2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
“Obod qishloq”, “Obod mahalla”: 2 trillion so‘m ajratilgan, natija qanday?

Mamlakatimizda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari asosida aholi punktlarining me’moriy qiyofasi tubdan yangilanib, hududlar kompleks rivojlantirilmoqda.

Bir paytlar ko‘rimsiz va juda abgor holga kelib qolgan mahalla va qishloqlarda ushbu dasturlar doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida hududlar zamonaviy hamda ko‘rkam qiyofaga kirib bormoqda. Aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayotir.

Xo‘sh, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari sarhisobi amalda aynan qanday natijalarni namoyon etmoqda? Bu borada qanday muammo va kamchiliklar mavjud?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar hamda Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitalari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda ayni shu masala muhokama markazida bo‘ldi.

Tadbirda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida Bosh prokuratura tomonidan yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, ijtimoiy soha va boshqa infratuzilma ob’ektlarini qurish-ta’mirlash ishlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablag‘lardan maqsadli hamda samarali foydalanish yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar atroflicha muhokama qilindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, “Byudjet nazorati” elektron dasturiga 45 mingdan ortiq ob’ektlar kiritilgan bo‘lib, loyiha-smeta hujjatlari talab etiladigan loyihalarning 99,5 foizi ishlab chiqilgan. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari bo‘yicha respublika va mahalliy byudjetdan 2 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, 1,2 trillion so‘mi o‘zlashtirilmagan.

Bundan tashqari, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasiga 5,5 trillion so‘m, ichki yo‘llarga 1,4 trillion so‘m, suv ob’ektlariga 1,5 trillion so‘m, elektr tarmoqlariga 767 milliard so‘m yo‘naltirilgan. Ijtimoiy soha ob’ektlari bo‘yicha rejalashtirilgan 5,7 trillion so‘mlik 2 ming 6 ta ob’ektning 1 ming 158 tasida qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilgan.

Qayd etilganidek, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimi ob’ektlarida 4 ming 839 kilometr uzunlikdagi ichimlik suvi va 211 kilometr oqova suv tarmoqlari yangidan tortilgan, rejadagi 2 trillion 77 milliard so‘mlik ishlardan 1 trillion 678 milliard so‘mlik qismi bajarilgan.

Shuningdek, 10 ming 12 kilometr ichki yo‘llar, 108 ta ko‘prik ta’mirlangan. Shu bilan birga, elektr ta’minoti ob’ektlari bo‘yicha 1 milliard so‘mlik, gaz ta’minoti ob’ektlari bo‘yicha 50 milliard so‘mlik, hududlarda aloqa va axborotlashtirish tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha 175 milliard so‘mlik, irrigatsiya ob’ektlari bo‘yicha 223 milliard so‘mlik ishlar bajarilgan.

Tuman-shahar markazi, qishloq va mahalla ko‘chalarini obodonlashtirish maqsadida yo‘laklar, tungi yoritish tizimi, velosiped yo‘llari, madaniy ob’ektlar barpo etilgan. Sport va bolalar maydonchalari, maishiy chiqindilar infratuzilmasi bo‘yicha 266 ta bolalar maydonchasi, 1 ming 521 ta sport maydonchasi, 215 ta avtobekat, 264 ta chiqindixona, 1 ming 849 ta zamonaviy modul va konteyner, 271 ta maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 230 ta savdo majmuasi, 132 ta kichik ishlab chiqarish ob’ekti ishga tushirilgan.

Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash doirasida 390 ta mahalla binosi, 68 ta mahalla guzari, 20 ta madaniyat markazida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. Shuningdek, 797 ta ko‘p kvartirali, 30 ming 581 ta yakka tartibdagi uy-joylar ta’mirlandi. Yangi tartib asosida 345 ta yakka tartibdagi uy-joylarni qurish yoki rekonstruksiya qilish uchun 69 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.

Axborotda qayd etilishicha, Bosh prokuratura boshchiligidagi respublika shtabi hamda viloyat va tuman (shahar) prokurori rahbarligidagi ishchi guruhlar tomonidan olib borilgan nazorat tadbirlari davomida qurilish-ta’mirlash ishlarida 20 milliard so‘mlik sifatsiz ishlar hamda 900 ta ob’ektda 19 milliard so‘mlik amalda bajarilmagan ishlar aniqlanib, joyida bartaraf etilgan.

Shuningdek, 2 ming 364 nafar mansabdor shaxs rasman ogohlantirilgan, 117 ta taqdimnoma kiritilgan, 258 nafar mansabdor shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan. 

Deputatlar amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarga e’tibor qaratdi. Xususan, 770 ta maktab, 226 ta tibbiyot, 6 ta sport va 2 ta madaniyat ob’ekti foydalanishga topshirilishida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani, 114 ta ob’ektning loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanishi yakunlanmagani, 285 tasi bo‘yicha ekspertiza xulosalari olinmagani, 89 ta ob’ektlar bo‘yicha tender (tanlov) savdolari yakunlanmagani xalq vakillarining e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Bundan tashqari, deputatlar o‘z okruglarida saylovchilar bilan uchrashuvlari va o‘rganish jarayonlarida aholining gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlari bilan ta’minlanganligi past darajada qolayotgani, ichki yo‘llarning ta’mirtalabligi va kommunal soha bo‘yicha bir qator muammolar mavjudligiga guvoh bo‘lishganini ta’kidladi.

12.10.2021

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Иш ҳақи ва унга тенглаштирилган тўловларни ундиришIshonch telefoni5 Iyun 202117 Iyun 2021Andijon viloyati

Foydali resurslar