2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Fargʻonalik xotin-qizlarning muammolari qanday hal etilmoqda?

Fargʻonada Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Elmira Bositxonova ishtirokida ochiq muloqot oʻtkazildi.

Viloyat Tadbirkorlar markazida Elmira Bositxonova Fargʻona hamda Quvasoy shaharlarida yashovchi bir guruh ayollarga nogironlar aravachalari, eshitish moslamalarini topshirdi.

 

Xotin-qizlar va oilalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan berilgan reabilitatsiya vositalarini qabul qilib olgan eʼtiborga muhtoj opa-singillarimizning koʻngli togʻdek koʻtarildi.

 

– Men koʻp yillar davomida tibbiyot sohasida ishlab keldim. Taqdir sinovi ekan, yetti yil avval yiqilib tushib, toʻshakka mixlanib qoldim. Turmush oʻrtogʻim ham ikkinchi guruh nogironi. Mustaqil harakatlanish imkonini beruvchi ushbu moslama koʻmakchimga aylanishiga ishonaman, – deydi Fargʻona shahridagi “Yangi asr” koʻchasida istiqomat qiluvchi Roza Yefimova.

 

Davra suhbati yakunida oilalarni yarashtirishda oʻz shaxsiy namunasini koʻrsatgan, xonadoni obodligiga hissasini qoʻshgan bir guruh fargʻonalik ayollar Oʻzbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qoʻmitasining tashakkurnomasi va sovgʻalari bilan taqdirlandi.

 

Shundan soʻng Elmira Bositxonovaning shahar va tumanlardan kelgan xotin-qizlar uchun sayyor qabuli tashkil etildi. Unda 60 dan ziyod opa-singillarimizning murojaatlari eshitilib, muammo va takliflari ijobiy hal etilishiga erishildi.

 

Dangʻaralik Dilorom Nazirova koʻp yillardan buyon buyrak kasalligidan aziyat chekadi. Uning poytaxtda davolanish uchun imkoniyat yaratish borasidagi iltimosi qanoatlantirildi. Qaramogʻida uch nafar farzandi boʻlgan, turmush oʻrtogʻi vafot etgan va boshpanasiz qolgan qoʻqonlik Saodat Hamroqulovaning uy-joy masalasidagi soʻrovi ijroga qaratildi.

 

M.SULAYMONOV, Muqimjon QODIROV olgan suratlar, OʻzA

27.07.2019

Foydali resurslar