2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Qizilqum bag‘ridagi mo‘jiza

Zarafshon “Qizilqum javohiri”, “O‘zbekistonning oltin sandig‘i” deya e’tirof etiladi. Bu shahar ushbu e’tiborga monand kundan kun chiroy ochayotir.

Yaqin o‘tmishda Qizilqum bag‘ridagi qimmatbaho rangli metallar zaxirasini o‘zlashtirish maqsadida barpo etilgan navqiron kentda bugun kon sanoati bilan birga, kichik ishlab chiqarish, tadbirkorlik, fermer xo‘jaliklari kabi yo‘nalishlar kun sayin rivojlanib bormoqda. 

 

Ayniqsa, so‘nggi uch yilda “Obod mahalla” davlat dasturining hayotga tatbiq etilishi, hududga mahalliy va xorijiy investitsiyalarning keng miqyosda jalb etilishi, eksport geografiyasining kengayishi bilan bir qatorda, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar safi ham oshib bormoqda. Bir so‘z bilan aytganda, shahar ahli bugun bunyodkorlik yo‘lida yaratuvchanlik kayfiyatida mehnat qilmoqda. 

 

Zero, yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarishni yanada ko‘paytirish iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va milliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish bugungi zarafshonliklarning eng asosiy maqsadidir. Shu o‘rinda birgina misol, Zarafshon shahrida so‘ngi bir yil ichida 10 turga yangi mahsulot turlari o‘zlashtirildi. Jumladan, karbit kalsiy, tayyor trikotaj buyumlar, temirdan quyma mahsulotlar, armatura, jun va qog‘oz mahsulotlarini qayta ishlash loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ayniqsa, jun va tayyor trikotaj buyumlari eksporti yangidan yo‘lga qo‘yilgani, eksport geografiyasini yanada kengaytirdi. Umuman 2019-2020 yillar iqtisodiy rivojlanish dasturiga asosan qariyb 2,2 trillion so‘mlik 37 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 1 ming 200 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan. 

 

“Amissa tekstil” korxonasi ham joriy yilgi harakatlar samarasidir. Turkiya davlatining 100 ming AQSh dollarilik to‘g‘ridan to‘g‘ri kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonada bugun oyiga 110 ming dona erkaklar futbolkalari va maykalari ishlab chiqarilmoqda. Ushbu mablag‘ga foydalanilmasdan turgan bino to‘liq qayta ta’mirlandi va Yaponiya, Xitoy, Turkiya kabi davlatlarning tikuv mashinalari keltirildi. 

 

Aytish lozimki, hozirda korxonada 250 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlangan. Umuman olganda, Zarafshon shahrida xotin-qizlarni foydali mehnatga jalb etish, qo‘shimcha daromadli ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. 

 

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 29 sentabrdagi “Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlari va Zarafshon shahrini kompleks rivojlantirish hamda aholisi bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hududda tadbirkorlar safini yanada kengaytirmoqda. “Qizilqum Zar Media” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilganini ham ushbu qaror samarasi deyish mumkin. Tadbirkor ushbu loyihani amalga oshirish uchun 5 milliard so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirdi. Natijada 16 ta yangi ish o‘rni yaratilib, qog‘ozni qayta ishlash, gazetalarni chop etish liniyalari ishga tushirildi hamda tikuvchilik sexi ish boshladi. O‘tgan yili qurilish-ta’mirlash ishlari boshlangan majmua joriy yilda faoliyatini boshladi. 

 

Kelgusida tadbirkor xorijlik hamkorlarni taklif etgan holda keng o‘lchamdagi tashqi reklama mahsulotlari ishlab chiqarish hamda qadoqlash liniyalarini ishga tushirish niyatida. 

 

Chorvachilik va parrandachilik qishloq xo‘jaligining eng serdaromad yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Ayniqsa, nasldor qoramollarni ko‘paytirish, broyler tovuqlarini parvarishlash yoxud velikan quyonlarni boqish biznesga tikkan mablag‘ni qisqa muddatlarda qaytarish imkoni beradi. Zarafshon shahridagi “Nurli diyor parranda” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi ham bu sohaning hadisini olganlardan. 2012 yili bo‘sh turgan qariyb 3 gektar maydonni egallagan bino va inshootlarni “nol” xarid qiymatida olgan tadbirkor dastlab faoliyatini tovuqlarni ko‘paytirish va tuxum yetishtirishdan boshladi. Hozirda esa 5 gektarga yaqin yem-xashak yetishtirish uchun ekin maydonlarini ham olib, faoliyatini yanada kengaytirdi. Bugungi kunda 4 ta tovuqxona binolarining har birida 3 ming donadan 12 mingta broyler jo‘jalar boqilmoqda. Ushbu kompleksni ishga tushirish, jo‘jalarni olib kelish va jihozlash uchun tadbirkor o‘z mablag‘idan 150 million so‘m sarfladi. Bu mablag‘ ko‘p kuttirmasdan o‘zini qoplay boshladi. Hozirda jamiyat tomonidan yetishtirilayotgan tovuq go‘shtlari shahar aholisiga arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib berilmoqda. Tadbirkor joriy yil yana bir loyihaga qo‘l urdi. Ya’ni, 2 ta otxona kompleksini qurib, 100 boshga yaqin otlarni boqishni yo‘lga qo‘ydi. Shuningdek, 65 sotix maydonga issiqxona qurilib, bu yerda pomidor mahsulotlari yetishtirilmoqda. 

 

Hozirda korxona tomonidan oyiga 15 tonna parranda go‘shti va 18 tonna sut ichki bozorga yetkazib berilmoqda. Yaqinda ajratilgan 2 gektar yerda esa 20 ming jo‘jaga moslashgan yana bir parrandachilik kompleksini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. 

 

Zarafshon shahrida so‘nggi yillarda shiddat bilan rivojlanayotgan tadbirkorlik yo‘nalishlaridan bir bu mehmonxona biznesidir. Shu kungacha shaharda atigi bitta mehmonxona faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirda ular safiga mehmon uylari ham qo‘shildi. Hozirda 4 o‘rindan 10 o‘ringacha bo‘lgan 4 ta mehmonxona ishlab turibdi. Dilfuza Elova 16 yildan buyon tadbirkorlikning chakana savdo yo‘nalishi bilan shug‘ullanib keladi. Mahalliy hokimlik va tijorat banklarining qo‘llab-quvvatlashi bilan tadbirkor 9 o‘ringa mo‘ljallangan shinamgina mehmon uyini ham tashkil etdi. 

 

Shuningdek, bu sohadagi yana bir yangilik tadbirkor Diyor Hakimov tomonidan 70 o‘rinli, Turkiya texnologiyasi asosida mehmonxona qurib bitkazilish arafasida. Bu qurilish ob’ektining o‘ziga xosligi shundaki, bino qariyb uch yarim oyda yakuniga yetkazilmoqda. 

 

“Obod mahalla” Davlat dasturi doirasidagi qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari Zarafshon shahrini ham chetlab o‘tmadi. Hududdagi “Alisher Navoiy” va “Yoshlik” mahallalari dastur ijrosi natijasida butunlay yangicha qiyofaga kirdi. Misol uchun, qariyb 7 milliard so‘m sarflanib, 70 dan ortiq ko‘p qavatli uylarning fasad, yer to‘la, tom qismlari ta’mirlandi. Shuningdek, 6 milliard so‘m mablag‘ evaziga 1 va 4-umumta’lim maktablari mukammal ta’mirdan chiqarilgan bo‘lsa, 1,5 milliard so‘m mablag‘ sarflanib 2 ta zamonaviy mahalla binolari qurib foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, qariyb 9 kilometr uzunlikdagi yo‘llar ta’mirlanib, ta’mirtalab qismlari asfalt qoplamasi bilan qoplashga 3,2 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi va shu asnoda mahallalar butunlay yangicha qiyofaga kirdi. 

 

Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida amalga oshirilayotgan ishlar ham e’tirofga molik. Bolajonlarning vaqtini chog‘ o‘tkazuvchi sevimli maskanlaridan bo‘lish bilan bir qatorda, ularning aqliy, jismoniy va ruhiy jihatdan kamolotga yetishi uchun muhim bosqich vazifasini ham o‘taydi. Shuning uchun ham ularni muassasalarga to‘liq qamrab olish muhim masala hisoblanadi. Zarafshon shahrida 2017 yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 15 tani tashkil etgan bo‘lsa, ayni paytda bu ko‘rsatkich 24 ta yetdi. Bog‘cha yoshidagi 6 ming 800 nafar bolaning 5 ming 240 nafari qamrab olindi. Bu raqam kelgusi yili 6 ming 400 nafar yoki 93 foiz bo‘lishi rejalashtirilgan. 

 

Ahamiyatlisi, oilaviy va xususiy bog‘chalarning faoliyat yuritishi uchun ham keng sharoit yaratilmoqda. “Oltin vodiy” mahallasi hududidagi “Zarshodon bolajon” xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotining loyiha qiymati 1 milliard 850 million so‘mni tashkil etadi. Yangidan barpo etilayotgan 2 qavatli ushbu muassasaning foydalanishga topshirilishi bilan yana 150 nafar bolajonning zamonaviy sharoitlarda ta’lim-tarbiya olishiga imkon yaratiladi. 

15.11.2019

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Уй-жой билан таъминлашXalq qabulxonasi10 Avgust 201917 Sentabr 2019Toshkent viloyati
Қимматли қоғозлар бўйича дивидендларIshonch telefoni7 Sentabr 201916 Sentabr 2019Qashqadaryo viloyati

Foydali resurslar