
Ohangaron tumanida Toshkent viloyati to‘rtinchi sektori, davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Qurbonov sayyor qabul o‘tkazdi.
Aholining turmush tarzi bilan yaqindan tanishish, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganish va ularga o‘z vaqtida yechim topish, fuqarolarning turmushini yanada yaxshilash maqsadida viloyat sektor rahbarlari tomonidan hududlarda muntazam sayyor qabullar o‘tkazilmoqda.
Aholi bilan ana shunday bevosita muloqotlarning navbatdagisi tuman markazidan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan tog‘li “Ko‘ksaroy“ mahalla fuqarolar yig‘inining Ertoshsoy va Ko‘ksaroy qishlog‘ida tashkil etildi.
Sayyor qabulda viloyat va tuman sektorlari, boshqarma va tashkilot mas’ullari, qishloq aholisi ishtirok etdi.
To‘rtinchi sektor rahbarining sayyor qabuli odatdagi tartibdan biroz o‘zgacha, maktablarga tashrif bilan boshlandi. A.Qurbonov ta’lim muassasalarining kuz-qish mavsumiga tayyorligi, isitish tizimining sozligi hamda mavjud ko‘mir zaxiralari bilan tanishdi. Shuningdek, maktab bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan suhbatlashib, kelgusida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan o‘quvchilarga zarur tavsiyalar berdi.
Shundan so‘ng sektor rahbari boshchiligidagi mutasaddilar qishloq aholisi murojaatlari bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur qishloqlar tog‘li hududda joylashganligi bois, aksariyat murojaatlar gaz ta’minoti va ko‘mir zaxirasi bilan bog‘liq bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, sektor rahbari tomonidan tuman davlat soliq inspeksiyasi, ichki ishlar bo‘limi va tuman gaz ta’minoti korxonasi rahbarlariga tegishli vazifalar yuklatilib, shu yerning o‘zida 180 ta xonadonga gaz ballonlari hamda ko‘mir yetkazib berildi.
Sayyor qabulda aholining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, kadastr hujjatlari, simyog‘ochlarni almashtirish, bandlik, yo‘llarga asfalt yotqizish kabi masalalar bo‘yicha 180 dan ortiq murojaati tinglanib, 170 dan ortig‘i shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi. 9 nafar fuqaroning muammoli murojaati tegishli tashkilotlarga yo‘naltirilib, ijrosi nazoratga olindi.