2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Orolboʻyida kelgusida yana qanday yirik loyihalar amalga oshiriladi?

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpogʻistonga joriy yil 20-21-avgust kunlari kunlari tashrif buyurgan edi. Tashrif yakuni bilan 2019-2021-yillarda Qoraqalpogʻistonni kompleks rivojlantirish boʻycha dastur qabul qilindi.

Ushbu dasturga koʻra, keyingi 3 yilda jami 14 trillion 684 milliard soʻm evaziga 697 loyiha amalga oshirilishi belgilangan hamda shuning hisobidan 14 mingga yaqin ish oʻrinlari yaratilishi nazarda tutilgan. Bunda xorijiy investitsiyalarning hissasi 914 million 735 ming dollarni tashkil qilmoqda.

 

Bugungi kunda Qoraqalpogʻistonning Nukus shahri, Moʻynoq va Qanlikoʻl tumanlari, eng chekka qishloqlari ham katta qurilish va obodonlashtirish maydonlariga aylangan. Prezidentimizning tashrifi davomida hududni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan 5 ta asosiy vazifa belgilab berildi. Investitsiyalarni keng jalb qilgan holda sanoatni jadal rivojlantirish, sohalarda sanoat korxonalarini tashkil qilish, tadbirkorlikka keng yoʻl ochish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, hosildorlikni oshirish, sanoat korxonalarini ishga qoʻshish va xalqimiz uchun zamonaviy infrastrukturani yaratish, Orolboʻyi xalqining yashash sharoitlarini yaxshilash ushbu vazifalarning mohiyatini tashkil qiladi.

 

Hududda keyingi uch yil ichida amalga oshiriladigan eng yirik loyihalardan Qipchoq posyolkasi qoshidan Amudaryoga avtomobil va temir yoʻl koʻprigini qurish, Nukus-Oqtov yoʻnalishi boʻyicha avtobus va temir yoʻl qatnovini yoʻlga qoʻyish, “ Nukus-Qoʻngʻirot-Dovut ota” avtomobil yoʻlining 240 kilometr qismini taʼmirlash ishlarini taʼkidlash mumkin. Shuningdek, Qoraoʻzak va Taxtakoʻpir tumanlari markazlarida “Obod markaz” dasturlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

 

Alohida taʼkidlash joiz, bugungi kunda Qoraoʻzak tumanidagi “ Tebinbuloq” koni asosida kon-metallurgiya majmuasini qurish loyihasi boshlanmoqda.

 

Uch yilga moʻljallangan dasturga koʻra, Nukus shahrida lak-boʻyoq mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasini ishga tushirish, 50-60 foiz gʻalla maydanlarini chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va don korxonalariga klaster usulida biriktirish, Germaniyaning tajribali mutaxassislari va zamonaviy texnologiyalari asosida naslchilik va chorvachilik klasterlarini ochish, “ Daryooraligʻi” suv saqlagʻichida yiliga 20 ming tonna baliq yetishtirish, noyabr-fevral oylarida Orol dengizining qurigan maydonidagi 700 ming gektarga saksovul ekish ishlari rejalashtirilgan.

 

Shuningdek, “Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik trast fondi”ning mablagʻlari hisobidan Moʻynoq tumanida Koreya texnologiyasi asosida koʻp tarmoqli tibbiy klinikani hamda 100 oʻrinlik emlash-reabilitatsiya markazini qurib, foydalanishga berish, Ellikqalʼa, Moʻynoq va boshqa tumanlarning turizm potensialidan samarali foydalanish, yangi turizm marshrutlarini ochish, Nukus shahrida “Nukus siti” loyihasini amalga oshirish koʻzda tutilgan.

 

Taʼkidlash joizki, Orol dengizining qurigan tubiga avval 30-40 yil davomida atigi 400 ming gektariga choʻl oʻsimliklari ekilgan boʻlsa, oʻtgan yilning dekabr oyidan joriy yilning may oyiga qadar, yaʼni 6 oy ichida qariyb 500 ming gektarga saksovul ekildi. Endi bu koʻrsatkich 700 ming gektarga yetkaziladi.

 

Nukusda hozirda eng baland binolar 9-11 qavatni tashkil qiladi. Kelgusida shahar markazida, yaʼni, “Doʻstlik” kanalining qirgʻogʻidagi “Nukus siti”da 16-20 qavatli uylarni koʻrish mumkin.

 

Qoraqalpogʻistonliklarni Mustaqillik bayrami arafasida yana bir quvontirgan yangilik – Boʻzotov tumanining qayta tashkil qilinishi boʻldi.

 

Joriy yilning birinchi yarim yilligida Qoraqalpogʻistonda yalpi hududiy mahsulotlar hajmi 7 trillion soʻmni tashkil qilgan boʻlsa, ushbu koʻrsatkich yil oxiriga qadar 15 trillion soʻmga yetishi kutilmoqda.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA

06.10.2019

Foydali resurslar