2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Sayyor qabul aziyat chekkan insonlarga madad berdi, 36 mahkum esa jazoni o‘tashdan shartli ravishda ozod etildi

Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ullari, viloyatdagi Xalq qabulxonalari, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi rahbarlari ishtirokida sud-huquq masalalari bo‘yicha sayyor qabul o‘tkazildi.

Ommaviy qabulda Termiz shahri, Termiz, Angor, Muzrabot tumanlarida yashaydigan 623 murojaatchining 717 ta masalasi ko‘rib chiqildi. Jumladan, termizlik tadbirkor Nodir Mamadaliyev beton mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi uchun bir tanishidan 132 tonna sement, boshqa biridan 8 ming AQSH dollarini qarzga olgan. Shundan so‘ng ikki qarz beruvchining arizasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u 2016 yil 23 noyabrdagi sud hukmiga ko‘ra firibgarlikda ayblangan. Unga 1 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Murojaatchi qurilish materiallari pulini va olgan qarzini bo‘lib to‘lab berganini, bu masala fuqaroviy nizo ya’ni, qarz oldi-berdisi ekanini aytib, Oliy sud mutasaddilaridan yordam so‘radi.

Termizlik Komil Xudoyqulov qabulda Termiz xalqaro aeroporti rahbariyati bilan mehnat munosabatlariga oid nizosi bo‘yicha Termiz tumani va Surxondaryo viloyati ma’muriy sudlari chiqargan qarorlardan norozi ekanini ma’lum qildi. Bu ish ham yaqin kunlarda Oliy sudda ko‘riladigan bo‘ldi.  

Xalq bilan ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan ommaviy qabul adolatsizlikdan aziyat chekkan insonning haqiqat tiklanishidan behad mamnun va jamiyatdan rozi bo‘lishini amalda ko‘rsatdi. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda yo‘lga qo‘yilgan aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi adolat qaror topishida o‘z samaralarini berayotganini namoyon etdi. Masalan, oltinsoylik aka-uka Dilmurod va Oybek Pardayevlar taqdir taqozosi bilan 2011-2014 yillarda nohaq ayblov sababli jazo muddatini o‘tadi. Amnistiya akti qo‘llanilib, jazodan ozod etildi. Lekin, sudlangan degan tamg‘a aka-uka hayotiga qora dog‘dek soya solib kelayotgan edi. Prezident virtual qabulxonasiga murojaatlaridan so‘ng, ish ko‘rib chiqilib, ular oqlandi.  

– Odam adolatsizlikka uchraganida uning haqiqat tiklanishiga umidi kuch berar ekan, – deydi D.Pardayev.

 – Nohaq ayblov qurboni tufayli jabrlangan yillarimda bu tuyg‘uni chuqur his etganman. Mana, boshimizga tushgan sinovlar ortda qolib, adolat qaror topdi. Hozir o‘zim advokatura sohasida ishlayapman. Ukam o‘zi xizmat qilgan ichki ishlar tizimiga tiklandi. Buning uchun inson manfaatlarini, qonun ustuvorligi ta’minlanayotgan davlatimizdan minnatdormiz.  

Aholi bilan samimiy, ochiq suhbat shaklida o‘tkazilgan qabul fuqarolarning sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga va xalq bilan yuzma-yuz muloqot tizimining samaralariga ishonch tuyg‘usini yanada mustahkamladi.  

Shu kuni sud qarorlari ijrosi, tergov, tadbirkorlik masalalari bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar adolatli hal etildi. Shuningdek, ichki ishlar tizimida xizmat qilish orzusi bilan mutasaddilarga murojaat etgan Odilbek Hakimov va Shahzod Eshimov shu yerning o‘zida profilaktika inspektori yordamchisi vazifasiga ishga qabul qilindi. Fuqarolar murojaatlari asosida sayyor sud majlislari ham o‘tkazilib, 36 nafar mahkum jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi. Muzrabotlik Kamoliddin Jumayev joriy yil fevral oyida firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Turmush o‘rtog‘i Oliy sud mas’ullariga murojaat etib, eri yetkazilgan zararni qoplab berganini aytgach, Jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudining hukmi bilan shu kuni K.Jumayevga ikki yilga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi va sud zalining o‘zida qamoqdan ozod etildi.

Ommaviy qabulda viloyat mutasaddilari ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishga oid murojaatlarni o‘rganib, aholi o‘rtaga tashlagan muammolar yechimini izladi. Misol uchun, fuqaro Risolat Mirzaqulova bir yo‘la ikkita muhim masalani o‘rtaga tashladi. O‘tgan yili iyul oyida Termiz bank kolleji tugatilgach, u ishsiz qolgani va Termiz shahri “Istiqlol” ko‘chasida joylashgan savdo do‘koni davlat ehtiyoji uchun olinib, buzilgach, 176 million so‘m kompensatsiya pulining 80 million so‘mi hozirgacha to‘lab berilmaganini ma’lum qildi. Natijada R.Mirzaqulova doimiy ish bilan ta’minlanadigan va kompensatsiya mablag‘i to‘liq to‘lab beriladigan bo‘ldi. Moddiy ko‘mak va ish so‘rab murojaat etgan fuqarolarning masalasi ham ijobiy yechim topdi.

– Ko‘p qavatli uyda yashaymiz, -- deydi  Termiz shahrilik Svetlana Kalinina. 

– O‘zim ishsizman. Salomatligim yaxshi emas. Ijtimoiy yordamga muhtojmiz. Qizim turmushidan ajrab, farzandi bilan qaytib kelgan. U ham ishsiz. Qozon qaynatishga qiynalib qoldik. Shu masalalar yuzasidan qilgan murojaatimiz ijobiy hal etib beriladigan bo‘ldi.

Muloqotlar doirasida Termiz shahridagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilaridan bir guruhining fuqarolikni tasdiqlovchi ID kartalar olishi uchun ichki imkoniyatlar hisobidan boj to‘lovlari to‘lab berilib, yoshlarga shu yerning o‘zida mazkur hujjatlar topshirildi.  

Sayyor qabulda 202 ta murojaat joyida hal etilib, 180 tasi bo‘yicha huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan 335 ta masala bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

Bugun ommaviy qabul Denov tumanida davom etmoqda. Unda Oltinsoy tumani va Denovlik fuqarolarning murojaatlari tinglanib, joyida yechimini topish choralari ko‘rilayotir. Xuddi shunday ochiq muloqotlar Sariosiyo, Uzun, Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Sherobod, Qiziriq, Bandixon, Boysun tumanlari aholisi uchun ham tashkil etish rejalashtirilgan.  

11.03.2021

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Иш ҳақи ва унга тенглаштирилган тўловларни ундиришIshonch telefoni5 Iyun 202117 Iyun 2021Andijon viloyati

Foydali resurslar