2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Olis qishloqlarning minglab muammolariga yechim topildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Muhammadiyev OʻzA uchun maxsus intervyu berdi.

Poytaxtimizda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari: ilk natijalar va kelgusi rejalar” mavzusidagi xalqaro anjumani boʻlib oʻtdi.

 

– Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Turkiyaning xalqaro hamkorlik agentligi va boshqa xalqaro tashkilotlarning mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlayotgani insonparvarlik siyosati hech qanday chegara, hudud va xalq tanlamasligidan dalolat beradi, – deydi U.Muhammadiyev. – Mamlakatimiz rahbari gʻoyasi bilan bugun xalqimizni hayotdan rozi qilishning, yurtimiz yangi qiyofasini yaratishning eng samarali mexanizmlaridan biriga aylanib ulgurgan “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlariga Prezidentimizning virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar tahlili asos boʻldi.

 

Xalqaro tajribaga tayansak, iqtisodiy rivojlanish, avvalo, qishloq joylarni rivojlantirishdan, qishloq odamlari hayoti darajasini oshirishdan, ularning ongi va dunyoqarashini oʻzgartirishdan boshlanadi. 

 

Virtual va Xalq qabulxonalariga yillar davomida minglab qishloq joylarida zarur shart-sharoitlar yaratib berilmagani, aholining turmush darajasi va yashash sharoitini yaxshilashga yetarlicha eʼtibor qaratilmagani, kommunal infratuzilma obyektlari eskirib qolgani, uylar qurilishi, yoʻllar, ijtimoiy obyektlarning (maktab, bogʻcha, poliklinikalar v.b) taʼmirtalabligi, aholi dam olish maskanlari mavjud emasligi, jamoat transport qatnovlari, davlat xizmatlari koʻrsatish darajasi juda pastligi boʻyicha koʻplab murojaatlar kelib tushgan. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini murojaatlar bilan ishlash jarayonida aniqlangan mamlakatning chekka va olis qishloqlaridagi ana shunday oʻtkir muammolarga amaliy yechim sifatida koʻrish mumkin. 

 

Mamlakatimiz hayotida ilk marta bir hujjatni qabul qilishdan avval uning mexanizmlari amaliyotda sinovdan oʻtkazildi: davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida “Obod qishloq” dasturi Jizzax viloyati Doʻstlik tumanining “Manas” qishlogʻidan boshlandi. 

 

Boshqa mamlakatlardagi qishloq joylarini rivojlantirish dasturlaridan farqli oʻlaroq, “Obod qishloq” dasturini Manas qishlogʻida sinovdan oʻtkazishda muammolarni kompleks hal qilish uchun, avvalo, davlat tashkilotlarining masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruhlari uyma-uy yurib, aholini qiynab kelayotgan muammolarni ich-ichidan oʻrganishi tashkil qilindi. Har bir soha boʻyicha nima ishlarni qanday amalga oshirish mahalliy aholi muhokamasidan oʻtkazildi. Bunda nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish, balki ijtimoiy muhitni sogʻlomlashtirish, aholining huquqiy ongi-madaniyatini oshirish, hatto sogʻlom turmush tarzini, sogʻlom ovqatlanish qoidalarini joriy qilishgacha boʻlgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

 

Asosiy eʼtibor hududdagi ishsizlik bilan bogʻliq muammolarga yechim topishga qaratildi. Bunda, birinchi navbatda, ijtimoiy himoyaga muhtoj, eng ogʻir sharoitda yashayotgan nogironligi bor shaxslar, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalar, ishsiz insonlarning muammosini hal qilishga katta kuch tashlandi. Ularga tayyor uy berish yoki uyini taʼmirlab berish yoʻli bilangina emas, balki imkoniyati darajasida ishlab hayotda oʻz oʻrnini topishlari uchun sharoitlar yaratish yoʻli bilan ham koʻmak berildi: kasb-hunarga oʻqishi, kafolatlangan ish bilan band boʻlishi va uyda tadbirkorlikni (uyda tikish-bichish, kasanachilik, chorvachilik, issiqxona, ishlab chiqarish mahsulotlarini qadoqlash v.h.) yoʻlga qoʻyishi uchun barcha imkoniyat-sharoit yaratib berildi. Mana shunday keng qamrovli kompleks yondashuv “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarini dunyoda oʻxshashi yoʻq, noyob va yangi tizim deyish uchun yetarlicha asosdir.

 

Yana bir muhim jihat – “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarida qatnashgan tadbirkorlarga davlat tomonidan keng imtiyozlar yaratib berildi. Xususan, mahalliy qurilish materiallari va jihozlarini arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib berish uchun har bir aholi punktida firma doʻkonlari tashkil etildi.

 

Ayrim hollarda hasharlar tashkil qilish jarayonini majburlash deb talqin qilishga ham urinishlar boʻldi.

 

Lekin, shukungacha Prezident virtual qabulxonasiga va Xalq qabulxonalariga “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida majburiy mehnat yoki majburiy homiylik haqida murojaatlar kelib tushmagan. Aksincha aholi oʻz hududining obod boʻlishi, muammolari tezroq hal boʻlishi uchun bir yoqadan bosh chiqarib, qoʻldan kelgancha oʻz hissasini qoʻshayotganini kuzatish mumkin.

 

“Manas” tajribasidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari qabul qilindi. 2018 yilda mazkur dasturlar bajarilishi natijasida mamlakatimizning yuzlab qishloq, mahalla va ovullaridagi millionlab insonlar hayotida tub oʻzgarishlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbarining– 17 yanvar kuni qabul qilingan “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi” farmoni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Farmonga asosan endi Xalq qabulxonalari aholi muammolarini uyma-uy yurish orqali aniqlashi natijasida, har bir mahalla ijtimoiy-iqtisodiy oʻsish darajasi toifalarga boʻlinadi. Bu tadbirlar kelgusida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga tushadigan mahalla va qishloqlarning adolatli tanlanishini taʼminlaydi. Bugun bizning oldimizga qoʻyilgan asosiy vazifalardan biri – dastlabki bosqichlarda ahvoli eng ogʻir hududlarni toʻgʻri va maqsadli tanlab olish, ularda olib boriladigan bunyodkorlik ishlarini qisqa muddatlarda amalga oshirishdan iborat.

 

Farmon doirasida boshlangan ishlardan yana biri – “Hudud” axborot tizimining takomillashtirilishi, unga barcha Xalq qabulxonalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning integratsiya qilinishidir. Bunday global tizimning analogi ham xalqaro tajribada doim uchrayvermaydi.

 

Davlatimiz rahbarining tashabbusi va topshirigʻi asosida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari kabi muhim ahamiyatga ega boʻlgan Orol boʻyida global ekologik muammo taʼsirlarini kamaytirish boʻyicha yirik loyiha ham amalga oshirilmoqda. Orolboʻyida ekologik vaziyatni yaxshilash, sahroda yuz berishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlar – qum-tuz koʻchishining, sahro kengayishining oldini olish maqsadida 500 ming gektar maydonda oʻrmonzor barpo qilinmoqda. Shu kungacha Orol tubining 338 ming 178 gektardan ortiq maydoni saksovul ekish uchun tayyorlandi, 109 ming 851 gektar maydonda 443,3 tonnadan ortiq saksovul urugʻlari ekildi, shundan texnikalar borolmaydigan 60 ming gektar maydonga aviatsiya yordamida urugʻ qadaldi. Qisqa muddatda ekologik muammolarni yechishda bunday yirik masshtabdagi harakat mamlakatimiz tarixida oxirgi chorak asrda kuzatilmaganini ham taʼkidlab oʻtish joiz.

 

Sayyora Shoyeva, OʻzA

25.01.2019

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Ишсиз деб эътироф этиш ва ишсизлик нафақасини тайинлашИшонч телефони12 Fevral 202421 Fevral 2024Qoraqalpog`iston Respublikasi
Ҳомиладорлик ва туғиш таътилига (декретга) чиқиш, таътил даврида тўланадиган нафақаИшонч телефони19 Fevral 202426 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Шахсий жамғариб бориладиган пенсия ҳисобварағига (ИНПС) оид масалаларИшонч телефони20 Fevral 202423 Fevral 2024Samarqand viloyati
Муҳтожларга бир марталик моддий ёрдамИшонч телефони27 Yanvar 202424 Fevral 2024Buxoro viloyati
Йўл, унга қарашли йўлак, лоток, ариқ ва бошқаларнинг талабга мувофиқ эмаслигиИшонч телефони26 Oktabr 202323 Fevral 2024Toshkent viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati

Foydali resurslar