2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Eng katta maqsadimiz – yoshlarni ish bilan ta’minlash, “Mahallabay” o‘sish nuqtalarini belgilab, kambag‘allikni qisqartirishdir

Prezident Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida 4 fevral kuni Farg‘ona viloyatiga keldi.

Tashrif dasturi juda tig‘iz va mazmunan boy. Birinchi manzil – Oltiariq tumanidagi “Fayzli bog‘lar sari” uzumchilik kooperatsiyasi bo‘ldi.

Oltiariqliklar dehqonchiligi, omilkorligi bilan tanilgan. Ularga yer berilsa, o‘zini ham, elini ham boy qiladi. Lekin, boshqa mahsulotlarga nisbatan daromadi kamligiga qaramay, bu tumanda ham paxta va g‘alla ko‘p ekilar edi. Davlatimiz rahbarining qishloq xo‘jaligini tarkibiy o‘zgartirish, bozorbop ekinlar ekishga qaratilgan siyosati qo‘li gul dehqonlar va yoshlarga katta imkoniyat ochdi.

Prezident kelgan kooperatsiyaning 6 gektarlik tokzori o‘rnida ilgari paxtadan 20, g‘alladan 25 sentner hosil olinar edi. O‘tgan yili bu yerda bog‘ yaratilib, “husayni”, “kelin barmoq”, “rizamat” navli uzum ko‘chatlari ekilgan. Qator oralarida pomidor, bodring, ko‘katlar, qalampir va boshqa sabzavotlar yetishtirilmoqda. Tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan.

Eng muhimi, bu maydon 51 nafar yoshga, jumladan, xorijdan qaytib kelgan mehnat muhojirlariga ajratib berilgan. Ular plyonka ostiga sabzavotlar ekib, yiliga to‘rt martagacha hosil olishi mumkinligini aytishdi.

– Har bir yosh haqida ota-onasi qanday qayg‘ursa, men ham shunday qayg‘uraman, – dedi Shavkat Mirziyoyev ular bilan suhbatda. – Yoshlarni tezroq ish bilan ta’minlash uchun katta imkoniyatlarimizdan biri hozircha shu. Hayotda o‘rnini topgan insonda o‘ziga ishonch, intilish paydo bo‘ladi. Bugun yoshlarga daromad manbai yaratib, ish o‘rgatib, tetapoya qilsak, 2-3 yildan keyin hech kimga qaram bo‘lmaydi – bankda hisob-raqami bo‘ladi, uy oladi, yaxshi yashaydi, bolalarini yaxshi tarbiyalaydi.

Prezident yoshlarga o‘qib-o‘rganib, faoliyatini yaxshilash bo‘yicha maslahatlar berdi.

– Hayot – kurash, raqobat. Bu kurashda kim kuchli bo‘ladi? Aqlli, bilimli, mehnat qilgan. Bugun yoshlar davlatimizning e’tiborini his etishi, ko‘p o‘qib, kun sayin bilimini oshirib, rivojlanishda davom etishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Yerlarni ajratib berish orqali Farg‘ona viloyatida 200 ming nafar yoshning bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

“Fayzli bog‘lar sari” uzumchilik kooperatsiyasining umumiy yer maydoni qariyb 130 gektar. Shundan 40 gektar maydonda tokzor, 90 gektar maydonda intensiv bog‘ barpo etilgan. 2 ming tonna sig‘imli muzlatkichli ombor, yuk mashinalari bor. Yetishtirilgan mahsulotlarning katta qismini eksport qilish rejalashtirilgan.

Shu yerda Farg‘ona viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari jurnalistlar bilan jonli muloqot qildi.

– Sizlar menga ko‘makchi va yelkadoshsiz. Men sizlarni yutug‘imizni ham, kamchiligimizni ham xalqimizga adolatli yetkazayotgan kuch deb bilaman. Sizlardan bir narsani iltimos qilmoqchiman: izlanishdan erinmanglar. Adolatni xalqqa yetkazishdan qo‘rqmanglar. Nimaga desangiz, ortingizda Prezident turibdi. U zamonlar o‘tib ketdi. Faqat adolat, adolat va haqiqat. Qancha ko‘p haqiqatni yetkaza olsak, shuncha ko‘p manfaat bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Rishton tumanida qurilgan Xalqaro kulolchilik markazini borib ko‘rdi.

Ilgari rishtonlik kulollar o‘z uyida, tor ustaxonalarda ishlardi. Xorijlik turistlar uchun sharoit yo‘q edi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘tgan yili tumanga 15 mingdan ortiq xorijiy sayyoh kelgan. Agar qo‘shni Qirg‘iziston orqali Rossiya va boshqa mamlakatlardan kelib, Rishtondan o‘tadigan turistlarni ham qo‘shsa, bu raqam yana bir necha mingga ortadi. Bu tumanning sayyohlik salohiyati yuqoriligidan dalolat.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 17 noyabrdagi farmonidan keyin hunarmandchilikni rivojlantirish va hunarmandlar uchun keng imkoniyatlar yaratila boshlandi. Mazkur farmonga muvofiq, o‘tgan yillarda Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarida hunarmandchilik markazlari qurilgan edi. Rishtondagisi kulolchilik yo‘nalishida bo‘ldi.

Agar Marg‘ilon atlas va adraslari, Qo‘qon yog‘och o‘ymakorligi va naqqoshlik maktablari bilan mashhur bo‘lsa, Rishton qadimiy kulolchilik san’ati bilan dunyoga tanilgan. Bu yerda tayyorlangan sopol idishlar o‘ziga xos dizayni, ekologik tozaligi bilan ajralib turadi. Rishton kulolchilik mahsulotlarining yarmidan ko‘pi tashqi bozorda xaridorgir.

Pandemiya davrida aholining uyda o‘tirib, hunarmandchilik bilan shug‘ullanishi va daromad topishiga ko‘maklashish maqsadida qisqa muddatda tumanda Xalqaro kulolchilik markazi barpo etildi. Bu yerda 20 ta ikki qavatli kulollar xonadoni, Rishton tarixi muzeyi, bank xizmatlari markazi qurilgan. Uylarning birinchi qavatida ustaxona va savdo do‘koni joylashgan, ikkinchi qavatda hunarmandlar oilasi yashaydi.

Xonadonlarning har birida 6 o‘rinli mehmonxona ham mavjud. Chet ellik sayyohlar bu yerda yashab, kulollarning ishi bilan tanishishi mumkin.

Markaz foydalanishga topshirilishi bilan 250 ga yaqin ish o‘rni yaratildi. Kulolchilik mahsulotlari Birlashgan Arab Amirliklari, Chexiya, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston xalq ustasi Alisher Nazirov ustaxonasida bo‘ldi. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan kulolchilik buyumlarini ko‘zdan kechirdi.

– Bu idishlarda mehnat bilan, yurak bilan birga tarix ham bor. Hamma yo‘nalishlarda milliy an’analarimizni tiklayapmiz. Sopol buyumlar ham milliy qadriyatimiz. Ularni yana ommalashtirib, har bir xonadonga kiritish kerak. Ularni chet elliklar juda qadrlaydi. Chunki chiroyli, sifatli, ekologik toza. Yurtimizdagi har bir uyda mana shunday idishlar bo‘lsa, ham milliy iftixor, ham ma’naviyat bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident taniqli kulollar Muzaffar Saidov va Sharofiddin Yusupov xonadoniga ham kirib, ular bilan samimiy suhbatlashdi.

Kulollarga aylanma mablag‘ va imtiyozlar berish, boshqa hududlarimizda do‘konlar ochishiga ko‘maklashish, mamlakatimizning xorijdagi elchixonalarida ko‘rgazma-savdo rastalari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Xalqaro kulolchilik markazida “Hunarmand” uyushmasining tuman bo‘limi, o‘quv markazi ham joylashgan.

Qurilish jarayonida shu yerdagi Xo‘ja Rushnoiy maqbarasi obod qilingan edi. Davlatimiz rahbari ushbu maqbarani ham ziyorat qildi.

Shu yerda viloyatda “mahallabay” tizimi asosida yoshlar va ayollarni ish bilan ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Prezidentga Bag‘dod tumani misolida uch bo‘g‘inli “mahallabay” ishlash tizimi taqdimot qilindi. Ushbu uch bo‘g‘inli tizimda har bir mahallaga tijorat banklarining mas’ul xodimlaridan iborat doimiy vakil biriktiriladi. Ular mahalla raislari bilan birga xonadonlardagi ahvolni, ishsizlar soni, ularning qiziqishlari, hududning “o‘sish nuqtalari”, mavjud tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini kengaytirish masalalarini o‘rganib boradi.

Ushbu o‘rganishlar chog‘ida ishlab chiqilgan takliflar ikkinchi bosqichda har bir sektor qoshida iqtisodiy kompleks xodimlaridan tuziladigan boshqaruv ofislariga beriladi. Boshqaruv ofislarida o‘sha hududdagi tijorat banklari rahbarlari, bandlik va mehnat munosabatlari, soliq, moliya, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limlarining mas’ul xodimlari aniqlangan muammo va takliflar asosida har bir mahallani rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqadi va ularning ijrosi yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni ko‘radi.

Uchinchi bosqichda tumanlarda hokimlarning birinchi o‘rinbosari boshchiligida muvofiqlashtiruvchi guruh tashkil etiladi. Ular ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlab, uning ijrosi bo‘yicha har chorakda mahalliy kengashlarga hisobot beradi, mahalla raislari bilan birga boshqaruv ofislari faoliyatini muhokama qilib boradi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu uch bosqichli tizimni butun mamlakatimizga joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi. O‘z uyida tikuvchilik sexi ochib, mahalla xotin-qizlarini ish bilan ta’minlagan uchko‘priklik ayollar, nodavlat o‘quv markazlari rahbarlari bilan muloqot qildi. Ular faoliyatini kengaytirishi uchun logistikaga qulay joyda zamonaviy kompleks qurib berish bo‘yicha mutasaddilarga vazifa qo‘ydi.

Farg‘ona viloyatida 400 dan ziyod qo‘shma va xorijiy korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Istiqbolli loyihalar asosida investitsiyalarning o‘zlashtirilishi natijasida qishloqlarga sanoat kirib, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.

Farg‘ona tumanining Log‘on qishlog‘idagi “Vodiy-Shoes” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona ish boshlaganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Bu yerda tayyorlanayotgan erkaklar, ayollar va bolalar poyabzallari qisqa vaqtda ichki va tashqi bozorda o‘z xaridorlarini topdi. Mahsulotlar pishiq-puxtaligi, bejirim ko‘rinishi bilan ajralib turadi. Shuningdek, korxonada huquq-tartibot idoralari xodimlari uchun maxsus poyabzallar ishlab chiqariladi.

Davlatimiz rahbari ushbu korxona faoliyati bilan ham tanishdi, tayyor mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi.

Qayd etish lozimki, Prezidentimizning Farg‘ona viloyatiga avvalgi tashriflari chog‘ida ushbu korxona loyihasi taqdimot qilingan edi. Davlatimiz rahbari, avvalo, tayyorlanadigan mahsulotlar eksportbop va sifatli bo‘lishi lozimligini ta’kidlab, eng zamonaviy uskuna va texnologiyalar olib kelish, korxonada ishlaydigan yoshlarni o‘qitish bo‘yicha topshiriqlar bergandi.

Qo‘shma korxona o‘tgan yili foydalanishga topshirildi. 4,1 gektar maydonga ega qo‘shma korxonada umumiy qiymati 16 million dollardan ziyod loyiha amalga oshirilib, Italiya, Turkiya va Germaniyadan zamonaviy uskuna va texnologiyalar olib kelindi.

Log‘on, Kaptarxona, Vaziyo, Avval kabi qishloqlarda yashovchi o‘nlab yoshlar malakali mutaxassislar yordamida kasbga o‘qitildi. Eng muhimi, bugun ular bu yerdagi zamonaviy texnologiyalarni bemalol boshqarmoqda.

Korxona mahsulotlari asosan mahalliy xomashyodan tayyorlanadi. Faqat poyabzal tag qismi uchun maxsus qo‘shimcha Germaniyadan olib kelinadi.

Ayni paytda 2 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilgan. Ularning asosiy qismini mahalliy yoshlar tashkil etadi. Korxonada birinchi bosqichda yiliga 1 million juft poyabzal ishlab chiqarilmoqda. Asosan mahalliy xomashyodan foydalanilgani uchun tannarxi ham arzon. Shu bois ichki bozorda import o‘rnini bosib, xorijniki bilan raqobatlashmoqda. Eksport mo‘ljali – 12 million dollar.

Ikkinchi bosqichda korxona quvvatini 2 million juftga yetkazish rejalashtirilgan. Shu maqsadda yaqin atrofdagi 18 ta mahalla xotin-qizlari kasanachilik asosida ishga jalb qilinadi. Natijada 5 mingdan ortiq ayollarning bandligi ta’minlanadi.

Prezident shu yerdagi to‘qimachilik korxonasini ham kirib ko‘rdi. «Bahodir Log‘on» paxta-to‘qimachilik klasteriga qarashli mazkur shirkat yiliga 10 ming tonna mahsulot tayyorlash quvvatiga ega. Yaponiya, Turkiya, Germaniya va Shveysariyadan uskunalar keltirilib, ip-kalava va mato ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. 480 kishining bandligi ta’minlangan, shundan 300 nafari yoshlar.

Bu birinchi bosqich bo‘lib, 2022 yilda ikkinchi bosqichni amalga oshirish rejalashtirilgan. Uning natijasida 1 ming 800 ta yangi ish o‘rni yaratib, eksport salohiyatini 16 million dollardan oshirish maqsad qilingan.

Davlatimiz rahbari xomashyoni qayta ishlashni yanada kengaytirib, tayyor mahsulotlar turini ko‘paytirish, eng muhimi, bozor topish zarurligini ta’kidladi.

Shu yerda Farg‘ona viloyatida 2021-2022 yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 6 mayda Farg‘ona viloyatida bo‘lganida toshdan qog‘oz ishlab chiqarish loyihasi taqdimot qilingan edi. bugungi kunda ushbu loyiha Farg‘ona shahrida «Fergana stone paper» korxonasi bo‘lib amalga oshdi.

Xitoydan noyob texnologiya olib kelinib, yiliga 9 ming tonna qog‘oz tayyorlash quvvatiga ega bo‘ldi. Prezident tashrifi arafasida ushbu korxona sinov rejimida ishga tushirildi.

Toshdan yasalgan qog‘oz bir qancha afzalliklarga ega. Birinchidan, sellyuloza qog‘oz tayyorlash uchun juda ko‘p suv sarflanadi, zaharli moddalar borligi tufayli bu suv yaroqsiz bo‘lib qoladi. Toshdan qog‘oz ishlab chiqarishda esa suv ishlatilmaydi.

Ikkinchidan, mustahkamligi, chidamliligi oddiy qog‘ozga nisbatan yuqori. O‘zidan suv o‘tkazmaydi, dog‘ yuqmaydi. Shu bois toshdan olingan qog‘oz matbaachilikda, qadoq va gulqog‘oz ishlab chiqarishda juda qulay. Tashqi bozorda xaridorgir.

Korxonada 60 kishi ish bilan ta’minlandi. Davlatimiz rahbari ish jarayonini, qog‘oz sifatini ko‘rdi.

– Qog‘oz tayyorlash qadimiy hunarmandchilik yo‘nalishlarimizdan biri. O‘z davrida Samarqand qog‘ozi dunyoga mashhur bo‘lgan. Bu korxona – tarixiy an’analarning sanoat darajasida qayta tiklanishi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz Farg‘ona viloyatida ishlab chiqarilayotgan import o‘rnini bosuvchi sanoat mahsulotlarini ham ko‘zdan kechirdi.

Davlatimiz rahbarining Farg‘ona viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

05.02.2021

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Иш ҳақи ва унга тенглаштирилган тўловларни ундиришIshonch telefoni5 Iyun 202117 Iyun 2021Andijon viloyati

Foydali resurslar