Ichki ishlar vaziri, general-mayor Aziz Tashpo‘latov mart oyida mazkur lavozimga tayinlanishi bilan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, aholi bilan ochiq muloqot o‘rnatish hamda ularning murojaatlarini o‘rganish maqsadida nafaqat o‘zining, balki barcha hududiy ichki ishlar organlari rahbarlarining shaxsiy qabullari tashkil etilishini yo‘lga qo‘ydi.
Jamiyatda ochiqlikni ta’minlash, xalq bilan bevosita muloqot qilish orqali ularning muammolariga yechim topishga qaratilgan amaliyot bir necha yil avval keng yo‘lga qo‘yilgan edi. Lekin orada davlat organlari birinchi rahbarlarining shaxsiy qabuli negadir kamayib ketdi.
Ancha tanaffusdan keyin Ichki ishlar vazirining shaxsiy qabuliga oid e’lon berilgani, albatta, fuqarolarni befarq qoldirmadi. Zero, aynan ichki ishlar organlari bilan bog‘liq, qolaversa, buzilgan huquqlar yoki manfaatlar tiklanishi bilan bog‘liq savollari, muammolari bor kishilar kam emas.
Ichki ishlar vaziri Aziz Tashpo‘latovning joriy yil 29 mart kuni o‘tkazgan ilk shaxsiy qabulida fuqarolarning ichki ishlar organlari faoliyatiga oid murojaatlari, yechimini kutayotgan muammolar hamda xizmat (o‘qish)ga qabul qilish va qayta tiklanish masalalari bilan bog‘liq shikoyatlari ko‘rib chiqildi.
Aholidan turli masalalarda 255 murojaat qabul qilindi. Ularning 233 tasi bevosita ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq, jumladan, 124 tasi ichki ishlar organlariga xizmatga qayta tiklash, 59 tasi surishtiruv va tergov harakatlari bilan bog‘liq muammolar, 25 tasi ichki ishlar organlari xodimlarining harakatlaridan norozilik, 16 tasi xodimlarning ijtimoiy himoyasiga oid, 7 tasi ichki ishlar organlariga ish (o‘qish)ga kirish hamda 2 tasi mahkumlarning boshqa jazoni ijro etish muassasasiga o‘tkazish masalalarini tashkil etgan.
Murojaatlarning 56 tasi (22 foizi) ijobiy hal etilib, chuqur o‘rganilishi talab etilayotgan 199 (78 foiz) murojaatning ijrosi nazoratga olindi.
Ichki ishlar vaziri 27 aprel kuni o‘tkazgan shaxsiy qabulida 698 nafar fuqarodan 475 murojaat qabul qilindi. Ulardan 441 tasi ichki ishlar organlari faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan. Shundan 246 tasi xizmatga qayta tiklanish, 108 tasi surishtiruv va tergov jarayonlarida yuzaga kelgan muammolar, 40 tasi tergovga qadar tekshiruv hamda xodimlar faoliyati yuzasidan, 16 tasi xodimlarning ijtimoiy himoyasiga oid, 26 tasi ishga yoki o‘qishga qabul qilish, 5 tasi afv va mahkumlarning huquqiy holatiga oid hamda boshqa masalalarni qamrab oldi.
Bundan tashqari, 21 murojaat orqali mahalliy darajadagi iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal etishga doir takliflar bildirildi.
Murojaatlarning 121 tasi (25 foizi) tegishli tartibda ijobiy hal etilgan. Ko‘rib chiqilishi vaqt talab qilgani sababli 354 murojaat (75 foizi)ni o‘rganish masalasi qat’iy nazoratga olindi.
Kuni kecha boshlangan navbatdagi shaxsiy qabul esa yarim tungacha davom etdi. Ichki ishlar vaziri aholidan 491 ta murojaatni qabul qildi. Murojaatlar bevosita fuqarolarning hayotidagi og‘riqli nuqtalarni aks ettirib, ularning yechimiga alohida e’tibor qaratildi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqishda fuqarolarning real ehtiyoj va talablarini chuqur tahlil qilish, ularning yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarini aniqlash va tizimli hal etishga alohida urg‘u berildi.
Qabul qilingan murojaatlardan 187 tasi (38 foizi) tegishli huquqiy asoslar bilan ijobiy hal etildi. Qolgan 304 murojaat (62 foizi) bo‘yicha kompleks o‘rganish talab etilishi tufayli ijrosini nazoratga olish va yechimini ta’minlash bo‘yicha maxsus vazifalar yuklatildi.
Aholi bilan ochiq muloqotni tashkil etish, fuqarolarning dardu tashvishlarini tinglash va ularni yechimga yo‘naltirish – davlat organlari, ayniqsa, ichki ishlar organlari faoliyatining bosh mezoniga aylanayotgani quvonarli.
Shu o‘rinda shaxsiy qabullar qanday natija ko‘rsatmoqda, degan haqli savol tug‘iladi. Chunki natijalari noaniq qolayotgan, ya’ni qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan murojaatlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Ularning taqdiri nima bo‘lgani kelgusi qabullarda ochiqlanib borilsa, bu savolga to‘liq javob topgan bo‘lar edik.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Таълим кредити | Ишонч телефони | 8 May 2024 | 23 May 2024 | Xorazm viloyati |
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Тадбиркорлик фаолияти учун дастурлар асосида имтиёзли кредитлар (иссиқхона, чорва, парранда, балиқ, қуён, асалари, тикувчилик, боғдорчилик, ҳунармандчилик ва бошқалар) | Ишонч телефони | 9 Aprel 2024 | 19 Aprel 2024 | Andijon viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |