2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
608 murojaatning 491 tasi joyida hal etildi

Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzaev Boyovut tumani Iftixor mahallasida fuqarolar uchun sayyor qabul o‘tkazdi.

Viloyat aholisi qabulida viloyat hokimi hamda o‘rinbosarlari, tuman, shaharlar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari, 4 ta sektor va barcha mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Sayyor qabulda hududdagi vaziyat, u erda echimini kutayotgan muammolar atroflicha muhokama qilindi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, turli darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining aholi vakillari bilan muloqotlari odamlarning orzu-istaklari, talab va ehtiyojlarini o‘rganish, ularga imkon qadar ko‘mak berish, mavjud muammolarga joyida echim topishga imkon bermoqda.

Sayyor qabul davomida g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumida yuqori natijalarga erishgan ilg‘or mexanizator va otryad boshliqlariga esdalik sovg‘alari, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga nogironlik aravachalari hamda profilaktika inspektori yordamchilariga velosipedlar va xizmatda foydalanish uchun tegishli ish anjomlari topshirildi.

Qabul jarayonida ishtirok etgan 1000 ga yaqin fuqarolarning 608 nafari turli masalalarda murojaat etdi. Ushbu murojaatlarning 491 tasi joyida hal etilgan bo‘lsa, 117 tasiga asosli tushuntirishlar berildi. 54 ta masala muddat talab etganligi sababli “Yo‘l xarita”siga kiritildi. Yo‘l xaritasiga kiritilgan mazkur murojaatlar tegishli mas’ullar tomonidan nazoratga olindi.

Sayyor qabul jarayonida fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan masalalar asosan kommunal, imtiyozli kredit olish, ichimlik suvi tarmog‘i tortish, ichki yo‘llarni ta’mirlash, xomiylik, uy-joy olish va ularni ta’mirlash va boshqa masalalardan iborat bo‘ldi.

– Salomatligim yomonlashganligi, uy-joyim ta’mir talabligi, farzandim ishsizligini aytib amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan edim, – deydi Xovos tumani Husniobod mahallasida yashovchi kam ta’minlangan oila vakili Zamira Otaxonova. – Hokim shu erning o‘zida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi shifokorlariga davolanishim uchun zarur tashxisni qo‘ydirib, viloyat shifoxonasiga davolanish uchun yo‘llanma berdi. Tumanimiz hokimi zimmasiga qisqa muddat ichida uy-joyimni ta’mirlab berish vazifasini yukladi. Viloyat prokurori shaxsan o‘zi, o‘g‘limni Yangier tsement zavodiga ishga joylashtirishni nazoratga olishini ma’lum qildi. Fuqarolar rahbarlarga emas, amaldorlar fuqarolarga xizmat qilish tizimini yaratib qo‘ygan Prezidentimizga rahmat, iloho dunyo turguncha tursinlar.

A.QAYUMOV, O‘zA    

30.06.2019

Foydali resurslar