2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Davlat dasturi ijrosi: ezgu ishlar kelgusi yilda ham davom etadi

2024 yil yil yakuniga yetmoqda. Barcha soha va tarmoqlarda ushbu yilga mo‘ljallangan reja va dasturlarning ijrosi sarhisob qilinmoqda.

Bu yil yurtimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nomlanib, “O‘zbekiston-2030” strategiyasi asosida besh yo‘nalish va 100 maqsaddan iborat chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, davlat dasturining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, energiya resurslarini iqtisod qilish, transport xizmatlari, yo‘l infratuzilmasi, aholining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash, uy-joy bilan ta’minlash, yashillik darajasini oshirish hamda maishiy chiqindi xizmatlari ko‘rsatish maqsadlari bo‘yicha Samarqand viloyatida ham muayyan ishlar bajarildi.  

Viloyat hokimining o‘rinbosari A.Shukurovning qayd etishicha, dasturning 51-maqsadida ko‘zda tutilgan “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, uning asosi bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish ko‘rsatkichlarini keskin oshirish chora-tadbirlari yuzasidan joriy yilda viloyatda 84,2 MVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatildi. Buning natijasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining jami iste’moldagi ulushi 8,9  foizga yetdi.

 – 53-maqsad – O‘zbekiston Respublikasining global transport-logistika tarmoqlariga integratsiyasini chuqurlashtirish va milliy transport tizimi salohiyatini oshirish bo‘yicha yilning o‘tgan davrida 352,3 million nafar yo‘lovchiga transport xizmatlari ko‘rsatilib, yo‘lovchi tashish xizmatlari hajmi 104 foizga yetkazildi, – deydi A.Shukurov. – Shuningdek, 46,8 million tonna yuk tashilib, bu yo‘nalishdagi xizmatlar hajmi 103,1 foizga yetkazildi. Aholiga jamoat transporti xizmati ko‘rsatish sifatini oshirish, bunda zamonaviy avtobus va elektrobuslardan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Samarqand shahri Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining “Yashil shahar” loyihasiga kiritilishi munosabati bilan mazkur loyiha doirasida bank krediti asosida shaharga 100 ta elektrobus va ularni quvvatlash uskunalari keltirilishi belgilangan. Elekrobus xaridi bo‘yicha tenderda Xitoyning Yutong kompaniyasi g‘olib chiqib, 2023 yil may oyida dastlabki 6 ta elektrobusni yetkazib bergan va ushbu transport vositalari “Samarqand temiryo‘l vokzali – Samarqand xalqaro aeroporti” yo‘nalishida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelayotgan edi. Yaqinda yana 30 ta shunday transport vositasi keltirilib, beshta yo‘nalishga qo‘yildi. Qolgan 64 ta elektrobus ham yil yakuniga qadar Samarqandga keltirilib, aholiga xizmat ko‘rsata boshlaydi. Bu transport vositalarining qulayligi, atrof-muhitga zarari yo‘qligini hisobga olib kelgusi yillarda yana 250 ta elektrobus xarid qilish rejalashtirilmoqda.  

Hududlarni kompleks rivojlantirish, urbanizatsiya strategiyasini amalga oshirish, aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash darajasini oshirishga doir 60-maqsad bo‘yicha viloyatda bu yil 11300 xonadonli 182 ta uy-joy qurilishi belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar 3797 xonadonli 62 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi. Bulung‘ur va Urgut tumanlarida boshlangan “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi Toyloq tumani va Samarqand shahrida ham boshlandi. Yangi uy-joylar qurilishi natijasida yil yakuniga qadar urbanizatsiya darajasi 37,5 foizga yetishi kutilmoqda. Yil boshidan buyon viloyatda 9 trillion 147 milliard so‘mlik  qurilish-pudrat ishlari amalga oshirildi va o‘tgan yilga nisbatan o‘sish surati 110 foizni tashkil etmoqda.

Davlat dasturida belgilangan infratuzilma loyihalarini barqaror va uzoq muddatli moliyalashtirish manbalari bilan ta’minlash bo‘yicha aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun 492,1 kilometr suv tarmoqlari va 93 ta suv inshooti qurildi. Buning natijasida aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 77,6 foizga yetdi. Shahar va qishloqlardagi mahallalarning 3 ming kilometr uzunlikdagi ichki avtomobil yo‘llarini asfaltlash va shag‘al yotqizish ishlari amalga oshirildi.

Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Samarqand shahridagi Amir Temur, Gagarin ko‘chalari rekonstruksiya qilinib, Mirzo Ulug‘bek va Gagarin ko‘chalari kesishmasida tunnel qurildi. Ayni paytda Ipak yo‘li ko‘chasini rekonstruksiya qilish, Gagarin va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida tunnel qurilishi ishlari davom etmoqda.

Shuningdek, mazkur jamg‘arma tomonidan Samarqand shahar ichimlik suvi tarmog‘ini yangilash bo‘yicha loyiha ham moliyalashtirilmoqda.

Ushbu yo‘nalishdagi ishlar kelgusi yilda ham davom ettirilib, viloyatning besh tumanida oqova tarmoqlari yaratiladi. Samarqand shahar Qorasuv massiviga boradigan yangi yo‘l va ko‘prik qurilishi boshlanadi.  

Davlat dasturining muhim maqsadlaridan biri bo‘lgan ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahor mavsumida 11,6 million tup, kuzgi mavsumda esa 6,5 million tup manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.  

Bahorda 10,5 gektar yer maydonida 16 ta “Yashil bog‘”, “Hokimlik bog‘i” tashkil etilgan bo‘lsa, kuzda ham barcha tuman va shaharlarda jami 17 gektar yer maydonida bu kabi bog‘lar barpo etildi.  

Shuningdek, 40 ga yaqin yirik sanoat korxonasi tomonidan 138 ming tup ko‘chat ekilib, “yashil belbog‘”lar yaratildi. Bu sa’y-harakatlar natijasida viloyatning yashillik darajasi 8,7 foizga yetkazildi.

Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari sifatini yaxshilash yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli viloyatdagi 1126 ta mahallaning 1123 tasi qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari bilan qamrab olingan. Chiqindini qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi 19 ta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan joriy yilda 24 ming 272 tonna polimer mahsulotlari, qog‘oz-karton chiqindilari qayta ishlanib, chiqindilarni qayta ishlash darajasi 38 foizga yetkazildi. Ishtixon hamda Jomboy tumanlaridagi ikkita maishiy chiqindi poligoni yopilib, maishiy chiqindi poligonlarini qisqartirish darajasi 7,5 foizni tashkil etdi.

Atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish, uning tabiiy tarkibini saqlash bo‘yicha keskin choralar ko‘rish maqsadida yakuniga yetayotgan yilda viloyatdagi 7 ta sanoat korxonasida lokal oqova suv tozalash inshootlarini qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi. Ayni paytda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi va “Vintradition” MCHJda lokal oqova suv tozalash inshootlarini qurish ishlari davom yetmoqda.

Kelgusi yil mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb nomlanishi bu boradagi ishlar izchil davom etishidan dalolatdir.

11.12.2024

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратишПрезидент почтаси6 May 202418 Sentabr 2024Navoiy viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикасиВеб-сайт13 Fevral 202427 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИВеб-сайт29 Aprel 20242 May 2024Toshkent viloyati

Foydali resurslar