2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Farg‘onada “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosi qanday?

“Obod qishloq” Davlat dasturi amalda

Farg‘ona viloyatida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lib, 19 ta tuman va shaharda 38 ta qishloq, mahallalarda qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish olib borilmoqda. Ularda 29,6 mingdan ziyod xonadon mavjud bo‘lib, 255,3 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Albatta, bu xalqimiz turmush darajasini oshirish, hayotdan rozi qilish borasidagi ezgu amallardir. Ammo viloyat hokimligi huzuridagi jamoatchilik nazorat kengashi vakillaridan iborat ishchi guruhning dasturlar ijrosini ta’minlash borasidagi o‘rganishlari joylarda ishlar yaxshi tashkil etilmayotganini ko‘rsatmoqda. Aholining aksariyati o‘z hududida boshlangan sa’y-harakatlardan xabardor emas. Hatto ba’zi xonadonlarning oldi maydoni, ariqlari tozalab qo‘yilmagan, begona o‘tlar bosgan.

Beshariq tumanidagi “O‘ttizambar” mahalla fuqarolar yig‘ini “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan. Ishchi guruh tomonidan bu yerda o‘rganishlar olib borildi. Mahallaning kirish qismidagi paxtani qayta ishlash sexi tashlandiq holatga tushgan. Oilalar va aholi turmush tarzi o‘rganilib, qayta ta’mirlash va ko‘cha qismlarini obodonlashtirish imkoniyati yo‘q bo‘lgan 71 ta xonadon aniqlangan. Ammo ularga amaliy yordam berish mexanizmi ishlab chiqilmagan. 

Agar bu yerda targ‘ibot ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilganda, aksariyat uylarni ta’mirlash ishlari yakunlanardi. Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan ekilgan manzarali daraxtlarga shakl berish, gullar ekish ishlari o‘z vaqtida bajarilmagan. Hududdagi ariq, zovurlarni kovlash, tozalash ishlari boshlanmagan, xonadonlarning devor va yashash binolarini ta’mirlash ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilmagan.

Qipchoq mahallasi hududidagi qabriston qarovsiz holda ekanligi mutasaddilar e’tiboridan chetda qolgan. Xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, xususan, qassobxona, sartaroshxona umuman faoliyat ko‘rsatmaydi. Ichki yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlari talab darajasida emas. 39-maktabni mukammal ta’mirlash hozirga qadar tender o‘tkazilmaganligi oqibatida boshlanmagan.

Tumandagi “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan 1-sektor hududidagi “Chinobod” mahalla fuqarolar yig‘inida ham bunday kamchiliklarni uchratish mumkin. bugungi kunga obodonlashtirish ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Furqat tumanida dasturga kiritilgan “Ingichka”, “Katta yangi” mahalla fuqarolar yig‘inidagi ishlar ham qoniqarsiz ahvolda. Ichki yo‘llarni shag‘allashtirish, asfalt yotqizishga kirishilgani yo‘q. “Ingichka” mahallasida 1 ta bog‘cha, 1 ta oilaviy poliklinikani rekonstruksiya qilish bo‘yicha tender savdolari o‘tkazilmaganligi oqibatida qurilish ishlari boshlanmagan.

– Ishchi guruhning vazifasi kamchiliklarni axtarish emas, balki hududlardagi rahbarlarga yaqindan yordam berishdir, – deydi viloyat hokimligi huzuridagi jamoatchilik nazorati kengashi raisi Xolmatjon Komilov. – Chunki dasturlar ijrosini ta’minlashda ko‘zbo‘yamachiliklar bo‘lishi kerak emas. Ajratilgan mablag‘lar o‘z joyiga yetib borishi shart. Barcha shahar va tumanlarimizda ana shunday o‘rganishlar muntazam o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etiladi.

O‘zbekiston tumanida sharoiti o‘ta og‘ir qishloqlar tanlanib, obod va fayzli maskanga aylantirishga kirishildi. Bugun “Qumbosti” va “Kichik oqmachit” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lgan kishi yangilanish va obodonlashtirish ishlarining guvohi bo‘ladi. Loy bosgan ko‘chalarga shag‘al yotqizilyapti, asfalt qilinmoqda. Elektr energiyasi, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash choralari ko‘rilmoqda. 

Xususan, 4 ta suv inshooti va minorasi qurilayotgan bo‘lib, 12 km ichimlik suvi tarmog‘i tortilyapti. 86,6 km ichki yo‘llar asfaltlanadi. Eski, yaroqsiz simyog‘ochlar yangisiga almashtirilyapti. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 200 ga yaqin simyog‘och, 4 ta transformator o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Natijada elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlarga barham beriladi. Aholi xonadonlarining tashqi fasad qismlari ta’mirlanayotgan bo‘lib, ko‘chalar yangi qiyofaga kirmoqda.

Ikki hududda viloyat prokuraturasi tomonidan dasturlarning ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash, mablag‘larning samarali ishlatilishini nazorat qilish va talon-torojliklarning oldini olish maqsadida shtab tashkil etilgan.

– Mahallamizdagi 618 ta xonadonda 3 ming 220 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi “Qumbosti” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Xayrullo Madumarov. – “Obod qishloq” dasturi asosida bunyodkorlik ishlariga kirishildi. O‘tgan yilda mahalla yig‘ini binosini hashar asosida ta’mirdan chiqarganmiz. Endilikda hududimizdagi 17-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va 45-maktab qayta ta’mirlanmoqda. Ko‘chalarimizni obod qilishda aholi yaqindan yordam bermoqda.

Ishchi guruh har bir xonadonda bo‘lib, “fuqarobay” asosida ularning muammolarini o‘rgandi, takliflarini eshitdi. Mazkur yig‘inda 39 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari” va 34 nafar yosh esa “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Ayni kunlarda yigirmadan ortiq oilalarga subsidiyalar asosida issiqxona qurib berildi. 12 nafar ishsiz yosh kasb-hunarga o‘qitilmoqda. 15 nafar yoshlar tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan bo‘lib, ularga imtiyozli kreditlar ajratilmoqda.

“Kichik oqmachit” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida qishloqning Yangiobod, Mustaqillik va Olchazor ko‘chalarida shu kunlarda 3 km masofada transheya qazilmoqda. Elektr beton tayanch ustunlari olib kelindi.

Qisqacha aytganda, har ikki qishloq aholisining turmush sharoiti yaxshilanib, farovon hayot kechirishlari uchun neki lozim bo‘lsa, barchasi ta’minlanadi.

Ammo ishlar yarim yo‘lda qolishi mumkin emas. Eng chekka hududlarda ham aholi ertaga emas, bugun yaxshi yashashga haqli. Davlat dasturlari ijrosi o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi kerak.

02.06.2021

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Иш ҳақи ва унга тенглаштирилган тўловларни ундиришIshonch telefoni5 Iyun 202117 Iyun 2021Andijon viloyati

Foydali resurslar