2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Yoshlarning muammolarini o‘rganish va hal etish bo‘yicha tizimli ishlar olib boriladi

Andijon viloyati Marhamat tumanida Prezidentimizning “O‘zbekiston yoshlari forumi”dagi nutqi hamda Oliy Majlisga Murojaatidan kelib chiqadigan vazifalar – yoshlarning muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman kengashlari deputatlari, sektor rahbarlari, tuman hokimining o‘rinbosarlari, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi tuman kengashlari mutasaddi tashkilotlar, banklari hamda uyushmagan yoshlar vakillari ishtirok etdi. Unda tumanda yoshlarga oid davlat siyosatini yuritish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, yoshlarni qiynayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish xususida so‘z yuritildi.

– “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ni “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga barcha darajadagi rahbarlar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi, – deydi tuman hokimining o‘rinbosari Muhtorjon Qurbonov. – Tumanda bu boradagi ishlarni aniq va tizimli olib borish uchun zarur chora-tadbirlar ishlab chiqildi, ular reja asosida izchil amalga oshiriladi.

Tadbirda “Yoshlar daftari”ni shakllantirish, ayniqsa, ularni tadbirkorlikka jalb etish, bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga aniq vazifalar belgilab berildi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan yig‘ilish davomida uyushmagan yoshlardan kelib tushgan 74 ta murojaatni o‘z vaqtida, joyiga chiqqan holda o‘rganish va ijobiy hal etilishini ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi. Shuningdek, ishsiz yoshlarga dehqonchilik qilish uchun ekin maydonlaridan yer ajratish, kasb-hunarga o‘rgatish, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish, imtiyozli kreditlar berish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar doimiy monitoring qilib borilishi alohida ta’kidlandi.

Ishtirokchilar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish, aniq natijalarga erishish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.

Yoshlarning taklif va murojaatlaridan kelib chiqib, yig‘ilishda tegishli qarorlar qabul qilindi.

16.02.2021

Foydali resurslar