2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
OBODLIK SARI QADAM

Prezidentimizning 2018-yil 29-martdagi «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, joriy yilda mamlakatimizning har bir tumanida ikkitadan qishloq va mahallada qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Yana ham aniqrog‘i, bu yil yurtimizda 368 ta aholi punktini obod va ko‘rkam go‘shaga aylantirish choralari ko‘rilayotir.

Bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar natijasida yil oxirigacha 127 mingta uy-joy ta’mirlanadi. Bir ming 900 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortiladi, 850 ta ijtimoiy soha ob’ekti, 2400 ta savdo infratuzilmasini qurish va kapital ta’mirlash ishlari bajariladi. Shuningdek, 440 kilometr yo‘l, 2 ming kilometr elektr hamda 263 kilometr tabiiy gaz tarmoqlari ta’mirdan chiqariladi, 330 dan ortiq bekatni bunyod etish, shunga mos ravishda jamoat transporti yo‘nalishlarini yuzaga keltirish bilan bog‘liq ishlar olib boriladi. Umuman olganda, dasturni amalga oshirish uchun 3 trillion 447 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi.

Kelgusi yildan boshlab mamlakatimizning har bir shahar va tumanida uchtadan aholi punktini dastur doirasida obod va ko‘rkam go‘shalarga aylantirish rejalashtirilgan. Demak, odamlar turmush madaniyatini yuksaltirish, hayotini farovonlashtirishga xizmat qiladigan tadbirlar ko‘lami yanada kengayib boraveradi.

O‘ZGARIShLARGA UYG‘UNMIZ

Jizzax viloyatida ham «Obod qishloq» dasturi hayotga izchillik bilan tatbiq etilmoqda. Birgina Mirzacho‘l tumani markazidagi G‘alaba, Mustaqillik, Mirzadala, Do‘stlik, Erjar mahallalarini o‘z ichiga oluvchi hududda asrga tatigulik ishlar bajarilmoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Jumladan, 177 ta ko‘p qavatli uy tevaragi noqonuniy inshootlar va chiqindilardan xoli etilib, to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Namunaviy loyiha asosida 233 ta turar joy hamda 168 oilaga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uy qurilishi ham bugun-erta yakunlanadi.

Hozir hududdagi beshta maktabgacha ta’lim muassasasi, to‘rtta maktab, tuman tibbiyot birlashmasi kapital ta’mirdan chiqarilayotir, 250 o‘rinli markaziy poliklinika qurilishi yakunlanish arafasida, 51,4 kilometr suv, 11 kilometr tabiiy gaz, 54,8 kilometr elektr tarmoqlarini tortish ishlari nihoyalanishiga ham oz qoldi. Yigirmadan ortiq savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining asosiy qismi faoliyat boshladi. Ko‘chalarga 263 ta yoritish ustuni o‘rnatilib, 690 kvadrat metr joy ko‘kalamzorlashtirildi. Bundan tashqari, «Mirzacho‘lteks», «Mirzacho‘l tikuvchilik majmuasi», «Mirzacho‘l meliorator», «Mirzacho‘l chorva komp­leksi» kabi korxonalar ham dastur negizida barpo etildi.

«Obod qishloq» dasturi uyg‘otgan bunyodkorlik epkinlari hududdagi ichki ishlar organlarini ham chetlab o‘tmadi. Chunonchi, tuman IIB binosi kapital ta’mirdan chiqarilib, xodimlarning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoitlar yaratildi. Xonalar mebel va konditsionerlar bilan ta’minlandi, isitish tizimi yangilandi. Xuddi shunday ma’naviyat va ma’rifat xonasiga yangi jihozlar, adabiyotlar olindi. Vaqtincha hibsda saqlash xonasi ham zamon talablariga moslandi.

Aytgancha, ichki ishlar bo‘limi binosining kirish qismida fuqarolarni qabul qilish uchun qulay sharoit yaratildi. Ya’ni, keluvchilar tuman IIB boshlig‘i va boshqa mas’ul xodimlar bilan bevosita uchrashish imkoniga ega bo‘lishdi.

— Ochig‘i, ko‘p yillardan buyon tuman ichki ishlar bo‘limida bunday hajmdagi ishlar bajarilmagan edi, — deydi tuman IIB boshlig‘ining axborot-tahlil va tashkiliy ishlar bo‘yicha yordamchisi, kapitan Mirzaahmad Abduxalilov. — O‘z navbatida, ana shu imkoniyatlarga munosib bo‘lish, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga har qachongidan ko‘ra o‘zimizni mas’ul hisoblayapmiz. «Obod qishloq» dasturi doirasida amalga oshirilayotgan yumushlardan ham chetda qolmayapmiz. Chunonchi, ko‘p qavatli uylar va hovlilar tevaragidagi noqonuniy inshootlarni bartaraf etish yuzasidan tushuntirish ishlari olib bordik. Qurilishlar jarayonida texnika, yong‘in hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rdik.

 

HAMMASI NAZORAT OSTIDA

Aholi yashash sharoitlarining yaxshilanishi, yangi ish o‘rinlarining yaratilishi va yuz berayotgan o‘zgarishlar hududda jinoyatchilikning keskin qisqarishiga sabab bo‘layotir. Masalan, G‘alaba mahallasida joriy yilning o‘tgan davrida 8 ta jinoyat qayd etilgan. 2017 yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 19 tani tashkil etgan edi.

Jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi kurash tadbirlarining kuchaytirilishi hamda «Obod qishloq» dasturi doirasida 50 dan ortiq videokuzatuv uskunalarining o‘rnatilishi mazkur natija omili, desak, adashmaymiz. Chunki ushbu kameralar Mirzacho‘l tumani markaziga eltuvchi barcha yo‘llar hamda asosiy ko‘chalarni to‘liq nazorat qilish imkonini berdi. Ayni vaqtda hududdagi maktabgacha ta’lim, o‘rta umumta’lim va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarini video­kuzatuv nazoratiga olish choralari ko‘rilmoqda. Boshqacha aytganda, oso­yishtalikni ta’minlash tadbirlari hudud o‘zgarishlariga monand tarzda amalga oshirilyapti.

— O‘rnatilgan chiroqlar tufayli hamma ko‘chalarimiz kunduzgidek charog‘on, — deydi G‘alaba mahallasida yashovchi Habibullo Turdiev. — Ilgari chiqindi uyumlari va qo‘shimcha inshootlar sabab ko‘p qavatli uylar orasiga kirib bo‘lmasdi. Bugun noqonuniy bino va chiqindilar to‘liq olindi. Hamma tomonga kuzatuv kameralari qo‘yilgan. Shundanmi, jinoyatlar sodir bo‘lmay qo‘ydi. Ilgari mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanardim, turmush o‘rtog‘im ishsiz edi. Yaqinda «Obod qishloq» dasturi doirasida barpo qilingan chorvachilik kompleksiga ishga kirdim, turmush o‘rtog‘im «Mirzacho‘l tikuvchilik majmuasi» korxonasida ishlayapti. Imtiyozli kreditga namunaviy loyiha asosida qurilgan uylardan birini arzonlashtirilgan narxda berishdi. Hayotimizda yuz berayotgan bu kabi o‘zgarishlar jinoyatchilikning oldini olishga xizmat qiladi, deb o‘ylayman. Ishli odam bo‘lmag‘ur yumushga qo‘l urarmidi?

«Obod qishloq» dasturi doirasida G‘alaba mahallasi Humoyun Mirzo ko‘chasida joylashgan tuman YoXB 2-kasbiylashtirilgan yong‘in xavfsizligi qismi ham kapital ta’mirdan chiqarildi. Chunonchi, qism hududi devor bilan o‘raldi. Aloqachilar xonasi, 20 o‘rinli o‘quv xonasi, yotoqxona, oshxona ta’mirlandi, bino tomi, eshik va derazalar yangilandi, 10 kishilik yozgi oshxona va dush qurildi.

— Shuningdek, qismga tegishli ikkita yong‘in o‘chirish texnikasi to‘liq ta’mirlanib, zarur qismlari yangilandi, — deydi tuman YoXB 2-kasbiylashtirilgan yong‘in xavfsizligi qismi boshlig‘i Zafar Namozov. — Hududga asfalt yotqizilib, obodonlashtirildi. Qism hovlisida 60 tup mevali va manzarali daraxtlar mavjud bo‘lib, qo‘shimcha ravishda 100 dona archa ko‘chati ekdik.

XALQIMIZGA YANADA YAQINLASHDIK

Darvoqe, tuman IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhi ham yangi binoga ko‘chirildi. G‘alaba mahallasining Taraqqiyot ko‘chasida joylashgan binoda barcha sharoitlar yaratildi. Xususan, kutish xonasida hujjatlar namunalari hamda IIV «Ishonch telefoni»(1102)ga oid barcha ma’lumotlarni olish mumkin. Shuningdek, keluvchilarga mamlakatimiz qonunchiligida yuz berayotgan o‘zgarishlar va fuqarolik hujjatlarini rasmiylashtirishga doir videoroliklar namoyish etiladi. Bu erda mo‘’jaz kutubxona va bank shoxobchasi ham bor.

— Yurtdoshlarimiz onlayn tarzda qabul uchun navbatga yozilishi mumkin, — deydi tuman IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhi boshlig‘i, leytenant Sobir Mahmudov. — Shu bilan birga, to‘lovlarni onlayn tarzda to‘lash imkoni ham mavjud. Ilgari guruhimiz tuman IIBda joylashgandi, bu ayrim noqulaylik­larni tug‘dirardi. Hozir alohida joydamiz, keluvchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri binomizga kirish imkoniga ega, ya’ni xalqqa yanada yaqinlashdik.

Tuman IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhi binosi ro‘parasida «G‘alaba» mahalla fuqarolar yig‘ini, tuman IIB HPB 135-sonli tayanch punkti hamda 3-sektori shtabini o‘zida jo qilgan qilgan inshoot joylashgan. Yigirma-o‘ttiz qadam narida esa profilaktika inspektorining xizmat uyi qad rostlagan.

MUAMMOLAR BIRGALIKDA HAL ETILADI

— Xizmat xonamizda turib 16 ta videokuzatuv uskunasi orqali tegish­li hududning eng asosiy qismi­ni nazorat qilish imkoniga ega bo‘ldik, — deydi tuman IIB HPB 135-sonli tayanch punkti profilaktika inspektori, mayor Jamshid Norqulov. — Bu uskunalar nafaqat jinoyatlarni «issiq izi»da fosh etishda qo‘l kelyapti, balki muhim profilaktik ahamiyat ham kasb etayotir. Ya’ni, yon-atrof kuzatuvda ekanini sezgan ayrim fuqarolar o‘zlarini nojo‘ya xatti-harakatlardan tiyishmoqda. Qolaversa, xizmat uyi va avtomashina bilan ta’minlandik. Mahallaning ichidamiz, biror voqea yuz bersa, bir zumda etib boramiz.

Ishning bunday tartibda yo‘lga qo‘yilishi profilaktika inspektori xizmat faoliyatini osonlashtirdi, qulayliklar yaratdi. Shu bilan birga, odamlarning ichki ishlar organlari xodimlari ko‘magiga tayanish imkoniyatini kengaytirdi.

— Darhaqiqat, mahalla fuqarolar yig‘ini, profilaktika inspektori va sektor rahbari xonalarining bir binoda joylashuvi ishimizni engillashtirdi, — deydi «G‘alaba» mahalla fuqarolar yig‘inining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassisi Nurxon Cho‘tboeva. — Oilaviy janjallarni bartaraf etish, jinoyatga moyil shaxslar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazish, odamlarni ishga joylashtirish, kam ta’minlanganlar holidan xabar olish, kredit ajratilishiga ko‘maklashish kabi ishlarni profilaktika inspektori bilan birga hal qilyapmiz. Bu esa mahallamizda jinoyat va huquqbuzarliklarning keskin kamayishiga olib keldi. Ishonasizmi, «Obod qishloq» das­turi odamlarimizni o‘zgartirib yubordi. Ilgarigidek, bekor yurgan odamlarni ko‘rmaysiz. Ko‘pchilik ishli bo‘lgan, hamma hayotini farovonlashtirishga intilyapti. Buning uchun mirzacho‘llik­lar davlatimiz rahbaridan cheksiz minnatdor.

Bugun qaerdaki «Obod qishloq» dasturi hayotga tatbiq etilayotgan bo‘lsa, o‘sha joy gullab-yashnab, o‘ziga xos ko‘rk kasb etmoqda. Ko‘ngillarni faxr-iftixor, kelajakka ishonch hislari to‘ldirayotir. Bu fikrimizga zarracha shubhangiz bo‘lsa, Mirzacho‘lga keling, ko‘ring, zavqlaning!

09.10.2018

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Ишсиз деб эътироф этиш ва ишсизлик нафақасини тайинлашИшонч телефони12 Fevral 202421 Fevral 2024Qoraqalpog`iston Respublikasi
Ҳомиладорлик ва туғиш таътилига (декретга) чиқиш, таътил даврида тўланадиган нафақаИшонч телефони19 Fevral 202426 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Шахсий жамғариб бориладиган пенсия ҳисобварағига (ИНПС) оид масалаларИшонч телефони20 Fevral 202423 Fevral 2024Samarqand viloyati
Муҳтожларга бир марталик моддий ёрдамИшонч телефони27 Yanvar 202424 Fevral 2024Buxoro viloyati
Йўл, унга қарашли йўлак, лоток, ариқ ва бошқаларнинг талабга мувофиқ эмаслигиИшонч телефони26 Oktabr 202323 Fevral 2024Toshkent viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati

Foydali resurslar