2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Sayyor qabul: Muammoning katta-kichigi boʻlmaydi, gap unga munosabat, yechimida

Keyingi toʻrt yil ichida mamlakatimizda xalq bilan muloqotning samarali mexanizmi yaratildi. Xususan, davlatimiz rahbarining virtual qabulxonasi ishga tushirilganligi, viloyat, shahar va tumanlarda Prezident Xalq qabulxonalari faoliyatining izchil yoʻlga qoʻyilganligi aholi kundalik turmushi, fuqarolar huquq va manfaatlarini taʼminlash, xizmat sohasi, tadbirkorlik rivojidagi muammo hamda kamchiliklarga barham berish orqali taraqqiyotni jadallashtirishga xizmat qilmoqda.

Ayni jarayonda joylarda oʻtkazilayotgan sayyor qabullar ham xalq ichiga kirib borish, uning tashvish va muammolarini chuqur oʻrgangan holda tegishli idora va tashkilotlar bilan bamaslahat hal etishning natijador vositasi sifatida muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida taʼkidlash oʻrinlidir.

Maʼlumotlarga qaraganda, joriy yilning birinchi choragi mobaynida Prezidentning Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonalariga fuqarolar hamda yuridik shaxslar tomonidan 9445 ta murojaat kelib tushgan. Asosan yer uchastkasi ajratish, gaz, elektr, ichimlik suv taʼminoti, bandlik, huquq-tartibot idoralari faoliyati, kommunal soha, fuqarolar huquqlari himoyasi bilan bogʻliq ushbu murojaatlarning 6963 tasi qanoatlantirilgan boʻlsa, respublika miqyosidagi idora va tashkilotlarga tegishli, shuningdek, yechimi katta mablagʻ va vaqt talab etadigan 1141 muammo boʻyicha jarayon davom etmoqda. 1225 nafar murojaatchiga esa tushuntirish va huquqiy maslahatlar berildi. Mazkur yoʻnalishdagi ishlar bir qarashda meʼyoriga solinganday koʻrinsaa, namanganliklar tomonidan poytaxtga, xususan, Davlatimiz rahbarining virtual qabulxonasiga murojaatlar kelib tushishi davom etmoqda.

Joriy yil noyabr oyining dastlabki kunlarida viloyatning Chust, Toʻraqoʻrgʻon, Chortoq va Uchqoʻrgʻon tumanlarida Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari boshchiligida yigirmadan ortiq vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida sayyor qabullar tashkil etilib, fuqarolarning murojaatlari oʻrganiladigan boʻldi.

Dastlabki kuni Chust shahrida tashkil etilgan ommaviy qabulda Chust, Pop va Mingbuloq tumanlari fuqarolari tomonidan qoʻyilgan masalalar yechimiga javob izlandi. Murojaatchilar bu yerda yoʻnalishlarga ajratilgan masalalar boʻyicha tegishli mutasaddilarga uchrab, oʻzlarini qiynayotgan muammo yuzasidan tegishlicha javob olishdi. Xoʻsh, odamlarni qanday muammolar tashvishga solmoqda? 

— Mahallamizdagi ichki yoʻlning oʻydim-chuqur, yozda chang, qishda loy ahvolidan zada boʻlganmiz,-deydi Chust shahrining Maʼrifat koʻchasida yashovchi Mirsaʼdi ota Jalilov. – Ayniqsa, bolalarga qiyin, ozgina yogʻingarchilik boʻlgan kuni loy kechib maktabga borish muammoga aylanadi. Bu masalada tegishli idoralarga koʻp bor murojaat qilganimizga qaramay holat oʻzgarmadi. Va nihoyat bugungi sayyor qabulda dardimizga quloq tutishdi. Hududiy yoʻlsozlik korxonasi yogʻin-sochinli kunlarga qadar yoʻlimizni taʼmirlab beradigan boʻldi.

Shu kuni respublika Transport vazirligi huzuridagi avtomobil yoʻllari qoʻmitasi mutasaddilari tomonidan yoʻllar holati bilan bogʻliq 7 ta murojaat qabul qilindi. Ulardan ikkitasining tezkor ijrosi taʼminlanib, Chust shahridagi Yangiyoʻl koʻchasining 600 metrlik qismiga darhol asfalt yotqizildi. Rezaksoy mahallasidagi Gʻova koʻchasining 1,1 kilometri shagʻallandi.

«Oʻzbekkoʻmir» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli «Koʻmirtaʼminot» masʼuliyati cheklangan jamiyati vakillari 40 nafar fuqaroning yoqilgʻi bilan bogʻliq murojaatlarini tinglashdi. 20 nafar murojaatchining talabi shu kuniyoq qondirildi. Ayni jarayonda xayrli ishga qoʻl urilib, bir nafar mehnat faxriysi va bir nafar nogironning uyiga 3 tonna koʻmir bepul yetkazib berildi.

— Namanganga quruq qoʻl bilan kelganimiz yoʻq,-deydi MCHJ rahbari Arslon Qayumov.- Keyingi ikki kun ichida viloyatga 98 vagon koʻmir ortdik. 33 vagoni yetib keldi. Qolgani ham bugun-erta keladi. Bu bilan koʻmir taʼminotida uzilish boʻlmasligiga kafolat yaratiladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi nomidan vazir oʻrinbosari Elmira Bositxonova fuqarolar murojaatlariga peshvoz chiqdi. Asosan poytaxt va viloyat markazidagi shifoxonalarda davolanish uchun yoʻllanma olish masalasidagi 35 ta murojaatning 19 tasi joyida hal etilgan boʻlsa, 18 nafar murojaatchi uchun keyingi kunlarda tajribali mutaxassislar koʻrigi tashkil etiladigan boʻldi. Nogironlar aravachasiga ehtiyojmand ikki nafar murojaatchining talabi ham qondirildi.

Kunning ikkinchi yarmida Toʻraqoʻrgʻon tumanida oʻtkazilgan qabulga Kosonsoy, Namangan va Toʻraqoʻrgʻon tumanlaridan 200 dan ziyod fuqaro tashrif buyurdi. Ular tomonidan mehnat va bandlik, huquq idoralari faoliyati, sogʻliqni saqlash, taʼlim, kommunal va uy-joy sohasi bilan bogʻliq masalalarga mutasaddilar tomonidan yechim izlandi. Tahlillar odamlar koʻproq turar-joy, xususan, yer uchastkasi, biznes yuritish uchun yer olish masalasida qiyinchilikka duch kelayotganini koʻrsatadi. Masalan, Namangan tumanining Ibrat mahallasida yashovchi Muzaffar Moʻminov mebelsozlikka asoslangan tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyishni maqsad qilgan. Ishni yuritish uchun esa joy kerak. Uning shu maqsadda sayyor qabulga qilgan murojaati tegishli mutasaddilar oldiga qoʻyildi, sex uchun yer ajratiladigan boʻldi. Ayni yoʻnalishdagi masalada qiynalib yurgan Ilhom Asroqulov, Muhammadali Saidov singari tadbirkorlarga ham oʻz hududlaridagi boʻsh turgan binolar chevarchilik uchun taqdim qilindi. Urganji mahallasida oilasi bilan katalakdek joyda yashayotgan Sayohat Yunusova ham qoʻshimcha turarjoy qurish uchun 2 sotix yer ajratilganligidan mamnun.

Ommaviy qabul odamlarning siyosiy va ijtimoiy qarashlari oʻzgarib borayotganligi, chunonchi, koʻpchilik shaxsiy muammolar bilan oʻralashib qolmay jamiyat, koʻpchilik manfaatini koʻzlagan masalalarni oʻrtaga tashlayotgani, taraqqiyotga xizmat qiluvchi taklif va mulohazalarni koʻtarib chiqayotganligini koʻrsatmoqda. Masalan, Namangan tumani fuqarosi Bekzod Abdusamatov oʻzi yashayotgan Qumqoʻrgʻon qishlogʻida internet aloqasi yaxshi emasligi, bu ayniqsa, koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq karantin kunlarida maktab oʻquvchilari uchun onlayn darslarni tashkil etishda muayyan qiyinchiliklar keltirib chiqarganini aytib, muammo yechimida yordam soʻradi. Masala yechimi «Oʻztelekom»ning tuman filialiga topshirildi. Yaqin vaqt ichida qishloq telefon stansiyasi tuman markazidan tortilgan optik aloqa tarmogʻiga ulanadi va xonadonlarga sifatli internet xizmati kirib boradi.

Toʻraqoʻrgʻonlik Isʼhoqjon Nishonovning taʼlim sifatini yaxshilash bilan bogʻliq taklifi ham xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari tomonidan qoʻllab-quvvatlab kutib olindi.

Ertaga sayyor qabul davom etadi. Mutasaddilar Chortoqda Uychi, Chortoq, Yangiqoʻrgʻon tumanlari hamda Namangan shahri, Uchqoʻrgʻonda esa Norin tumanlari aholisining murojaatlarini tinglaydilar.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

04.11.2020

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Ишсиз деб эътироф этиш ва ишсизлик нафақасини тайинлашИшонч телефони12 Fevral 202421 Fevral 2024Qoraqalpog`iston Respublikasi
Ҳомиладорлик ва туғиш таътилига (декретга) чиқиш, таътил даврида тўланадиган нафақаИшонч телефони19 Fevral 202426 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Шахсий жамғариб бориладиган пенсия ҳисобварағига (ИНПС) оид масалаларИшонч телефони20 Fevral 202423 Fevral 2024Samarqand viloyati
Муҳтожларга бир марталик моддий ёрдамИшонч телефони27 Yanvar 202424 Fevral 2024Buxoro viloyati
Йўл, унга қарашли йўлак, лоток, ариқ ва бошқаларнинг талабга мувофиқ эмаслигиИшонч телефони26 Oktabr 202323 Fevral 2024Toshkent viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati

Foydali resurslar