2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Global tahdidga javob: O‘zbekiston tajribasi

Yangi turdagi koronavirusning tarqalishi jahon hamjamiyati uchun favqulodda holatga aylandi. Aksariyat ekspertlar tomonidan bu Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik ijtimoiy va iqtisodiy inqiroz sifatida ko‘rilmoqda.

Ayni vaqtda ko‘pchilik dunyo siyosati va iqtisodiyoti uchun ushbu pandemiyaning yakuniy oqibatlarini oldindan aytish qiyinligini bildirmoqda. AQShning sobiq davlat kotibi G. Kissinjerning fikricha, “koronavirus pandemiyasi jahon tartibotini butkul o‘zgartiradi, siyosiy va moliyaviy o‘zgarishlar bir nechta avlod hayotida davom etishi mumkin”. Ushbu fikr bilan bahslashish qiyin. Haqiqatan ham, COVID-19 pandemiyasi millionlab insonlar hayotini “oldin” va “keyin”ga ajratadi.

Qisqa muddatlarda virusning tarqalish ko‘lami bunga har qanday hodisaga shubha bilan qarovchilarni ham hayron qoldiryapti va ularning fikri o‘zgarishiga olib kelyapti. COVID-19 tarqalish geografiyasi 216 ta davlat va hududlarni qamrab olgan. Kasallanganlar soni 2,7 milliondan oshib ketdi, vafot etganlar esa 190 ming nafardan ortiqni tashkil etmoqda.

Barchamiz uchun bu pandemiya oldindan bilib bo‘lmaydigan, ammo tarix o‘zanini burib yuboradigan hodisa bo‘ldi. Dunyoda bironta ham davlat bu illatning ham epidemiologik, ham iqtisodiy tahdidlariga to‘liq tayyor emas ekan. Virus mamlakatlarning hududi, qudrati va ta’minlanganlik darajasidan qat’i nazar, zaif ekanligini ko‘rsatdi.

Bundan O‘zbekiston ham chetda qolmadi. 15 martda Toshkent shahrida birinchi marta virus bilan kasallanish holati qayd etildi. Ayni vaqtda virusning boshqa davlatlarda shiddat bilan tarqalishi O‘zbekiston uchun unga qarshi kurashishda xorij tajribasini o‘rganish va tegishli xulosalar qilishga imkon berdi.

Bugun shuni ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu qimmatli vaqt bekorga sarflanmadi. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan o‘z vaqtida qabul qilingan choralar koronavirus infektsiyasi tarqalishi xavfiga qarshi nafaqat taktik javob, balki o‘zida tibbiy, iqtisodiy va ijtimoiy xarakterdagi uzoq muddatga mo‘ljallangan qarorlar tizimini aks ettirgan, chuqur o‘ylangan yaxlit strategiyaga aylandi.

O‘zbekiston Prezidenti raisligida koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olish, milliy iqtisodiyotga uning salbiy ta’sirini kamaytirish, ustuvor vazifalarni belgilab olish va aholining keng qatlamini manzilli qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan 14 ta videoselektor majlisi o‘tkazildi. Davlatimiz rahbari tomonidan ushbu masalalar bo‘yicha ikkita qaror va ettita Farmon imzolandi.

O‘zbekiston rahbarining COVID-19 xavfiga qarshi kurashdagi strategiyasi mohiyati nimalardan iborat?

Birinchidan, virusga qarshi vaktsina va kasallanganlarni tasdiqlangan samarali davolashning yo‘qligi sharoitida O‘zbekiston pandemiyani to‘xtatishda virus yuqishi mumkin bo‘lgan barcha yo‘lni — fuqarolarning “o‘zini yakkalash”, ijtimoiy masofalanish orqali to‘sdi. Shuningdek, kasallikni aniqlash va bemorlarni boshqalardan ajratish bo‘yicha faol choralar ko‘rdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) qayd etishicha, istalgan pandemiyaga qarshi kurashdagi asosiy tamoyil, bu — kasallik manbalarini aniqlash va tarqalishining oldini olish, vaziyatni nazoratga olishdir. Boshqacha aytganda, “kasallik holatlari qanchalik tez aniqlansa, uni engish shunchalik oson bo‘ladi”.

O‘z vaqtida ko‘rilgan qat’iy va ob’ektiv zarur cheklovlar hisobiga mamlakatda kasallanganlar soni keskin va tartibsiz ortishining oldi olindi.

Bu borada samarali yondashuv sifatida “Xitoy modeli”ni ko‘rsatish mumkin. Xitoy hukumati tomonidan ko‘rilgan qat’iy choralar evaziga mamlakat epidemiyani va uning salbiy tendentsiyalarini to‘xtatishga va normal hayot jarayonini boshlashga erishdi.

Ta’kidlash kerakki, aksariyat mamlakatlar pandemiyani dastlabki bosqichda nazorat qilish imkonini qo‘ldan boy berdi. JSST murojaatlariga qaramasdan, ular vaziyatni jiddiy qabul qilmadi. Bu esa qanday oqibatlarga olib kelganini ko‘rib turibmiz. Afsuski, har kuni yuzlab va minglab odamlarning vafot etishi ko‘pchilik mamlakatlar uchun oddiy holga aylandi.

Ikkinchidan, holatni oldindan his eta bilish va tegishli choralar ko‘rish sog‘liqni saqlash tizimiga bosimni kamaytirdi. Shifokorlarda o‘z imkoniyatlarini yanada oshirish, kuchlarni mo‘ljallab olish va COVID-19 tarqalishi ustidan nazorat o‘rnatish uchun qimmatli vaqt vujudga keldi.

Karantindagi fuqarolarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida qisqa muddatlarda 10 ming kishiga mo‘ljallangan karantin hududi barpo etildi. Shuningdek, hozirda ushbu viloyatda 5 ming kishiga mo‘ljallangan ikkita infektsion shifoxona qurilishi yakunlanmoqda. Surxondaryo, Namangan va Navoiy viloyatlarida ham har biri ming kishiga mo‘ljallangan modul klinikalari va karantin punktlarini zarur jihozlar bilan ta’minlash ishlari boshlangan.

Mamlakatimizda o‘pkani sun’iy shamollatish va narkoz nafas olish uskunalarini ishlab chiqish sa’y-harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, koronavirusni aniqlashga qaratilgan test tizimini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Tibbiyot niqoblarini uzluksiz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasida bir sutkada 4 million 500 ming niqob iste’molchilarga etkazilishiga erishildi. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston dunyoda tibbiy niqoblar taqchilligi kuzatilmayotgan sanoqli davlatlardan biridir.

Ko‘rilgan choralar natijasida davolash ishlari shoshmashosharlik bilan emas, balki bemorlarni kelgusida reabilitatsiyaga yo‘naltirish orqali reja asosida amalga oshirilmoqda. Tibbiy xodimlar o‘z kuchlarini qayta tiklab olishlari va samarali faoliyat ko‘rsatishlari uchun har 14 kunda almashtirilmoqda. Aksariyat mamlakatlarda buning uchun imkoniyat yo‘q.

Qolaversa, O‘zbekiston Prezidentining tibbiyot xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, soha xodimlariga 5 milliondan 25 million so‘mgacha, agar xodim koronavirus infektsiyasini yuqtirib olgan taqdirda 100 milliondan 250 million so‘mgacha rag‘batlantirish to‘lovlari joriy etildi. Bu, o‘z navbatida, davlat o‘z qahramonlarini qo‘llab-quvvatlashini va ularning mehnatini qadrlashini bildiradi.

Buning natijasida mamlakatimizda ayrim davlatlarda kuzatilgan tibbiyot xodimlarining ishdan yoppasiga bo‘shash yoki hukumat e’tiborini qaratish maqsadida ko‘chaga chiqish hollari yuz bermadi.

Uchinchidan, inqiroz salbiy oqibatlarining fuqarolar farovonligiga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan choralar qabul qilindi.

Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga yo‘naltirilgan 10 trillion so‘m hajmidagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil qilindi.

Xususan, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar berish maqsadida 500 milliard so‘m ajratildi. Aholiga manzilli vaqtincha ish o‘rni yaratish uchun 200 milliard so‘m Jamoat ishlari fondiga o‘tkazildi.

Bundan tashqari, infratuzilma ob’ektlari qurilishini kengaytirish bo‘yicha, ayniqsa, qishloq joylarida o‘n minglab ish o‘rinlari yaratilishini ta’minlaydigan maxsus dastur amalga oshirilmoqda.

Pandemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan iqtisodiyot tarmoqlari uchun (turizm, transport, xizmat ko‘rsatish sohasi va boshqalar) soliq ta’tillari va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni kechiktirishga ruxsat berildi. 1 oktyabrgacha ko‘plab soliq turlari uchun bekor qilish yoki pasaytirilgan stavkalar ko‘rinishidagi imtiyozlar berildi.

Banklar o‘z mijozlari — tadbirkorlar va aholining qiyinchiliklarini tushungan holda ularga ajratilgan kreditlar to‘lov muddatlarini kechiktirmoqda, omonatlar muddatini avtomatik tarzda uzaytirmoqda. Ko‘plab tadbirkorlar iqtisodiy faoliyati “muzlatib qo‘yilgan” sharoitda, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kreditlardan foydalanishdi.

Fuqarolarning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami ham e’tibordan chetda qolmadi. Bu masalada davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasida samarali sheriklik yuzaga keldi. Mamlakatimizning barcha hududida homiylik yordamlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha tegishli markazlar tashkil qilindi. Bu ishlarga O‘zbekiston yoshlar ittifoqining 18,5 mingga yaqin ko‘ngillilari jalb qilingan. Bugungi kunga qadar ular 229 mingga yaqin muhtoj oilalarga bepul yordam ko‘rsatishdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini tuzish taklifi ilgari surildi. U tadbirkorlarni yordamga muhtojlarga faol ravishda ixtiyoriy tarzda o‘zlarining beg‘araz ko‘maklarini berishga chaqirdi.

O‘z navbatida, davlat bunday tadbirkorlarga soliq, lizing, kreditlar va zarur manbalardan foydalanish uchun turli imtiyoz va afzalliklar berish orqali kompensatsiyalar taqdim qiladi. Hozirda hukumat tomonidan xayriya yordamlarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qaror qabul qilinishi kutilmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov ta’kidlaganidek, tadbirkorlar tomonidan sarflangan mablag‘ to‘laligicha davlat tomonidan qoplab beriladi.

Majburlashni nazarda tutmaydigan, lekin biznesning ijtimoiy mas’uliyatini rag‘batlantiradigan ushbu model dunyoda keng qabul qilingan va o‘zining samaradorligini allaqachon isbotlagan. Etakchi xalqaro xayriya tashkiloti bo‘lgan “Charities Aid Foundation” ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirkorlar tegishli soliq va boshqa imtiyozlaridan foydalanishsa, xayriya faoliyatiga daromadining 12 foizidan ko‘proq mablag‘larini ajratadilar.

Ayni vaqtda inflyatsiya darajasi oshishi ehtimolini tug‘dirishi va byudjet mablag‘lari taqchilligi ortishini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan aholiga pul tarqatish amaliyotidan farqli ravishda Prezident tomonidan taklif qilingan model nafaqat muhtoj odamlarga ko‘mak, balki ularning iqtisodiy faolligining o‘sishiga ham xizmat qiladi. Hududlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar markazdagi mas’ullarga qaraganda joylardagi ahvoldan yaxshi xabardordirlar. Ular muhtojlarga nafaqat manzilli yordam berishlari, balki ish o‘rinlari yaratishlari hamda mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur xom ashyolarni etkazib berishlari mumkin. Zero, bu o‘rinda aniq yo‘naltirilgan va samarali yondashuv muhim.

Koronavirus bilan kurashish maqsadida mamlakatda iqtisodiy faollikni sezilarli darajada kamaytirish, inqirozga qarshi keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun qat’iy irodali qaror qabul qilish oson emas, albatta. Davlat juda katta xarajatlarni o‘z zimmasiga olishi byudjetga katta zarar etkazadi. Faqat er solig‘i va jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i to‘lanishining kechiktirilishi byudjet tushumini 3 baravarga qisqartirdi. Mavjud vaziyat byudjetni qayta ko‘rib chiqish, xarajatlarni kamaytirish va qayta yo‘naltirish, shuningdek, ba’zi rejalarni amalga oshirishni kechiktirishni taqozo etadi.

Biroq hukumat uchun asosiy jihat — fuqarolarning sog‘lig‘ini himoya qilish, ijtimoiy majburiyatlarni bajarish vazifalari o‘zgarishsiz qolmoqda. Bu haqda davlatimiz rahbari 10-aprel kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlaganidek: “Biz bu xatarga qarshi kurashda mamlakat ichida bo‘ladimi, yurtimizdan tashqarida bo‘ladimi, bor kuch va imkoniyatlarimizni to‘la safarbar etamiz. Vatanimizda yashayotgan hech bir inson, hech bir oila davlatimiz va jamiyatimizning e’tibori va g‘amxo‘rligidan chetda qolmasligi kerak”.

Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ishlab chiqilgan strategiya yurtdoshlarimiz tomonidan yakdil qo‘llab-quvvatlanmoqda. “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘rovda qatnashganlarning 92,3 foizi hukumat tomonidan koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni to‘la ma’qullaydi. Shu bilan birga, respondentlarning deyarli uchdan bir qismi — 27,1 foizi pandemiyaga qarshi choralarni kuchaytirish tarafdori ekanini bildirgan. Ularning fikricha, karantin qoidalariga rioya qilmaganlik uchun fuqarolarning shaxsiy javobgarligini oshirish zarur.

Aholi mamlakat rahbariyatining sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlabgina qolmay, balki karantin tartibiga rioya qilish chaqirig‘iga ijobiy javob berdi. Xususan, mamlakatimiz fuqarolari MDH hududida eng intizomli deb topildi. O‘zbekiston “Yandeks” internet-resursi taqdim etgan MDH mamlakatlari orasida “o‘zini yakkalash” reytingida etakchilik qilmoqda.

Bu raqamlarning barchasi shunchaki statistika emas, balki bu aholining hokimiyatga bo‘lgan ishonchi, to‘g‘ri yo‘nalishdagi faoliyatining tan olinishidir. Zero, aholining ko‘magisiz, xavfni to‘la tushunmasdan turib, hech qanday karantin samarali bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, barcha inqirozlar o‘tib ketishini unutmaslik lozim. Hozirgi vaqtda mutaxassislar koronavirus holatlari aniqlanmagan yoki epidemiologik vaziyat yaxshilangan hududlarda karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish choralarini ko‘rmoqda. Profilaktika va gigiena qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda, barcha turdagi qurilish ishlariga ruxsat berish rejalashtirilgan. Ushbu soha 1 million 325 ming kishini ish bilan ta’minlaydi va sanoatning boshqa tarmoqlarida bandlikni qo‘llab-quvvatlaydi.

Bunday sharoitda karantindan chiqish jarayoni uning qoidalariga rioya qilishdan kam bo‘lmagan ahamiyatga ega. Bu borada shoshilish kerak emasligini Xitoy tajribasida ko‘rish mumkin. O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, barcha ishlar oqilona, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va aholining roziligi bilan amalga oshiriladi. Shu munosabat bilan, hushyorlikni yo‘qotmaslik, pandemiya tahdidlarini engib o‘tish uchun barcha resurslarni safarbar qilishni davom ettirish va sinovlarga munosib qarshi turish muhimdir.

Biz allaqachon eng asosiy narsani amalga oshirdik — ko‘rilgan chora-tadbirlar eng yomon holatni bartaraf etishga, bemorlar soni nazoratsiz o‘sishining oldini olishga va sog‘liqni saqlash tizimining barqarorligini ta’minlashga imkon berdi. Biz kasallikni hali engmadik, ammo shubhasiz, to‘g‘ri yo‘ldan ketyapmiz.

Eldor ARIPOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar
instituti direktori

25.04.2020

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Ишсиз деб эътироф этиш ва ишсизлик нафақасини тайинлашИшонч телефони12 Fevral 202421 Fevral 2024Qoraqalpog`iston Respublikasi
Ҳомиладорлик ва туғиш таътилига (декретга) чиқиш, таътил даврида тўланадиган нафақаИшонч телефони19 Fevral 202426 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Шахсий жамғариб бориладиган пенсия ҳисобварағига (ИНПС) оид масалаларИшонч телефони20 Fevral 202423 Fevral 2024Samarqand viloyati
Муҳтожларга бир марталик моддий ёрдамИшонч телефони27 Yanvar 202424 Fevral 2024Buxoro viloyati
Йўл, унга қарашли йўлак, лоток, ариқ ва бошқаларнинг талабга мувофиқ эмаслигиИшонч телефони26 Oktabr 202323 Fevral 2024Toshkent viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati

Foydali resurslar