2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Qo‘shrabot tumani hokimi: “Hammasi inson qadri uchun”

Mamlakatimizni 2022-2026 yillarda rivojlantirishning Taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi.

 Yetti ustuvor yo‘nalish va 100 maqsaddan iborat dasturda asosiy e’tibor inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish, ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash, mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish masalalariga qaratilgan. 

Taraqqiyot strategiyasini joriy yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturida esa 398 ta chora-tadbir ko‘zda tutilgan. Bu chora-tadbirlarni bajarish uchun 55 trillion so‘m va 11,7 milliard AQSH dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltirilishi belgilandi. 
Dastur doirasida viloyatimizda ham xalqimiz manfaatlaridan kelib chiqib, juda keng ko‘lamdagi ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bunda shaharlar va tumanlar markazlaridan olis qishloq va mahallalargacha qamrab olish, viloyatimizga yashayotgan har bir insonning hayotini o‘zgartirish, qadrini ulug‘lash maqsadi qo‘yilgan. 
Jumladan, viloyatimizning eng olis tumanlaridan biri Qo‘shrabot tumanida ham bu borada aniq dastur va rejalar belgilab olingan.  

– Prezidentimiz o‘tgan yil saylovoldi dasturida “Inson qadri uchun” degan g‘oyani ilgari surib, kelgusi besh yilda amalga oshiriladigan islohotlar markazida inson, uning qadrini yanada ulug‘lash maqsadi ustuvor bo‘lishini ta’kidlagan edilar, – deydi Qo‘shrabot tumani hokimi Himmat Oqbo‘tayev. – Bu maqsadlar yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida va uni joriy yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturida ham o‘z ifodasini topdi. Tumanimiz misolida aytadigan bo‘lsam, har bir qo‘shrabotlikning hayotini, turmush tarzini o‘zgartirish uchun avvalo ularning bandligini ta’minlashimiz va doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga erishishimiz, hudud infratuzilmasini zamon talabiga moslashtirishimiz, ta’lim, tibbiyot va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalari bilan bog‘liq hayotiy ehtiyojlarini qondirishimiz zarur. Shundan kelib chiqib, birinchi navbatda  mavjud 45 ta mahallamizning har biridagi imkoniyat, muammolarni tahlil qilib, odamlar bilan maslahatlashib, yetti  yo‘nalish bo‘yicha 113 ta o‘sish nuqtalari – drayverlarni belgilab oldik. Bunda mahallalarda chorvachilik, parrandachilik, bog‘dorchilik, tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. Mahallalarda ish boshlagan tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari bu borada amaliy ishlarga kirishdi.  

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 23 noyabrdagi qaroriga ko‘ra, tumanimiz bo‘yicha jami 471 gektar, jumladan, 2022 yilda 188 gektar g‘alladan bo‘shagan yer maydonlari ochiq elektron savdolari orqali aholiga 10 yilga ijaraga beriladi. Shuningdek, hozirda barcha toifadagi xo‘jaliklarda mavjud 7 ming gektar uzumzorlarni 10 ming gektarga yetkazishni rejalashtirganmiz. Bu uzumzorlarda tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etiladi va buning uchun davlat tomonidan subsidiya ajratiladi. Bu ham aholi uchun juda katta imkoniyat. 

Chorvachilik tumanimiz uchun asosiy tarmoqlardan biri hisoblanadi. Davlatimiz tomonidan mazkur sohaga berilayotgan imtiyoz va yengilliklar natijasida o‘tgan yil fermer xo‘jaliklarimiz Qozog‘iston va boshqa davlatlardan 7800 bosh naslli qo‘y va echki olib keldi hamda aholiga tarqatdi. Bu yil ham shu tizim bo‘yicha ishlarimiz davom etadi.  

Tumanimizda parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriq asosida o‘tgan yil “Qo‘shrabot loman parranda” MCHJ tashkil etilib, 40 milliard so‘mlik loyihani amalga oshirishga kirishilgandi. Joriy yilda mazkur loyiha bo‘yicha mahsulot ishlab chiqarish boshlanadi. 
Shuningdek, o‘tgan yil Davlat soliq qo‘mitasi yordamida tumanimizda parrandachilikni rivojlantirish loyiha ofisi tashkil etilib, aholi xonadonlarida xonaki tovuq yetishtirish yo‘lga qo‘yilgandi. Dastlab, har biri 500 ta tuxum sig‘imiga ega bo‘lgan 70 ta inkubator keltirilib, aholiga tarqatildi. Odamlar o‘z uyida xonaki tovuq yetishtirib, daromad qila boshlagach, yana 271 nafar talabgorga inkubator yetkazib berdik. Ozod, Qo‘ralos, Do‘stlik mahallalarida xonaki tovuq yetishtirish keng ommalashdi, shu faoliyat bilan shug‘ullanib, mo‘may daromad olayotgan oilalar ko‘paydi. Bu yil endi shu ish bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlar yana ham ko‘paydi. 

bugungi kun talabi, zamon taraqqiyoti har bir hududda sanoatni yanada rivojlantirishni taqozo etadi. Lekin shu paytgacha Qo‘shrabotda mazkur yo‘nalishda bitta-ikkita korxonani hisobga olmaganda, ko‘zga ko‘rinadigan loyiha amalga oshirilmagan. Keyingi yillarda yurtimizda tadbirkorlik muhitining yaxshilanishi, ishbilarmonlarning faol qo‘llab-quvvatlanishi natijasida tumanda bir qator yangi korxonalar ish boshladi. Bugunga kelib, Qo‘shrabotdagi xorijiy va qo‘shma korxonalar soni 16 tani tashkil etmoqda va ular tomonidan 10 million AQSH dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. 15 ta korxona tomonidan xorijga mahsulot eksport qilinmoqda.  

– Bu yil tumanimizda umumiy qiymati 42,8 milliard so‘mlik 35 ta loyihani o‘z ichiga olgan 4 ta kichik sanoat zonasi tashkil etiladi, – deya so‘zida davom etadi H.Oqbo‘tayev. – Buning natijasida 500 dan ortiq yangi ish o‘rni ochiladi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining qarori bilan Chorloq mahallasi hududidan 10 gektar yer maydonida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi filiali ish boshlaydi. Oldimizga qo‘ygan vazifalarni to‘la-to‘kis bajarsak, bu yil tumanimizda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 120 milliard (aholi jon boshiga 900 ming) so‘mga yetkaziladi. 

Mamlakatimizning barcha hududlarimizda bo‘lgani singari tumanimizda ham “Yangi O‘zbekiston” massivini tashkil etish uchun Namuna mahallasi hududidan 19,2 gektar yer maydoni tanlandi. Bu yerda zamonaviy loyihalar asosida har biri 20 xonadonli 56 ta ko‘p qavatli uy, 1056 o‘rinli umumta’lim maktabi, 60 va 120 o‘rinli ikkita maktabgacha ta’lim tashkiloti, oilaviy poliklinika, sport kompleksi, sayilgoh, madaniyat uyi, kovorking markazi, bir qator savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari quriladi.  

Yo‘l infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 30,3 kilometr ichki yo‘llarga, 7 kilometr mahalliy va 11 kilometr davlat ahamiyatidagi yo‘llarga asfalt qoplamasi yotqizilishi rejalashtirilgan. Elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash uchun mahallalarda 10 ta yangi transformator o‘rnatish va 25 kilometr yangi tarmoq tortish, 8 ta transformator va 52,2 kilometr tarmoqni esa rekostruksiya qilish nazarda tutilgan. 

Tumanimiz aholisini anchadan buyon qiynab kelayotgan ichimlik suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha OPEK dasturi doirasida ajratilgan 36,6 million AQSH dollari hisobidan o‘tgan yil boshlangan ichimlik suvi va oqova tarmoqlari qurilishi ishlari ham bu yil yakunlanib, tumanimiz aholisining 85 foizi sifatli obi hayot bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, yana 4 ta suv inshooti va 13,5 kilometr suv tarmog‘i tortiladi. 

Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish maqsadida bu yil dastur asosida Pangat oilaviy shifokorlik punkti yangidan quriladi. Homiylik mablag‘lari hisobidan 3 ta oilaviy shifokorlik punkti qayta qurilishi va 2 ta oilaviy shifokorlik punktini kapital ta’mirlash rejalashtirilgan. 

Bog‘cha yoshidagi bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovini oshirish bo‘yicha 3 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mukammal ta’mirlanadi, Sohibkor, Mayintepa, Bozorjoy, Qoratosh, Qovunchi, Sorigul, Toz, Ozod mahallalarida jami 480 o‘rinli 8 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 200 o‘ringa mo‘ljallangan 2 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti quriladi. Bundan tashqari, 17 ta nodavlat oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Bu ishlar natijasida tumanimizda bolalarning maktabgacha ta’limga qamrov darajasi 80 foizga yetadi. 

26 yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari “inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz” deb ta’kidladi. Bu fikrlarni biz – ijro hokimiyati vakillari tumanimizda inson qadri uchun amalga oshiradigan ishlarimizning bosh maqsadi deb qabul qildik. 

31.01.2022

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Иш ҳақи ва унга тенглаштирилган тўловларни ундиришИшонч телефони5 Iyun 202117 Iyun 2021Andijon viloyati

Foydali resurslar