2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Shaharlarda arzon uy-joy sotib olish tartibidan xabardormisiz?

Arzon uy-joylarni kimlar olishi mumkin, degan savol bugungi kunda ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Shu bois bu haqda yana bir karra kengroq ma’lumot berishni lozim topdik.

Kvartiralar jismoniy shaxslarga beriladi, bunda quyidagilar ustun daraja ega bo‘ladi: 

•    yosh oilalar; 

•    eskirgan uy-joylarda yashayotganlar; 

•    respublika shaharlarida yashaydigan, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarning boshqa toifalari. 

Arzon uylardagi kvartiralar jismoniy shaxslarga tuman hokimliklarida tuzilgan hududiy komissiya tomonidan biriktiriladi. 

Kvartirani biriktirishda hududiy 
komissiya nimalarni inobatga oladi?

Kvartirani biriktirishda hududiy komissiya quyidagi mezonlarni inobatga oladi: 

•    o‘z uy-joyining yo‘qligi va ijara, bepul foydalanish shartlarida turar joyda yoki eskirgan uylarda yashayotganlik; 

•    bir uyda (bir kvartirada) boshqa oila yoki boshqa oilalar bilan birgalikda yashash; 

•    ko‘p bolali oila; 

•    ona (ota)ning to‘liq bo‘lmagan oilada bolani (bolalarni) tarbiyalashi; 

•    ariza beruvchining oila a’zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslarning mavjudligi; 

•    oila tarkibida birinchi guruh nogironi mavjudligi; 

•    turar joy maydonining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan turar joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi. 

•    tayanch doktoranturaning 2-kursidan boshlab, oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutida tahsil olayotgan doktorantlar. 

Kvartira sotib olish uchun hududiy komissiyaga 
qanday hujjatlar topshirish zarur?

•    ariza; 

•    qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchilarning) moliyaviy holatini tasdiqlaydigan hujjatlar; 

•    uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan jismoniy shaxsning yuqoridagi talablarga muvofiqligini tasdiqlaydigan hujjatlar. 

Arizalarni ko‘rib chiqish tartibi?

Hududiy komissiya uy-joy sharoitlarini yaxshilashga berilgan arizalarni haftada kamida bir marta ko‘rib chiqadi. 

Arizani tegishli ro‘yxatdan o‘tkazmasdan ko‘rib chiqish taqiqlanadi. 

Hududiy komissiya arizalarni ular tushishiga qarab va jurnalda ro‘yxatdan o‘tkazish navbatiga ko‘ra ko‘rib chiqishi shart. 

Komissiya kvartirani biriktirish yoxud rad etishning aniq va asoslangan sabablari ko‘rsatilgan holda protokol qaror qabul qiladi. 

Hududiy komissiya har yili: 

1 fevralgacha barcha kvartiralarni biriktirishni tugallaydi; 

1 aprelgacha bo‘lajak yilda quriladigan kvartiralarga potentsial qarz oluvchilarning to‘liq ro‘yxati va protokol qarorini bankka taqdim etadi. 

Dastlabki badal miqdori qancha?

Jismoniy shaxslar dastlabki badal mablag‘larini o‘zlariga kvartira biriktirilgandan keyin 60 kalendarь kundan kechikmay alohida jamg‘arma depozit hisob raqamiga to‘laydi. 

Ko‘rsatib o‘tilgan muddatlarda kvartira qiymatining o‘rtacha 15 foizi miqdoridagi dastlabki badal to‘lanmagan taqdirda hududiy komissiyaning kvartirani ushbu shaxsga biriktirish haqidagi protokol qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi. 

Arzon uy-joy olish uchun jismoniy shaxslarga 
ipoteka kreditini berish tartibi qanday?

Ipoteka kreditlari jismoniy shaxslarga uy foydalanishga topshirilgandan keyin beriladi. 

Ipoteka krediti miqdori kredit resurslari manbaidan qat’i nazar, kvartira qiymatining ko‘pi bilan 75 foizini tashkil etadi. 

Kredit qancha muddatga beriladi?

20 yil muddatga, tayanch doktoranturaning 2-kursidan boshlab, oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutida tahsil olayotgan doktorantlar uchun 25 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan, dastlabki 5 yil mobaynida yillik 7 foiz va keyingi davrda qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida beriladi. 

Kredit olish uchun bankka qanday 
hujjatlar taqdim etiladi?

Kvartirani sotib olayotgan jismoniy shaxs turar joy foydalanishga topshirilgandan keyin bank filialiga: 

•    ariza; 

•    qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchi)ning pasporti; 

•    qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchilar)ning moliyaviy holatini tasdiqlaydigan hujjatlar. 

Qarz oluvchining moliyaviy holatini tasdiqlaydigan hujjatlarga nimalar kiradi? 

•    doimiy ish joyiga ega bo‘lgan fuqarolar uchun – ish beruvchidan belgilangan shakl bo‘yicha oxirgi 12 oydagi daromadlar to‘g‘risidagi ma’lumotnoma; 

•    doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun – ular yashaydigan joy bo‘yicha soliq organi tomonidan tasdiqlangan oxirgi 12 oydagi daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyalarning nusxalari. 

06.07.2019

Foydali resurslar