2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Orol taqdiridagi muhim o‘zgarishlar

Bir paytlar Orol dengizi suvining hajmi 1064 kub kilometrni tashkil qilgan. Sirdaryo va Amudaryo suvi quyiladigan dengiz sathi keyingi 35 yilda 20 metrga pasaydi. 1960 yildan 1996 yilga qadar dengiz 748 kub kilometr suvini yo‘qotdi. Hozirda Orol muammosi global tus olgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Orolning qurigan maydonida paydo bo‘lgan juda katta sahrodan yiliga 100 million tonna tuzli chang ko‘tariladi.Bu chang zarralari Yevropa davlatlari, Norvegiya o‘rmonlarigacha yetib bormoqda.

 

Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish yuzasidan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev amaliy tashabbuslar bilan chiqdi va bugungi kunda uning ilk natijalari ko‘rinmoqda. Bu borada BMT shafeligida Orolbo‘yi mintaqasida aniq loyihalarni amalga oshirish uchun ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi Trast fondining tashkil etilishi muhim voqea bo‘ldi. 

 

Shuningdek, Prezidentimizning 2017 yil 18 yanvardagi qaroriga muvofiq 2017-2021 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi qabul qilindi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish jamg‘armasi tuzildi va unga 200 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. 

 

Orol dengizining Mo‘ynoq tumani hududida joylashgan qismida bundan 50-60 yil oldin chuqurligi 56 metrlik suv bo‘lgan. Prezidentimiz tashabbusi bilan mazkur hududga saksovul ekilib, o‘ziga xos o‘rmonga aylantirish choralari ko‘rilmoqda.

 

Orolning qurigan maydonida saksovul ekish ishlari 2018 yil 17 dekabrdan boshlandi. Ushbu tadbirlarda ko‘ngilli sifatida nafaqat Qoraqalpog‘iston Respublikasidan, balki respublikamizning barcha viloyatlaridan davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, aholi ishtirok etdi. 2018-2019 yilning qish-bahor mavsumida dengizining qurigan tubida saksovul va sho‘rga chidamli o‘simliklar ekilib, butazorlar barpo etildi. Bunday hududlarning umumiy maydoni qariyb 700 ming gektardan oshdi.

 

– Prezidentimiz tashabbusi bilan qish, bahor mavsumida Orol dengizining qurigan tubida qariyb 500 ming maydonga uchar apparatlar va yerdagi texnikalar orqali saksovul urug‘lari sepildi, – dedi O‘zbekiston Ekologik partiyasi guruh rahbari Erkin Omonov. – Yana 1,1 million gektar yerga saksovul ko‘chatlarini ekish uchun ariqlar olindi.

 

Shu o‘rinda nega aynan saksovul tanlandi, degan savol tug‘ilishi mumkin.

 

Saksovul tabiiy yovvoyi o‘simlik bo‘lib, sho‘r va changga chidamli, o‘zida zararli moddalarni ushlab qolish xususiyatiga ega. Aynan shu o‘simlikning tanlanishiga uning o‘sgandan keyin tabiiy ko‘payishi ham inobatga olindi. Saksovul urug‘larini yig‘ishda Orolbo‘yi aholisi ham yaqindan ko‘mak berdi. Shuningdek, yerning sho‘rligiga, suvsizlikka bardosh beradigan qandim, cherkez kabi yana ko‘plab o‘simliklar ekish maqsad qilingan. Bu sa’y harakatlar kelgusida mo‘tadil ob-havoni ta’minlash bilan birga Orolbo‘yi hududlariga foydali bo‘lgan chorvachilik, baliqchilik va bog‘dorchilikni rivojlantirishga zamin yaratadi.

 

Gulnoza BOBOEVA, O‘zA

12.07.2019

Foydali resurslar