2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Davlat xizmatlari markazlarida murojaatlar ijrosi kechikishiga kim aybdor?

Aholi orasida davlat xizmatlari markaziga qilingan murojaatlari kechikib bajarilayotganidan noroziliklarni eshitib qolamiz. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda ham tanqidiy munosabatlar paydo bo‘layotir.

– Murojaatning ijrosi kechikishida davlat xizmatlari markazini ayblash to‘g‘ri emas, – deydi DXA Jizzax viloyat boshqarmasi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Xakimjon Fozilov. 

– Hozirgi vaqtda davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatilayotgan 154 turdan ortiq davlat xizmatlarining aksariyati vakolatli organlar, ya’ni turli davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan bajariladi. Markaz fuqarolarning murojaatlarini tegishli davlat tashkilotlariga yo‘naltirib, ijrosini talab qilib oladi.

Biroq davlat tashkilotlarining barchasi ham fuqarolarning DXA markazlari orqali kelayotgan murojaatlaridagi masalani hal etishga yetarli mas’uliyat bilan yondashmoqda, deb bo‘lmaydi. Davlat xizmatlari boshqarmasi murojaatlarni belgilangan muddatda ko‘rib chiqmagan idora, tashkilot mutasaddilarga qonuniy chora ko‘rib borayotir.

Masalan, Jizzax shahrida yashovchi O.Qo‘ychiyevning ichimlik suvni hisobga olish (hisoblagich) uskunasini qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha Davlat xizmatlari markazi orqali 2020 yil 24 dekabr kuni «Jizzax suv ta’minoti» MCHJ Jizzax shahar filialiga murojaati bilan so‘rovnoma yuborgan. Mazkur so‘rovnoma «Jizzax suv ta’minoti» MCHJ Jizzax shahar filiali tomonidan belgilangan muddatdan kechiktirib ko‘rib chiqilgan.

Davlat xizmatlari markazining taqdimnomasi bilan mazkur qonunbuzulishga yo‘l qo‘ygan «Jizzax suv ta’minoti» MCHJning Jizzax shahar filiali rahbari Dilshod Ibragimov ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Bunday qonuniy choralar yuridik tashkilotlarning murojaatlari ijrosini kechiktirish holatlari sodir etilganda ham qo‘llaniladi. Misol uchun, “Enginering mir-rosso” MCHJning loyiha-smeta hujjatlariga kelishish xulosasini olish bo‘yicha 2020 yil 22 dekabr kuni Davlat xizmatlari markazi orqali qilgan murojaat so‘rovnomasini muddatidan kechiktirib ko‘rib chiqqani uchun G‘allaorol tuman Davlat sanitariya epidemiologiya va osoyishtaligi va jamoat xizmati bo‘limi boshlig‘i Asliddin Tojiyev ma’muriy javobgarlikka tortildi

Joriy yilning o‘tgan uch oyi davomida jismoniy va yuridik shaxslarning davlat xizmatlarini olish maqsadida Dxa.gov.uz hamda my.gov.uz elektron tizimlari orqali qilgan murojaatlari vakolatli organlar tomonidan ko‘rib chiqilishining qonuniyligi DXA viloyat boshqarmasining mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganilganda jami 582 ta qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Jumladan, ushbu qonunbuzulishlar ro‘yxatida «O‘ztransgaz» AK tizimidagi korxonalar yetakchilik qilmoqda. Yilning birinchi choragida tizimdagi tashkilotlar tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha 99 ta qonunbuzish holati sodir etilgan.

Yilning o‘tgan davrida «O‘zbekenergo» AJ tizimidagi korxonalar tomonidan 32 ta, soliq organlari tomonidan 24 ta, hokimliklar tomonidan 21 ta, qurilish va arxitektura idoralari tomonidan 14 ta, yer resurslari va davlat kadastri idoralari tomonidan 14 ta, sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan 12 ta va boshqa idoralar tomonidan 366 ta qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan aniqlangan qonunbuzulish holatlari yuzasidan vakolatli organlarga 19 ta taqdimnoma, 26 ta ogohnoma kiritildi. Natijada 34 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka, 35 nafar mansabdor shaxs esa ma’muriy javobgarlikka tortildi.

– Asosiy maqsad, murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonunbuzulishlarga yo‘l qo‘yganlarni aniqlab jazolash emas, xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, –deydi DXA Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alisher Nekov. 

– Shuning uchun boshqarmamizda murojaatlar ijrosining kechikishiga barham berish uchun davlat organlari bilan hamkorlikda ishlashni yaxshilashga asosiy e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda boshqarma tomonidan muntazam ravishda vakolatli organlarning rahbar va mas’ul xodimlari ishtirokida amaliy seminarlar o‘tkazilayotir, joylarga chiqib tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Fuqarolar murojaatlari qonunda belgilangan muddatda ko‘rib chiqilib, ularning muammolari hal etilsa, odamlar davlatdan rozi bo‘ladi. Afsuski, yuqorida  keltirilgan qonunbuzilish holatlari soni hozircha davlat xizmatlaridan qoniqmayotganlar ancha ko‘pligini ko‘rsatib turibdi. Murojaatlarni ko‘rib chiqishdagi qonunbuzilishlarga barham berish, odamlarni rozi qilish uchun avvalo, barcha tashkilot va idoralar rahbarlari zimmasidagi mas’uliyatni his etib ishlari kerak.

 

14.04.2021

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Иш ҳақи ва унга тенглаштирилган тўловларни ундиришIshonch telefoni5 Iyun 202117 Iyun 2021Andijon viloyati

Foydali resurslar