2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Sayyor qabulda fuqaroga uy-joy uchun boshlangʻich toʻlov toʻlab berildi

Ohangaron shahrida Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchisi Rustam Xolmatovning navbatdagi sayyor qabuli oʻtkazildi.

Ommaviy sayyor qabulda viloyat sektorlari, boshqarma va tashkilotlari, Ohangaron shahri va tumani sektorlari, korxona va tashkilotlari rahbarlari, mazkur tuman va shahar fuqarolari ishtirok etdi.

 

Ohangaron shahar Iloq mahalla fuqarolar yigʻini 10-uy 65-xonadonda yashovchi fuqaro Raʼno Tavboyeva yaqinda oshqozonidagi kasallik tufayli murakkab jarrohlik amaliyotini oʻtkazdi. Hozirda ahvoli yaxshi, ammo sogʻligini tiklashi uchun qoʻshimcha sharoit va dori-darmonga muhtoj.

 

– Meni qiynayotgan eng asosiy muammo uy-joy masalasi, – deydi R.Tavboyeva. – Oʻgʻlim 29 yoshda, uni uylantirishim kerak. Lekin ona-bola bir xonali uyda ijarada yashaymiz. Endi oʻzingiz oʻylang, shundoq ham juda noqulay boʻlgan 1-xonali uyga qanday qilib kelin olishim mumkin. Shahar hokimligidan yordam soʻrasam, kelasi yil yordam beramiz, bu yilgi kvotamiz toʻldi deyishdi. Biz esa bir kun oldin boʻlsa ham odamlarga oʻxshab yashasak deymiz. Viloyatimiz hokimidan ushbu masalada yordam soʻradim. Prezidentimiz boshliq barcha rahbarlarga ming rahmat, hokim mana shu yil uyli boʻlishimni aytib, mutasaddi rahbarlarga uy-joyning boshlangʻich toʻlovini toʻlash boʻyicha topshiriq berdi.

 

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Rustam Xolmatov shuningdek, R.Tavboyevaga salomatligini tiklashi uchun Tovoqsoy sanatoriysiga bepul yoʻllanma berish hamda zarur dori-darmonlar bilan taʼminlash boʻyicha tegishli tashkilot rahbarlariga topshiriq berdi.

 

Qabulda R.Tavboyeva singari muhim hayotiy zarurat yuzasidan kelgan 50 ga yaqin fuqaroning sud-huquq, uy-joy, ichimlik suvi, gaz, elektr, yoʻl, sogʻliqni saqlash, taʼlim kabi yoʻnalishlar boʻyicha murojaati tinglanib, maʼlum qismi shu joyning oʻzida ijobiy hal etildi.

 

– Viloyat, tuman va shahar markazlarida “Nuroniylar maskani”ni qurish boʻyicha 2016-yilda Prezidentimizning tegishli hujjati qabul qilingan edi, – deydi nuroniy Yoʻldosh ota Ergashev. – Oradan qancha vaqt oʻtayapti, lekin bizning shaharda ushbu maskan qurilishidan darak yoʻq. Axir shaharda qancha nuroniylarimiz bor, ularning koʻpi koʻp qavatli uylarda yashaydi. Ularga sharoit kerak. Yurtboshimiz aynan shuning uchun ham nuroniylar uchun maxsus maskanlar qurish boʻyicha hujjat qabul qilgan edi. Viloyat hokimidan shu masalada yordam soʻradim, mutasaddilarga bu boʻyicha topshiriq berdi.

 

Sayyor qabulda maʼlum vaqt talab etiladigan murojaatlar yuzasidan zarur vazifalar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.

 

A.Xudoyqulov, T.Madaminov (surat), OʻzA

13.07.2019

Foydali resurslar