin, mamlakatimizda umuman yetimlar bo‘lmasa, qanday yaxshi bo‘lar edi. Shuning uchun, imkon qadar ularni munosib oilalarga farzandlikka berish choralarini ko‘rish lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tibbiy-ijtimoiy muassasalar direktorlari so‘zga chiqib, taklif va mulohazalarini bildirdi.

Yig‘ilishda mahallalarni ozoda va yashil makonga aylantirish, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni ko‘paytirish vazifalari ham belgilandi.

09.04.2022

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Ишсиз деб эътироф этиш ва ишсизлик нафақасини тайинлашИшонч телефони12 Fevral 202421 Fevral 2024Qoraqalpog`iston Respublikasi
Ҳомиладорлик ва туғиш таътилига (декретга) чиқиш, таътил даврида тўланадиган нафақаИшонч телефони19 Fevral 202426 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Шахсий жамғариб бориладиган пенсия ҳисобварағига (ИНПС) оид масалаларИшонч телефони20 Fevral 202423 Fevral 2024Samarqand viloyati
Муҳтожларга бир марталик моддий ёрдамИшонч телефони27 Yanvar 202424 Fevral 2024Buxoro viloyati
Йўл, унга қарашли йўлак, лоток, ариқ ва бошқаларнинг талабга мувофиқ эмаслигиИшонч телефони26 Oktabr 202323 Fevral 2024Toshkent viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati

Foydali resurslar