2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Yaxshi ko‘rmay bo‘ladimi shunday xalqni?

Bolaligimda buvim rahmatli urush kechinmalarini bot-bot, anduh bilan aytib berardi.

“To‘rt nafar yosh bolam o‘lmasligi uchun makka donini tuyib, o‘tirgan uyimni (bir uy, bir dahliz) o‘rtasiga o‘ra qazib, donni shu o‘raga to‘kib, ustida bolalarim bilan qishlar edik. Bahor kelishi bilan er olib, dehqonchilik qilardik. Kechalari egatga suv tarardik. Boshimda qopda don ko‘tarib, tegirmonga un torttirgani borardim. Biror joyga mehmonga borsam, oldimga non qo‘ysa, emay, cho‘ntagimga solib, bolalarimga olib qaytardim...”

O‘tirgan uylari har bahor yog‘ingarchilikda qular ekan. Yaxshiyamki, ona-bola sigir ularning joniga oro kirgan. Ayol sho‘rlik yig‘lay-yig‘lay hammaga yalinib, yana uy ko‘tartirgan. Kiyishga oyoq kiyim yo‘qligidan, har bir oilaga beriladigan “zabonniy non”ni olib kelishga qishda bora olmagan. Eri urushga olingan va olti oy deganda ikki-uch kunga ta’til berilgan. Raysobez oldidan o‘tayotganida, mas’ul xodim: “Mirsoat, uyingdan hech kim nonga kelmayapti... ma, tegishlarini olib ket, olib qo‘ygandim. To‘rt bola bor, axir” degan. Askar etagini qayirib, qotib ketgan nonlarni olib uyiga kelsa, bolalar och, ayoli kasal yotibdi. Shu holda tashlab ketsam ahvoli ne kechadi bolalarimni deb o‘ksinib-o‘ksinib, nafrati qo‘zisa ham, ammo baribir urushga qaytgan. Oradan ikki yil o‘tar-o‘tmay, qora xat kelgan...

Buvim umrining oxirigacha (93 yoshlarida olamdan o‘tdi) bobomizni kutib yashadi. Kunjara eb, shishib o‘lgan odamlarga to‘la ko‘chalarni, urushda front ortidagi boshdan o‘tkazgan azoblarni eslab, yig‘lab olardi.

Ikkinchi jahon urushi xotiralarini eshitib, mardlikni o‘zbekning er yigitlaridan, matonatni ayollaridan o‘rganish kerakligiga har gal amin bo‘lganman.

Tarix takrorlangandek bo‘ldi. Bu yil ko‘klam bilan birga bir dard keldi. U odamzodga qattiq yopishdi.

Ko‘zga ko‘rinmas virusga qarshi kurash boshlandi. Xalq qalqidi. Karantin boshlanibdiki, ehson boshlandi. Saxiy boy, saxovatli boy bo‘ldi ko‘plar. Ha, urushda non shahri bo‘lgan, etimparvar bo‘lgan bu davlat erlari yana bir qalqib oyoqqa turdi. Palagi toza xalqning bolasi-da! Sulton suyagin xo‘rlamas derlar. Balki ba’zilarning qora qozoni sabrning sinovi bo‘lib, omon kunlarda mundayroq qaynagandir-ku, biroq bugun hech kim o‘ksimasin deb jonxalak maydonga tushganu, otasiga rahmat olganlar ko‘p bo‘ldi. Ichingdan bir tug‘yon keladi kunda necha bor!

“Aylanayin, o‘zingdan...” deb aytgan ham haq ekan.

– Ta’tilga chiqadiganlarning ro‘yxatini bering, dedi boshliq. Mas’ul tutqazdi. Boshliq qog‘ozni ko‘zdan kechirar ekan, tuyqus: “Hammaga e’tibor bilan qaranglar, ta’til olib, qiynalib qoladiganlar bo‘lsa, ishlashga sharoit qilish kerak...”
– Iloji bo‘lsa, ijaraga uy beruvchilar, shu karantin tugaguncha, ijara haqini qistamay turinglar, iltimos...
– To‘lovlarni karantindan keyin qilsalar ham mayli...
– Men kasalga chalinganlarni davolashga ko‘ngilli bo‘lib bormoqchiman.
– Volontyor qilib meni ishga oling.
– Choy ichib olinglar, qorda qolibsiz.
– Yomg‘irda tinchligimiz, xavfsizligimiz uchun ko‘chada turibsiz, rahmat sizga...

Bir mayizni qirq bo‘lib eyish mumkinligiga va bani odamni bu bilan nafsi qanoat topishiga ishondim men.

Goho “Nahot g‘aflat bosib, bir-birimizga qadr-qimmatimiz qolmadi”, deb qo‘rqardim.

To‘kilib tushgandim ko‘rib, ko‘chada bir mushtipar ayolga nohaqliq qilib, qo‘l ko‘targan yosh yigit va qizni ko‘rib...

Bir kiyim do‘konidagi “savdogar” matohini ikki baravar qimmatga tiqishtirayotganini ko‘rib: “Nega unday qilayapti?” desam, “Qimmat narsa shirin bo‘ladi, boylarni narsasi qimmat bo‘ladi” deb, egri yo‘llar bilan mol olib kelib sotayotganlarni va ularni ko‘rib ko‘rmaslikka olayotganlarni ko‘rib, ichdan zil ketardim... yo‘q, ular ozchilik ekan.

Hali qadriyatlar, imon, insof o‘lmagan.

Bir ko‘tarilsa mardlar, saxiy bo‘lsa boylar, elka tutsa yondoshlar, shu xalq farzandi ekanliginga shukrona aytasan ekan.

“Bolam” deydi bu xalq.

“Har bir inson yorug‘ kun ko‘rsin” deydi bu millat.

Karantinning birinchi kunlaridayoq televidenieda onlayn darslar boshlandi. Men bu millatning ertasi borligini fidoyi o‘qituvchilarida ko‘rdim. Telegram orqali tinim bilmay, bolalarga g‘oyibona qanot berishyapti. Telegram bugun boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining tasanno, barakalla, otangga rahmat hitoblari bilan to‘ldi. Bu olqishlar daftarlardan virtual olamga ko‘chib, internet ichra suzib yuribdi.

– Voy, telegram menda yo‘q edi, uni qanday yoqadi, deya jonholatda qiziga murojaat qilayapti etmish yoshli onaxon.
– Ha, tinchlikmi, telegram Sizga nega kerak?
– O‘g‘lim ishda, nabiram topshiriqlarni o‘qituvchisiga qanday jo‘natadi? Darsi qolib ketmasin. Men tezda telegramni o‘rganishim va bolamning darslarini nazoratga olishim kerak. Onasiga harna yordam!
– Nabiram konkursdan qolib ketmasin deb, og‘riyotgan oyog‘i ham esdan chiqqan sakson yoshli bobo videotasmaga chempion nabirasining mashg‘ulotini muhrlab jo‘natganiga nima deysiz?
– Bolam eldan qolmasin, hamma qatnashayapti. Qolib ketmasin...

Ayting, etaklarida namoz o‘qimay bo‘ladimi bu xalqning?

Aslida bu sinov-koronavirus insoniyat tarixidagi tub burilishdir.

Bir-ikki yil avval Evropaga xizmat safari bilan borganimda g‘alati bir holatda qaytgan edim. Talabalarimga bu haqda ancha gapirib yurdim.

Parij ko‘chalari jozibador... Hashamatli binolar. Hamma narsa chiroyli. Shaharning o‘zini muzey deysiz. Luvrdagi taassurotlarni to‘ldirib yuboradi. Lekin negadir shuncha rang ichidan faqat kulrang ko‘zimga ko‘rinardi go‘yo... Odamlari g‘oyat xushmuomala... biroq nimasidir kamdek... nimadir etishmayotgandek. Odam ko‘p-u, hech kim yo‘qdek. Xuddi bu hashamdor binolar orasidan sekin YoLG‘IZlik mo‘ralab sizga qarayotgandek. Hamma yakka-yakka yashayotgandek. G‘arb individualizmi... qariyalari mehrga tashna, biz dildan suhbatlashdik, ular ham sipqordi bizdan mehrni...

Sharq mamlakatlariga safarimizda esa yaqqol buning aksini ko‘rdik. Jamoat, bir-birini samimiy qo‘llash. Konfutsiy aytganidek, yurak bilan aqlning chegaralarini ko‘rish bor.

Yurtimiz boshida ham o‘zi shunday qalbi bor inson turgani uchun ham bu yaxshilik, oqibat, tantilik, mardlik ko‘ngildan ko‘ngilga ulanib ketdi.

– Yurtboshiga oson emas, sinov keldi. Baraka topsin, borini tikayapti xalqim deya, qush tindi, chumoli tindi, u tinmayapti... xalqqa shunday kunlarda engilliklar berdi. Yo‘ldoshlari ham yoniga kirdi. Xalq och qolmasin deb, o‘zini o‘tga-cho‘qqa uryapti. El oldiga qayta-qayta chiqib, dalda bo‘layapti, bitta so‘ragani: “Siz, uyda qoling” deyapti.

Birniki mingga, mingniki tumanga. Bu gap yaxshilikka ham, yomonlikka ham ekan. Yuzaga chiqarish endi xalqdan, deya alqashdan tolmayapti kayvonilar ham.

El boshiga yana sinov keldi... sinov ustiga sinov.

Vabo bilan hisob-kitobimizni oxirlatar paytimizda zarbning ikkinchi to‘lqini yana sabrimiz va matonatimizni sinadi.

Tuyqus yoqqan qoru sel dovuchchalar shodasini birma-bir to‘kdi. Kelinchaklar ko‘zi dovuchchalarda qoldi... loy kechib, jonhalak bo‘lgan sardobaliklar qismatini yolg‘iz o‘qishga bu suyagini xo‘rlamas xalqim qo‘yarmidi? Yana bir bor Ikkinchi jahon urushidagi manzaralar ko‘z o‘ngimizda gavdalandi. Samarqandu Jizzax, bir yonda Toshkent, ahli vodiyu voha yo‘lga otlandi. Dasturxonimning to‘ri Sizniki deya, quchoq ochdi bu sinovda hayron qolgan yurtdoshiga.

Asov bo‘lib, bo‘y bermasman degan suvni jilovlashda yurtboshi to‘g‘on boshiga chiqdi. Uni mehri, mardu maydonligi, kamarbastaligini yana bir bor ko‘rgan yurt bir to‘lqin bo‘lib qalqidi...

Ulug‘lar “Yurtboshi tolmasin, shu yurt uchun sochi oqardi, shu xalq uchun jonfido bo‘lyapti”, deya duoda. Tashvishlardan uni qizg‘onib, kerakligim, deyapti. O‘zbek alplari yoniga kirdi!

O‘g‘lonlarni bejiz sevmas bu yurt, chunki uni tadbirkormi, mirishkor, shifokormi, muallim – kim bo‘lmasin “Meniki” degan ori bor! “Men borman” degan lafzi bor!

Yurakda hayajon, ko‘zda yosh... yoshkim, shunday xalqning bolasi ekanligingdan! O‘zbekligingdan!

Ayting, yaxshi ko‘rmay bo‘ladimi shunday xalqni?

03.05.2020

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Қимматли қоғозлар бўйича дивидендларIshonch telefoni7 Sentabr 201916 Sentabr 2019Qashqadaryo viloyati
Уй-жой билан таъминлашXalq qabulxonasi10 Avgust 201917 Sentabr 2019Toshkent viloyati

Foydali resurslar