2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Tomorqaning xazina ekani rostmi?

Bir hovlida bu fikr toʻgʻriligi isbotini topadi, boshqasida esa...

Bu voqeani menga Samarqanddagi bir turfirma vakili soʻzlab bergan edi. Shahrisabz dehqon bozorini aylanib yurgan fransiyalik sayyoh hayratini yashirolmay: “Bu yerga kelishdan oldin internetdan sizning mamlakatingiz haqida koʻp maʼlumotlar oldim. Meni ajablantirgani sizlarda kam taʼminlangan oilalarning ham oʻz tomorqasi bor ekan. Bizda-chi? Bizda hatto koʻplab mansabdorlar ham bir qarich yerning bahosi oltinga teng boʻlgani uchun ijarada istiqomat qiladi”, degandi.

 

Darhaqiqat, mamlakatimizda koʻp qavatli uylarda istiqomat qiluvchilarni hisobga olmaganda, barcha xonadonlar oʻz tomorqasiga ega. Masalan, Qamashi tumanida bugungi kunda 52 ming 16 xonadon boʻlib, ular ixtiyoridagi tomorqa yerlari oz emas-koʻp emas – 4 ming 273 gektar.

 

Tumanda tomorqa imkoniyatlaridan samarali foydalanayotgan xonadonlar talaygina. Ular davlatimiz tomonidan tomorqa xoʻjaligini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor kuchaytirilayotgani tufayli oʻziga tegishli yer maydonlaridan unumli foydalanib, nafaqat oilasi daromadini oshirmoqda, balki bozor toʻkinligi va el-yurt farovonligiga ham katta hissa qoʻshmoqda.

 

Masalan, Chim qishlogʻidagi ”Sarbozor” mahalla fuqarolar yigʻinida 816 xonadon yashaydi. Qishloq aholisi, ayniqsa, piyoz va sarimsoqpiyoz yetishtirish hadisini olgan. Bu ixtisoslashuv aholining tomorqaga boʻlgan qiziqishini oshirmoqda. Jumladan, Joʻra Erdonov yoshi 65 ni qoralagan boʻlsa-da, hali bardam. Mehnat ortidan qavargan qoʻllar, yuzdagi ajinlar dehqon boboga oʻzgacha salobat bagʻishlagan. Oila yashayotgan hovlining 24 sotixi ekin maydoni. Uning kattagina qismiga piyoz urugʻini qadagan. Qolaversa, Joʻra bobo oʻziga katta yoʻl yoqasidan obodonlashtirish hududi qilib berilgan 15 sotixcha maydonga ham piyoz ekkan. Hozir boʻy koʻrsatib qolgan piyozlar koʻzni quvnatadi. Yerning qolgan qismi sabzavot va poliz ekinlari uchun tayyorlab qoʻyilgan. Yana ozroq qismiga toʻqsonbosti usulida kartoshka ekilgan. Mana shu tomorqasidan Joʻra bobo yiliga 2-3 marta hosil olib, yaxshigina daromad topmoqda.

 

– Ilgari bu yerlar bekor yotardi. Chorva uchun ozuqa yetishtirib olardik, – deydi Joʻra Erdonov. – Bizda koʻpchilik chorvachilik bilan mashgʻul boʻlgani uchunmi, qiziqish boʻlmagan, deyman-da. Mana, ikki-uch yildirki, tomorqadan unumli foydalanib, moʻmay daromad qila boshladik. Bu yil ham 30-35 million daromad qilishni moʻljallab turibmiz. Birgina piyozning oʻzidan 15 million daromad qilamiz. Sababi, uni uch marta kesib sotamiz. Bundan tashqari, pomidor, bodring ekamiz. Xullas, yerni boʻsh qoʻymaymiz. ”Yerni boqsang, yer seni boqadi”, deganlari shu boʻlsa kerak. Hozir issiqxona qurdiryapmiz. U ham qoʻshimcha daromad degani.

 

Shu koʻchadagi Toʻra Normurodov xonadoni ham obod. Mevali daraxtlarga shakl berilgan. Hovlidagi bir parcha yerdan ham unumli foydalanilgan, tomorqaga, hatto yoʻl chetidan obodonlashtirish maqsadida ajratilgan yerga ham piyoz, turli koʻkatlar ekilgan. Yerdan olinayotgan daromad oila farovonligiga xizmat qilmoqda.

 

Sarbozorda istiqomat qiluvchi Salim Normurodov oilasiga esa Prezidentimiz Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida bildirgan fikr maʼqul tushib, xonadonida kurkachilikni rivojlantirish choralarini koʻrmoqda. Hozir kurkalar soni qariyb 1000 boshga yetgan. Yil oxiriga qadar ular sonini 7 hissaga oshirishni rejalashtirmoqda.

 

– Kurkachilik koʻp mehnat talab qilavermaydi, – deydi Salim Normurodovning turmush oʻrtogʻi Tojixol Islomova. – Tuxumdan ochib chiqqach, joʻja 40 kun davomida nozik boʻladi. Oʻsha muddatni betalafot oʻtkazib olsangiz bas, u yogʻiga yashab ketadi. Parrandalar ichida kasallikka eng chidamlisi ham kurka. Bundan tashqari, urgʻochisi kurk boʻlganida 2-3 martagacha tuxum bosadi va shuning hisobiga tez koʻpayadi. Boqilgan nar kurka 4 kilodan 9 kilogacha goʻsht qiladi. Kurkadan chiqindi chiqmaydi, patigacha pul. Yostiqchilar olib ketishadi. Xullas, yetti xazinaning biri, deyish mumkin.

 

Kurka goʻshti parhez taom hisoblanib, foydali elementlarga boyligi bilan boshqa baʼzi parrandalar goʻshtidan ajralib turadi. U organizmda uglevodorodlar koʻpayib ketishining oldini oladi. Bitta urgʻochi kurka yiliga 10-15 ta tuxum qoʻyib, joʻja ochadi. Bu bir yilda kurkalar sonini shuncha barobar koʻpaytirish imkonini beradi, degani. Xonadonda yana bir qiziq holatga koʻzimiz tushdi. Bu yerda kurkaga qoʻshib 5-6 ta gʻoz ham parvarishlanayotgan ekan. Chunki gʻozning eman yaprogʻidek yapaloq oyoqlari yerdagi bakteriyalarni tozalab, kurkani turli kasalliklardan himoya qilarkan.

 

Bu xonadonda chorvachilik va dehqonchilik ham yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. 100 dan ortiq mevali daraxt parvarishlanmoqda. 40 bosh qoʻy, 5 bosh qoramol boqilayapti. Bularning ortidan moʻmay daromad kelayotgani oilaning omilkor va mehnatkashligidan dalolat. Xonadon aʼzolari tomorqada 3 sotix yerda issiqxona barpo etmoqda. Unda sitrus mevalar yetishtirib, bozorga chiqarish niyatida.

 

Darvoqe, soʻzimiz boshida Qamashi tumanidagi xonadonlar ixtiyorida 4 ming 273 gektar tomorqa yerlari mavjudligini taʼkidlagan edik. Shu raqamning oʻziyoq tumanda tomorqachilikni rivojlantirish hisobidan kamida 300 milliard soʻm daromad olish imkoniyati mavjudligini koʻrsatadi. Ammo, afsuski, oʻtgan yillarda tomorqaning bor-yoʻgʻi 10 foizidan unumli foydalanilgan, xolos. Natijada koʻrsatkichlar ham shunga yarasha boʻlgan. Shu bois, qamashiliklar joriy yilning oʻzidayoq tomorqa xoʻjaliklaridan foydalanish darajasini 80-90 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Buning uchun tumandagi “Tomorqa xizmati” masʼuliyati cheklangan jamiyatida barcha sharoit yaratilgan. Jamiyat aʼzolari oʻzlariga ajratilgan 3 gektar maydonning kattagina qismida issiqxona barpo etib, pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri koʻchatlari, qovun urugʻini tayyorlamoqda. Hozirning oʻzidayoq metall konstruksiyali issiqxonalar barpo etish uchun aholidan buyurtmalar tushgan va 60 dan ortigʻi qurilgan. Bu issiqxonalarga koʻchatlar oʻtqazilib, tomchilatib sugʻorish yoʻlga qoʻyilibdi. Shuningdek, aholiga 140 ming tup mevali daraxt koʻchatlari yetkazilgan. Jamiyat ixtiyorida aholi xoʻjaliklariga xizmat koʻrsatuvchi turli texnika va uskunalar yetarli. Ayni paytda jamiyat aʼzolari aholi tomonidan ochiq maydonda ekilishi uchun talab qilinadigan 2 milliard dona poliz koʻchatini yetishtirishga puxta taraddud koʻrmoqda.

 

– Aytish kerakki, bugun aholining yerga munosabati tubdan oʻzgardi, – deydi Qamashi tumani “Tomorqa xizmati” MCHJ rahbari Xudoyqul Bozorov. – Hovlisida tomorqasi bormi, boshqa qoʻshimcha yeri bormi, unumli foydalanib, dehqonchilik qilmoqda. Chunki shundan foyda koʻrmoqda. Roʻzgʻori toʻkin. Bu yil aholiga koʻp miqdorda poliz mahsulotlari koʻchati yetkazib berishni moʻljallaganmiz. Urugʻ yerga qadalgan. Koʻpchiligi unib chiqishni boshladi. Hademay tarqata boshlaymiz. Kam taʼminlangan oilalarga bepul tarqatamiz. Bundan tashqari, moʻjaz issiqxonalar ham qurib beryapmiz.

 

Dehqonchilikda bahorning bir kuni yilga tatiydi. Haq gap. Koʻpni koʻrgan, tajribali dehqonlar fasl almashayotgan, tabiat uygʻonayotgan bugungi betakror pallada qanday yumushlarni bajarish zarurligini yaxshi biladi.

 

Biroq, “Guruch kurmaksiz boʻlmaydi”, deganlaridek, tumanda yerning umrini behuda oʻtkazib, hatto bir bogʻ piyozni bozordan sotib olayotganlar ham bor. Misol uchun, tumanning ”Olmazor” mahalla fuqarolar yigʻinidagi baʼzi xonadonlardagi ahvol dilni xufton qiladi.

 

Masalan, Gulsara Obodova xorijga ishlagani ketgan ikki oʻgʻli uchun 24 sotix yerni egallab olgan. Biroq hayhotdek tomorqa huvullab yotibdi. Nurillo Abdurahmonov va uning qoʻshnisi Eshboʻri Soatovga qarashli har biri 20 sotixli tomorqaning aksariyat qismiga beda ekilgan. Qolganini ham ishchi guruhning tushuntirishlari, targʻibot ishlari tufayli endi-endi yumshata boshlashgan va hokazo...

 

Zamin halollikni, eʼtiborni talab qiladi. Kim uni aldayman desa, avvalo, oʻzini aldagan boʻladi. Bunday fuqarolarga ishchi guruhi aʼzolari, Xalq qabulxonalari mutasaddilari tomorqadan unumli foydalanib, yaxshi daromad oladigan yer egasiga joriy yil uchun yer soligʻi boʻyicha imtiyoz berish yoki tomorqadan foydalanmayotganlarga yer soligʻining uch barobarini qoʻllash toʻgʻrisidagi taqdimnoma besh kun muddatda koʻrib chiqilib, tegishli qaror qabul qilinishini tushuntirmoqda.

 

Kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan xonadonlar tomorqasini yumshatish, ularga turli koʻchatlar yetkazib berish choralari koʻrilmoqda. Maqsad – tumanda tomorqa yerlaridan foydalanish darajasini oshirish, shu orqali aholi daromadlari va farovonligini yuksaltirishga erishish.

 

Oʻ.Barotov, OʻzA

20.03.2019

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Ишсиз деб эътироф этиш ва ишсизлик нафақасини тайинлашИшонч телефони12 Fevral 202421 Fevral 2024Qoraqalpog`iston Respublikasi
Ҳомиладорлик ва туғиш таътилига (декретга) чиқиш, таътил даврида тўланадиган нафақаИшонч телефони19 Fevral 202426 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Шахсий жамғариб бориладиган пенсия ҳисобварағига (ИНПС) оид масалаларИшонч телефони20 Fevral 202423 Fevral 2024Samarqand viloyati
Муҳтожларга бир марталик моддий ёрдамИшонч телефони27 Yanvar 202424 Fevral 2024Buxoro viloyati
Йўл, унга қарашли йўлак, лоток, ариқ ва бошқаларнинг талабга мувофиқ эмаслигиИшонч телефони26 Oktabr 202323 Fevral 2024Toshkent viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati

Foydali resurslar