2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Murojaatlarga yechim topildi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xalqni eshitish, aholining talab va istaklarini roʻyobga chiqarish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Pirovardida aholini yillar davomida qiynab kelayotgan muammolar oʻz yechimini topmoqda.

Navoiy viloyatida Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi – OʻzA Bosh direktori A.Koʻchimov tomonidan oʻtkazilgan sayyor qabulda ham aholi murojaatlari tinglanib, ularga ijobiy yechim topish boʻyicha tegishli muassasa, korxona va tashkilotlar rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi. Sayyor qabulda viloyat hokimi oʻrinbosari F.Soliyev, tegishli idora va tashkilotlar mutasaddilari, banklar va korxonalar rahbarlari ishtirok etdi.

 

Ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan qabulda Navoiy shahrining “Hayot”, “Chinor”, “Matonat”, “Guliston”, “Binokor” va boshqa mahallalaridan 30 dan ortiq fuqaroning murojaati tinglandi. Murojaatlarning aksariyati tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish, bankdan kredit olish, obodonlashtirish, moddiy yordam, bandlik, sogʻliqni saqlash kabi masalalarga oid boʻlib, koʻpchiligi joyida yechimini topdi.

 

Istiqlol mahallasida yashovchi Saodat Raimova ikki farzandi poytaxtdagi oliy taʼlim muassasalarida shartnoma asosida tahsil olayotgani, ammo shartnoma pulini toʻlashga hozirda imkoniyati yoʻqligi, shu bois mutasaddilar va tijorat banklariga bir necha bor murojaat qilsa-da, masala yuzasidan hech qanday amaliy yordam koʻrsatilmaganidan shikoyat qildi. Mazkur masala qatʼiy nazoratga olinib, tez kunda ijobiy hal etiladigan boʻldi.

 

Shuningdek, Hayot mahallasida istiqomat qiluvchi Botir Ernazarov ayni paytda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanib, MDF eshiklari ishlab chiqarish sexi tashkil etgan. Ishbilarmon oʻz faoliyatini kengaytirish maqsadida 150 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit olish maqsadida tijorat banklariga murojaat qilgan. Har safar bir xil javob: “Resurs muammosi mavjud“.

 

Sayyor qabulda tadbirkorlik rivojiga toʻsiq boʻlayotgan shunga oʻxshash ayrim gʻovlarni zudlik bilan hal etish, ishbilarmonlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida yuzaga kelayotgan muammolarga ijobiy yechim topish zarurligi taʼkidlandi. Bu masala ham Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi mutasaddilari tomonidan nazoratga olindi.

 

Binokor mahallasida yashovchi Abror Mirzayev oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyib, aholi xonadonlariga filtrlangan toza ichimlik suvi yetkazib berish bilan shugʻullanadi. Yosh tadbirkor yangi uskuna va zarur mahsulotlar xarid qilish maqsadida loyiha qiymati 80 million soʻmga teng biznes reja tuzgan. Xalq bankining viloyat filialiga murojaat qilgan boʻlsa-da, muammo haligacha yechilmagan. Mazkur masala ham Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi mutasaddilari tomonidan koʻrib chiqiladigan boʻldi.

 

– Ketma-ket qilgan murojaatlarim yechim topavermagach, umid bilan Milliy axborot agentligi Bosh direktorining sayyor qabuliga keldim, – deydi Saodat Raimova. – Ikki farzandim oliy maʼlumotli boʻlish, bir kasbning boshini tutish maqsadida Toshkentdagi Inxa hamda Islom Karimov nomidagi texnika universitetida tahsil olmoqda. Ikkalasi ham shartnoma asosida taʼlim olayotgani uchun shartnoma pulini toʻlashga biroz qiynalib qoldik. Uchrashuvda menday bir onaning murojaati inobatga olinib, tijorat banklaridan taʼlim krediti ajratilishi belgilandi. Bundan juda xursandman.

 

Muloqot davomida fuqarolar va mahalla faollari tomonidan aholi maʼnaviyati va madaniyatini yanada yuksaltirish boʻyicha bildirilgan takliflar muhokama etilib, bu borada ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik asosida targʻibotni kuchaytirish ijobiy samaralar berishi taʼkidlandi.

 

Nuriddin RAHIMOV, Siroj ASLONOV (surat), OʻzA

02.10.2019

Foydali resurslar