2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
DXM: maqsad, odamlarga qulaylik yaratib, rozi qilishdir

Jizzax viloyatida 2021 yilning birinchi choragida davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholi va yuridik shaxslarga 101 mingdan ortiq xizmat ko‘rsatildi. O‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda xizmatlar soni 15 ming 963 ta yoki 18,8 foizga oshdi.

Ko‘rsatilgan davlat xizmatlarining 82,5 foizi davlat xizmatlari markazlarida, 3,3 foizi filiallarda, 2,3 foizi sayyor tartibda, 6 foizi yagona interaktiv davlat portali orqali amalga oshirildi.

– Xizmat ko‘rsatish soni va turlari ko‘payishi bilan ularning sifatini yaxshilashga, o‘z muddatida bajarilishini ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda, – deydi Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar sho‘’basi yetakchi maslahatchisi Hakimjon Fozilov. – Shu maqsadda boshqarma davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishini monitoring qilib, kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rib borayotir. Maqsad, aholiga qulaylik yaratib, odamlarni rozi qilish.

Joriy yilning birinchi choragida 1 ta o‘rganish, 1 ta monitoring o‘tkazilib, jami 582 ta qonun buzilish holatlari aniqlandi.

Ushbu qonun buzilishi holatlarining eng ko‘p – 62 foizi kommunal xizmat ko‘rsatuvchi idoralar hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu tizimdagi idoralar tomonidan 361 ta xizmatni bajarishda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yildi.

Xuddi shunday «Hududgaz» Jizzax filialida 99 ta, «Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJda 32 ta, soliq organlarida 24 ta, hokimliklarda 21 ta davlat xizmatlari ko‘rsatishda qonunbuzilish holati sodir etildi.

Ushbu qonun buzilish holatlari yuzasidan davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan vakolatli organlarga 19 ta taqdimnoma va 26 ta ogohnoma kiritildi. Shuningdek, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan 35 ta qaror qabul qilindi.

Ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida vakolatli organning 34 nafar mansabdor shaxslari va xizmatchilari intizomiy javobgarlikka, 35 nafari esa ma’muriy javobgarlikka tortilib, jami 26 million 463 ming so‘m jarima qo‘llanildi.

Shu bilan birga davlat xizmatlari markazlari faoliyatini yaxshilash, kamchiliklarning oldini olish maqsadida agentlik viloyat boshqarmasi tomonidan nazorat tadbiri o‘tkazib kelinmoqda. O‘tgan davr mobaynida boshqarma tomonidan shahar, tuman davlat xizmatlari markazlarida 7 marotaba «Sirli mijoz» va 6 marotaba reyd tadbirlari o‘tkazildi.

Bu tadbirlar davomida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha 1 nafar xodimga nisbatan «hayfsan», 1 nafar xodimga nisbatan jarima intizomiy jazolari qo‘llanildi.

Shuningdek, boshqarma tomonidan Davlat xizmatlari markazlari xodimlari o‘rtasida korrupsion holatlarining oldini olish yuzasidan individual tarzda profilaktik suhbat va xodimlar bilan savol-javoblar o‘tkazildi.

06.05.2021

Foydali resurslar