2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Asosiy maqsad odamlar dardini tinglash, muammolariga yechim topish

Mazkur ezgu maqsad Qashqadaryo viloyatida sud-huquq masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan ommaviy qabullarda Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi vakillari va boshqa mutasaddilarni birlashtirdi.

Prezident xalq qabulxonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ommaviy qabul Qarshi shahridan boshlandi. Oliy sud mas’ullari 143 ta masalaning 23 tasini joyida hal qilib berdi. Murojaatlar asosida Qarshi shahridagi jazoni ijro etish koloniyasida o‘tkazilgan sud majlisida 33 nafar mahkumning ishi qayta ko‘rib chiqildi. Albatta, ularning barchasi aybini tan olgan, shunga mos belgilangan jazoning ma’lum qismini o‘tagan, qilmishiga ming pushaymon bo‘lib hayotini o‘nglab olish uchun yana bir imkon so‘raganlardir. Sud majlisida har bir mahkum ishi batafsil ko‘rib chiqilgach, 7 nafar mahkum jazodan muddatidan oldin shartli ozod qilindi, 5 nafar mahkumning o‘talmagan jazo muddati yengilrog‘i bilan almashtirildi.

Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanida yashagan Siroj Eshmurodov ham qonunni buzgani uchun haqli jazo olganini, panjara ortida o‘tgan har bir kuni boy berilgan yillarga teng ekanini, shu davrda osuda hayotning, oilasining, ota-onasining, to‘g‘ri umr kechirish baxtining qadriga yetganini ta’kidladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudi tashkil qilgan sud majlisida ham xuddi shunday bilib-bilmay jinoyat yo‘liga kirgan,  tuzalish yo‘liga qat’iy ahd qilib, to‘g‘ri hayot kechirish uchun yana bir bor imkon  so‘ragan 12 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan oldin shartli ozod qilindi.  

Qarshilik Husan To‘rayev ham 2019 yilda panjara ortida jazo o‘tayotganda, unga imkon berilib, ozodlikdan mahrum qilish jazosi axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan edi. Shu davrda u belgilangan qoidalarga qat’iy amal qildi, qonun chizig‘ini boshqa bosib o‘tmadi. Bir berilgan imkonning qadriga yetgan insonga yana yengilliklar kelishi, mana, bugun uning hayotida ham o‘z isbotini topdi. Husan To‘rayevning murojaatidan so‘ng Qarshi tuman ichki ishlar bo‘limi probatsiya bo‘linmasi taqdimnomasiga asosan u o‘talishi kerak bo‘lgan 1 yilu 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosidan shartli ravishda ozod qilindi.  

Muloqotlar davomida tomonlar yarashgani munosabati bilan 5 nafar murojaatchi ma’muriy javobgarlikdan ozod qilindi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudi esa 20 nafar shaxsga nisbatan aliment undirish yuzasidan sud buyrug‘i chiqarib berdi. Ajrashish yoqasiga kelib qolgan oilalar yarashtirildi.

Qarshi shahridagi muloqotlarda ishi eng yuqori instansiya sudida ko‘rilishi kerak bo‘lgan 31 nafar murojaatchi o‘z arizasini Oliy sud mas’ullari qo‘liga bevosita topshirish, bu borada o‘zlarini o‘ylantirayotgan har bir savoliga batafsil javob olish imkoniga ega bo‘ldi.  

Mirishkorlik Bobir Mahmanazarov muqaddam harbiy qismda ishlagan, shu yillar ichida  uning diplomi soxta deb topilib, jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ushbu holat yuzasidan bergan shikoyati ko‘rib chiqilib, sud unga oqlov hukmi chiqargan, ammo harbiy prokuratura protest kiritib, oqlov hukmini bekor qilgan. Murojaatidan so‘ng uning shikoyati Oliy sudda kassatsiya tartibida ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi. Qarshilik Husniddin Toshtemirov esa bank xodimi bilan o‘zaro kelishmovchiligi sudlashishgacha yetib borganini, quyi instansiya sudlari esa ishni bir taraflama ko‘rgan, deb hisoblashini aytdi. Oliy sud mas’ullari uning ham arizasini yuqori instansiya sudida ko‘rish uchun qabul qildi.

Sud-huquq masalalari bo‘yicha ikki davrali qabullar o‘tkazilayotgani samarasida bu yo‘nalishdagi ariza-shikoyatlarda kamayish tendensiyasi kuzatilayotgani bilan birga, avvalgi muloqotlar natijasida ishi hal bo‘lgani uchun bir og‘iz rahmat aytish uchun kelayotgan murojaatchilar safi ham kengayib bormoqda. Qarshi shahridagi “Sanoat Akmal Assi” xususiy korxonasi rahbari Akmal Aliqulovni ham avvalgi ommaviy qabulda uchratganimizda, hayotdan butkul norozi edi. Sababi – uning davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olinib, buzilishga tushgan bino inshootlari evaziga hech narsa berilmagan edi. Tadbirkor o‘tgan gal qabulga keldi, murojaat qildi, shu asosda uning arizasi shu yil 28 may kuni Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudida ko‘rildi. Natijada sudning hal qiluv qarori bilan Qarshi shahar hokimligi zimmasiga tadbirkorning buzilgan mulki o‘rniga Qarshi shahar Tabassum mahallasidan 40 kvadrat metr yer ajratib berish majburiyati yuklatildi. Tadbirkor esa mana Oliy sud mas’ullariga ochiq chehra bilan yuzlanib, adolat qaror toptirib berilgani uchun rahmat aytdi.

Shu kuni Ichki ishlar vazirligi mas’ullari bilan muloqotlardan so‘ng ham 6 nafar murojaatchi mazkur sohaga ishga qabul qilindi. Deylik, kitoblik Azamat Xudoynazarov Toshkent davlat temir yo‘llar institutini tamomlab, ichki ishlar tizimida ishlashni orzu qilardi. Uning orzusi shu qabulda ushaldi – murojaatidan so‘ng Azamat ichki ishlar profilaktika inspektori yordamchisi vazifasiga ishga olindi.

Vazirlik mas’ullariga pasport-propiska masalasida murojaat qilgan bir qator shaxslarning ham shu yerda ishi bitdi. Muloqotlardan so‘ng qarshilik uy-joysiz Gulnoz Nurmatova marhum onasining uyiga doimiy ro‘yxatga qo‘yildi. 2013 yilda Namangan viloyatidan ko‘chib kelgan Umida Mamajonova esa ijara uyiga propiska qilib berildi.

Bosh prokuratura mas’ullariga ajratilgan sho‘’ba ham anchayin gavjum bo‘ldi. Masalalar turfa, taqdirlar o‘ziga xos, biroq murojaatchilar qalbidagi tuyg‘u yagona – qonun ustuvorligi ta’minlanishiga, adolat va haqiqat qaror topishiga ishonch. Qarshilik Nasiba Mamatqulova ham bolalarining halol haqqi – bir necha oydan buyon to‘lanmagan aliment pullarini undirib berishni so‘rab qabulga keldi. Murojaatidan so‘ng Majburiy ijro byurosi xodimlari bu masalani shu yerda hal qilib berdi.

Bir necha yillar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining mahalliy kengashlarida turli vazifalarda ishlagan kosonlik Laziza Allayorova va Qarshi tumanilik Marhabo Raupova tug‘ruq ta’tilida bo‘lgan paytida ishdan bo‘shatilgan. Bu masala sud tartibida ko‘rilgan, sud qarorida ularni ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi qaror noqonuniy deb topilgan va ularni o‘z vazifasiga ishga tiklash belgilangan. Biroq ular ishlagan lavozim shtati qisqartirishga tushib tugatilgani bois sud qarorini ijro qilishning imkoni bo‘lmayapti. Murojaatlaridan so‘ng viloyat prokuraturasiga bu ikki ayolni mutaxassisligi bo‘yicha zudlik bilan ishga joylashtirish bo‘yicha qat’iy topshiriq berildi.

Qarshi shahri “Paxtazor” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Barno Quvondiqova esa ko‘pning muammosi bilan keldi. Gap shundaki, ular yashayotgan ko‘p qavatli uy-joylar oldida bolalar maydonchasi yo‘q. Vaholanki, bu hududda bo‘sh joy bor, bolalar maydonchasi qurib beradigan homiy tadbirkor ham bor. Ammo xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati bunga, negadir, uncha ham ro‘yxo‘shlik bermayotir. Viloyat 2-sektori rahbari bu masalani joyiga chiqib o‘rganadigan va ijobiy hal qilib beradigan bo‘ldi.

Qabullar jarayonida Qarshi shahridagi Xalq qabulxonasi va 2-sektorga o‘z-o‘zini band qilish masalasida murojaat qilgan xotin-qizlardan bir guruhiga tikuv mashinasi, kompyuter jamlanmasi va ish qurollari olib berildi.

Umumlashtirib aytganda, asosan Qarshi shahri, Kasbi, Mirishkor va Qarshi tumanlari aholisi uchun tashkil qilingan ommaviy qabulda 343 nafar murojaatchining 390 ta masalasi ko‘rib chiqildi. Ularning 59 tasi joyida hal qilindi, 158 ta murojaat egasiga huquqiy maslahat va tushuntirish berildi, 173 ta masala esa nazoratga olindi.

Bunday ommaviy qabullar Shahrisabz va G‘uzor tumanlarida ham o‘tkazildi.

13.06.2021

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Ишсиз деб эътироф этиш ва ишсизлик нафақасини тайинлашИшонч телефони12 Fevral 202421 Fevral 2024Qoraqalpog`iston Respublikasi
Ҳомиладорлик ва туғиш таътилига (декретга) чиқиш, таътил даврида тўланадиган нафақаИшонч телефони19 Fevral 202426 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Шахсий жамғариб бориладиган пенсия ҳисобварағига (ИНПС) оид масалаларИшонч телефони20 Fevral 202423 Fevral 2024Samarqand viloyati
Муҳтожларга бир марталик моддий ёрдамИшонч телефони27 Yanvar 202424 Fevral 2024Buxoro viloyati
Йўл, унга қарашли йўлак, лоток, ариқ ва бошқаларнинг талабга мувофиқ эмаслигиИшонч телефони26 Oktabr 202323 Fevral 2024Toshkent viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati

Foydali resurslar