2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Zamonaviy bilim va yetakchilik qobiliyatiga ega xotin-qizlar – millatimizning oltin fondi

Xalqimiz bahorning beqiyos go‘zalligini munis ayollarimizning gulgun chehralariga qiyoslaydi.

Mehr-muhabbat va odamiylikning ilk saboqlarini ham aziz onalarimizdan, ularning beshigimiz uzra parvona bo‘lib aytgan alla ohanglaridan olamiz.

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan  poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida tashkil etilgan tantanali tadbirda muhtarama ayollarimizga alohida ehtirom ko‘rsatildi. 

Muhtasham koshonaga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan tashrif buyurgan, jamiyat hayotining barcha jabhasida fidokorona mehnat qilayotgan ayollar, Zulfiyaxonim qizlari va mehmonlarni gullar bilan kutib olgan yigitlar zalga kuzatib qo‘ydi. Ular orasida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan chet ellik diplomat ayollar, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ham bor. 

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz xotin-qizlarini bayram bilan muborakbod etib nutq so‘zladi.

– Inson hayoti va jamiyat rivojida muqaddas Ona zoti, munis ayollarimizning o‘rni va ahamiyati beqiyos ekanini oddiy so‘zlar bilan ifoda etish nihoyatda qiyin bir vazifa. Mana shunday paytda Siz, azizlarning sha’ningizga madhiyalar aytish uchun odam shoir bo‘lib tug‘ilmaganiga beixtiyor afsuslanib qoladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezident xotin-qizlarning barcha sohalardagi faolligi, ayniqsa, pandemiya sharoitida aholi salomatligini asrash va bolalarni o‘qitishdagi fidoyiligini alohida ta’kidladi.

bugungi kunda mamlakatimizda mehnat bilan band aholining 45 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Boshqaruv tizimida ularning ulushi 33 foizga yetdi. Bir yarim mingga yaqin ayollar rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. Bu boradagi salohiyatni yanada oshirish maqsadida 6 mingdan ziyod faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirilgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari 6 ta tumanda ayollar hokim vazifasida ishlayotganini ta’kidlab, ularni olqishladi.

– Bunday zamonaviy bilim va iste’dodga, yetakchilik qobiliyatiga ega, fidoyi xotin-qizlarimiz – xalqimiz, millatimizning oltin fondi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi, – dedi Prezident. 

Ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularga ko‘maklashish bo‘yicha eng quyi bo‘g‘in – mahalla va xonadongacha kirib boradigan vertikal tizim yaratilmoqda. Keyingi uch oyda ijtimoiy himoyaga muhtoj 80 ming nafar xotin-qizning muammolari hal etildi, 32 ming nafari ish bilan ta’minlandi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qariyb 215 ming oilaga 6 trillion so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari ajratildi. Uy-joy sotib olish uchun 1 ming 250 nafar xotin-qizlarga salkam 22 milliard so‘mlik boshlang‘ich badallar to‘lab berildi.

Prezidentimiz ayollarni moddiy, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yana bir qarorni imzolaganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, joriy yilda turmush sharoiti og‘ir ayollar hamda yolg‘iz onasi qaramog‘ida o‘sgan qizlarni uy bilan ta’minlash maqsadida byudjetdan 210 milliard so‘m, boshpanasi bo‘lmaganlarni ijtimoiy turar joylar bilan qamrab olish uchun yana 211 milliard so‘m yo‘naltirilishi aytildi. Shuningdek, muhtoj xotin-qizlarga moddiy yordam berish, ularni davolatish, kasb-hunarga o‘qitish, ish bilan ta’minlash uchun ham katta mablag‘lar ajratiladi.

Davlat rahbarining nutqi xalqimizga, ayniqsa, yosh yigit-qizlarga murojaat, da’vat ham bo‘ldi.

– Oila – mehr va baxt qo‘rg‘oni. Oila bor ekan, farzand degan bebaho ne’mat bor, insoniy qadr-qimmat va ma’naviyat bor. Oilaviy baxt bu – eng ulug‘ saodatdir. Mashhur qo‘shiqlardan birida aytilganidek, “Uyida baxti borlar har yerda baxtiyordir”. Men aziz yigit-qizlarimizga murojaat qilib aytmoqchiman: turmush qurishga, oilaga, farzand taqdiriga nihoyatda chuqur mas’uliyat bilan qarang. Bu masalaga yuzaki yondashib, ham o‘zingiz, ham o‘zga bir inson hayotini xavf ostiga qo‘ymang”, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Bu borada ko‘pni ko‘rgan mahalla faollari, muhtaram nuroniylar va yoshlarga katta ishonch bildirildi.

Ma’lumki, shu yil 22 fevral kuni davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashi sessiyasida nutq so‘zlab, ijtimoiy-siyosiy hayotda va tadbirkorlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlar qat’iy davom ettirilishini ta’kidlagan edi.

Bayram tadbirida Prezident shu boradagi vazifalarni birgalikda amalga oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Qizlar tarbiyasi, ularni mustaqil hayotga tayyorlash, zamonaviy bilim va hunarlarni egallashi, ish joyiga ega bo‘lishi, jamiyatda munosib o‘rin topishiga alohida ahamiyat berishimiz zarurligini qayd etdi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 4 mart kuni qabul qilingan “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonga muvofiq, yurtimizda olib borilayotgan tub islohotlarda faol qatnashib, yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yo‘lida tashabbus va ibrat ko‘rsatib kelayotgani uchun bir guruh ayollar faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlandi. 3 martdagi Prezident qaroriga ko‘ra, yigirma sakkiz nafar faol qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. 

Tantanali bayram tadbirida ushbu yuksak mukofotlar o‘z egalariga topshirildi. 

Shuningdek, joylarda o‘zining kasb sohasida katta natijalarga erishgan, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etib kelayotgan 297 nafar opa-singillarga “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishonlari berildi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida mo‘’tabar onalar, opa-singillarimiz, dilbar qizlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish nafaqat vazifa, balki insoniy burch ekanini alohida ta’kidladi.

Mehmonlar to‘kin dasturxon ustida, ko‘tarinki kayfiyatda bayramni nishonladi. Elimiz ardog‘idagi san’atkorlar va yosh ijrochilarning konsert dasturi barchada katta taassurot qoldirdi.

Shu kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizdagi Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatini borib ko‘rdi. Yotoqxona va davolash xonalarida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Davlatimiz rahbari muassasada yashayotgan faxriylar bilan suhbatlashdi.

– Bu yerga kelib, Vatanimiz uchun ko‘p mehnat qilgan sizdek mo‘’tabar insonlar bilan uchrashib turganimdan juda xursandman. Fursatdan foydalanib, bu yerdagi aziz onaxonlarimizni, shifokor ayollarimizni yaqinlashib kelayotgan 8 mart bayrami bilan tabriklayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Nuroniylar davlatimiz rahbariga tashrifi, keksa avlodga e’tibori uchun minnatdorlik bildirdi.

Urush va mehnat faxriylari pansionatida 138 nuroniy davlat ta’minotiga olingan. Prezidentimiz bu yerda madaniy tadbirlar o‘tkazish uchun yangi bino hamda pansionatga tutash 3 gektar maydonda Nuroniylar parkini barpo etish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.

Videokonferensiya tarzida o‘tgan uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar, ijtimoiy muassasalar rahbarlari ham ishtirok etdi. Mamlakatimizdagi «Saxovat» va «Muruvvat» uylaridagi sharoitlarni, tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni yaxshilash masalalari muhokama qilindi.

– Bugun boshqacha uchrashuv bo‘ladi. Faqat bu pansionat emas, mamlakatimizdagi barcha 34 ta «Saxovat» va «Muruvvat» uyini yaxshilash choralarini kelishib olamiz. Ularda jami 9 ming 700 o‘rin mavjud bo‘lib, hozirda 8 ming 840 nafar nuroniylarimiz yashab, davolanyapti. Lekin bu uylarga hech kim kirmagan, faqat bayramlardagina eslangan, tartib, e’tibor bo‘lmagan. Bunday insonlar mehr izlaydi, e’tibor izlaydi. Ularning duosini olsak, yurtimizga baraka yog‘iladi, – dedi Prezident.

Shu maqsadda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligini Vazirlar Mahkamasi tuzilmasiga o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi. Sharoiti og‘ir muassasalarda qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, tibbiy uskunalarni yangilash, zamonaviy fizioterapiya bo‘limlari tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

– Avvalgi me’yorlarni qayta ko‘rib chiqib, bu joylarda yashayotgan fuqarolarimizning dorilarini ko‘paytirish, ovqatlari sifatini o‘zgartirish, taom tayyorlashda autsorsing tizimini yo‘lga qo‘yish kerak. Ularning holidan xabar olib turish uchun yaqin atrofdagi shifoxonalar, maktablarni biriktirish ham mumkin. Bu ham e’tibor, mehr-oqibat. Bemor insonlarga e’tiborni kuchaytirsak, yanayam sog‘ayadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Barcha muassasalarga avtobus sovg‘a qilib, yurtimizning diqqatga sazovor joylari va ziyoratgohlarga sayohatlarini uyushtirish, konsert dasturlari, havaskorlik to‘garaklari tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

Kasaba uyushmalari federatsiyasiga «Saxovat» uylaridagi barcha nuroniylarni har yili bir marta yurtimizning eng yaxshi sanatoriylarida sog‘lomlashtirish vazifasi topshirildi.

Davlatimiz rahbari «Saxovat» va «Muruvvat» uylari xodimlarining fidoyiligini, mehribonligini alohida ta’kidlab, ularning oylik ish haqlarini oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

07.03.2021

Foydali resurslar