2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
“Obod qishloq”ning Mirzachoʻldagi manzarasiga olisdan nigoh

Jizzax viloyati Mirzachoʻl tumani tarixiga 2018-yil zarhal harflar bilan bitiladi. Bu sahifaga “Obod qishloq” dasturi asosida 2018-yil aprel-oktyabr oylarida Gagarin shahri va Gʻalaba, Oʻzbekiston, Mustaqillik, Mirzadala, Doʻstlik, Bogʻbon mahallalari tubdan yangilandi, obod boʻldi” deb yoziladi.

Gagarin shahrining bugungi qiyofasi shaharlar taqdiri ham odamlar taqdiriga oʻxshaydi, degan gapni yodga soladi. Dunyoga keladi, oʻsib-ulgʻayadi. Bu orada uning hayotida baxtli damlar, katta muvaffaqiyatlar, qiyinchilik va tushkunliklar ham boʻladi. Qiyofasida tarix va zamon oʻz izini qoldiradi. 

Biz baʼzan bu oʻzgarishlarni toʻliq ilgʻay olmay qolamiz. Shuurimizda koʻproq bugun koʻrib turganlarimiz aks etadi. Uning oldingi qiyofasi xotiradan oʻcha boshlaydi. 

Ilgari shu yerda yashab, keyin taqdir taqozosi bilan boshqa yurtlarga ketgan kishilar bu oʻzgarishlarni yanada aniq va teran his etadi. Mirzachoʻlda tugʻilib, bolaligi shu yerda oʻtgan, aniqrogʻi, Gagarin shahridagi 1-umumtaʼlim maktabini bundan 44 yil avval bitirib, dunyoning turli tomoniga tarqalib ketgan bir guruh sinfdoshlarning Gagarindagi uchrashuvi chogʻida shaharning oʻtmishi va buguni haqida bildirilgan fikrlar bu hayotiy haqiqatni tasdiqladi. 

Gagarin – Mirzachoʻldagi sobiq Yerjar ishchilar posyolkasi. Janubiy Qizilqumni oʻzlashtirish aynan shu yerdan boshlangan. 1957-yilda tugʻilib, bu yerdagi yagona taʼlim muassasasi boʻlgan 1-oʻrta maktabni 1974-yilda bitirgan yoshlar choʻlni oʻzlashtirishga kelgan “qaldirgʻoch” choʻlquvarlarning farzandlari edi. Dastlabki yillarda jami 100 chogʻli oʻquvchi taʼlim olgan maktabdan koʻplab taniqli kishilar yetishib chiqqan. Ushbu uchrashuvga sobiq ittifoqning shaharlarini makon tutgan sinfdoshlardan 25 nafari yetib keldi. 

Mehmonlar Gagarin shahrining zamonaviy qiyofasini koʻrib, hayratlarini yashirolmadi. Chunki bolalik tasavvurlaridagi Gagarin shaharchasi oʻrnida bugun tom maʼnoda zamonaviy shahar paydo boʻlgan-da. 

8.JPG

 

14.JPG

 

Bayanjan JUMAXANOVA, Qozogʻiston poytaxti Ostona shahrida yashaydi, tadbirkor: 

– Bu yerdagi qarindoshlarim, sinfdoshlarim orqali tugʻilib oʻsgan shahrimdagi yangiliklardan xabardor boʻlib turaman. Ammo bunchalik katta oʻzgarishlarni koʻraman, deb xayolimga keltirmagan edim. Bolalikda har kuni yurgan mana shu markaziy koʻchani ham tanimay qoldim. Nazarimda u juda kengayib ketgandek. Koʻp qavatli zamonaviy imoratlar qurilib, ikki yonidagi eskidevorlar, panjaralar, pastqam inshootlar oʻrnida yashil maydonlar, gulzorlar barpo etilibdi. Bu oʻzgarish birgina markaziy koʻchada emas, butun shaharda roʻy bergani meni rostakamiga hayratga soldi. Bir vaqtlar men bilgan, koʻrgan shahar oʻrnida bugun zamonaviy, koʻrkam va chiroyli shahar qad rostlabdi. 

Bizning sharh: Gagarin shahri markazida 1960-yillarda qurilgan barak tipidagi uylarda yashovchi 2 mingga yaqin aholi uchun jami 317 ta, jumladan, 4 sotixli 2-3 xonali 223 ta namunali uy, 2-3 xonali 94 ta koʻp qavatli uy qisqa muddatda, may-oktyabr oylarida qurib bitkazildi. 

Shahar markaziy koʻchasining 1,3 kilometrlik qismi 3 metrga kengaytirilib, umumiy uzunligi 7,5 kilometr yangi lotok, 17 kilometr bordyur oʻrnatildi. Shaharda 21 kilometrlik ichki yoʻl va koʻchalartaʼmirlanib, asfalt yotqizildi. 27 kilometr piyodalar yoʻlakchasi qurilib, koʻcha boʻylab 192 ta yoritish ustuni oʻrnatildi. 

Gagarinni koʻrkam va yashil shaharga aylantirish uchun 27,5 ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxtlar, 100 mingdan ortiq gul koʻchatlari ekildi, 21,5 ming kvadrat metr maydonga chim yotqizildi. 

Vladimir SHAMANOV, Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi federal majlisining mudofaa qoʻmitasi raisi, Rossiya Qahramoni: 

– Bolaligi oʻtgan joy haqidagi barcha xotiralar insonga hamisha aziz. Men oʻzimiz yashagan uyni darrov tanidim. Albatta, u ancha oʻzgartirilgan, baribir menga qadrdon. Qoʻshni hovli bilan bizning uyimiz oʻrtasida kichkinagina darcha boʻlardi. Xonadon bekasi – oʻzbek ayoli tandirda non yopsa, biz – bolalarga uzatar, ammo biz olmasdik. Shunda qoʻshnimiz darchadan berib ketardi. Tandirdan yangi uzilgan oʻsha non hidi hamon dimogʻimni qitiqlaydi. 40 dan ziyod millat vakillari yashaydigan Gagarinda odamlar juda ahil-inoq yashardi. Men bolaligim oʻtgan bu shaharning doimo shunday boʻlib qolishiga ishonaman. 

Harbiy boʻlganim tufayli urushni ham koʻrdim. Uning odamlarga qanchalik katta musibat keltirishiga guvohman. Shuning uchun obodlik, farovonlik asosida tinchlik-osoyishtalik turishinichuqur his etaman. Oʻzbekiston ana shu tinchlik tufayli jadal rivojlanmoqda. Men Gagarinda qad rostlagan muhtasham inshootlarda, oʻqigan maktabimning koʻrkam binosida, odamlarga davlat tomonidan qurib berilgan zamonaviy uylarda, mahallalar obodligida aynan ana shu tinchlik va osoyishtalik samarasini koʻrdim. 

Rossiya bilan Oʻzbekiston oʻrtasida har tomonlama rivojlanib borayotgan hamkorlik aloqalari ikki mamlakatning, shu mamlakatlarda yashaydigan barcha odamlarning farovonligiga xizmat qiladi. Men ham mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona hamkorlikni mustahkamlashga, kichik Vatanim boʻlgan Gagarin shahrining yanada obod boʻlishiga hissa qoʻshishni istayman. 

Bizning sharh: Gagarin shahrida qisqa muddatda 377 ta namunali uy qurildi. Bunday namunali uylarning boshqa viloyatlarda oʻrtacha qiymati 210 million soʻmni tashkil etayotgan boʻlsa, bu yerda ishchi kuchi, qurilish materiallari, texnika vositalari hashar yoʻli bilan jalb etilgani natijasida oʻrtacha 117-127 million soʻmga tushdi. 

Baraklarda yashab kelgan 291 xonadon egalarining yangi uy-joy uchun boshlangʻich badali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va boshqa homiylik mablagʻlari hamda ish beruvchilar tomonidan toʻlab berildi. Tijorat banklari tomonidan aholiga uy-joy sotib olish uchun jami 19,9 milliard soʻm miqdorida ipoteka krediti ajratildi. 

Uy egalari yangi barpo etilgan “Mirzachoʻl tikuvchilik majmuasi”, “Chorvachilik majmuasi” hamda qurilish tashkilotlariga ishga joylashtirilib, oylik ish haqi hisobidan ipoteka krediti boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirmoqda 

Tumanning Gʻalaba mahallasida paxta qabul qilish punktiga qarashli ikki qavatli tashlandiq bino mukammal taʼmirlanib, 1-2 xonali 22 ta uyga aylantirildi va nogironligi boʻlgan shaxslarga berildi. Har bir xonadon zamonaviy mebel va jihozlar bilan taʼminlandi. Uy atrofi obodonlashtirilib, xonadonlar uchun omborxona, oʻchoq va tandirxona qurildi. 

Shuningdek, Gʻalaba, Mustaqillik, Mirzadala, Doʻstlik, Oʻzbekiston va Bogʻbon mahallalarida taʼmirga muhtoj 175 ta koʻp qavatli uy va 35 ta koʻchada taʼmirlash ishlari olib borildi. Koʻp qavatli uylar tom qismini taʼmirlash, zamonaviy eshik-romlar oʻrnatish uchun “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan 6 ta mahallada 13 ta shirkat tashkil etilib, banklar tomonidan 9,9 milliard soʻm miqdorida kredit mablagʻi ajratildi. 

33.JPG

 

77.JPG

 

Irina KAN (MIRONOVA), rossiyalik pensioner: 

– Mirzachoʻldan 1988-yilda ketganman. Biz yashagan paytda ham Gagarin shahar maqomida edi. Ammo endi haqiqiy shahar boʻlibdi. Shaharda barcha infratuzilma mavjud. Musiqa va sanʼat maktabi, Qozoq milliy drama teatri, “Baxt uyi”, Davlat xizmatlari agentligi tuman filiali, koʻp tarmoqli tuman poliklinikasi kabi muassasalarning rekonstruksiya qilingan binolarini koʻrib, havasimiz keldi. Biz bu yerda yashagan yillar bunday inshootlarni, xizmatlarni orzu qilganmiz, xolos. Qachondir boʻlishini xayolga ham keltira olmaganmiz. 

Bizning sharh: Ijtimoiy soha obyektlarida umumiy qiymati qariyb 50 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi. Jumladan, 3 tasi yangi qurildi, 10 tasi rekonstruksiya qilindi va 4 tasi mukammal taʼmirdan chiqarildi. Xususan, oilaviy poliklinika, tuman sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi, Davlat xizmatlari markazi binolari yangidan qurildi. 3 ta maktab mukammal taʼmirlanib, 7 ta maktabgacha taʼlim muassasasi rekonstruksiya qilindi. 1 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi 60 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi qurib bitkazildi.

Bogʻbon mahallasida joylashgan va uzoq yillar qarovsiz qolgan Qozoq milliy drama teatri binosi kapital taʼmirdan chiqarildi. Oʻzbek-qozoq milliy madaniy markazi binosi qad rostladi. 

Mahallalarda 38 bolalar maydonchasi, 2 sunʼiy qoplamali stadion barpo etildi. 

94.JPG

 

97.JPG

 

Bolat MURTAZOYEV, Qozogʻiston, “Taraz gaz xoʻjaligi" boshqarmasi rahbari: 

– Otam Mirzachoʻlni oʻzlashtirishga kelgan. Oʻsha davrda qurilgan vaqtinchalik boshpanalar, barak uylar ham koʻzimizga yaxshi koʻringan. Ammo bugun odamlarga munosib turmush sharoiti yaratib berish juda katta ish. Eng muhimi, davlatning eʼtibori zarur. Mirzachoʻlda bu ishning uddasidan chiqishibdi. Ijtimoiy inshootlar va xonadonlar ishlash, yashash uchun qulayligidan, muhandislik infratuzilmasi mukammalligidan odamlar rozi ekaniga guvoh boʻldik. Katta kuch, katta mablagʻ talab etadigan bu ishlar qisqa muddatda bajarilgani ham davlatning alohida eʼtibori va gʻamxoʻrligi samarasidir. 

Bizning sharh: Aholi turmush farovonligi, tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Hududdagi jami 14,3 kilometr gaz quvurlari montaj qilindi, 2 ta yangi gaz taqsimlash shoxobchasi oʻrnatildi, 35 tasi taʼmirlandi. 1 ming 407 ta gaz asbob-uskunalari montaj va demontaj qilindi. 

230 dona temir-beton tayanch oʻrnatilib, 21,4 kilometr uzunlikda yangi elektr uzatish tarmogʻi tortildi, 6 ta transformator punkti mukammal taʼmirlandi. Natijada isteʼmolchilarning elektr energiya taʼminoti tubdan yaxshilandi. 

Dastur doirasida 77,2 kilometr ichimlik suv quvuri, 2,2 kilometr oqova suv quvuri tortildi, 65 ta oqova suv qudugʻi qurildi. Soʻnggi 30 yil davomida ishlamay qolgan kanalizatsiya tizimi tozalanib, qayta ishga tushirildi. Aholining ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondirish maqsadida Ipak yoʻli mahallasidan Gagarin shahriga 9 kilometr masofaga ichimlik suv tarmogʻi tortildi. Ushbu inshoot bir kecha-kunduzda 1000 kub metr toza ichimlik suvi yetkazib berish quvvatiga ega. Tumanda ichimlik suv tarmoqlarini yangidan qurish uchun 26,4 milliard soʻm mablagʻ sarflandi. 

Zamonaviy non mahsulotlari ishlab chiqarish sexi, 3 ta mini-market, 2 ta hammom, 50 dan ziyod xizmat koʻrsatish shoxobchalari, ishlab chiqarish obyektlari barpo etildi. Shahar markazida “Agrobank” binosi eng zamonaviy loyihalar asosida qad rostladi. 

Ayni paytda faqat ijtimoiy soha emas, iqtisodiyot, ishlab chiqarish korxonalari barpo etish, aholini ish bilan taʼminlashga ham muhim yoʻnalish sifatida alohida eʼtibor qaratildi. Dastur doirasida dastlab baraklarda yashovchi ishsiz aholi vakillarini ish bilan taʼminlash maqsadida “Mirzachoʻl tikuvchilik majmuasi”, “Mirzachoʻl chorva kompleksi”, “Mirzachoʻl teks” MCHJ kabi korxonalar, non sexi, mini-market, hammom barpo etilishi hududda 500 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratish imkonini berdi. 

...Mehmonlar Mirzachoʻl safari yakunida Koʻkterak qabristonini ziyorat qildi. Oʻtganlar xotirasi yodga olindi. 

Ezgulikning cheki yoʻq, deyishadi. Rost. Prezidentimiz tashabbusi bilan Manas qishlogʻidan boshlangan “Obod qishloq” dasturi ijrosi Mirzachoʻlning Gagarin shahri, Gʻalaba, Oʻzbekiston, Mustaqillik, Mirzadala, Doʻstlik, Bogʻbon mahallalarida yakuniga yetmoqda. Ammo u toʻxtamaydi. Chunki hali oʻtgan asrning 60-yillar nuqsi saqlanib qolgan qishloqlar bor. Demak, bu yangilanishlar yurtimizdagi barcha qishloqlarda, mahallalarda kundalik ishga aylanib bormoqda. 
 

T.Beknazarov, J.Yorbekov (surat), OʻzA

31.10.2018

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Ишсиз деб эътироф этиш ва ишсизлик нафақасини тайинлашИшонч телефони12 Fevral 202421 Fevral 2024Qoraqalpog`iston Respublikasi
Ҳомиладорлик ва туғиш таътилига (декретга) чиқиш, таътил даврида тўланадиган нафақаИшонч телефони19 Fevral 202426 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Шахсий жамғариб бориладиган пенсия ҳисобварағига (ИНПС) оид масалаларИшонч телефони20 Fevral 202423 Fevral 2024Samarqand viloyati
Муҳтожларга бир марталик моддий ёрдамИшонч телефони27 Yanvar 202424 Fevral 2024Buxoro viloyati
Йўл, унга қарашли йўлак, лоток, ариқ ва бошқаларнинг талабга мувофиқ эмаслигиИшонч телефони26 Oktabr 202323 Fevral 2024Toshkent viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati

Foydali resurslar