2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Odamlari hayotidan rozi yurt obod, osoyishta bo‘ladi

Prezidentimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan xalq bilan ochiq muloqot bundan olti-yetti yil muqaddam turli muammolar qurshovida yashagan Surxondaryo ahlini tamomila yangi qarashlar va yangi hayotga yetakladi.

Katta-kichik rahbarlar bilan ochiq muloqotlarda odamlar ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va boshqa sohalardagi dardu tashvishlarini baralla ayta boshladi. Masalalari adolatli yechim topganidan hayotga mehri, tug‘ilib, o‘sgan yurtiga muhabbati ortib bordi.

Prezidentimizning 2019 yil 17 yanvardagi “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirdi. Surxon ahlining hayotdan rozi bo‘lib yashashiga keng imkoniyat yaratdi. Yil sayin murojaatlar soni kamayib borishi kuzatildi.

–Vohada bevosita aholi xonadonlariga kirib borib, ularning dardu-tashvishlari tinglanayotgani, joylarda xalq bilan uchrashuvlar o‘tkazilayotgani aholi muammolarini tizimli o‘rganib, yechimini topishda muhim omil bo‘lmoqda, –¬deydi Prezidentimizning Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Abdulhakim Eshmuratov.¬ –Prezidentimizning Virtual va Xalq qabulxonlariga murojaatlar yil sayin kamayib borayotir. Masalan, 2022 yilga nisbatan o‘tgan yili murojaatlar soni 28 ming 267 ta yoki 18 foizga kamaydi. O‘tgan yili Virtual va Xalq qabulxonalariga Surxondaryo viloyatidan tushgan 126 ming 841 ta murojaatning 120 ming 226 tasi yoki 94,7 foizi ko‘rib chiqildi, 6 ming 615 tasini ko‘rib chiqish jarayoni ketmoqda. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 100 ming 270 tasi yoki 83,4 foizi qanoatlantirildi. 19 ming 956 tasiga tegishli huquqiy tushuntirish berilib, ijobiy hal etish darajasi 45,3 foizni tashkil etdi. 

Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yili fuqarolardan aliment undirishni so‘rab 6 ming 141 ta, 18 yoshgacha bolalar nafaqasi bo‘yicha 5 ming 383 ta, muhtojlarga bir martalik moddiy yordam so‘rab 4 ming 688 ta, elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar yuzasidan 3 ming 607 ta, mahalla ichki yo‘llarini qurish, ta’mirlash, shag‘allashtirish, asfaltlash bo‘yicha 3 ming 399 ta, mamlakatimizdagi klinikalarda davolanish va jarrohlik amaliyoti uchun moddiy yordam so‘rab 2 ming 837 ta, yashash sharoitlarini yaxshilash, uy-joyni ta’mirlash va qurishga ko‘maklashish uchun 2 ming 643 ta, uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha 2 ming 611 ta, elektr tarmoqlari ob’ektlarini (sim ustun, transformator punkti va boshqalar) qurish, ta’mirlash, o‘zgartirish bo‘yicha 2 ming 481 ta murojaat qabul qilingan. Surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlaridan norozilik ifodalangan 1 ming 999 ta murojaat kelib tushgan. Mutaxassislarning aytishicha, bu raqamlar yildan-yilga kamayib borayotgani ham mamlakatimizda keyingi yillarda yuz berayotgan ochiqlik va oshkoralik, xalq g‘ami yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir. 

Aholini uy-joy bilan ta’minlash barcha davrlarda ham dolzarb masala bo‘lib kelgan. O‘tgan yili mahalliy deputatlar, hokimlik vakillari, tuman moliya bo‘limlari va Xalq qabulxonasi xodimlari, mahalla raislari hamkorligida joylarda o‘rganish ishlari olib borilib, 309 nafar xotin-qizga uy-joy bilan ta’minlash va ta’mirlash bo‘yicha yordam ko‘rsatildi. Birgina Termiz shahri va Boysun tumanida uy-joyga muhtoj 20 xotin-qizga uyning dastlabki to‘lovi uchun 623 million 364 ming so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. 104 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning yashash sharoitini yaxshilash, yaroqsiz holga kelib qolgan uy-joylarini ta’mirlash, yaroqsiz uylarini buzib qayta qurib berish hamda qurilish materiallari olib berish uchun bir milliard 877 million so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi.

Inson qadri ulug‘lanayotgan mamlakatimizda aholining munosib turmush kechirishi uchun barcha sharoitni yaratishga qaratilayotgan etibor voha mahallalarida o‘z aksini topayotgani odamlar qalbiga quvonch ulashmoqda. Masalan, Jarqo‘rg‘on tumanidagi Mustaqillik mahallasida aholini o‘ylantirib kelayotgan 20 kilometr ichki va qishloq yo‘llariga tosh-shag‘al aralashmasi to‘kilib ta’mirlangani, bir kilometr ichki yo‘lga asfalt yotqizilgani bunga yaqqol misoldir. Mahallada 10 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, yangi qishloq oilaviy binosi qurib berilgani ham mahalla ahliga bir olam sevinch ulashdi. Shu tumandagi Xalqobod mahallasi va tez tibbiy yordam binolari qayta ta’mirlanib, yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti bunyod etilganidan hudud aholisi faxr hissini tuydi. Bu kabi ishlar Oltinsoy tumanidagi Hayrondara mahallasi qiyofasini ham tubdan o‘zgartirdi. 

Yakunlangan yilda vohada davlatimiz rahbarining Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri boshchiligida mahalliy Kengashlar deputatlari va mutasaddi tashkilot, korxonalar rahbarlarining 222 nafar vakilidan iborat ishchi guruh tuzilib, aprel oyida Termiz shahri va tumanlardagi 81 ming 200 xonadonga uyma-uy kirib chiqildi. Ularning muammolari o‘rganilib, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani tajribasi ommalashtirildi. Elektr, tabiiy va suyultirilgan gaz, ichimlik suvi ta’minoti, aholini sog‘lomlashtirish kabi masalalar bilan bog‘liq muammolari hal etildi. 

¬–O‘tgan yili mamlakatimizda joriy etilgan “Obod mahalla”, “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon” mezonlari ham xalqimizning hayotidan rozi bo‘lib yashashiga o‘zgacha kuch, o‘zgacha shukuh ulashdi,¬–deydi Abdulhakim Eshmuratov.–Bunday katta ishni tez, sifatli bajarishda joylardagi Xalq qabulxonalari ham qarab turmadi. Jumladan, Oltinsoy tumanidagi Obshir mahallasida 348 ta xonadonda ta’mirlash, qurilish, obodonlashtirish ishlari olib borildi. 2 kilometr yo‘lga asfalt, 15 kilometrga shag‘al-tosh yotqizildi. 2 kilometr piyodalar yo‘lakchasi qurildi. 21 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, 5 ta transformator ta’mirlandi. 100 ga yaqin yangi temir beton ustun o‘rnatilib, 5 kilometr elektr simi tortildi. Qabriston va ziyoratgohlar obodonlashtirilib, mahalla infratuzilmasi tubdan yaxshilandi. Mahalla idorasi va qishloq vrachlik punkti binolari qurilib, 21 maktab binosi ta’mirlandi.

Boysun tumanidagi olis va tog‘li Duoba, Muzrabot tumani Bog‘i eram, Sho‘rchi tumanidagi Xushchekka, Uzun tumanidagi Yangi yo‘l mahallalari ham “Obod mahalla”, “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon” mezonlari doirasida ko‘rkam, saranjom-sarishta va farovon go‘shaga aylandi. 

Joriy yilda ham bunday ulug‘vor, ezgu ishlar izchil davom ettirilib, odamlarning qadrini ulug‘lashga, Yangi O‘zbekistonda munosib hayot kechirishi uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida ahamiyat berilayotgani yoshu keksaga birdek quvonch ulashmoqda. 

26.01.2024

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Ишсиз деб эътироф этиш ва ишсизлик нафақасини тайинлашИшонч телефони12 Fevral 202421 Fevral 2024Qoraqalpog`iston Respublikasi
Ҳомиладорлик ва туғиш таътилига (декретга) чиқиш, таътил даврида тўланадиган нафақаИшонч телефони19 Fevral 202426 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Шахсий жамғариб бориладиган пенсия ҳисобварағига (ИНПС) оид масалаларИшонч телефони20 Fevral 202423 Fevral 2024Samarqand viloyati
Муҳтожларга бир марталик моддий ёрдамИшонч телефони27 Yanvar 202424 Fevral 2024Buxoro viloyati
Йўл, унга қарашли йўлак, лоток, ариқ ва бошқаларнинг талабга мувофиқ эмаслигиИшонч телефони26 Oktabr 202323 Fevral 2024Toshkent viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati

Foydali resurslar