2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Orol dengizi chekindi, lekin biz bunga jim qarab turish yo‘lini tutmadik

Prezident tashabbuslari – amalda

Biz mehmonxonasiga qaldirg‘och in solsa eshigini oylab tambalamagan xalqmiz. Bir daraxtni kessa o‘rniga o‘nta ko‘chat qadaydigan elmiz. Ota-bobolarimiz o‘zlarini tabiat bilan hech qachon ayro tasavvur qilmagan.

Orol dengizi. Bir paytlar bu yerda moviy kenglik ohista chayqalar, ba’zan suv ko‘kka ko‘tarilib o‘zini zaminga qayta tashlar edi. Dengiz, qushlar va qirg‘oqdagi baliqchilarning shovqini bir-biriga qorishib ketardi. Bir qarashda bularning yuraklari bittaday, bir butunday tuyulardi.

Uncha uzoq bo‘lmagan davrlarda xalqning rizqu nasibasi bo‘lgan Orolimiz bugun xasta. Dardiga malham qo‘yishga harakat qilayotganlarni jim kuzatmoqda.

Suvi tortilib ketgan maydonlardan ko‘tarilayotgan qum, tuz, chang zarrachalari atrofga sochiladi. Yer qor yoqqanday oqarib qoladi. Bir vaqtlar bilib-bilmay tabiatning tartib-qoidalariga aralashildi, daryolar suvining yo‘li to‘sildi. Oqibatda dengiz bizdan uzoqlashdi. Chekingan dengizga esa ortiq shunchaki qarab turib bo‘lmasdi. Biz bunday yo‘l tutmadik.

Himoya o‘rmonzorlari barpo etish ishlari qizg‘in davom etmoqda

Bu yil yuz ming gektar maydonda yashil qoplamalar hosil qilish maqsad qilingan. Odatdagiday joriy yilda ham minglab texnikalar, to‘rtta kichik aviatsiya transporti, ikki ming besh yuzdan ortiq odam o‘rmonlashtirish yumushlarini amalga oshirmoqda.

Bu ish uchun to‘rt yuz yigirma tonna saksovul, qandim, qoraburoq kabi cho‘l o‘simliklarining urug‘i jamg‘arilmoqda. Yuz gektar maydonda esa saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan ko‘chatxonalar tashkil etilganini alohida ta’kidlash kerak.

Orolning qurigan maydonlarida bu yilgi saksovul ekish mavsumi fevral oyidan boshlab yuborilgan. Bugun esa bu yerda o‘rmon plantatsiyalarini yaratish jarayoni qizg‘in pallada.

O‘rmonlashtiriladigan hudud juda katta, buni hisobga olgan holda asosiy ishlar bir qator resurslar imkoniyatidan keng foydalangan holda bajariladi. Ish jarayoniga aviatsiya, qishloq xo‘jaligining zamonaviy texnikalari jalb qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari mutaxassislari, olimlar ish jarayonini nazorat qilmoqda.

Bu xayrli ish uchun keng jamoatchilik vakillari, turli idora va muassasa xodimlari, yoshlar ko‘mak berishni istashadi. Bugun Orolbo‘yi kengliklarda ko‘ngilli hasharchilarni uchratish tabiiy xolga aylangan.

Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi a’zolari, bir qator oliy ta’lim muassasalari talabalari keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari markazida bo‘lishdi. Bu yerga kelganlar yashil qoplamalar hosil qilishdek ezgu tashabbusga o‘z hissalarini qo‘shishdi.

– Biz, yoshlar bu yerga tez-tez kelishga harakat qilamiz, – deydi Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti talabasi Aygerim Eltayeva. – Orolning qurigan kengliklarida juda katta jamoa, kuch ishlamoqda. Urug‘lar asosan samolyotlarda sepilayotganini ko‘rib turibmiz. Aytishlaricha, bir parvozning o‘zida yuzlab gektar maydonga urug‘ qadalmoqda. Ko‘chatlarni qo‘lda ekishning ham samarasi katta ekanini yaxshi bilamiz. Bu jarayonda biz ham qatnashyapmiz. Yaxshi ishga bosh qo‘shayotganimizdan xursandmiz. Ekayotgan ko‘chatlarimiz tabiatni, odamlar salomatligini asrashga xizmat qilishini his etish zavqli. Kelgusida bu mehnatlar o‘z samarasini berishiga ishonamiz.

Shavkat Mirziyoyev 2018 yil Mo‘ynoqqa tashrif buyurdi. O‘shanda olimlar bilan maslahatlashildi. Orol dengizining suvi qurigan kengliklarida sho‘rga chidamli o‘simliklar ekish vazifasi belgilagandi. Buni xayrli ishning start olgan yili deyish mumkin.

Bugungacha suvsiz, Orolqum deb atala boshlangan 1 million 700 ming gektar maydonda o‘rmonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi.

Xalqaro minbarlarga olib chiqilgan ezgu tashabbus

Davlatimiz rahbari 2017 yil Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida Orol fojiasiga dunyo hamjamiyatining e’tiborini qaratdi. Qator tashabbuslarni ilgari surdi. Yaxshi niyatlar esa xalqaro darajada qo‘llab-quvvatlandi. Bir yil o‘tib Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi trast fondiga asos solindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil BMT Bosh Assambleyasining videokonferensiya shaklida o‘tgan 75-sessiyasidagi nutqida ham Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik muammoga to‘xtaldi. Davlatimiz rahbari o‘shanda Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etgan edi. Ushbu rezolyutsiya 2021 yil oltmishta davlat tomonidan bir ovozdan qabul qilindi.

Bundan tashqari, xalqaro sammitlarda bu bo‘yicha muhim takliflar o‘rtaga tashlandi. Ichki imkoniyatlarimizga tayangan holda amaliy ishlar olib borilishiga e’tibor qaratildi.

Mintaqadagi ekologiya shu muammoga bevosita bog‘liq ekani kundek ravshan. Tabiat bilan hisoblashmaslik, unga quloq tutmaslik nima oqibatlarga olib kelishini Orol fojiasi yaqqol ko‘rsatdi. Ikki yirik suv manbai – Amudaryo va Sirdaryo suvining to‘silishi bizni Orol dengizidan uzoqlashtirib yubordi. Cho‘llanish tezlashib, o‘simlik va hayvonot dunyosi kamayib ketdi. Odamlar turmush-tarzi qiyinlashdi.

Orolbo‘yidagi ekologik muammolarni yumshatish, aholi yashash sharoitini yaxshilash masalasi davlat rahbarining bejiz e’tiborida emasligini anglash qiyin emas.

O‘tgan yilning fevral oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Orol dengizining qurigan joyiga shaxsan o‘zi bordi. U yerdagi vaziyatni ko‘rdi, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘shanda murakkab sharoitda ekin yetishtirish bo‘yicha katta tajriba orttirilgani, endigi ishlarni ilmiy asoslangan tarzda davom ettirish lozimligini ta’kidlagandi.

Shundan kelib chiqib, istiqbolda bu yerda hudud tuprog‘iga mos navlar yaratish, keyingi bosqichda chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy ishlar qilinadi.

Yaqinda BMTning Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida tuzilmaning Suv masalalari bo‘yicha konferensiyasi o‘tkazildi. Unda 2030 yilga qadar barqaror rivojlanish maqsadlari yo‘lida obihayot orqali dunyoni birlashtirish, sayyoramiz farovonligida dengiz va okeanlarning ahamiyati, bu boradagi global tashabbuslar ilgari surildi. Bu tashabbuslar esa BMTga a’zo barcha mamlakatlar, ixtisoslashgan idoralar tomonidan nufuzli spikerlar ishtirokida ko‘rib chiqildi.

Konferensiya ishida tuzilmaga a’zo mamlakatlar qatorida yurtimiz delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Yuqori darajadagi yalpi majlisda mamlakatimiz delegatsiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva nutq so‘zladi. BMT minbaridan Orol dengizi fojiasining oqibatlari, ularni yumshatish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar va bu boradagi xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishda mamlakatimizning yetakchiligi xususida so‘z yuritildi.

Ezgu tashabbusning ko‘lami kengayib bormoqda

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ekologik holatni yaxshilash va atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil hududlarni kengaytirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, Qoraqalpog‘istonda ham muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirish doimiy e’tiborda. Shu maqsadda Qo‘ng‘irot tumani hududidan maydoni 280 ming gektarlik “Borsakelmes” davlat buyurtma qo‘riqxonasi, Mo‘ynoq tumani hududidan maydoni 1 million gektar bo‘lgan “Aralqum” milliy tabiat bog‘i tashkil etildi. Natijada muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarning umumiy maydoni 3,5 million gektarga yetkazildi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida esa Qoraqalpog‘istonda jami 14 million 300 tupdan ortiq daraxt hamda butali o‘simliklar ko‘chati ekildi. Tumanlarda 16 ta o‘rmon xo‘jaligida 250 gektar maydonda ko‘chatxona tashkil etildi.

Nukus shahri va tumanlarda qariyb 65 gektar maydonda yashil bog‘lar, 101 gektardan ortiq maydonda yashil jamoat sayilgohlarini tashkil etishga kirishilgani quvonarli.

Orol dengizini yana suvga to‘ldirish imkonsiz bo‘lishi mumkin, lekin qolganini asrash, ekologik muvozanat yaratish, odamlar turmushini yaxshilash bo‘yicha juda katta ish ketayotgani quvonarli.

26.03.2023

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Ишсиз деб эътироф этиш ва ишсизлик нафақасини тайинлашИшонч телефони12 Fevral 202421 Fevral 2024Qoraqalpog`iston Respublikasi
Ҳомиладорлик ва туғиш таътилига (декретга) чиқиш, таътил даврида тўланадиган нафақаИшонч телефони19 Fevral 202426 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Шахсий жамғариб бориладиган пенсия ҳисобварағига (ИНПС) оид масалаларИшонч телефони20 Fevral 202423 Fevral 2024Samarqand viloyati
Муҳтожларга бир марталик моддий ёрдамИшонч телефони27 Yanvar 202424 Fevral 2024Buxoro viloyati
Йўл, унга қарашли йўлак, лоток, ариқ ва бошқаларнинг талабга мувофиқ эмаслигиИшонч телефони26 Oktabr 202323 Fevral 2024Toshkent viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati

Foydali resurslar