2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Aholi farovonligini oshirish bunyodkorlik ishlarimizning bosh maqsadidir

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 10 avgust kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida poytaxtimiz tumanlarida bo‘ldi.

Keyingi yillarda Toshkent shahrida misli ko‘rilmagan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bugun poytaxtimiz tom ma’noda qurilishlar maydoniga aylangan. Yangi-yangi inshootlar, korxonalar, tibbiyot va ta’lim muassasalari, sport majmualari, ravon yo‘llar, ko‘priklar, mahalla guzarlari, bozorlar, bog‘lar, xiyobonlar foydalanishga topshirildi. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. 

Davlatimiz rahbari dastlab Chilonzor tumanida Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishmasida qurilgan zamonaviy ko‘prikni borib ko‘rdi. 

Poytaxtimizda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, tirbandliklarning oldini olish, piyodalar uchun qulaylik yaratish maqsadida ko‘plab ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar bunyod etilmoqda. Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishmasida qurilgan zamonaviy ko‘prik shulardan biridir. 

Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi va tashabbusi bilan bunyod etilgan ushbu inshoot qadim Toshkentning tarixiy jozibasini saqlagan holda, uni yangilash, zamonaviy megapolisga aylantirish, pirovardida aholining uzog‘ini yaqin qilishda juda muhim ahamiyatga ega. 

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ko‘prik qurilish tresti” unitar korxonasi bunyodkorlari tomonidan qurilgan yo‘l o‘tkazgichning umumiy uzunligi 667,5 metr, estakada qismi 488,5 metr bo‘lib, balandligi 8 metr, kengligi 24,5 metr. Ko‘prikda avtomobillar 6 qatorda harakatlanadi. Shuningdek, 124 metrlik ikkita piyodalar o‘tish ko‘prigi qurildi. Nogiron va keksalarga qulaylik yaratish maqsadida lift va eskalator o‘rnatildi. 

Davlatimiz rahbari bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, quruvchilar bilan muloqot qildi. 

– Mamlakatimizda ko‘prik qurish bo‘yicha o‘ziga xos maktab yaratildi, – dedi Prezidentimiz. – Ushbu ko‘prikni barpo etgan bunyodkorlarga alohida minnatdorlik bildiraman. Bundan keyin quriladigan ko‘priklar ham sifatli, juda puxta bo‘lishi kerak. Bir so‘z bilan aytganda, ko‘priklar ham bizning bunyodkorlik timsolimizga aylanmog‘i zarur. 

Obyekt qurilishida 50 ga yaqin texnika, 250 dan ziyod ishchi-xodim ishtirok etdi. Yo‘l o‘tkazgich qurilishida 35,7 ming kub metr tuproq, 42,6 ming kub metr beton ishlari bajarildi. Hududda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, atrof ko‘kalamzorlashtirildi va manzarali daraxtlar o‘tqazildi. 

Yangi inshootni loyihalashtirishda yoritish tizimiga ham alohida e’tibor qaratildi. Unga ko‘ra, ko‘prikka jahon standartlariga to‘la javob beradigan energiya tejaydigan jihozlar o‘rnatildi. 

Shavkat Mirziyoyev bunday inshootlarni qulaylik va xavfsizlik nuqtai nazaridan puxta loyihalashtirish, sifatli va zamonaviy qilib qurish zarurligini ta’kidladi. Ushbu maydon va ko‘chalarda yanada qulaylik yaratish bo‘yicha tavsiyalar berdi. 

Shu yerda davlatimiz rahbariga poytaxtimiz va hududlarda mavjud ko‘priklar holati, yangi rejalar haqida ma’lumot berildi. AQSHning “CRAFCO” kompaniyasi ishlab chiqqan maxsus texnika va ixcham mexanizatsiyalar yordamida yo‘l o‘tkazgich va ko‘priklarni ta’mirlash loyihasi namoyish etildi. Mazkur kompaniya yo‘l o‘tkazgich va ko‘priklarni mustahkamlash hamda ulardan foydalanish borasida innovatsion texnologiyalarni joriy qilishda dunyoda eng ilg‘or sanaladi. 

Davlatimiz rahbari loyihani ko‘zdan kechirib, ushbu kompaniya texnologiyalaridan unumli foydalanish, buning uchun mutaxassislar malakasini oshirish borasida tegishli ko‘rsatmalar berdi. 

Prezidentimiz G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ini ham kirib ko‘rdi. Bog‘ni zamonaviy qilib qayta qurish, bu yerda ochiq va yopiq akvapark barpo etish bo‘yicha topshiriq berdi. Bog‘dagi bironta ham daraxt kesilmasligi kerakligini ta’kidladi. 

Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumani Kamolon mahallasida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarni borib ko‘rdi, yozuvchi-shoirlar bilan muloqot qildi. 

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 18 apreldagi “Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida Adiblar xiyobonini barpo etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ushbu bog‘ni xalqimiz, avvalambor, yoshlarimizning madaniy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirishga xizmat qiladigan har tomonlama go‘zal va betakror maskanga aylantirish, ma’naviy hayotimizda o‘chmas iz qoldirgan atoqli so‘z san’atkorlarining tarixiy xotirasini abadiylashtirish maqsadida bog‘ hududida Adiblar xiyoboni, Yozuvchilar uyushmasining yangi binosi barpo etildi. 

Xiyobon ro‘parasida qurilayotgan mazkur uy-joylar yozuvchi va shoirlarga beriladi. Qulaylik uchun birinchi qavatda maktabgacha ta’lim muassasasi va oilaviy poliklinika tashkil etiladi. 

Shavkat Mirziyoyev qurib bitkazilgan xonadonlardan biriga kirdi. Oilalarning tinch-farovon yashashi, bolalarning barkamol bo‘lib ulg‘ayishi uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi. 

– Biz doimo ziyolilarni, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak, – dedi Prezidentimiz. – Ular yaratgan ibratli asarlarni, she’rlarni yoshlarimiz qancha ko‘p o‘qisa, ma’naviyati, ma’rifati yuksaladi, demakki, vatanparvar bo‘ladi. Vatanparvarlar qancha ko‘p bo‘lsa, mamlakatimiz ham shuncha tez ravnaq topadi. 

Davlatimiz rahbari bog‘chada bolalarga yaratilgan sharoit bilan tanishdi. 

– Maktabgacha ta’lim tizimi doimiy e’tiborimizda bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bolalar ayni bog‘cha yoshida bilimni tez va oson o‘zlashtiradi, bir umrga eslab qoladi. Shuning uchun ushbu tizim rivoji bilan bog‘liq masalalar doim diqqatimiz markazida bo‘lishi kerak. 

Maktabgacha ta’lim muassasalari uchun uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratish, bu ishlarga tajribali ijodkorlarni ham jalb etish lozimligi qayd etildi. 

Shu yerda Toshkent shahri tumanlarida zamonaviy turar joy majmualari, ishbilarmonlik markazlari, dam olish maskanlari va sayilgohlar qurish, jamoat transporti xizmatini yaxshilash bo‘yicha loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. 

Prezidentimiz Bo‘zsuv kanali bo‘yida qurilgan sayilgohni ko‘zdan kechirdi. 

Davlatimiz rahbari Shayxontohur tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid loyihalar bilan tanishdi. 

Mamlakatimizda ishlab chiqarishning turli sohalari samaradorligini oshirishga qaratilgan innovatsion loyiha va ishlanmalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday texnologik yangiliklar mavjud ishlab chiqarish jarayonlarini o‘zgartirish, ularning chiqindisiz ishlashini ta’minlash, xarajatlar va yaroqsiz mahsulotni salmoqli darajada kamaytirishga xizmat qiladi. 

Texnoparklar ham bu borada muhim ahamiyat kasb etadi. Innovatsion tadqiqotlar o‘tkazish, ichki va tashqi bozordayuqori texnologiyali, raqobatbardosh xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish uchun yetakchi sanoat va kichik innovatsion korxonalar tashkil etish ularning asosiy vazifalaridir. Texnoparklar zimmasiga ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalar samaradorligini oshirish uchun oliy ta’lim muassasalari, akademik doiralar va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida o‘zaro aloqani yo‘lga qo‘yish vazifasi ham yuklatilgan. 

Tumanning Oqilon mahallasida bo‘sh turgan joyda texnopark tashkil etish loyihasi shulardan biri. Tijorat banklari ishtirokida bu yerda to‘qimachlik mahsulotlari, tayyor kiyim-kechak va sport tovarlari ishlab chiqaradigan bir necha korxona tashkil etish rejalashtirilgan. Bu xotin-qizlar va tuman yoshlarini ish bilan ta’minlashda muhim omil bo‘ladi. 

“Asaka” banki tomonidan moliyalashtirilayotgan “Ko‘kcha tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatining mato ishlab chiqarish, unga gul bosish va tikuvchilikni tashkil etish loyihasi doirasida 2 mingta ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, bankning moliyaviy ko‘magida Toshkent viloyati Nurafshon shahrida “To‘ytepa tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida yangi loyiha amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha kalava-ip ishlab chiqarish, “indigo” jinsi matosini to‘qishni nazarda tutadi. 

“Ko‘kcha tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishchi-xodimlar uchun ko‘p qavatli uy-joy va maishiy savdo majmuasi qurish loyihasi ham namoyish etildi. 

Shayxontohur tumanida ayni paytda 185 to‘qimachilik sanoati korxonasi faoliyat yuritmoqda. 2018-2019 yillarda tumanda bu yo‘nalishda yana 8 ta loyihani amalga oshirish va 1330 dan ortiq ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. 

Tumanda“Certus textiles” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan “Trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish” loyihasi ham 100 ta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Loyihani amalga oshirish uchun 5,6 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi. 

“Aloqa bank” tomonidan moliyalashtirilayotgan AKT yo‘nalishida biznes markazi tashkil etish loyihasi “Cenesis Innovation” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashabbusi bilan amalga oshirilayotir. Loyiha qiymati 55,5 milliard so‘m bo‘lgan markazning 5 qavatli binosida 200 kishi ish bilan ta’minlanadi. 

“O‘zmilliybank”, “O‘zsanoatqurilishbank” va “Ipotekabank” tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalar taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Shayxontohur tumanida zamonaviy kichik sanoat zonasi, “AVTO RITET” brendi ostida avtomobillarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘p tarmoqli majmua tashkil etish, yengil sanoat tarmog‘iga investitsiyalar jalb qilish, zamonaviy uy-joylar, tibbiy diagnostika markazi va maktabgacha ta’lim muassasalari barpo etish, asalni qayta ishlash va qadoqlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalashtirilgan loyihalar namoyish etildi. 

Davlatimiz rahbari sanoatni innovatsion rivojlantirish, xorijiy tajriba asosida mahsuldorlik va raqobatbardoshlikni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Tadbirkorlarning innovatsion loyihalarini qo‘llab-quvvatladi. 

Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga tashrif buyurib, uni zamonaviy maskanga aylantirishga qaratilgan loyihalar bilan tanishdi. 

Bog‘ markazida Abdulla Qodiriyning muhtasham haykalini o‘rnatish, bog‘ni boshqalardan ajralib turadigan qilib qurish, bu yerda adib yashagan davrni aks ettirish zarurligi ta’kidlandi. 

Chorsu bozori va Gulbozor mahallasida bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish, bu tarixiy joyda turizmni rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Prezidentimiz shu yerda mahalla faollari va ziyolilar bilan suhbatlashdi. 

Shu kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumani iqtisodiyotini rivojlantirish, uy-joy-kommunal sohadagi muammolarni hal qilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. 

Mamlakatimizda ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish uchun davlat byudjetidan yetarli mablag‘ ajratilmoqda. Prognozdan oshgan soliq tushumlari mahalliy byudjetlar ixtiyorida qoldirilib, ularni sarflash bo‘yicha mahalliy hokimliklarga keng vakolatlar berilmoqda. 

Masalan, joriy yilda Toshkent shahrida prognozga nisbatan 2 trillion so‘mga ko‘p soliq tushib, mahalliy byudjetda 1,5 trillion so‘mi qolishi kutilmoqda. Bu 2017 yilga nisbatan 10 barobar ko‘pdir. 

– Toshkentga hech qachon buncha pul berilmagan. Biz nega 1,5 trillion so‘mni shaharning o‘zida qoldiryapmiz? To‘planib qolgan muammolarni hal qilish, odamlarning maishiy sharoitlarini yaxshilash, uy-joylar, bog‘chalar qurish, ish o‘rinlari yaratish uchun. Endi joylardagi rahbarlar ham o‘zini qiynashi, sadoqat bilan ishlashi kerak. Chetdan kelib hech kim hech qachon qilib bermaydi, – dedi Prezidentimiz. 

Yig‘ilish oldidan Shayxontohur tumanidagi ijtimoiy-iqtisodiy holat o‘rganilgan, ko‘plab muammo va kamchiliklar aniqlangan edi. Davlatimiz rahbari bu muammolar tuman hokimi, mahalla faollari va markaziy idoralar rahbarlari uchun saboq bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. 

Aniqlangan muammolarni hal etish va aholining yashash sharoitini yaxshilash maqsadida tumandagi 51 ta mahalla bo‘yicha manzilli “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlab, ijrosini nazoratga olish yuzasidan topshiriq berildi. 

– Bunda tadbirkorlikni rivojlantirish, mahallalarni obod qilish, sport va bolalar maydonchalari qurish, aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamlariga moddiy yordam berishga alohida e’tibor qaratish kerak. Tumanda 20 ming aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 4 ta sektor kesimida manzilli dastur ishlab chiqish zarur, – dedi davlatimiz rahbari. 

Shavkat Mirziyoyev uchrashuvga yig‘ilgan tadbirkorlar bilan muloqot qildi. Ular oldida turgan muammolarni hal qilish, reja va takliflarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi. 
 

Ziyodulla Jonibekov, Alouddin G‘afforov, O‘zA

11.08.2018

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Ишсиз деб эътироф этиш ва ишсизлик нафақасини тайинлашИшонч телефони12 Fevral 202421 Fevral 2024Qoraqalpog`iston Respublikasi
Ҳомиладорлик ва туғиш таътилига (декретга) чиқиш, таътил даврида тўланадиган нафақаИшонч телефони19 Fevral 202426 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Шахсий жамғариб бориладиган пенсия ҳисобварағига (ИНПС) оид масалаларИшонч телефони20 Fevral 202423 Fevral 2024Samarqand viloyati
Муҳтожларга бир марталик моддий ёрдамИшонч телефони27 Yanvar 202424 Fevral 2024Buxoro viloyati
Йўл, унга қарашли йўлак, лоток, ариқ ва бошқаларнинг талабга мувофиқ эмаслигиИшонч телефони26 Oktabr 202323 Fevral 2024Toshkent viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati

Foydali resurslar