2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Xalq qabulxonasi: murojaatlar koʻpayishi emas, kamayishi odamlarning roziligini bildiradi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyat Gʻallaorol tuman xalq qabulxonasiga aholining murojaatidan soʻng Sayfinota qishlogʻidagi yangi massivga koʻchib chiqqan 30 dan ziyod xonadonning chirogʻi yondi.

Yurtdoshlarimizning aksariyat koʻpchiligi sabr-bardoshli. Toʻgʻrisi, turmush qiyinchiliklarining koʻpligi, davlat organlari odamlar muammolarini hal etishga uzoq yillar beeʼtibor qarab kelgani ularni qanoatli qilib qoʻygan.

 

Sayfinota qishlogʻidagi yangi massivda uy-joylar koʻpayishi bilan elektr energiyasi taʼminotida ham muammolar paydo boʻldi. Yangi uy qurganlar har kim imkoniyatidan kelib chiqib xonadoniga tok oʻtkazdi. Xonadonlar tomonidan oʻrnatilgan nostandart simyogʻochlar, uzatish tarmoqlari, isteʼmol ortishi qishloqdagi eski transformatorga bosim ortishi tufayli yuz beradigan elektrning tez-tez uzilishi odamlarning joniga tegdi. Tegishli tashkilotlar muammoni hal etib bermagach, odamlar Oʻzbekiston Prezidentining tuman xalq qabulxonasiga murojaat qildi.

 

– Prezidentimiz xalq qabulxonalari haqiqatan ham xalqning dardiga malham boʻladigan idora ekanligiga ushbu muammomizning hal etilish jarayonida yana bir marta guvoh boʻldik, – deydi qishloq oqsoqoli Abduhakim Gʻoziyev. – Murojaatimizdan soʻng elektr taʼminoti korxonasi tomonidan yaroqsiz xolga kelgan simyogʻochlar oʻrniga 33 dona beton ustunlar oʻrnatildi, yangi transformator oʻrnatilib, 1,5 kilometr havo tarmogʻiga maxsus kabel tortildi. Qabulxona xodimlari qishloqqa kelib murojaat ijrosini oʻrganib ketdi.

 

Prezidentning tuman xalq qabulxonasi kundalik faoliyatida bunday misollar koʻp. Odamlar tegishli tashkilotlar tomonidan hal etilmagan muammolarni yechishda yordam soʻrab qabulxonaga murojaat etmoqda. Har bir odamning murojaati, u qaysi masalada boʻlishidan qatʼiy nazar oʻrganib chiqilib, qonuniy hal etib berilayotgani natijasida Xalq qabulxonasi xalqning ishonchini qozonmoqda.

 

Xalq qabulxonasi respublika davlat boshqaruv organlari rahbarlari sayyor qabullaridagi murojaatlarning bajarilishida ham samarali ish olib borayotir. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari A. Usmanov tomonidan 2020-yil tumanda oʻtkazilgan sayyor qabulda Alamli mahallasidan tushgan murojaat boʻyicha 0,6 kilometr yoʻlni taʼmirlanishi nazoratga olinib, bu ishning ijrosi taʼminlandi.

 

Tuman Xalq qabulxonasi tomonidan joriy yilning birinchi yarimida jami 488 ta murojaat qabul qilindi. Ushbu murojaatlarning 340 tasi qanoatlantirildi, 110 tasi boʻyicha fuqarolarga tushuntirish berildi. Xalq qabulxonasiga qilingan murojaatlarni qanoatlantirish 70 foizni tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 4 foizga oshdi.

 

Ayni paytda qilinayotgan murojaatlar aholining talab va ehtiyojlarini, xizmat koʻrsatish sohalaridagi kamchiliklarni ham koʻrsatib berayotir. Qaysi soha yoki hududdan qanday murojaatlar boʻlayotgani tahlil qilinib, joylardagi davlat organlarining aholiga xizmat koʻrsatish faoliyatiga baho berish mumkin.

 

– Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasi murojaatlarning koʻpligi emas, ularning kamayishida koʻzga tashlanadi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Gʻallaorol tuman xalq qabulxonasi mudiri Rahmatilla Mamarasulov. – Shuning uchun murojaatlarni sohalar, tarmoqlar, hududlar boʻyicha doimiy tahlil qilib borayapmiz. Oʻtgan yilning shu davriga nisbatan jami murojaatlar soni 5 ta ga kamaydi. Bu albatta juda katta farq emas. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan aholining ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, kambagʻallikni qisqartirish eng muhim vazifa sifatida amalga oshirilmoqda. Oʻtgan davrda qabulxonaga tushgan murojaatlarning eng koʻpi – 147 tasi moddiy yordam ajratish masalasida ekani ham bu masalaning nechogʻli oʻtkirligini koʻrsatib turibdi. Biz murojaatlarning har birini qanoatlantirish bilan birga tuman xokimligi, tegishli idoralar bilan hamkorlikda ularga sabab boʻlgan omillarni bartaraf etishga eʼtibor qaratayotirmiz.

 

Ha, hech kim bekorchilikdan murojaat qilmaydi. Har bir murojaatning, shuningdek, qaysi bir soha yoki hudud boʻyicha murojaatlar koʻp boʻlsa uning oʻz sababi boʻladi.

 

Birinchi yarim yilda tushgan murojaatlarning 35 tasi kommunal toʻlovlarni hisoblashdagi kamchiliklar, yana 35 tasi sogʻliqni saqlash, 29 tasi aliment undirish, 24 tasi elektr taʼminoti, 19 tasi uy-joy, 18 tasi bandlik, 15tasi gaz taʼminoti, 14 tasi qurilish kabi masalalarda ekanligi shu sohalarga eʼtiborni kuchaytirishni taqozo etayotir.

 

Bundan tashqari, yilning birinchi yarimida Xalq qabulxonasida tuman rahbarlari tomonidan 42 marotaba shaxsiy qabullar oʻtkazilib 218 nafar fuqarolarning murojaatlari koʻrib chiqildi. Jumladan, tuman hokimi tomonidan 11 marotaba, tuman prokurori tomonidan 6 marotaba, tuman IIB boshligʻi tomonidan 10 marotaba, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi tomonidan 8 marotaba va boshqa idoralar rahbarlari tomonidan 7 marotaba shaxsiy qabullar oʻtkazildi.

 

Shuningdek, oʻtgan davr mobaynida Xalq qabulxonasi tomonidan belgilangan grafik asosida sektorlar hududida 1-sektor tomonidan 7 marotaba, 2-sektor tomonidan 11 marotaba, 3-sektor tomonidan 13 marotaba, 4-sektor tomonidan 12 marotaba oʻtkazilgan ommaviy qabullarda 1 ming 542 nafar fuqaro ishtirok etdi. Ommaviy qabul jarayonida fuqarolardan kelib tushgan jami 182 ta murojaatlarning 125 tasi qanoatlantirildi.

 

Xalq qabulxonasi tomonidan murojaatlarning ijrosini nazorat qilishga doimiy eʼtibor qaratib kelinayotir. Shu maqsadda 34 ta murojaatning ijrosi yuzasidan joyiga chiqib oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar boʻyicha davlat idoralari va tashkilotlarga 14 marotaba ogohlantirish va koʻrsatmalar yuborildi. Murojaatlar bilan ishlashda kamchiliklarga yoʻl qoʻygan shaxslarni javobgarlikka tortish yuzasidan 12 marotaba taqdimnomalar kiritildi.

 

Xalq qabulxonalarida ishlovchi xodimlar oʻz xizmat vazifalariga koʻra kam taʼminlangan, nochor kishilarning ehtiyojlarini boshqalarga qaraganda ham chuqurroq his etadi. Shu bois koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida karantin tadbirlari eʼlon qilingandan soʻng xalq qabulxonasiga fuqarolardan kelib tushgan karantin tadbiri bilan bogʻliq murojaatlar ijrosi alohida nazoratga olinmoqda. Jumladan, qabulxonaga karantin bilan bogʻliq 45 ta murojaatlar kelib tushdi va ularning 37 tasi ijobiy hal etildi, 8 ta murojaatlar boʻyicha fuqarolarga tushuntirish berildi. Karantin davrida moddiy yordam ajratish toʻgʻrisidagi 15 ta murojaatlar ijrosi taʼminlanib, kam taʼminlangan, oilaviy sharoiti ogʻir oilalarga moddiy yordam va ijtimoiy nafaqalar tayinlab berildi.

 

Shu davrda ishsiz qolgan 4 nafar fuqaro jamoat ishiga joylashtirildi. Karantin vaqtida oziq-ovqat birlamchi ehtiyoj mollari narx-navosi va taqchilligi masalasi boʻyicha 4 ta murojaat asosida koʻchma savdo yarmarkalari tashkil etildi.

 

Bundan tashqari, Xalq qabulxonasi xodimlari tomonidan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida 1 nafar nogironligi bor, mehnatga layoqatlilik darajasi cheklangan, uy-joyga muhtojligi sababli imtiyozli ravishda kredit asosida uy-joy ajratilgan fuqaroning 665 ming soʻm kredit qarzdorligi, 1 nafar nogiron fuqaroning 200 ming soʻm kommunal qarzi toʻlab berildi, 12 ta ehtiyojmand oilalarga 1 million 980 ming soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi, “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati jamgʻarmasiga 2,5 million soʻm pul mablagʻi tushirib berildi.

 

Xalq qabulxonasi oʻz nomi bilan xalqning dardiga quloq osib, muammolarini hal etishga hamkor boʻlayotgani ularning shu kabi ishlarida namoyon boʻlmoqda.

07.08.2020

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Уй-жой билан таъминлашXalq qabulxonasi10 Avgust 201917 Sentabr 2019Toshkent viloyati
Қимматли қоғозлар бўйича дивидендларIshonch telefoni7 Sentabr 201916 Sentabr 2019Qashqadaryo viloyati

Foydali resurslar