2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Olis qishloq aholisi va sayyohlarga sayyor davlat xizmatlari

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chimyon qishlog‘ida aholi, tadbirkorlik sub’ektlari va sayyohlarga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

Mamlakatimizda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi jadal rivojlanib borayotgani davlat xizmatlari ko‘rsatilishida ochiqlik, tezkorlik va shaffoflikni ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslar ortiqcha vaqt yo‘qotishining oldini olish va, asosiysi, korruptsiyaning oldini olishga xizmat qilayotir.

Bu borada Prezidentimizning 2020-yil 31-yanvardagi “Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan tizimda qator ustuvor yo‘nalish va vazifalar belgilab berilgani davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Bo‘stonliq tumani markazidan 33 kilometr uzoqda joylashgan Chimyon qishlog‘i aholisining tuman markaziga biror hujjat bilan bog‘liq ish uchun borib kelishi, ayniqsa, ayni qish-qirovli kunlar, qolaversa, tog‘li yo‘l bo‘ylab qiyin kechadi. Shu ma’noda, tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan mazkur qishloqda tashkil etilgan navbatdagi sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatish tadbiri olis qishloq aholisi uchun ayni muddao bo‘ldi.

Sayyor tadbirda dastlab tuman davlat xizmatlari markazi mutaxassislari tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’ekti vakillariga 130 dan ortiq davlat xizmatlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shundan so‘ng maxsus avtobusda mutaxassislar tomonidan qishloq aholisiga tezkor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

– Sayyor xizmat davomida aholiga nafaqat davlat xizmatlari ko‘rsatildi, balki ularning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida qonunchiligimiz va tizimimizdagi yangiliklar targ‘ib qilindi, – deydi tuman davlat xizmatlari markazi direktori Suhrob Qosimov. – Murojaatlarning aksariyati jismoniy shaxslar uchun soliq to‘lovchining identifikatsion raqami (STIR)ni olish, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish, elektr hisoblagichlarni qiyoslovdan o‘tkazish, farzandlarini davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish uchun yo‘llanma berilishi kabilardan iborat bo‘ldi. Shu kuni yakka tartibdagi tadbirkor sifatida 2 ta fuqaro davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lsa, 4 ta tadbirkorning faoliyati qayta tiklandi. 20 ga yaqin turar joy egaligi tan olingan fuqarolarning kadastr hujjatlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Elektr hisoblagichlarini qiyoslovdan o‘tkazish bo‘yicha 10 ga yaqin ariza olindi. Umuman, ko‘rsatilgan xizmatlardan qishloqda istiqomat qiluvchi 100 nafarga yaqin aholi samarali foydalandi.

Chotqol tog‘ tizmasining dengiz sathidan 1 ming 600 metr baland qismida joylashgan Chimyon qishlog‘ida 900 dan ortiq xonadon bo‘lib, 3 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi.

– Ayni qish-qirovli kunlarda tuman markaziga borib kelishimiz yanada qiyinlashadi, – deydi “Chimyon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Jo‘ldiboy Madiev. – Lekin biror bir kun yo‘qki, aholi, ayniqsa, tadbirkorlarimiz yumush bilan davlat xizmatlari markaziga bormasa. Shu ma’noda, davlat xizmatlari markazi mutaxassislari o‘zlari mobil avtobusda kelib, biz uchun davlat xizmatlari ko‘rsatayotgani ishimizni yanada oson qilmoqda. Aholining ham vaqti, ham naqdi tejalib, uzog‘i yaqin, og‘iri engil bo‘ldi.

Har faslning o‘zgacha gashti bor, albatta. Ayniqsa, kumush qish o‘zining tarovati bilan ko‘zlarga quvonch, qalblarga xotirjamlik baxsh etadi. Dam olish kunlari ko‘pchilik yurtdoshlarimiz qishning ana shu chiroyidan bahramand bo‘lish uchun tog‘ga otlanadi. Purviqor Chimyon tog‘lari ham qishni, oppoq qorni xush ko‘ruvchi sayyohlar bilan gavjum.

Davlat xizmatlari markazining navbatdagi manzili “Chimyon” dam olish maskani bo‘ldi. Bu erda davlat xizmatlari markazi mutaxassislari tomonidan dam oluvchilarga murojaatlari bo‘yicha huquqiy tushuncha berilib, tezkor, qulay va shaffof davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

Dam olish maskanida sayyor xizmat ko‘rsatish bilan bir qatorda, markaz xodimlari tomonidan dam olishga kelgan yurtdoshlarimizga issiqqina kofe ulashildi.

05.02.2020

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Уй-жой билан таъминлашXalq qabulxonasi10 Avgust 201917 Sentabr 2019Toshkent viloyati
Қимматли қоғозлар бўйича дивидендларIshonch telefoni7 Sentabr 201916 Sentabr 2019Qashqadaryo viloyati

Foydali resurslar