2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Xalq qabulxonalari faoliyatini ilmiy va amaliy jihatdan oʻrganmasdan turib ularni takomillashtirish mushkul

Mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishda Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonalarning ahamiyati beqiyos.

Mazkur tizimning asosi boʻlgan Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari bevosita davlat rahbariga murojaat qilish, xalq bilan doimiy muloqot olib borish, odamlarni qiynab kelayotgan muammolarni oʻz vaqtida samarali hal etishning taʼsirchan mexanizmiga aylandi.

 

Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, boshqaruv tizimi sifatini oshirishda “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan asosiy tamoyilni amalda toʻliq taʼminlash boʻyicha hali koʻp ish qilishimiz zarur”.

 

Qonunchilikni tahlil etish shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonunining 10-moddasida uch asosiy boʻgʻindan tarkib topgan Xalq qabulxonalari tizimi belgilangan boʻlib, unga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tumanlar va shaharlardagi (tumanga boʻysunuvchi shaharlardan tashqari) Xalq qabulxonalaridan iborat.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tumanlar va shaharlardagi Xalq qabulxonalari aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni tashkil etish, ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini toʻlaqonli himoya qilishga qaratilgan boʻlib, fuqarolar murojaatlari bilan ishlashning eng samarali tizimi faoliyatini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi.

 

Ayni vaqtda mamlakatimizda joylarda 208 ta Xalq qabulxonalari samarali faoliyat yuritmoqda. 2019-yildagi statistik maʼlumotlar tahlili shuni koʻrsatadiki, Virtual va Xalq qabulxonalariga jami yiliga 1 milliondan ziyod murojaat kelib tushgan.

 

Xalq qabulxonalari jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini himoya qilishda ularga eng yaqin boʻlgan haqiqiy xalqchil demokratik institut hisoblanadi. Shu bois har bir jismoniy va yuridik shaxs murojaati Xalq qabulxonalari tomonidan har tomonlama chuqur tahlil etilgan holda oʻrganib chiqilmoqda. Zarurat vujudga kelganda esa murojaatlar oʻz oʻrnida boshqa tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda hal etilmoqda. Biroq mavjud amaliyot va tahlillar shuni koʻrsatadiki, muammolar oʻz vaqtida, joyida hal qilinmaganligi, fuqarolar murojaati qanoatlantirilmagan, paysalga solib kelingani, rahbar xodimlarning masʼuliyatsizligi va davlat tashkiloti vakillariga fuqarolar ishonchsizligi sabab Xalq qabulxonalariga murojaat qilinayotganligini ham koʻrsatmoqda. Xalq qabulxonalari tomonidan murojaatlar oʻrganilganda eng avvalo murojaatning yuzaga keltirayotgan omillar, sabablar va shart-sharoitlar toʻliq oʻrganib chiqiladi. Bu esa oʻz navbatida, birinchidan, takroriy murojaatlarni oldini olsa, ikkinchidan, bir turdagi murojaatlarni hal qilish amaliyoti samaradorligini oshirish imkonini beradi. Chunki kamchilik va muammo bor joyda hech qachon oʻsish, rivojlanish va taraqqiyot boʻlmaydi.

 

Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonuni tatbiq etilmaydigan murojaatlarni Xalq qabulxonasi koʻrib chiqmaydi. Bunday holatlarda fuqarolar oʻz murojaatlarining mazmuni, predmeti va tegishliligi boʻyicha sudlar va boshqa masʼul idoralarga bevosita murojaat etishlari mumkin. Xalq qabulxonasining asosiy vazifasi aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni tashkil etish hamda fuqarolarning davlat organlariga murojaat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlarining soʻzsiz amalga oshirilishi uchun zarur sharoitlar yaratish bilan belgilanadi.

 

Izlanishlar shuni koʻrsatdiki, ayni vaqtda davlatimizda Xalq qabulxonalari faoliyatini yana-da takomillashtirish boʻyicha maxsus ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirilmagan. Bu esa istiqbolda mazkur sohani yana-da rivojlantirishga qaratilgan fundamental va amaliy tadqiqotlarni olib borish va ilmiy va amaliy jihatidan tadqiq etib oʻrganishning naqadar dolzarbligini koʻrsatmoqda. Shuningdek, kelajakda Xalq qabulxonalari bilan tegishli xalq deputatlari Kengashlarining oʻzaro faoliyati hamkorligini yangi bosqichga koʻtarish talab etmoqda. Darhaqiqat, bunda asosiy eʼtibor Xalq qabulxonalarini tashkiliy kadrlar bilan taʼminlash, hududdagi tashkilotlar rahbarlari faoliyati hamda ularni murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan hisobotini tanqidiy muhokama etish, hududlarda murojaatlar bilan ishlash ahvoli, sayyor shaxsiy va ommaviy qabullar oʻtkazish tizimi va uni qay darajada samarali tashkil etish darajasi va natijasi kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratish zarur.

 

Xalq qabulxonalari oʻzlariga tegishli hududlarda aholi oʻrtasida dolzarb mavzularda raqamlashtirilgan texnologiyalardan foydalangan holda soʻrovnomalar oʻtkazish amaliyotini keng joriy etish lozim. Bunday amaliyot hududlardagi ijtimoiy muhitni har tomonlama va toʻliq oʻrganish hamda aholi muammolarini hal qilishda ochiqlik, shaffoflik va xolislikni taʼminlash imkonini beradi. Bu esa hududdagi aholini qiynayotgan muammolarni tezda aniqlash orqali ularni bartaraf etish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrish imkonini beradi. Bunday jarayonlarda hududiy davlat organlari, shuningdek faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha jamoat va nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligini koʻrsatmoqda. Bundan tashqari, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha aholining taklif va tavsiyalarini olishning samarali usullari va vositalarini ishlab chiqish ham kelajakda hal etilishi lozim boʻlgan muhim masalalardan hisoblanadi. Bildirilgan taklif va tavsiyalar hamda murojaatlarda koʻtarilgan masalalarni tahlil qilish asosida qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

 

Davlat boshqaruvining samaradorligi davlat xizmati lavozimlarini egallagan shaxslarning oʻzlariga yuklatilgan vazifalarini malakali, vijdonan va xolis bajarishlariga bevosita bogʻliqdir. Ayrim holatlarda baʼzi bir mahalliy darajadagi rahbar kadrlar hali-hanuz eskicha boshqaruv usullari va yondashuvlardan voz kecha olmayapti. Ijro organlari rahbarlari ishiga baho berishda Xalq qabulxonalari va tegishli xalq deputatlari Kengashlarining oʻrni va rolini yana-da oshirishni taqozo etmoqda.

 

Xalq qabulxonasi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish uchun bir qator huquqlar berilgan. Xususan, sektorlar shtabi tarkibiga kiritilgan davlat organlari hududiy boʻlinmalarining mansabdor shaxslari va xodimlarini ragʻbatlantirish yoki yoʻl qoʻyilgan jiddiy kamchiliklar uchun ularni lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan intizomiy javobgarlikka tortish boʻyicha yuqori turuvchi davlat organlariga takliflar kiritish nazarda tutilgan. Bunday holatlarda mansabdor shaxslar va xodimlarni ragʻbatlantirish yoki yoʻl qoʻyilgan jiddiy kamchiliklar tegishli xalq deputatlari Kengashlarida ochiq va keng muhokama etish amaliyotni joriy etish maqsadga muvofiq. Bu esa mazkur jarayonda chinakam xalq vakillari ishtiroki orqali erishilgan ijobiy tajribani ommalashtirish va munosib eʼtirof etish imkonini bersa, jiddiy kamchiliklar uchun esa kelajakda munosib va asosli taʼsir chorasi qoʻllanilishiga erishish imkonini beradi. Shu bilan birga, Xalq qabulxonasi davlat organlariga koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish vakolati berilgan. Biroq qonunchilikda davlat organlari tomonidan mazkur taqdimnomani koʻrib chiqish muddatlari, tegishli davlat organlarida muhokamalar tashkil etish natijasi va eng muhimi, taqdimnomaga asosli javob yoʻllash kabi tartib-taomillar aniq belgilanmagan. Shu bois istiqbolda barcha darajadagi rahbar kadrlar masʼuliyati va javobgarligini oshirish maqsadida taqdimnomalarni koʻrib chiqish tartib-taomillari qonunchilikda qatʼiy mustahkamlanishi lozim.

 

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, Xalq qabulxonalarini shakllantirishda hokimlar ishtirokini qayta koʻrib chiqish lozim. Xalq qabulxonalarini shakllantirishda tegishli hokimlar ishtiroki birmuncha bahsli masaladir. Xalq qabulxonasi ayrim xodimlarining tegishli hokimlar tomonidan tayinlanishi amaliyoti bir tomondan, ularni oʻz faoliyatida bevosita hokimga boʻysunishiga imkon bersa, boshqa tomondan esa koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan murojaatlarni hal etilishiga ham maʼlum maʼnoda oʻz taʼsirini koʻrsatmasdan qolmaydi. Shu bois Xalq qabulxonalari xodimlari faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi tavsiyasiga asosan tegishli deputatlar Kengashi tomonidan tasdiqlansa maqsadga muvofiq boʻlar edi. Bunday amaliyotni joriy etilishi Xalq qabulxonasi va uning xodimlari faoliyati uchun tegishli xalq deputatlari Kengashlarining ham masʼuliyatini oshirishga xizmat qiladi.

 

Oʻrganish shuni koʻrsatadiki, yaqin kelajakda Xalq qabulxonalari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini yana-da takomillashtirishga oid qonun ijodkorligi faoliyatini yana-da yangi bosqichga koʻtarish muhim istiqbolli yoʻnalishlardan biriga aylanishi zarur. Biroq qonunchilikni rivojlanishi bir vaqtda uning ijrosini taʼminlash masalasi ham yana-da dolzarb ahamiyat kasb etishini aslo unutmaslik lozim. Shu bois mazkur institutni ilmiy va amaliy jihatidan tadqiq etib oʻrganish doirasini yana-da kengaytirish maqsadga muvofiq. Ayniqsa, bu borada Xalq qabulxonalari konstitutsiyaviy maqomiga aniqlik kiritish va yana-da rivojlantirish, davlat organlari va har bir deputatning Xalq qabulxonalari bilan doimiy ishlash mexanizmi va uning tartib-taomillarini qonunchilikda mustahkamlash dolzarb ilmiy tadqiqot yoʻnalishlaridan hisoblanadi. Bu borada ilgʻor xorijiy davlatlar va noyob milliy tajribamizni chuqur oʻrgangan holda kelajakda Xalq qabulxonalari faoliyatini toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan maxsus qonun bilan tartibga solish maqsadga muvofiq. Mazkur qonunda Xalq qabulxonasi maqomi, Xalq qabulxonasi faoliyatni baholash tartibi va mezonlari, Xalq qabulxonalarining davlat organlari, deputatlar korpusi bilan oʻzaro hamkorligi va boshqa shu kabi muhim masalalar oʻz ifodasini topishi lozim.

 

Xulosa qilib aytganda, Xalq qabulxonalari faoliyatini ilmiy va amaliy jihatdan tadqiq etib oʻrganmasdan turib ular faoliyatini yana-da takomillashtirishga erishish mushkul masaladir. Shu bois mazkur demokratik institutni har tomonlama ilmiy va amaliy jihatidan oʻrganish avvalo fuqarolarning davlat organlariga boʻlgan ishonchini yana-da oshirishga, fuqarolar huquqlarini samarali taʼminlashga xizmat qilishi shubhasizdir.

 

Sirojiddin Hasanov,

Toshkent shahar Mirobod tumani Xalq

qabulxonasi mudiri, izlanuvchi

02.06.2020

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Қимматли қоғозлар бўйича дивидендларIshonch telefoni7 Sentabr 201916 Sentabr 2019Qashqadaryo viloyati
Уй-жой билан таъминлашXalq qabulxonasi10 Avgust 201917 Sentabr 2019Toshkent viloyati

Foydali resurslar