2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Yasharib, yangilanayotgan Arnasoy

Bu yil Arnasoyga bahor boshqacha keldi. Tabiatning uygʻonishi, koʻngillarni ilitgan quyosh tafti, dala-qirlarni qoplayotgan yashillik bilan birga, tuman markazida boshlangan qurilishu taʼmirlash ishlari koʻchalar, turar joylar, tashkilotu korxonalarni, taʼbir joiz boʻlsa, odamlarning oʻy-qarashlarini koʻklam yangligʻ oʻzgartira boshladi.

Yuzlab quruvchilar, oʻnlab texnikalar yordamida amalga oshirilayotgan ishlar koʻlamini koʻrgan arnasoyliklar yurtimizga zamonaviylik va koʻrk bagʻishlayotgan “Ilgʻor hudud” sinov loyihasining qudratli toʻlqini ular yashayotgan manzilga ham yetib kelganligini his etishdi. Koʻp qavatli uylar tevaragidagi pastqam bostirmalar, noqonuniy qurilgan inshootlar buzilib, koʻp yillardan buyon toʻplanib qolgan chiqindilar tashib ketildi.

 

Turar joylar, korxona va tashkilotlar binolari, infratuzilma obyektlarini zamonaviy shaharsozlik va meʼmorchilik talablariga mos tarzda qayta qurish va taʼmirlash, markaziy koʻchalarni kengaytirish, muhandislik kommunikatsiyalarini yangilash choralari koʻrildi. Chunonchi, tuman markazidagi Gʻoliblar shaharchasi, Bobur, Gʻafur Gʻulom nomli hamda Oltin vodiy mahallalaridagi 41 ta koʻp qavatli uyning tomi, eshik va derazalari, ichimlik suvi, tabiiy gaz va oqova suv tarmoqlari yangilandi. Yashash joylari qarshisida bolalar va sport maydonchalari yuzaga keltirildi. Bundan tashqari,

 

1704 ta yakka tartibdagi turar joy zamonaviy devorlar bilan oʻralib, uygʻun ranglarda boʻyoqdan chiqarildi.

 

— Tumanimizda olib borilgan qurilish-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarida 100 dan oshiq texnika,

 

6 ming nafarga yaqin quruvchi qatnashdi, — deydi Arnasoy tumani hokimining oʻrinbosari Roʻzimurod Boboyev. — Natijada tuman madaniyat markazi, dehqon bozori, avtoshohbekat kabi 40 dan ziyod bino va maishiy xizmat koʻrsatish inshootlari taʼmirlandi, 24 ta tashkilot va korxona uchun yangi bino qurildi, 38 ta savdo, maishiy xizmat va ishlab chiqarish shoxobchalari ishga tushirildi. Shuningdek, 3 ta yirik sanoat korxonasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. 5 kilometru 200 metr yoʻl taʼmirlandi, 18 kilometr ichimlik suvi quvurlari tortildi. 1,5 kilometr oqova suv uchun lotoklar oʻrnatildi. Bundan tashqari, 11 gektar maydon obodonlashtirilib, 24 ming tup mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekildi.

 

Prezidentimiz mehrini sezib yashamoqdamiz

 

Tuman hokimining oʻrinbosari tilga olgan sanoat korxonalaridan biri mato va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Arnasoy gold teks” masʼuliyati cheklangan jamiyatidir.

 

— 16 yildan buyon Oʻzbekistonda sanoat sohasida faoliyat koʻrsataman, — deydi “Arnasoy gold teks” masʼuliyati cheklangan jamiyatining ishlab chiqarish boʻyicha direktori Adem Ferziy. — Shu bois yurtingizdagi iqtisodiy muhit menga yaxshi tanish. Quvonch bilan ayta olamanki, soʻnggi uch yilda Oʻzbekistonda davlatning tadbirkorlikka munosabati tubdan oʻzgardi. Xorijlik mutaxassis sifatida yaratilgan ushbu imkoniyat va imtiyozlar yaqin kelajakda respublikangizni sanoati rivojlangan mamlakatga aylantirishiga ishonaman. Yana shunisi aniqki, bugun har bir tadbirkor, u xoh xorijlik, xoh mahalliy ishbilarmon boʻlsin, Prezidentingizning himoyasida, eʼtiborida ekanligini his etib turibdi.

 

“Arnasoy gold teks”ning ishlab chiqarish imkoniyatlariga keladigan boʻlsak, ayni vaqtda 100 turdan ortiq mahsulot tayyorlayapmiz. Ichki bozorga kirishimiz bir qator yengil sanoat mahsulotlarining narxini 80 foiz­gacha arzonlashtirdi. Chunki tayyorlayotgan kiyim-kechaklarimiz xorijnikidek sifatli, lekin bir necha barobar arzon. Eksportni Rossiyaga 1,2 million AQSH dollarilik kiyim-kechak va sochiq yetkazib berish bilan boshladik. Yana 1,5 million AQSH dollariga teng miqdordagi mahsulotni sotish boʻyicha shartnoma imzolanish arafasida. Keyingi bosqichda ip-kalava yigirish va matoni boʻyash texnologiyasini oʻzlashtiramiz.

 

Shu kabi korxonalarning ishga tushishi hudud aholisining bandligini taʼminlash, turmush farovonligini oshirish hamda uy-joy bilan taʼminlash uchun omil boʻlayotir. Bu esa odamlarni xorijga ish qidirib ketishdek tashvishu muammolardan qutqaryapti.

 

— 11 yildan oshiq ijarama-ijara yashadim, iqtisodimni yaxshilash niyatida xorijda ham ishlab keldim, — deydi “Arnasoy gold teks” masʼuliyati cheklangan jamiyatining modellashtirish boʻlimi boshligʻi Dildora Qayumova. — Hozir dunyoning eng ilgʻor davlatlarinikidan qolishmaydigan korxonaning mutaxassisiman. Ishli boʻldim, deb quvonib turganimda, tuman xotin-qizlar qoʻmitasi yaqinda olajak uyimning boshlangʻich toʻlovini toʻlab berdi. Bundan 3-4 yil ilgari birov hayotingda shunday oʻzgarish yuz beradi, desa ishonmasdim. Hammasidan ham ikki nafar farzandim xursand, doimo ularning yonidaman. Yurtboshimiz arzon uy-joylar qurish, odamlarni ish bilan taʼminlash choralarini koʻrmaganida, bu roʻshnoliklar qayerda edi? Balandparvoz gaplarni gapiryapti, demang-u, odamlar Prezidentimiz mehrini har qadamda sezib yashamoqda.

 

Xuddi shunday, vyetnamlik investorlar tomonidan hududda baliq, qoramol va tovuq uchun omuxta yem ishlab chiqaradigan “MMT SEA FOOD” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati yoʻlga qoʻyildi. 68 ta ish oʻrniga ega, bir kecha-kunduzda 4–6 tonna omuxta yem ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur xorijiy korxona faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 2,7 million AQSH dollari sarflangan.

 

Shuningdek, korxona qoshida yiliga 50 million dona baliq chavogʻi yetishtiriladigan inkubatsiya sexi hamda 45 gektarlik sunʼiy koʻl barpo etildi. Mazkur koʻlda zogʻorabaliq, oq amur, doʻngpeshona kabi baliqlar koʻpaytirilmoqda. Yil oxirigacha 200 tonna baliq va baliq mahsulotlari saqlanadigan muzlatkichli omborxona qurib bitkaziladi. Yurtimizdagi baliqchilik xoʻjaliklariga Vyetnamdan mahsuldor baliq zotlarini olib kelish ishlari ham amalga oshirilyapti. Qisqa qilib aytganda, Arnasoyda yirik baliqchilik klasteri yuzaga kelayotir.

 

— Arnasoy Mirzachoʻlda paydo boʻlgan eng kenja tuman hisoblanib, tashkil etilganiga 44 yil boʻldi, — deydi Gʻoliblar shaharchasi Samarqand koʻchasida yashovchi Joʻrabek Pirimqulov. — Viloyatimizning eng chekka tumani boʻlgani uchunmi, bir necha yillar eʼtibordan chetda qoldi. Ayrim joylar abgor holga kelib qolgani ham rost. Ochigʻi, qachon tumanimizga eʼtibor qaratilar ekan, deb oʻylab qolardik. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda ulkan oʻzgarishlar sodir boʻldi. Zavod va fabrikalar faoliyati yoʻlga qoʻyilib, qishlogʻu mahallalar qiyofasi oʻzgara boshladi. Qisqa muddatlarda viloyatimizdagi Manas qishlogʻi obod goʻshaga aylandi. Keyin Gagarin shahri zamonaviy koʻrinishga kirdi.

 

Mana, bu yil Arnasoyga navbat keldi va tumanimiz hech bir shahardan qolishmaydigan darajaga yetdi. Koʻchalarimizga mos tarzda koʻngillarimiz ham kengayib qolgandek. Ayniqsa, shahrimiz tunda charogʻon boʻlib ketadi. Hammasidan quvonarlisi, katta-kichik korxonalar ishga tushyapti. Odamlar oʻzga yurtlarga ish qidirib ketishdan toʻxtadi. Bu yoqda qulay shartlar asosida uy-joy berilyapti. Shundan xalqimizning qalbi quvonchga toʻlgan, hammaning yuzida mamnunlikni koʻrasiz. Bu oʻzgarishlar boshida turgan Prezidentimizdan arnasoyliklar cheksiz minnatdor.

 

Arnasoyda bir qancha tashkilotlar qatorida, tuman bandlikka koʻmaklashish markazi jamoasi ham yangi binoga ega boʻldi. Ushbu ikki qavatli inshoot qurilishi va jihozlanishi uchun 1 milliard 320 million soʻm mablagʻ sarflangan.

 

— Ilgari tashkilotimiz turli joylarda ijarada turgan, bu jihat faoliyatimiz samaradorligiga salbiy taʼsir qilardi, — deydi Arnasoy tumani bandlikka koʻmaklashish markazi direktorining oʻrinbosari Muslimbek Nasriddinov. — Yangi binoda ishga joylashtirish, jamoatchilik ishlarini muvofiqlashtirish, davlat mehnat huquqi, kasbga oʻqitish va malakasini oshirish, kam taʼminlangan oilalarni monitoring qilish kabi boʻlimlar uchun 9 ta xona mavjud. Majlislar zalimiz ham bor. Binoda zaruriy harorat taʼminlanadi. Endi fuqarolarni kasbga oʻqitish va malakasini oshirish, jamoat ishlarini tashkil etish, ishsizlar huquqlarini himoya qilishga oid faoliyatimizni yanada kuchaytira olamiz. Chunonchi, 134 nafar ishsizga kasb oʻrgatish imkoniga ega boʻldik. Shuningdek, kam daromadli oilalarga subsidiya va grantlar ajratyapmiz. Tadbirkorlik borasida yangi ish boshlaganlarga davlat roʻyxatidan oʻtkazishda, sugʻurta hujjatlarini rasmiylashtirishda yordam beryapmiz.

 

Shuningdek, joriy yilda mazkur tashkilotning moddiy qoʻllab-quvvatlovi asosida 5 ta issiqxona qurib bitkazildi, bir tadbirkorga suv tortish nasosi olib berilib, 2700 kishi jamoat ishlariga jalb qilindi. Umuman olganda, tumandagi qariyb barcha tashkilotlarda ana shunday har jihatdan qulay ish sharoitlari yaratilmoqda.

 

Yuksalishga undayotgan besh tashabbus

 

“Ilgʻor hudud” sinov loyihasi doirasida bir qator madaniy-maishiy inshootlar qad rostladi. Shulardan biri Ichki ishlar vazirligi mablagʻlari hisobidan bunyod etilgan tuman axborot-kutubxona markazi boʻlib, ushbu ziyo maskani meʼmoriy yechimiga koʻra, hududdagi eng koʻrkam binolardan biri hisoblanadi. 50 ming dona kitob sigʻimiga ega markazda 24 oʻrinli oʻquv zali hamda yana shuncha oʻrinli elektron adabiyotlardan foydalanish xonasi mavjud.

 

Oʻquv zalidagi kompyuterlar internet tarmogʻiga ulanib, WI-FIdan foydalanish uchun sharoit yaratilgan. Ayni vaqtda kutubxonadagi kitoblar soni 9 mingtani tashkil qiladi, yil oxirigacha 15 ming donaga yetkazish moʻljallanyapti.

 

— Bu yerdagi har bir jihoz, har bir buyum insonni kitob oʻqishga undaydi, — deydi axborot-kutubxona markazi xodimi Feruza Yunusova. — Misol uchun ovozli ilmiy va badiiy adabiyotlardan foydalanish, mamlakatimizning yirik kutubxonalariga virtual ulanish imkoniyati yaratildi. Hatto mutolaa jarayonida qahva ichish mumkin. Binoni isitish va sovutish, garderob, tadbirlar uyushtirish imkoniyatlari ham eʼtibordan chetda qolmagan. Bunday kutubxona viloyatimizda yagona, desam adashmayman. Mazkur maskan arnasoyliklarning bilim olishlari, kitob oʻqishlari uchun ajoyib sharoit yaratdi. Ushbu tadbir natijasi farzandlarimizning oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olishi, yurtimiz ravnaqiga hissa qoʻshadigan komil insonlar boʻlib ulgʻayishida namoyon boʻladi, albatta. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusdan biri — kitobxonlikni rivojlantirish ishiga oʻz hissamizni qoʻshayotganimizdan mamnunmiz.

 

Darhaqiqat, axborot-kutubxona markazi jamoasi tomonidan aholi, xususan, umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarini mazkur ziyo maskaniga jalb etish choralari koʻrilyapti. Bu yerga har kuni oʻrtacha 50 nafar kitobxon tashrif buyuradi. Milliy va jahon adabiyotining eng sara durdonalari jamlanganligi badiiy adabiyot ixlosmandlarining eʼtiborini tortmoqda. Arnasoy tumanidagi 8-oʻrta umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Dilnura Hayitboyeva ham badiyat olamining havasmandlaridan.

 

— Hamid Olimjon, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Anvar Obidjon asarlarini sevib oʻqiyman, — deydi Dilnura. — Orzuim – Prezident maktabida taʼlim olish va keyinchalik shifokor boʻlish. Buning uchun juda koʻp kitob oʻqishim kerakligini bilaman. Tuman axborot-kutubxona markaziga tez-tez kelib turishim sababi ham shunda. Bu yerdagi sharoit menga juda yoqadi, asosiysi, qiziqarli kitoblar koʻp.

 

Xuddi shunday, tashlandiq holatga kelib qolgan madaniyat markazining zamonaviy arxitektura talablari asosida kapital taʼmirdan chiqarilishi arnasoyliklar uchun ayni muddao boʻldi.

 

— Bu yerda yoshlarga estrada xonandaligi, maqom ijrochiligi, raqs, teatr tomoshalarini tayyorlash, videooperatorlik sirlarini oʻrgatishni yoʻlga qoʻydik, — deydi Arnasoy tumani madaniyat markazi bosh mutaxassisi Orzugul Abduhakimova. — Shuningdek, ovoz yozish studiyamiz bor. “Kamalak” xalq havaskorlik qoʻgʻirchoq teatrimiz ham ushbu markazga joylashdi. Bu yerda tez-tez konsertlar oʻtkazyapmiz. Maktabgacha taʼlim muassasalari va maktablarda dasturlarimizni namo­yish etmoqdamiz.

 

Qarovsizlikdan xarob holga kelgan madaniyat markazining qayta tiklanishi arnasoyliklarning hordiq chiqarishi uchun ajoyib sharoit yaratishi bilan birga, hududda sanʼatni rivojlantirishga omil boʻlayotir. Muxtasar qilib aytganda, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning samarali tarzdagi ijrosini shu sanʼat maskani misolida koʻrishimiz mumkin.

 

Arnasoyga keling...

 

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, bu yil tuman markazida 2 ta nodavlat, 11 ta uy sharoitidagi maktabgacha taʼlim tashkiloti barpo etilgan. Shuningdek, 3 ta oʻrta umumtaʼlim maktabi, 2 ta maktabgacha taʼlim muassasasi kapital taʼmirdan chiqarildi. Xususan, qariyb yaroqsiz holga kelib qolgan 5-sonli “Navroʻz” maktabgacha taʼlim tashkilotida bolalarning bilim olishi uchun barcha imkoniyatlar yaratildi. Taʼlim-tarbiya maskani oʻz kutubxonasi, suzish havzasi va sanʼat zaliga ega.

 

— Muassasamizda ingliz va rus tillari, musiqa, badiiy gimnastika, suzish mashgʻulotlarini sifatli tashkil eta olamiz, — deydi tarbiyachi Kamola Jalilova. — Bir qancha musiqa asboblari va bir necha yuzlab kitoblarimiz bor. Kutubxonamizni yanada boyitishni rejalashtirganmiz. Bolalarning dam olishi, sifatli ovqatlanishi uchun barcha sharoitlar mavjud, maishiy texnika va mebellar bilan taʼminlanganmiz. Yoʻl harakati xavfsizligi maydonchamiz ham bor. Maktabgacha taʼlim tizimiga juda katta eʼtibor qaratayotgan Prezidentimizdan hamda muassasamiz qurilishiga bosh-qosh boʻlgan IIV masʼullaridan benihoya minnatdormiz.

 

— Ilgari bu maktabgacha taʼlim muassasasining devorlari nurab ketgandi, binosi ham taʼmirtalab boʻlib qolgandi, — deydi Gʻoliblar shaharchasining Usmon Yusupov koʻchasida yashovchi 54 yoshli Xayri Ahmedova. — Shu bois yozda issiq, qishda sovuq, hatto zinalarning tutqichi yoʻq edi. Mana, endi bolalar taʼlim-tarbiya oladigan joyga aylandi. Doim “bormayman” deb xarxasha qiladigan nabiram ham shart-sharoitlari yaxshiligidan bu yerga shoshiladi. Yoʻllarni aytmaysizmi, qishda loy, yozda chang kechib kelardik. Hozir hamma yoʻllarimiz ravon, toʻliq asfalt qilingan. Bolalarga shunday sharoit yaratib bergan, Arnasoyimizni orzudagi shaharga aylantirgan Prezidentimizga katta rahmat.

 

– Uylar isitilmaganidan devorlar mogʻorlab ketardi, hovlidagi ichimlik suvi tarmogʻi oldida bir necha koʻp qavatli uyda yashovchilar navbatga turardi, — deydi Gʻoliblar shaharchasining Samarqand koʻchasida istiqomat qiluvchi Umida Dostonova. — Hovliga qadam qoʻyishingiz bilan oyogʻingiz loyga yo changga botardi. Endi boʻlsa, uylarning tomi, eshik va derazalari, ichimlik suvi, oqova suv, gaz tarmoqlari yangilandi. Binoning kirish qismi, yoʻlak­lar, zinalar taʼmirlandi, “aqlli” elektr hisoblagichlar qoʻyildi. Gʻorning ogʻzidek ochiq turadigan kirish yoʻlaklariga eshik va tungi chiroqlar oʻrnatildi. Xuddi avvallari chekka qishloqda yashardig-u, yaqinda shaharga kelib qolgandekmiz.

 

– Agar 8 oy ilgarigi Arnasoy bilan bugungi Arnasoyni qiyoslasangiz, osmon bilan yercha farq borligini koʻrasiz. Bolalar oʻynaydigan joyning oʻzi yoʻq edi, desam ishonasizmi? Koʻp qavatli uyda hojatxona ishlamasdi, suv yoʻq edi. Qish kelaversa, hammaga tomdan oʻtadigan chakka tashvishi tusha boshlardi. Bunday uylarda yashash qaysidir maʼnoda jazo edi, desam adashmayman. Tumanimiz markazidagi “Rahmon” jomeʼ masjidining holati ham oldingi zamonamizga mos, haminqadar edi.

 

El qadam qoʻyadigan joy borki hammasi oʻzgardi. Masjidimiz sahnini koʻtarishning oʻziga ming avtomashina tuproq va shagʻal ketdi. Ustiga 1,5 ming kvadrat metr bruschatka yotqizildi. “Vaqf” jamgʻarmasi masjid gumbazini yangilab berdi. Hozir bino ichini taʼmirlash, isitish tizimlarini almashtirish choralari koʻrilyapti. Maʼmuriy bino va tahoratxona qaytadan qurilayotir.

 

Gapimni qisqa qiladigan boʻlsam, soʻnggi yigirma yil ichida tushimizga ham kirmagan ishlar bugun amalga oshyapti. Ishonasizmi-yoʻqmi, dunyoga kelib birorta rahbarni maqtamaganman. Ammo Prezidentimiz boshlagan ezguliklar xalqimizning yuragini ishonchga toʻldir­yapti. Shundan elimiz u kishini astoydil duo qilayotir, – deydi Isrofil Qodirov.

 

Bozorlar – yurt koʻrki, uning rivojlanishi va taraqqiyotini, xalqning turmush tarzi qay darajada ekanligini koʻrsatib beruvchi koʻzgu hamdir. Katta hajmdagi qurilish va taʼmirlash ishlaridan soʻng Arnasoy tumani dehqon bozorida sotuvchi va xaridorlarga qulay sharoit yaratish borasida ibratli ishlar amalga oshirildi. Endilikda dehqonlar olib kelgan mahsulotini xaltalarga solib, yerdami, rastadami, duch kelgan joyda sotib ketaveradigan payt­lar ortda qoldi. Savdo rastalarida sotuvchilar uchun ham, xaridorlar uchun ham barcha sharoit yaratildi.

 

Xullas, Arnasoyda qilingan ezgu ishlarni sanab adogʻiga yetib boʻlmaydi. Mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan bu kabi ezgulikka yoʻgʻrilgan amallar butun mazmun-mohiyati bilan faqat inson manfaatlarini ifoda etmoqda. Jumladan, arzon turar joylar qurilayotganligi, bu uylarning kam taʼminlangan va nogironlarga imtiyozli shartlarda ajratilayotganligi, tadbirkorlarga yengilliklar yaratilib, qulay investitsion muhit yuzaga keltirilishi va ishlab chiqarishni taraqqiy ettirish borasidagi saʼy-harakatlar, qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarning iliqlashuvi, hattoki, kitob oʻqigan bolaga avtomashina berilayotgani zamirida odamlarning turmushini yaxshilash, maʼnaviyatini yuksaltirish, yurtimizni dunyoning ilgʻorlari safida boʻlishini taʼminlashdek ezgu maqsadlar mujassam.

 

Aytgancha, koʻrkam turar joylarni, keng koʻchalarni, katta-kichik sanoat korxonalarini, zamonaviy ijtimoiy, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobcha va muassasalarini, obodlik va goʻzallikdan quvonib-qoniqib yashayotgan insonlarni, shoʻx-shodon bolajonlarni koʻrishni istasangiz, Arnasoyga bir keling.

22.09.2019

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Ишсиз деб эътироф этиш ва ишсизлик нафақасини тайинлашИшонч телефони12 Fevral 202421 Fevral 2024Qoraqalpog`iston Respublikasi
Ҳомиладорлик ва туғиш таътилига (декретга) чиқиш, таътил даврида тўланадиган нафақаИшонч телефони19 Fevral 202426 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Шахсий жамғариб бориладиган пенсия ҳисобварағига (ИНПС) оид масалаларИшонч телефони20 Fevral 202423 Fevral 2024Samarqand viloyati
Муҳтожларга бир марталик моддий ёрдамИшонч телефони27 Yanvar 202424 Fevral 2024Buxoro viloyati
Йўл, унга қарашли йўлак, лоток, ариқ ва бошқаларнинг талабга мувофиқ эмаслигиИшонч телефони26 Oktabr 202323 Fevral 2024Toshkent viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati

Foydali resurslar