2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Muammolar hal etilmoqda, biroq yechimini kutayotganlari hali juda koʻp

Avval xabar qilinganidek, Jizzax viloyatida aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish yuzasidan aniq va tezkor choralar koʻrish maqsadida joriy yilning 4-6-iyun kunlari Prezident Administratsiyasi, vazirlik va idoralar, viloyat hokimligi hamda mutasaddi tashkilotlar ishtirokida ommaviy sayyor qabullar tashkil etildi.

Uch kun davomida mintaqaviy shaklda tashkil etilgan ommaviy qabullarda 917 nafar fuqaro 983 ta masala boʻyicha murojaat qildi. Murojaatlarning 368 tasi joyida hal etildi, qoʻshimcha oʻrganish talab etilgan 547 tasining koʻrib chiqilishi nazoratga olindi, 47 tasiga huquqiy maslahat, 21 tasi boʻyicha joyida tushuntirish berildi.

 

Qabullar davomida Prezident Administratsiyasi 88 ta, Oliy sud 174 ta, Bosh prokuratura 92 ta, Ichki ishlar vazirligi 87 ta, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi 166 ta, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 40 ta, Maktabgacha taʼlim vazirligi 23 ta, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi 63 ta, Markaziy bank 43 ta, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ 61 ta, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi 43 ta, Sogʻliqni saqlash vazirligi 48 ta, davrgeodezkadastr qoʻmitasi 5 ta, viloyat hokimligi tomonidan 50 ta murojaat koʻrib chiqildi.

 

Murojaatlarda eng koʻp – 174 ta masala sud huquq sohasiga oid boʻldi. Shuningdek, murojaatlarning 120 tasini uy-joy bilan taʼminlash, 92 tasini prokuratura, 70 tasini sogʻliqni saqlash, 43 tasini bank krediti hamda 41 tasini ichimlik suvi va oqova suvi masalalari tashkil etdi.

 

Qabullar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shaxsiy qabulini soʻragan 61 nafar, virtual qabulxonaga 3 va undan koʻp marta murojaat qilgan 13 nafar fuqarolarning murojaatlari oʻrganildi.

 

Ommaviy qabullar natijasida Oliy sud tomonidan 29 ta murojaat boʻyicha ariza nazorat tartibida hal qilish uchun qabul qilindi. Ushbu murojaatlarning barchasi qanoatlantirilib, koʻrib chiqish uchun tegishli sudlov hayʼatiga oʻtkazildi.

 

Ommaviy qabul davomida jinoyat ishlari boʻyicha shahar va tuman sudlari 42 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan oldin ozod qilindi, 21 nafar shaxsga nisbatan belgilangan jazo yengilrogʻiga almashtirildi, 2 nafar shaxsga jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi, 2 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlandi. Shuningdek, maʼmuriy sud tomonidan 8 nafar shaxsga nisbatan yengilroq maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanildi.

 

Prokuratura organlari tomonidan fuqarolarning murojaati boʻyicha bankdan 230 million soʻmlik kredit ajratish, bir oilani uyga majburiy kiritish, bir kishini vazifasiga tiklash masalalari hal etildi.

 

Ichki ishlar vazirligi tomonidan 1 ta murojaat asosida dastlabki tergov harakatlari qayta tiklandi, 4 ta holat yuzasidan qoʻshimcha tergovga qadar tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisida iltimosnomalar kiritildi, 2 nafar mahbusning yashash hududiga yaqin boʻlgan jazoni ijro etish muassasalariga oʻtkazish haqidagi murojaatlari qabul qilindi. Shuningdek, olis qishloqlarda yashovchi, keksa yoshdagi hamda nogironligi boʻlgan 4 nafar fuqaroning uyiga mobil qurilmalar olib borilib, biometrik pasportlar olish uchun rasmlarga tushirildi, 30 nafar shaxsning hujjatlari fuqarolik olish uchun rasmiylashtirib berildi, 15 nafar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining biometrik va biografik maʼlumotlari qabul qilinib, pasport rasmiylashtirish uchun talabnomalar shakllantirildi.

 

Ommaviy qabullar davomida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga murojaat qilganlardan 18 nafari ish bilan taʼminlandi, 18 nafar yoshlarga subsidiya mablagʻi ajratilishi belgilandi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligidan bir fuqaroga uyini taʼmirlash uchun 9 million soʻm, bir oilaga farzandini davolatish uchun 11 million 400 ming soʻm mablagʻ ajratiladigan boʻldi. “Davergeodezkadastr” qoʻmitasi tomonidan Arnasoy tumanida yashovchi fuqaroga issiqxona qurish uchun yer maydoni ajratish masalasi hal etildi. Markaziy bank tomonidan 20 nafar fuqaroga 400 million soʻm kredit ajratilishi belgilandi.

 

Qabulda muammolari hal boʻlgan 68 nafar fuqaro Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga yozma tashakkurnoma bildirdi.

 

Biroq yillar davomida aholini qiynab kelayotgan muammolarning barchasini bir kunda yoki bir martalik qabullar davomida hal etib boʻlmasligi aniq. Ommaviy qabullar davomida yechimi katta investitsiya, koʻp mablagʻ, vaqt talab etadigan muammolar ham anchagina ekanligi aniqlandi.

 

Jumladan, Gʻallaorol tumani, Sangzor daryosining Oqtom mahalla fuqarolar yigʻini hududidan oʻtuvchi qismida 7 mingga yaqin aholi foydalanayotgan koʻprikni taʼmirlash uchun respublika byudjetidan 2,7 milliard soʻm mablagʻ ajratish soʻraldi.

 

Ushbu tumanda davlat ahamiyatiga ega boʻlgan 4r43 “Marjonbuloq-Zarmitan-Qoʻshrobot" avtomobil yoʻlining Gulchambar qishlogʻi hududidan oʻtgan 17 kilometr qismi 2012-yilda taʼmirlash uchun buzib tashlanib, 8 yildan buyon asfaltlashtirilmasdan qolmoqda. 2012-yildagi va undan keyingi yillarda kelgan kuchli sel oqibatida butunlay buzilib ketgan Shoʻrcha qishlogʻi oʻrtasidan oʻtgan Qorasuvsoy arigʻi ustiga qurilgan koʻprik haligacha qurilmagani natijasida oʻquvchilar yogʻingarchilik koʻp boʻlgan vaqtda hududdagi 71-maktabga bora olmasdan qolmoqda.

 

Zomin tumanida bahor oylarida sel oqimlari kelishi oqibatida buzilib, foydalanishga yaroqsiz ahvolga kelgan Achchi qishlogʻidagi 23 kilometr ichimlik suv tarmoqlari taʼmirlash uchun 1,7 milliard soʻm, “Yuksalish” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi 2 ta koʻprikni qurish uchun 2 milliard soʻm talab etiladi. Shuningdek, Zomin tumanining bir qator hududlarida 2020-yil 29-apreldan 18-mayga qadar vaqti-vaqti bilan kuchli shamol, doʻl va sel oqimlari kelishi oqibatida jiddiy zarar yetgan 19 ta qishloqdagi uy va yordamchi xoʻjalik binolari, 23 kilometr ichimlik suv tarmogʻi, 4 ta koʻprik taʼmirlanmasdan qolmoqda.

 

Paxtakor tumani Yorqin shaharchasi va Birlik qishlogʻiga ichimlik suvi quvurlarini yangilash, Suvonobod mahallasidagi 15-sonli umumtaʼlim maktabi binosini kengaytirish, Yangiobod tumanidagi 14-maktabning isitish tizimini taʼmirlash hamda yangi sport zali qurish ishlari anchagina mablagʻ talab etadi. Forish tumanida gaz toʻldirish shoxobchasi qurib, belgilangan gaz limitini koʻpaytirish, Doʻstlik tumani Qahramon qishlogʻidagi 13-sonli maktabgacha taʼlim muassasasi binosini rekonstruksiya qilish uchun ham Respublikaning tegishli vazirlik va idoralaridan amaliy yordam kerak.

 

Afsuski, respublika idoralarining koʻmagisiz hal etilishi qiyin boʻlgan masalalar shulardangina iborat emas. Zarbdor tumanidagi “Taraqqiyot” 190 oʻrinli 1 ta davlat maktabgacha taʼlim muassasasi va “Toza urugʻ” MFYda 170 oʻrinli 1 ta davlat maktabgacha taʼlim muassasasi qurishga ehtiyoj mavjud boʻlsada, investitsiya dasturlariga kiritilmasdan qolgan.

 

Bundan tashqari, “Sardoba” suv omboriga texnogen halokat oqibatida viloyatda gʻoʻza maydonlarini sugʻorishda muammolar vujudga keldi. Mavsumda qishloq xoʻjalik ekinlarini uzluksiz suv bilan taʼminlash uchun viloyat boʻyicha 9,2 milliard soʻmlik 214 dona nasos agregatlariga ehtiyoj mavjud.

 

“Obod markaz” dasturi doirasida tuman markazlarini qaytadan qurishda yuzaga kelayotgan muammolar koʻlami esa ayniqsa katta. Bu yoʻnalishda bundan 60-70 yil ilgari qurilgan barak tipidagi uylarning buzilishi bilan aholini uy bilan taʼminlash, yangi massivlarda injiner muhandislik infratizimini barpo etish, ayniqsa, kanalizatsiya tarmogʻi qurilishida jiddiy muammolar odamlarni qiynab kelayotir.

 

Masalan, 2019-yil “Obod markaz” loyihasi asosida Doʻstlik tumani Chinobod mahallasida barak uylar atrofidagi zaruriy ehtiyojdan kelib chiqib ruxsatsiz qurilgan hojatxona, hammom kabi qoʻshimcha binolar buzib tashlanib, ushbu inshootlarni mahalliy byudjet hisobidan zamon talablari asosidagi uylarni qurish belgilangan edi. Ammo mahalliy byudjetda mablagʻ yetishmasligi tufayli baraklarda fuqarolar qiyin sharoitlarda yashab kelmoqda. Avval ijtimoiy tarmoqlarda bir necha marotaba koʻtarilgan bu muammo boʻyicha fuqarolar ommaviy qabulda yana murojaat qildi.

 

Shuningdek, tuman boʻyicha ichimlik suvi quvurlarining 30 foizi – 175 kilometri va mavjud 6 ta suv uzatish inshootining barchasi yaroqsiz, taʼmirtalab holatda.

 

Arnasoy va Paxtakor tuman markazidagi koʻp qavatli uylarning oqova suv chiqarish (kanalizatsiya) tizimi ishlamaydi, taʼmirtalab, natijada koʻpchilik uylarda aholi qoʻlbola rezina quvurlar orqali uy atrofiga chiqindi suvlarini chiqarib tashlagan. Buning oqibatida aholi turmush tarzida noqulayliklar yuzaga kelmoqda, yuqumli kasalliklar kelib chiqish xavfi mavjud. Bundan tashqari, Arnasoy tumanida ichimlik suvi yetishmasligi aholi noroziligiga sabab boʻlmoqda.

 

Ommaviy qabulga Zafarobod tumanining ayrim hududlarida mavjud drenajlarning ishlamasligi, Mirzachoʻl tumanidagi 1976-yilda qurilgan 8-umumiy oʻrta taʼlim maktabini rekonstruksiya qilish, Gulzor qishlogʻi aholisini ichimlik suvi tarmogʻini taʼmirlash Yangiobod tumani Sovot qishlogʻi aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlan kabi masalalar yuzasidan ham qilingan murojaatlarga muammo hududning oʻzida hal etilmayotgani sabab boʻlmoqda.

 

Sogʻliqni saqlash va taʼlim muassasalarida koʻp holatlarda 3 kishilik shtat birliklarida 6-7 nafardan xodim ishlaydi. Jumladan, Mirzachoʻl tuman tibbiyot birlashmasining tugʻruq boʻlimida 4,25 stavkada 7 kishi ishlaydi.

 

Ommaviy qabuldagi murojaatlar tahlillaridan imtiyozli kreditlar banklar tomonidan asossiz ajratmaslik, hujjatlarda san-salorliklarga yoʻl qoʻyish yoki tanish-bilishchiliklarning avj olishi odamlarda jiddiy norozilik tugʻdirayotgani koʻrinib turibdi. Qabul davomida viloyat aholisi uchun dolzarb boʻlgan muammolar oʻrganib chiqilib, respublika darajasida hal etiladigan masalalarni hal etish yuzasidan takliflar tayyorlandi.

08.06.2020

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Қимматли қоғозлар бўйича дивидендларIshonch telefoni7 Sentabr 201916 Sentabr 2019Qashqadaryo viloyati
Уй-жой билан таъминлашXalq qabulxonasi10 Avgust 201917 Sentabr 2019Toshkent viloyati

Foydali resurslar