2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
O‘zbekistonda yangi namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurilishi kengaytiriladi

Oʻzbekistonda 2019-yildan boshlab yangi namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar quriladi.

Qishloq joylarda va fuqarolarning ayrim toifalari uchun arzon uy-joylar qurishni kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Prezident qarori qabul qilindi.

Qaror bilan qishloq joylarda uy-joy qurilishini yanada rivojlantirish va muhtoj oilalarni arzon uy-joy bilan taʼminlashning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi.

Qarorga muvofiq, 2019-yildan boshlab quyidagi yangi namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar quriladi:

• “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan, shuningdek, muhandislik-transport kommunikatsiyalari bilan taʼminlanmagan hududlarda 0,02 ga oʻlchamli yer uchastkalarida bir qavatli 3 xonali arzon uylar;

• “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan, shuningdek, muhandislik-transport kommunikatsiyalari bilan taʼminlangan hududlarda toʻrt qavatli (2 va 3 xonali) arzon uylar;

• shaharlarda Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari hamda ichki ishlar organlari xodimlari uchun besh qavatli (2 va 3 xonali) arzon uylar.

Qaror bilan 2019-2020-yillarda qishloq joylarda va fuqarolarning alohida toifalari uchun arzon uy-joylar qurilishi boʻyicha, shuningdek, arzon uy-joy massivlarida tashqi muhandislik tarmoqlari, inshootlari va transport kommunikatsiyalari qurilishi boʻyicha yigʻma koʻrsatkichlar tasdiqlandi.

Ushbu koʻrsatkichlarga koʻra, 2019-yilda jami 15 ming 10 ta arzon uy-joy va kvartira qurilishi rejalashtirilgan. Ularning 11 ming 70 tasi uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar uchun moʻljallangan. Shuningdek, 2019 yilda fuqarolarning alohida toifalari (Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va ichki ishlar organlari xodimlari) uchun jami 2 ming 10 ta kvartira quriladi.

2019-yil 1-iyulgacha arzon uy-joylar qurilishi monitoringi boʻyicha axborot tizimi ishlab chiqiladi.

Endilikda muhandislik-transport kommunikatsiyalariga ulanmagan, uzluksiz elektr va suv taʼminoti yoʻlga qoʻyilmagan arzon uy-joylar foydalanishga qabul qilinmaydi.

Tijorat banklari uy-joy quruvchilarga 2 yillik imtiyozli davr hamda 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida:

• qishloq joylardagi arzon uy-joylarni sotib olish uchun – 20 yil muddatga va boshlangʻich badali 10 foiz miqdorida;

• fuqarolarning alohida toifalari tomonidan arzon koʻp kvartirali uylarni sotib olish uchun – 15 yil muddatga va boshlangʻich badali 25 foiz miqdorida ipoteka kreditlari taqdim etadi.

Bundan tashqari, qarorga muvofiq har yili Favqulodda vaziyatlar vazirligi harbiy xizmatchilari, qutqaruvchilari va xodimlari uchun – 56 ta, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari uchun – 300 ta, ichki ishlar organlari xodimlari uchun – 168 ta, alohida namuna koʻrsatayotgan yosh oilalar uchun – 420 ta, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar uchun – 66 ta kvartira ajratiladi.

OʻzA

26.11.2018

Foydali resurslar