2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
OROL DENGIZI: SAHRO BILAN INSON KURASHI

Mana, qirq besh kundan oshdiki, Toshkent shahridan qariyb 1,5 ming kilometr, Nukusdan salkam 300 kilometr olisda joylashgan Mo‘ynoq tumanidagi bepoyon sahro – Orol dengizining suvsiz hududida har tong 549 ta texnika, 2 ta samolyotning – qudratli texnikalarning guvillagan shovqini-yu asr fojiasi oqibatlariga qarshi shiddat bilan kurashayotgan 2 mingdan ziyod fidoyi, zahmatkash va bunyodkor insonlarning mardonavor mehnati bilan boshlanmoqda.

Mamlakatimiz rahbari asos solgan noyob-tarixiy loyiha – Orol dengizining qaqragan hududida bostirib kelayotgan sahroni to‘xtatish maqsadida joriy yilning o‘zida 500 ming gektar yashil “qalqon”lar barpo etish harakati katta kuch-g‘ayrat bilan amalga oshirilishi biyday qumliklarni chirmab turgan o‘lik sukunatni ham uyg‘otib yubordi. Orolbo‘yiga yana qaynoq hayot zavqi qaytib keldi. Aslida ham kasallik o‘zagini yo‘q qilmay turib, natijaga erishib bo‘lmagani singari Orolning qurigan tubini o‘rmonlashtirmasdan sahro yo‘lini to‘sishning imkoni yo‘q. Zero, qumning harakat yo‘nalishi berkitilsa, qayta-qayta chang-to‘zon ko‘tarilishiga imkon qolmaydi.

Achchiq izg‘irin yuz-ko‘zga ignadek sanchiladi, suyak-suyaklarni zirqiratadi. Qor bir yog‘ib, bir tinadi. Oxiri ko‘rinmaydigan sahro bag‘rini tilim-tilim etib hosil bo‘layotgan bir tekis ariqlar, kundan kun kengayib borayotgan jo‘yakli dala va sho‘rlagan ona tuproq bag‘riga qadalayotgan “cho‘l malikasi” ko‘chatlari-yu urug‘i – aslida xalqimiz qalbida necha yillardan beri yashab kelayotgan orzu-armonlar ushalayotgani nishonasi. Aslida ham Vatanni himoya qilish, mardlik va jasorat ko‘rsatish faqat jang maydonida sodir bo‘lmaydi. Javonmardlik, qahramonlik va fidoyilik kundalik hayotimizdan, xalqimiz og‘irini engil qilishdan, insonlarning dardu tashvishlari bilan yashashni o‘z hayot mazmuniga aylantirishdan boshlanadi. Zotan, jasorat, fidoyilik va insonparvarlikning o‘qildizi bir: ezgulikka intilib yashash – insonni inson, xalqni xalq qiladigan buyuk kuchdir.

Davlatimiz rahbarining  asr fojiasi – Orol dengizining qaqragan hududida 500 ming gektar o‘rmonzor barpo etishdek nainki el-yurtimiz hayoti, balki insoniyat taqdiriga daxldor bu noyob-tarixiy loyihani Birlashgan Millatlar Tashkiloti va hamkor davlatlar izchil qo‘llab-quvvatlayotgani ham bir haqiqatdan dalolat beradi: inson o‘z qalbini anglasa, borlig‘idagi quvvatni jamlasa – dunyoni o‘zgartirishga qodir. Zotan, mo‘’jiza o‘z o‘zicha sodir bo‘lmaydi, uning zamirida hamisha o‘ziga munosib bilganni o‘zgaga ham ravo ko‘ra oladigan insonlarni birlashtirgan yaxlit tizim, kuchli, aniq va qat’iy mexanizm ishlab turgan bo‘ladi.

Ayni paytda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa mas’ul tashkilotlarning mutasaddilari-yu xodimlari, mamlakatimizning barcha viloyatidan kelgan 2 mingdan ortiq bunyodkorlar Orol muammosi oqibatlarini bartaraf qilish yo‘lida sahro kengayishiga qarshi kurash olib bormoqda. Davlatimiz rahbarining topshirig‘i asosida Orolbo‘yida ekologik vaziyatni yaxshilash, biyday sahroda yuz berishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida har kuni minglab gektar maydonga saksovul ekilmoqda.

“Cho‘l malikasi” deya ta’riflanadigan saksovul – sahroning najot daraxti. Qurg‘oqchilikka moslashgan bu nabotot namunasi biyday sahroda bioxilmaxillikni saqlab-ta’minlab beradi. Garchi baland o‘smasa-da, uning tarvaqaylab ketadigan shox-shabbalari cho‘l o‘simliklari rivojlanishida, jonivorlarning chang-to‘zondan himoyalanishida panoh vazifasini o‘taydi. Uning ildizlari tuproqni mahkam ushlab, defolyatsiya (tuproq buzilishi) jarayonini to‘xtatadi. Bir gektar saksovul 1 tonnadan ziyod kislorod chiqarib, shuncha miqdordagi karbonat angidridni yutadi.
 
Eng asosiysi, bir tup saksovul 10 tonnadan 100 tonnagacha qum ko‘chishining oldini oladi. Zamin sho‘rini tortib olib, shamol yo‘lini to‘sadi, atrof musaffoligini boyitadi. Shuning uchun ham Prezidentimiz topshirig‘i asosida hozirgi paytda Orolning qaqragan maydonlariga har kuni 15-20 tonnagacha saksovul urug‘lari ekilmoqda. Orol dengizining qurigan tubi bugun haqiqiy jang maydoniga aylangan. Ekologik muvozanatni tiklash uchun sahro bilan insonning og‘ir-murakkab kurashi ketmoqda.

Prezidentimizning Mo‘ynoq tumanida olib borilayotgan ishlar bilan muntazam qiziqib, xabar olib turgani, yuzaga kelgan muammolarni tezkor hal qilish yuzasidan zarur ko‘rsatma va topshiriqlarni berib borayotgani ishni samarali tashkil etishda hal qiluvchi rolь o‘ynamoqda. Davlatimiz rahbarining ishonchi mazkur tarixiy mehnat frontidagi har bir insonga katta kuch-g‘ayrat bag‘ishlamoqda.

Mo‘ynoq tumani markazidan 45 kilometr uzoqlikda – Orolning qurigan tubidagi 56 metr chuqurlikda tashkil qilingan Markaziy shtabda bir zum ham ish tinmayapti. Mexanizatorlarning sog‘lig‘i, texnikalarning sozligi, yoqilg‘i va  ehtiyot qismlar zaxirasi, har bir gektar maydondagi ish jarayoni – barchasi qat’iy nazoratda. Ishning ana shunday qat’iy tartib-intizom, puxta tizim, aniq va qat’iy mexanizm asosida yo‘lga qo‘yilgani samarasida, mana, biyday sahro nafaqat kelgan joyida to‘xtadi, balki soat sayin ortiga chekinmoqda. 

Aniq raqamlarga murojaat qilsak:

- shu kungacha Orol tubining 338 ming 178 gektardan ortiq maydoni saksovul ekish uchun tayyorlandi; 

- 109 ming 851 gektar maydonda 443,3 tonnadan ortiq saksovul urug‘lari ekildi;

- shundan texnikalar borolmaydigan 60 ming gektar maydonga aviatsiya yordamida urug‘ qadaldi. 

Haqli savol tug‘iladi: 500 ming gektar maydon uchun etarlicha saksovul urug‘i topish imkoni bormi? Ha, bor. Mo‘ynoq cho‘llarida o‘sib turgan saksovul urug‘larini terish-yig‘ish ishlari ham puxta reja va aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yilgani mazkur jarayonda qo‘shimcha 600 dan ziyod mavsumiy ish o‘rni yaratilishiga olib keldi. Har bir kilogram urug‘ uchun 10-15 ming so‘mdan haq to‘lanmoqda. Bir kishi kuniga o‘rtacha 10 kilogrammgacha urug‘ yig‘ishi mumkin. Bu bir kunda 150 ming so‘m, bir oyda 4,5 million so‘m qo‘shimcha daromad topish imkoniyati degani.

Aholi saksovul urug‘larini terishni davom ettirmoqda. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi Orol tubida tashkil qilgan aerodromlarda saksovul urug‘larini qabul qilish punktlari ishlab turibdi. Bu erda tuman aholisi terib-yig‘ib berayotgan urug‘lar qabul qilinmoqda. Ish to‘xtab qolmasligi ta’minlash maqsadida markaziy shtabda urug‘ ombori tashkil qilingan. Ya’ni urug‘ning doimiy zaxirasi mavjud. Texnikalar harakatlana oladigan va unumdor erlarda urug‘ ekish jarayoni qo‘lda bajarilmoqda.

Shu o‘rinda barchada bir savol tug‘iladi: Orolning qaqragan maydonlariga saksovul urug‘ini ekish ishlari nega aynan qish mavsumida boshlandi? Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, saksovul urug‘i ekishda dekabrь-fevralь oylari juda qulay. Ayniqsa, qor ostida qolgan urug‘ning unib chiqish samaradorligi ancha yuqori. Bu jarayon martdan kechikmasligi kerak. Chunki kunlar isishi va yog‘ingarchilik to‘xtashi bilan uruqqa nam etmay qolishi va oqibatda ko‘chatlar ko‘karmay nobud bo‘lishi mumkin. Shu bois ham “yashil qalqon”ni barpo etish ishlarining birinchi bosqichi Orol dengizining qolgan qismi bo‘ylarida amalga oshirilmoqda. Tabiiyki oroldan suv ketgan bo‘lsa-da, havoning isishi bilan bu hududlarda texnikalar harakatlana olmaydi. Yillar o‘tgan bo‘lsa-da orol tubida balchiq va botqoqlar juda ko‘p. Qishning sovug‘ida muzlagan er ham urug‘ unishi, ham og‘ir texnikalarning harakatlanishi uchun ayni muddao. Ish unumi ham shunga yarasha. Bugungi kunda Jizzax, Toshkent hamda Xorazm viloyatlari hasharchilari suv mintaqasigacha bo‘lgan hududga etib borishdi.

Orolning shimol tomondagi 105 kilometrlik masofasida viloyatlarning hududiy shtablari joylashgan. Shimolga qarab yo‘lning tanobini tortib boraverar ekanmiz, Surxondaryo, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm viloyatlari bunyodkorlarining bir-biridan kamida 30-40 kilometr oraliqdagi o‘ziga xos mo‘’jaz ovullarida bo‘ldik. Har bir shtab etarlicha yoqilg‘i va oziq-ovqat zaxirasi bilan barqaror ta’minlangan. Mexanizator va mutaxassislar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Ko‘chma vagonlar, uch mahal issiq ovqat, aloqa tizimi. Dala sharoitidagi hammom, oshxona – barchasi badastir. Og‘ir ish kunidan so‘ng mexanizatorlarning dam olishi uchun ham shart-sharoit bor.

Bepoyon sahrodagi ilk “ovul” – Surxondaryo viloyatidan kelgan bunyodkorlarning qo‘nalg‘asi, surxondaryochasiga aytsak, vohaliklar qo‘shxonasi ham, ishxonasi ham shu erda. Mexanizatorlar o‘zlariga ajratilgan hududlarda unumli tuproqni o‘zida to‘plovchi ariqlar ochishmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu usul bilan er yuzasidagi 15-20 santimetrli sho‘rxok qatlam ochiladi. Ariqlar kuchli shamol yordamida qum barxanlaridan ko‘tarilgan unumli qum-tuproq zarralarini o‘zida to‘playdi. Egatlar to‘lganidan so‘ng unga bemalol saksovul urug‘i yoki sho‘rga chidamli cho‘l o‘simliklari nihollarini o‘tqazish mumkin.  

Ana shunday mashaqqatli mehnat, katta g‘ayrat va kuchli sabr-toqat talab etiladigan bu jarayonda noqulay ob-havoga, qishning qahraton sovug‘iga, o‘z uyidan, oilasidan olisdaligiga qaramasdan mexanizatorlar katta matonat va fidoyilik bilan mehnat qilishmoqda. 

Navbatdagi manzilimiz Buxoro viloyatining shtabi bo‘ldi. Markaziy shtabdan 45 kilometr uzoqda joylashgan bu shtabda ham barcha sharoit bor. Biz esa o‘zimiz uchun yangi jihat – topografning ish jarayonini kuzatdik. Ma’lum bo‘lishicha, 1957 yildan so‘ng Orolning topografik xaritasi tuzilmagan. Suv qaytganidan so‘ng relьefning xaritasi mavjud emasligi oydinlashadi. Mudofaa vazirligining Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrugi topografik ta’minot xizmati mutaxassislari esa tashabbus ko‘rsatib, zamonaviy texnikalar yordamida Orolning topografik xaritasini tuzishni boshladi. Bu – Orolni yanada chuqur bilish-anglash uchun navbatdagi muhim qadamdir. 

Har bir hududdan kelgan mexanizatorlarning har bir kuni ana shunday qaynoq mehnat, zavqli hayot bilan o‘tmoqda. Ularning mazmunli dam olishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Yaqinda Yangi yil bayramini Orolning qoq markazida ko‘tarinki kayfiyatda kutib olgan hasharchilar 14 yanvarь – Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 27 yilligi bayramini ham o‘zgacha ruhda qarshi olishdi. Barcha hududiy shtablarda bayram tadbirlari tashkil qilindi. Bayram  munosabati bilan mexanizatorlarga bayram sovg‘alari, mukofotlar topshirildi. Vatanimiz tabiati himoyasida sidqidildan xizmat qilayotgan bu azamat va fidoyi insonlarni Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklash uchun poytaxtimizdan O‘zbekiston xalq artistlari Sherali Jo‘raev, Ortiq Otajonov, “Nihol” mukofotining sovrindori Feruza Jumaniyozova kabi elimiz suygan san’atkorlar Mo‘ynoqqa – qahraton ichidagi qaynoq mehnat frontiga kelishgani bayramga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.

Mana, jo‘shqin, zavqli va zalvorli faoliyatning yana bir kuni ortda qoldi. Yangi ufqlarni zabt etgan mexanizatorlar o‘z shtablariga qaytishmoqda. “Asr fojiasi” oqibatlarini bartaraf qilish, cho‘l bag‘rida o‘rmon barpo qilish uchun yana bir qadam oldinga siljildi. Sahro esa yana bir qadam ortga chekindi. Oldinda esa katta marra turibdi. Qirq besh kunlik faoliyati – bu faqatgina boshlanishi, xolos. Muhimi, niyat ezgu, maqsad qat’iy, tizim aniq, asos mustahkam.

Mamlakatimiz rahbarining g‘oyasi-tashabbusi bilan Orol dengizining qaqragan hududida bostirib kelayotgan sahroni to‘xtatish maqsadida joriy yilning o‘zida 500 ming gektar yashil “qalqon”lar barpo etish harakatiga asos solingani nafaqat Orolbo‘yi hududi, balki el-yurtimiz hayotidagi yangi tarix sahifasidir. Hali Orol bag‘rida hayot qaynaydi, qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadigan biyday sahrolar o‘rnida yam-yashil o‘rmonlar shovullaydi, cho‘l odamlarining o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashi uchun barcha hayotiy asos yaratiladi. Bu esa davlatimiz rahbarining «Xalqimiz o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun ko‘rishi kerak», degan hayotbaxsh g‘oyasining yana bir amaliy natijasi sifatida xalqimiz bunyodkorlik solnomasining yorqin sahifasiga aylanadi.

Orol dengizi bag‘ridagi bunyodkorlik ishlari davom etadi. Demak, bu mavzuga hali yana ko‘p qaytamiz.
 

22.01.2019

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Ишсиз деб эътироф этиш ва ишсизлик нафақасини тайинлашИшонч телефони12 Fevral 202421 Fevral 2024Qoraqalpog`iston Respublikasi
Ҳомиладорлик ва туғиш таътилига (декретга) чиқиш, таътил даврида тўланадиган нафақаИшонч телефони19 Fevral 202426 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Шахсий жамғариб бориладиган пенсия ҳисобварағига (ИНПС) оид масалаларИшонч телефони20 Fevral 202423 Fevral 2024Samarqand viloyati
Муҳтожларга бир марталик моддий ёрдамИшонч телефони27 Yanvar 202424 Fevral 2024Buxoro viloyati
Йўл, унга қарашли йўлак, лоток, ариқ ва бошқаларнинг талабга мувофиқ эмаслигиИшонч телефони26 Oktabr 202323 Fevral 2024Toshkent viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati

Foydali resurslar