2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Elmira Bositxonova: Yangi tuzilmani qadimiy qadriyatlar mustahkamlaydi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 18-martda oʻtkazilgan mahalla va oila muammolarini oʻz vaqtida aniqlash hamda hal etish masalalari boʻyicha videoselektorda berilgan topshiriqlar yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirildi.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi yigʻilishda taʼkidlangan mahalla va oila bilan ishlash tizimini mustahkamlash, har bir oila bilan manzilli ishlaydigan, ularni qoʻllab-quvvatlaydigan yangi tajriba yaratish, jinoyatchilikning oldini olish, ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish masalalariga alohida yondashmoqda. Shu bilan bir qatorda, Prezidentimiz aytganlaridek, vazirlik faoliyati uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Endilikda aniq amaliy ishlar va natijadorlikka oʻtish jarayoni kechmoqda.

 

Prezidentimiz oilaviy ajrimlar masalasiga alohida toʻxtalib, kichik maishiy sabablar jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarayotganini afsus bilan qayd etib, vazirlik rahbarlari, joylardagi mutasaddilar notinch oilalardagi ahvolni oldindan oʻrganib, muammoni bartaraf qilish boʻyicha manzilli ishlash kerakligini koʻrsatib oʻtgandi.

 

Kuzatishlarimcha, qaynona-kelin, oilaviy munosabatlar, ajrimlar maishiy masalagina emas, Prezidentimiz oilalardagi asosiy ob-havoni belgilovchi tonometr tarzida oʻzaro munosabatlarni koʻrsatib berganlari bois, endilikda bu masala oʻz-oʻzidan milliy va ijtimoiy ahamiyat kasb etmoqda, deb oʻylayman. Aslidayam hayotimizning asosiy qismi oʻzaro munosabatlarda oʻtadi. Oilaviy munosabatlar oiladagi muhitni belgilagani kabi, oilalardagi muhit jamiyatdagi umumiy kayfiyatni tashkil etadi. Buni “Qoʻshning tinch, sen tinch” degan oddiy gap bilan izohlab qoʻygan ona xalqimiz. Shuningdek, oilalar mustahkamligida natijaga erishish uchun “bir bolaga yetti qoʻshni ham ota, ham ona” qadriyatini tiklash ayni muddao boʻladi.

 

Bundan qariyb bir yilcha oldin men “Suyunchi” filmidagi Anzirat buvining mahallasida oʻrnatgan norasmiy tartibi, toʻgʻrirogʻi, qadriyatini targʻib etishni ilgari surgan edim. Ijtimoiy tarmoqlarda “Anzirat buvi eskilik sarqiti” deganlar ham topilgandi oʻshanda va men oʻz qadriyatlaridan bu qadar hazar qiladigan odamlarni koʻrib hayron boʻlgandim. Lekin mana bugun mahallalar uchun aynan Anzirat buvilar kerakligi, ularning oʻziga xos, hech qayerda rasmiylashtirilmagan, maosh toʻlanmaydigan faoliyati, fidoyiligiga ehtiyoj borligi maʼlum boʻldi.

 

Anzirat buvi kim? Anzirat buvi qishlogʻining, mahallasining vijdoni! Shu kabi onalarimizning maʼrifiy ibratlari millat mohiyatini asrab qoladi, yurtdagi totuvlikni, oʻzaro insoniy munosabatlar zanjiri uzilmasligini taʼminlaydi.

 

Shuni inobatga olib biz Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining xotin-qizlar va oilalar bilan ishlash yoʻnalishida tizimli va uzluksiz, samarali faoliyat yuritish mexanizmini ishlab chiqdik. Unda respublikadagi 9 121 ta MFYda kamida 30 kishidan iborat mahalla faollari (yaʼni, Anzirat buvilar) jamoasi tashkil etiladi va ijtimoiy masala boʻlgan 5 ta yoʻnalishda (Oilaga kirish, Salomatlik, Bandlik va tadbirkorlik, Jinoyatchilik profilaktikasi, Taʼlim va tarbiya) ishlaydi. Guruhlar oʻz hududida har kuni ehtiyojmand oilalarga kirib, aniqlangan muammolarning yechimi boʻyicha ishlarni tashkil etadi.

 

Yigʻilishda ayollarning turmush sharoitini yaxshilash, daromad topishi uchun sharoit yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Yurtimizda 22 mingga yaqin xotin-qiz ogʻir turmush sharoitida yashamoqda. Ular kam taʼminlangan, ishsiz, uy-joyga muhtoj va nogironligi bor ayollar boʻlib, har birining muammosiga individual yondashuv talab etiladi. Biz ishlab chiqqan fuqarolar yigʻini raisining oila va xotin-qizlar bilan ishlash masalalari boʻyicha oʻrinbosari va mutaxassislar uchun ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan ishlash boʻyicha uslubiy qoʻllanma aynan mana shu qatlamdagi ayollar manfaatlarini himoyalaydi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-apreldagi 285-son qaroriga binoan ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga ajratilayotgan arzon uy-joylarga ehtiyoj yuqori. Respublikada 2018-yilda 1456 nafar, 2019-yilda 1493 nafar xotin-qiz ana shunday uy-joylar bilan taʼminlandi. 2020-yilda bu boradagi ishlar yana-da jadallashadi.

 

Uy bilan taʼminlanganlar orasida ish haqi yetarli emasligi sababli, kredit toʻlovini oʻz vaqtida toʻlolmayotgan holatlar ham uchramoqda. Ushbuni inobatga olib, vazirlik tomonidan ehtiyojdan kelib chiqib, arzon uy-joylar sonini aynan shu toifadagi ayollar uchun koʻpaytirish, hududlarda, har bir tuman markazida ijtimoiy uylarni qurish va egalik huquqisiz ehtiyojmand, ogʻir sharoitdagi xotin-qizlarga ajratish choralarini koʻrish, kredit foizlarini pasaytirib, muddatini uzaytirish kabi yoʻnalishlarda tegishli takliflar kiritilmoqda.

 

Shu oʻrinda aytish mumkinki, avval Xotin-qizlar qoʻmitalari tasarrufida boʻlgan respublikada mavjud 197 ta Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish markazi (shundan viloyat markazlari soni 13 ta, shahar, tumanlar markazlari soni 184 ta) tomonidan 2020-yil yanvar oyi holatida murojaat etgan xotin-qizlarning 413 nafariga tibbiy yordam, 1 937 nafariga psixologik yordam, 907 nafariga huquqiy yordam koʻrsatilib, 260 nafarining bandligi taʼminlangan, 142 nafarining kredit olishida yordam koʻrsatilgan. Shuningdek, markaz mutaxassislari tomonidan 960 ta oila yarashtirilgan.

 

Mamlakatimizda xotin-qizlar bandligi masalasi ham doimo dolzarb hisoblangan. “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari” 14 ta hududda faoliyat olib bormoqda. Oʻtgan yili ushbu tadbirkorlik markazlari minglab ayollarni oʻqitdi, kredit berdi. Joriy yilda ushbu markazlar orqali Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 5500 nafar xotin-qizga 100 milliard kredit ajratilishi rejalashtirilgan.

 

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash tizimi nafaqalar, ayniqsa, bola nafaqalari tizimini isloh qilish va uni tubdan kuchaytirish boʻyicha ham yangicha yondashuvlarni ishlab chiqmoqda. Bu borada bolalar uchun toʻlanadigan nafaqalar turlari eng koʻp muhokamalarga sabab boʻlayotganini barchamiz yaxshi bilamiz.

 

Mutaxassislarning fikricha, hozirgi kunda bolalar nafaqalarining 3 ta turi mavjud va ushbu nafaqalarga ajratilayotgan mablagʻlar yalpi ichki mahsulotning 0,6 foizini tashkil etadi va ular yetarli emasligi bois, koʻplab moddiy yordamga muhtoj oilalar bolalar uchun nafaqalar bilan qamrab olinmagan.

 

Vazirlik YUNISEF tashkiloti bilan birgalikda bola nafaqalari bilan qamrov darajasini 75 foizga, muhtoj oilalarda mahsulotlar isteʼmoli, yaʼni yashash darajasini 40 foizga yetkazish va shu orqali Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasining kamayishiga hissa qoʻshish borasida takliflar ishlab chiqdi.

 

Soʻnggi yillarda yoshlarimizning oilaviy hayotga tayyor boʻlmasdan turmush qurishi jamiyatdagi juda koʻp muammolarni keltirib chiqardi. Yigitning ishsizligi bir muammo boʻlsa, qizning qaynona yoki oila aʼzolari bilan murosani bilmasligi yana bir muammo boʻldi. Globalizatsiya, migratsiya bir sabab boʻlsa, mol-dunyoga ruju qoʻyish yana bir sabab boʻlmoqda. Ichkilikbozlik, tarbiyaning yetarli emasligi, oilada oʻzaro kelishmovchiliklar esa muammolar zanjirining davomidir.

 

Bu borada muammo va sabablar talaygina. Lekin yechim yoʻllarini topish uchun ilmiy tahlillar, oqilona choralar zarur. Shu bois Prezidentimiz mahallalar qoshida boʻlgʻusi kelin-kuyovlarni oilaga tayyorlash boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etib, ularga psixologlar, obroʻli otaxon va onaxonlarni biriktirish topshirigʻini hamda “Ibratli oila” tanlovini oʻtkazish boʻyicha tavsiyalar berdi.

 

Hozir yosh nikohlanuvchilarni oilaviy hayotga tayyorlashning samarador, ilmiy asoslangan tizimi yana kuchaytirilib, toʻldirilmoqda. Shuningdek, barcha umumtaʼlim maktablarida “Orasta qizlar” va mahallalarda “Mahallaning orasta qizlari” toʻgaraklari tashkil etilib, ularning birinchi koʻrgazmali mashgʻuloti tartibi ishlab chiqildi.

 

Shu bilan bir qatorda, kasb-hunari bor ishsiz xotin-qizlarga koʻmaklashish boʻyicha Toshkent shahrining Chilonzor tumanida boshlangan tajribani boshqa hududlarda ham keng joriy etish, xotin-qizlar oʻrtasida biznes loyiha boʻyicha tanlov oʻtkazib, gʻoliblarga grantlar, kredit va joy ajratish, maqsadli jamgʻarmalar hisobidan koʻchma savdo punktlari tashkil etib, ularni ijaraga berish, yirik savdo markazlari va korxonalarda ehtiyojmand ayollar tayyorlagan mahsulotlarni sotish tizimini joriy qilish kabi yoʻnalishlarda hamkorlik olib borilmoqda.

 

Yangi tuzilayotgan har qanday tuzilma, xususan, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi mustahkam tizimga aylanishi uchun, avvalo, milliy anʼanalarimizdan oziqlanishi, bebaho va insonparvar, bagʻrikeng xalqimizdan kuch, mahalla degan qadimiy qadriyatdan andoza olmogʻi zarur.

 

Elmira BOSITXONOVA,

Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va

oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining

birinchi oʻrinbosari

25.03.2020

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Қимматли қоғозлар бўйича дивидендларIshonch telefoni7 Sentabr 201916 Sentabr 2019Qashqadaryo viloyati
Уй-жой билан таъминлашXalq qabulxonasi10 Avgust 201917 Sentabr 2019Toshkent viloyati

Foydali resurslar