2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Koʻngilga yoʻl

“Hammamizni tarbiyalagan, voyaga yetkazgan – shu xalq. Barchamizga tuz-nasiba bergan ham – shu xalq. Bizga ishonch bildirgan, rahbar qilib saylagan ham aynan shu xalq. Shunday ekan, biz birinchi navbatda kim bilan muloqot qilishimiz kerak – odamlarimiz bilan. Kim bilan bamaslahat ish tutishimiz kerak – avvalo xalqimiz bilan. Shunda xalqimiz bizdan rozi boʻladi. Xalq rozi boʻlsa, ishimizda unum va baraka boʻladi”.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016-yilning 14-dekabrida Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisida shu soʻzlarni aytganida barchamizning koʻnglimiz ravshan tortgan edi. 

Sheʼriyat mulkining sultoni Alisher Navoiy: “El poyasin anglay desang asrorini bil, Koʻnglidagi muddaosin izhorini bil” deb aytganidek, davlatimiz rahbari ishni koʻngildan, xalq koʻnglini taftish qilishdan boshladi. 
 

Koʻngil...

 

Ha, quloqqa oddiygina eshitiladigan bu soʻz zamiridan qalb, dil, yurak kabi tushunchalar oʻrin olgan. U bilan tillashish, uni eshita bilish, unga qoʻl solish naqadar muhim ish ekanligini tezda hamma anglay boshladi. 

Xoʻsh, davlat rahbari xalq koʻngliga yoʻl topishni nimadan boshladi? Albatta, yuzma yuz muloqotdan. Uyma-uy, xonadonma-xonadon kirib borishdan. Odamlarni qiynayotgan muammolarni aniqlab, zudlik bilan hal etishdan. 

Bu ishlarni soʻzda emas, amalda bajarish amaldorlarning asosiy vazifasi etib belgilandi. 2017-yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb eʼlon qilindi. Uning dasturiga xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qiladi, degan tamoyil asos qilib olindi. Bundan tashqari, 2016-yilning 28-dekabrida Prezidentning “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq Prezidentning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi tashkil etildi. 

Oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi. Nima uchun Prezidentning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi tashkil etildi? Axir xalqning arzi va shikoyatlarini koʻrib chiqadigan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlari, masʼul mansabdor shaxslar, mahalliy hokimliklar vakillari borku?! Gap shundaki, uzoq yillar davomida xalq bilan rahbarlar oʻrtasidagi muloqotlar sustlashib, “xoʻjakoʻrsin”ga aylanib qolgandi. Odamlar orasidan kimdir biror rahbarga murojaat qilib kelsa, “shikoyatboz”, “arizaboz”ga aylanardi. Fuqarolar turli tashkilotlar oʻrtasida yillab sarson boʻlardi. Odamlarning oʻz arzlari bilan birinchi rahbarlar qabuliga kirishi amrimahol boʻlib qolgandi. Ayniqsa, davlat organlari va mahalliy hokimiyatlarning temir panjaralar ortiga bekinib olganligi odamlarning gʻashiga tegib, rahbarlarga boʻlgan ishonchini susaytirgandi. Oqibatda davlat organlari bilan xalq oʻrtasidagi masofa anchagina uzoqlashib qolgandi. 

Ha, shu sababli ham mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev islohotlarni inson huquqlarini toʻliq roʻyobga chiqarishdan, xalq bilan davlat oʻrtasiga ishonch koʻprigini oʻrnatishdan boshladi. Inson huquqlarining uch oʻzagidan biri boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolarining siyosiy huquqlarini, aynan murojaat qilish huquqini amalga oshirishlari uchun keng va teng sharoitlar yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. 

Yurtdoshlarimiz murojaatlariga – oʻz fikr-mulohazalari, oʻylari, dardu tashvishlari, orzu-armonlariga Prezident darajasida eʼtibor qaratilayotgani har birimiz uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. Pirovardida, odamlarning hayotga, davlatga, jamiyatga, kelajakka ishonchi nafaqat mustahkamlanmoqda, ortib bormoqda. Barchamiz, hayotning mavjud achchiq haqiqatlariga yuzma-yuz kelib, real voqelikning shiddatli toʻlqinida yonib ishlash mumkin ekaniga roʻy-rost shohid boʻlmoqdamiz. Bularning barchasi, avvalo, muammolarga tik qarab, ularni bir chetdan hal qilishga kirishilganidan, vatanparvarlikdan, xalqchillikdan, shijoat va jasoratdan dalolatdir. 

Shijoatli insonni koʻrsang, shijoatli boʻlging keladi. Bunday ulugʻvor yangiliklar, shijoatu jasoratlar, albatta, ijod ahlini ham qoʻlga qalam olishga, shijoatli boʻlishga daʼvat etdi. Xalq qabulxonalari va Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida “Xalq qabulxonalari – adiblar nigohida” loyihasi doirasida yozuvchi va shoirlar, publitsistlar yurtimiz hayotidagi oʻzgarishlardan ilhomlanib, xalq orasiga safarlar uyushtirishdi. Unda Xalq qabulxonalarida amalga oshirilayotgan ishlar salmogʻi va sifatiga, fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqishdagi qonuniylik, xolislik va shaffoflikka, oddiy odamlarning orzu-intilishlari, maʼnaviyati va tafakkurida yuz berayotgan yangilanishlarga bevosita guvoh boʻlishdi. Taassurotlar bitilgan maqolalar matbuot sahifalarida eʼlon qilindi. Yaqinda ana shunday maqolalarning bir qismi “Xalq qalbiga yoʻl” nomi bilan kitob holida nashr etildi. 

Kitobdan oʻrin olgan Murod Abdullayev, Humoyun Akbarov, Oʻktam Mirzayorov, Saydi Umirov, Toʻlqin Eshbekov, Mirpoʻlat Mirzo, Habib Temirov, Munavvara Usmonova, Vohid Luqmonov, Barno Sultonova, Mahmud Toir, Uygʻun Roʻziyev, Hakim Sattorov kabi bir qator mualliflarning maqolalarida Xalq qabulxonalarining viloyatlarda olib borayotgan faoliyati keng yoritilgan boʻlsa, Olim Toʻraqulov, Umid Yoqubov, Oʻtkir Rahmat, Akbar Jonuzoqov, Miravzal Miraqulovlarning badiiy publitsistikasida Xalq va Virtual qabulxonalarning mamlakatimiz miqyosida amalga oshirgan ishlari, Prezidentimizning bu boradagi rahnamoliklari fakt va raqamlar orqali keng tahlil qilingan. 

Kitobdagi maqolalarni oʻqir ekansiz, Prezidentimiz gʻoyasi asosida tashkil etilgan Virtual qabulxona va Xalq qabulxonalari xalq bilan faol, oshkora va ochiq muloqot olib borish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashning zamonaviy, samarali va taʼsirchan mexanizmiga, institutiga aylanganini yaqqol anglaysiz. Bu mamlakatimizda mavsumiy yoki kampaniyabozlik asosida emas, doimiy davom etadigan jarayondir. Boshqacha aytganda, Prezident qabulxonalari toʻla maʼnoda xalqning umid va ishonch maskaniga aylandi. Kitobda ana shu haqiqat oʻz ifodasini topgan. 

Jumladan, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Murod Abdullayevning “Xalq qalbiga quloq tut” maqolasida Navoiy bobomizning “Kimki bir koʻngli buzuqning xotirin shod aylagay, Oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa, obod aylagay” degan tashbehlari keltirilgani ayni muddao boʻlgan, deyish mumkin. Darhaqiqat, bugungi kunda buzuq koʻngillarni shod aylamoq istagini oʻzidan qolgan, qarovsiz, nogiron insonlarga, ota-ona mehridan mosuvo bolalarga boʻlayotgan eʼtibor, ularning vayron boʻlib yotgan qalbini gulxan yoqib isitayotgan davlat rahbari va u olib borayotgan siyosatda koʻramiz. 

Jurnalist Oʻktam Mirzayorovning “Oltin koʻprik” sarlavhali maqolasida fuqarolarning murojaat qilish madaniyatiga alohida eʼtibor qaratilgan. Toʻgʻri, berilayotgan taklif, ariza va shikoyatlarning qonun hujjatlari talablariga mos kelmasligi masalaning yechimini topishda maʼlum qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun ham Xalq qabulxonalari ish hajmi katta. Ijodkor tomonidan berilgan haqli takliflar murojaat qiluvchilarning huquqiy va siyosiy savodxonligini oshirish zarurligiga qaratilgan. Albatta, qayerda qonun ustuvor boʻlsa, oʻsha yerda adolat boʻladi. 

Shu oʻrinda, Munavvara Usmonovaning “Koʻzingiz hamisha oydin boʻlsin” maqolasidan bir parcha keltirishni joiz bildik: “Erim toʻshakka mixlangach, bir joyda yotaverib, umidsizlikka tushib qolgan edi. Xalq qabulxonasi aralashuvi bilan nogironlar aravachasi berildi. Bolalar koʻchaga olib chiqadigan boʻlishdi. Oftobni koʻrdi. Qoʻni-qoʻshnilar bilan suhbatlashdi. Endilikda sargʻaygan rangiga qon yugurib, yuziga kulgi qaytganiga shukr qilayapman...” 

Bunday misollarni har bir maqolada oʻqish mumkin. Maqolalardan bir haqiqat ayonki, demokratik va insonparvar davlat qurish, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, Vatanimiz iqtisodiy qudratini yuksaltirish, pirovardida, xalqimizni hayotdan rozi qilish, uning yanada farovon yashashi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishdek strategik maqsadlarimizga faqat va faqat xalq bilan til topishish orqaligina erishish mumkinligini har qanday oʻquvchi teran anglab yetadi. 

Kitobni varaqlar ekansiz, beixtiyor davlat rahbarining xalqqa murojaat qilib, yurt taqdiri va kelajagini birgalikda hal qilamiz, deya xalqimizga yuzlangani va oʻz farzandlik mehrini izhor qilgani yodingizga keladi. Ezgu niyatlar bilan odamlar orasiga kirganligi, eng uzoq va chet tumanlarga, hatto, mahalliy rahbarlarning qadami yetmagan joylarga qadami yetganligi, yetim-yesirning, beva-bechoraning uyiga borib, boshini silashlari koʻz oʻngingizdan oʻta boshlaydi. Ochigʻi, yosh oilalarga uy-joy berganligini, xonadonlarga kirib, keksa otaxonu onaxonlar bilan bir piyola choy ustida suhbat qurganlarini koʻrgan har qanday insonning koʻzidan mehr yoshlari tomganligi ham haqiqat. 

Toʻgʻri-da. Prezidentimizning koʻplab qaror va farmonlarida ham oʻz ifodasini topayotgan masalalar aslida xalqimizning qalbida saqlab yurgan orzulari emasmidi?! Xalqimiz hayotida muhim iz qoldirgan Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish kechagina oʻz yoʻlboshchisini yoʻqotgan xalqning koʻngliga taskin bergan boʻlsa, atoqli davlat arbobi va adib Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash toʻgʻrisidagi saʼy-harakatlar oʻzbek xalqi oʻz fidoyi farzandlarini hech qachon unutmasligining yana bir isboti boʻldi. 

Ochigʻini aytish kerak, inson keksaygan sayin izzattalab, mehrtalab boʻlib qoladi. Mana shunday keksa insonlarni qadrlash, yoʻqlash, ularning holidan xabar olib turishga, kechagi mehnatkash – bugungi nuroniy-faxriylar hurmatini joyiga qoʻyishga qaratilgan chora-tadbirlar, “Mehnat faxriysi”, “Mahalla iftixori” kabi koʻkrak nishonlarini taʼsis etish haqidagi farmonlar koʻpchilikning dilini yayratdi. Bir paytlar vatan uchun, xalq uchun fidokorona mehnat qilib, kecha yordamga muhtojligi haqida kimga murojaat qilishini bilmay oʻtirgan urush qatnashchilari, mehnat faxriylari izzat-ikrom topa boshladi. Shuningdek, iqtisodiyotning tamal toshini qoʻyadigan ilm ahli – akademiklar, professor-oʻqituvchilarga alohida eʼtibor qaratilmoqda, ular eʼzozlanmoqda, zahmatli mehnatlari munosib qadrlanmoqda. 

Shu zaminda tugʻilib oʻsgan, shu vatanni vatan deb, shu yurtni yurtim deb yashayotgan yurtdoshlarimizning bir qismi necha yillar qalbida ogʻir bir dard bilan yashadi. Bu dard “fuqarosizlik” dardi edi. Davlatimiz rahbari ularning ham qalbiga yoʻl, dardiga malham topdi. Bugungi kunda Oʻzbekistondek jannatmonand yurtning fuqarosi degan sharafli nomga muyassar boʻlish dardi bilan ezilib yotgan yuraklarni dard emas, muhabbat, Vatanga muhabbat, uning adolatparvar rahbariga boʻlgan muhabbat egalladi. 

Ochigʻini aytsam, “Obod qishloq” dasturi toʻgʻrisida”gi farmon bilan tanishgan chogʻimda yana buyuk bobomiz Alisher Navoiyning quyidagi misralari qulogʻim ostida jaranglagandek boʻldi: 

Odami ersang demagil odamiy, 

Onikim, yoʻq xalq gʻamidin gʻami. 

Ha, xalqning gʻamini yeb, tashvishlarini yengillashtirish uchun davlat rahbari mahallama-mahalla, uyma-uy yuribdi. Bu aytishga oson. Prezidentimiz xalqning qalbiga yoʻl soldi. Va bu yoʻl oddiy yoʻl emas, mehr rishtalari bilan bogʻlangan koʻngil yoʻlidir. 
 

Abdukamol Rahmonov,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining aʼzosi

25.10.2018

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Ишсиз деб эътироф этиш ва ишсизлик нафақасини тайинлашИшонч телефони12 Fevral 202421 Fevral 2024Qoraqalpog`iston Respublikasi
Ҳомиладорлик ва туғиш таътилига (декретга) чиқиш, таътил даврида тўланадиган нафақаИшонч телефони19 Fevral 202426 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Шахсий жамғариб бориладиган пенсия ҳисобварағига (ИНПС) оид масалаларИшонч телефони20 Fevral 202423 Fevral 2024Samarqand viloyati
Муҳтожларга бир марталик моддий ёрдамИшонч телефони27 Yanvar 202424 Fevral 2024Buxoro viloyati
Йўл, унга қарашли йўлак, лоток, ариқ ва бошқаларнинг талабга мувофиқ эмаслигиИшонч телефони26 Oktabr 202323 Fevral 2024Toshkent viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati

Foydali resurslar