2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Yangihayotliklar qanday muammolarni koʻtarishdi?

Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan Yangihayot tumanida tashkil qilingan ommaviy qabullarda murojaatchilar bilan yuzma-yuz boʻlib, muammolarni oʻrganish va ularga yechim topish, shu bilan birga, yangi tashkil etilgan tumanni iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan rivojlantirish dastur va rejalarini belgilashda aholi muammolarini aks ettirish yuzasidan chora-tadbirlarni belgilash kun tartibidagi asosiy masalalar boʻldi.

Qabullarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy sud, Vazirlar Mahkamasi, Toshkent shahar sudlari hamda 20 dan ziyod vazirliklar, idora-tashkilotlar rahbar xodimlari ishtirok etdi.

Ommaviy muloqotlarda Oliy sud va tizim sudyalari tomonidan 130 ta murojaat koʻrib chiqildi. 19 ta murojaatga huquqiy tushuntirish berildi. 49 ta murojaat ijobiy hal etildi, 62 ta murojaat nazoratga olindi.

Qabullar jarayonida tashkil etilgan sayyor sud majlislarida 9 nafar shaxsning ishi har tomonlama koʻrib chiqilib 5 nafar shaxs javobgarlikdan ozod etildi.

Yangihayot tumanida yashab kelayotgan Rahimjon Otaullayevga sud hukmiga binoan ikki yilga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bogʻliq lavozimlarda ishlashdan mahrum etilib, unga nisbatan 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi qoʻllanilgan edi. Fuqaroning yengillik berishni soʻrab qilgan murojaati, jazoni oʻtash davrida oʻzini har jihatdan munosib tutgani inobatga olinib, jinoyat ishlari boʻyicha Yangihayot tumani sudining qarori bilan u shartli ravishda oʻtalmay qolgan 1 yil 3 oylik jazosidan ozod etildi.

Maʼlumki, poytaxt atrofida uzumchilik va bogʻdorchilik shirkatiga qarashli dala hovlilar mavjud. Yillar davomida mazkur dala hovlilarda bogʻdorchilik bilan shugʻullanish uchun odamlar koʻchib kela boshlagan. Natijada bu yerlarda muqim oʻrnashib qolishgan. Odamlar tomonidan oʻzboshimchalik bilan uy joylar barpo etilishi natijasida oʻz-oʻzidan koʻchalar, xonadonlar vujudga kelgan. Ammo kadastr hujjatlarida dala hovli sifatida qayd etilib qolavergan. 2011-yilda hukumat tomonidan shu kabi oʻzboshimchalik bilan egallab olingan dala hovlilarga amnistiya eʼlon qilinib, mulk huquqi berishga ruxsat etilgan. Biroq, 6 ta ana shunday shirkatga qarashli dala hovlilar qolib ketgan. Ularning bir qismi Quyichirchiq, Zangiota va Bektemir tumanlari hududini egallagan. Ayni paytda Bektemir tumaning bir qismi Yangihayot tumaniga oʻtishi munosabati bilan shirkatga qarashli dala hovlilar ham shahar hududiga kiritiladi. Bu yerdagi holat shundan iboratki, aholi punktining maqomiga haligacha aniqlik kiritilmagan. Har bir qurilgan xonadonlarga mulk huquqi berilmagan va kadastr hujjatlari qilinmagan. Ushbu hududda yashovchi Umida Nishonbekova ushbu manzilda 390 ta oilaga mulk huquqi berilishi va kadastr qilinishi, mahalla mahalla maqomi zarurligi yuzasidan Toshkent shahar xalq qabulxonasi mutasaddilariga murojaat qiladi. Mazkur masala “yoʻl xarita”siga kiritilib, Vazirlar mahkamasiga shirkat hududi oʻrnida yangi mahalla barpo qilish, oilalarga mulk huquqi berish boʻyicha taklif kiritildi.

Ommaviy muloqotlarda Bosh prokuratura, shahar va tuman prokuraturalari 83 ta murojaatni koʻrib chiqdi. Tumanning “Sholikor” mavzesida istiqomat qiluvchi Muborak Rahmatova taqdir taqozosi bilan qoʻshni davlat fuqarosiga turmushga chiqqan. Ammo hayot ekan, yana oʻzi tugʻilib oʻsgan yurtiga qaytgan. Shundan buyon oradan 25 yil vaqt oʻtdi, biroq oʻz yurti fuqaroligini ololmasdan kelayotgan edi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan fuqarolik olishning soddalashgani Muborak Rahmatovaning orzulari roʻyobga chiqishiga sabab boʻldi. Yurtdoshimizning murojaati Bosh prokuratura mutasaddilari tomonidan qabul qilinib, ijobiy hal qilinadigan boʻldi.

Uch kunlik ommaviy qabullarda sogʻliqni saqlash vazirligi va tizim idoralari tomonidan 43 ta murojaat koʻrib chiqilgan boʻlsa, shundan 18 tasi joyida ijobiy hal etildi. Deylik, “Binokor” mahallasida yashovchi Yekaterina Sergeyevaning 4 yoshli oʻgʻli Artyomning oyogʻida tugʻma nuqsoni bor. Shu bois, yurishga qiynaladi. U chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik hamda malakali muolajaga muhtoj. Bola vazirlik yoʻllanmasi bilan Respublika bolalar milliy markaziga tibbiy koʻrik uchun yuboriladigan va tahlil natijalariga qarab, shu markazda davolanadigan boʻldi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalari tomonidan 34 ta murojaat koʻrilgan boʻlib, shundan 19 tasi joyida hal etildi. Xususan, nogiron farzandini yolgʻiz boshi bilan katta qilib kelayotgan Feruza Gʻulomova shu paytgacha ishsiz edi. Ommaviy qabuldagi murojaatidan soʻng u “Ayollar daftari”ga kiritildi, qaramogʻida nogiron farzandi borligi inobatga olinib, unga oʻz uyida bandligini taʼminlash uchun sharoit yaratib beriladigan boʻldi. Aniqrogʻi, tikuv mashinasi olib berildi, Feruza bilan tikuv korxonasi oʻrtasida shartnoma tuzildi. U buyurtma asosida tikish bilan shugʻullanadi.

Gulzor mahallasi ahli nomidan murojaat qilgan Abdumajid Quvondiqovning aytishicha, mahalla ilgari Toshkent viloyatining Oʻrtachirchiq tumani tasarrufida boʻlgan. Hududda namunaviy loyihalar asosida yangi turar-joylar barpo qilingan, ammo infratuzilmani rivojlantirish eʼtibordan chetda qolgan. Ayniqsa, oʻtgan asrning yarmida qurilgan maktab taʼmirtalabligidan tashqari, aholi sonining oʻsishi natijasida oʻquvchilarni uch smenada oʻqitish uchun ham torlik qilib qolgan. Murojaat Xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari tomonidan qabul qilinib, 2023-yilgacha 650 oʻrinli yangi maktab binosini qurish, hozir esa mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun maktabda kapital taʼmirlash ishlari boshlanishi maʼlum qilindi.

“Binokor” mavzesida istiqomat qiluvchi Bekzod Madaminov oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish maqsadida biznes-reja tuzib, imtiyozli kredit olish maqsadida koʻplab idoralarning ostonasidan hatlagan, ammo murodi hosil boʻlmagan. Ommaviy qabulda Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalariga murojaati koʻrib chiqilib, muammoning nimada ekanini aniqlash maqsadida bank mutasaddilariga koʻrsatma berildi hamda masalaning fuqaro foydasiga hal etilguniga qadar ish nazoratga olindi.

Ommaviy qabul jarayonlarida mutasaddilarga minnatdorlik bildirish uchun atayin kelgan yurtdoshlarimiz ham koʻp boʻldi. Misol uchun, “Binokor” mahallasida yashovchi bir guruh fuqarolar mahallasidagi bolalar bogʻchasi yaqin-yaqingacha oʻta abgor, hech qanday sharoit yoʻq boʻlgani, murojaatchilardan biri Shohida Alimovaning avvalgi ommaviy qabullarda maktabgacha taʼlim vazirligi mutasaddilariga murojaatidan soʻng masala Xalq qabulxonasi nazoratiga olingani, joyiga chiqib oʻrganilgach, “yoʻl xarita”siga kiritilib, investitsiya dasturi asosida tubdan taʼmirlanganini bildirishdi. Bundan, tabiiyki, mahalla ahli mamnun.

Yangihayot tumanidagi ommaviy qabullarda fuqarolar tomonidan jami 884 ta masala koʻtarilgan boʻlsa, ularning 139 tasiga joyida yechim topildi, 87 ta murojaat egasiga huquqiy maslahat va tushuntirish berildi, 658 ta masala nazoratga olindi.

24.06.2021

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Иш ҳақи ва унга тенглаштирилган тўловларни ундиришIshonch telefoni5 Iyun 202117 Iyun 2021Andijon viloyati

Foydali resurslar