2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
2021-yil qariyb 3 million aholi kambag‘allikdan chiqariladi

Prezidentimiz Oliy Majlisga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasida barcha sohalar qatori aholi bandligini ta’minlash masalasiga ham alohida to‘xtaldi.

Murojaatnoma hamda “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umurzaqov bilan suhbatlashdik.

– Murojaatnomada belgilangan vazifalardan kelib chiqib, vazirlik tomonidan 2021 yilda aholi bandligini ta’minlash borasida qanday ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda?

– Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasi juda katta tashkiliy-huquqiy va moliyaviy ko‘rsatma bo‘ldi. Oldimizga qo‘ygan vazifalardan biri mingdan ziyod insonni kasb-hunarga o‘qitish. Bu ishning ijrosini ta’minlash uchun har bir viloyatda monomarkazlar tuzdik. Poytaxtimizdagi markaz respublikaniki bo‘lsa, har bitta viloyat va tumanlarda mana shunday kasb-hunarga tayyorlash o‘quv markazlari tashkil etildi.

Bu markazlarning asosiy maqsadi ishsiz, kasb-hunarga ega bo‘lmagan, jamiyatda o‘z o‘rnini topa olmagan yurtdoshlarimizni bugungi mehnat bozori talablaridan kelib chiqqan holda kasbga o‘qitish, sifatli kadrlar tayyorlashdir.  

Yana bir yangilik, o‘tgan yillar 30 mingga yaqin fuqarolar kasb-hunarga o‘qitilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 50 ming nafarga oshiriladi. Ularning borish-kelishi, turar joy hamda stipendiyasi kabi masalalarni hal qilganmiz. Davlatimiz rahbari 2021 yildan har bir o‘qiyman, degan fuqaroga 1 million so‘mdan mablag‘ ajratamiz, dedilar. Shuning uchun hisob jamg‘armalarimiz hisobiga taxminan yana qo‘shimcha 100 milliard so‘m ajratildi.

Bizga ilgari “Nimaga O‘zbekistonda maosh miqdori kam, chet ellarda yuqori?”, degan savolni berishar edi. Buni oddiy qilib tushuntiradigan bo‘lsak, chet elda baland maosh yuqori professional darajadagi mutaxassislarga belgilanadi. Malakasi yo‘q kadr bilan malakasi yuqori xodimga to‘lanadigan haq o‘rtasida farq bo‘lishi kerak, albatta. Har yili mehnat bozorimizga 740-750 ming yoshlar kirib keladi. 2020 yil o‘shalarning taxminan 150 ming nafari oliygohlarga o‘qishga kirdi.

Taxminan 350 mingga yaqini o‘rta-maxsus ta’limga kiradi. Qolganlari umumiy o‘rta ma’lumot bilan qolardi. Mana shularni hisobga olib, birinchi navbatda, kambag‘al, qiynalgan, davlatimiz yordamiga muhtoj bo‘lgan oilalarning farzandlarini mana shu o‘qishlarga yuboramiz. O‘qishining 2-3 oylik xarajatlarini ko‘tarib, o‘qishni bitirish arafasida ular uchun alohida ish joylarini barpo etish orqali bandligini ta’minlashni rejalashtirganmiz.

Oldimizga qo‘ygan masalalardan yana biri chet elda ishlayotgan yigit-qizlarimizning asosiy qismini o‘qitish, ularga xalqaro andozalarga mos keladigan sertifikatlar berishdir. Hozir Rossiyada ishlayotgan malakasiz yigit-qizlarimiz bir oyda taxminan 300-350 dollar maosh oladi. O‘shaning taxminan 150 dollarini uyiga yuboradi, qolgan qismini ovqatlanish va boshqa xarjatlariga sarflaydi. Agarda o‘quv markazlarida o‘qib, yaxshi kasb egasi bo‘lsa, 800-1500 dollargacha maosh oladi.

O‘qimayman, ishlayman degan yurtdoshlarimizga 10 sotixdan bir gektargacha joy ajratamiz, dedi Prezidentimiz. Texnika va boshqa tashkiliy tomonlariga subsidiya beriladi. Tadbirkorlik qilaman deganlarining biznes qobiliyatini shakllantiramiz, faoliyatini boshlashida amaliy yordam qilamiz.

        – “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ahamiyatli jihati nimada? Aholi bandligini ta’minlash, mehnat munosabatlarini tartibga solishdagi o‘rni qanday?

– 2021 yilda 5 million kambag‘allarning 2-3 millionini bandlik jarayoni orqali kambag‘allikdan chiqarib olamiz. Bu borada tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda markazlashgan mablag‘lar hisobidan mana shu ishlarni amalga oshirishni reja qilganmiz. Murojaatnomada 2021 yilda ishsizlik nafaqasini olish 3 barobarga oshirilishi aytildi. 2020 yilda ishsizlik nafaqasi o‘rtacha 500 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yilda 1,5 million so‘mdan har 3 oy muddatga beriladi.

Mana shu 3 oyda ushbu fuqarolarni ish bilan ta’minlab, kerak bo‘lsa o‘qitib, chet elga ishga yuborish rejasini qilyapmiz. Bu borada Rossiya, Qozog‘iston, Yevropa va  Arab davlatlari, Koreya bilan shartnomalar tuzib qo‘ydik. Quvaytga arab yoki ingliz tilini biladigan injener mutaxassislar kerak. Ular 7 ming mutaxassis ajratishimizni so‘ragan. Ularning har biriga 500 dollardan 14 ming dollargacha maosh berilishi ko‘zda tutilgan. Mutaxassislarimiz bor, lekin tilni bilishmaydi. Ayni shu bois bor-yo‘g‘i 120 mutaxassis yubora oldik. Bizdagi birinchi muammo – yurtdoshlarimizning yuborilayotgan davlat tilini bilmasligida.

Buni hisobga olgan holda markazlarimizda fuqarolarga ingliz, rus, fransuz, yapon, arab, xitoy tillarini o‘rgatyapmiz. Til bilgan fuqarolarga hatto samolyot biletini ham olib beramiz. Hamma sharoit muhayyo.

Fuqarolarda bitta narsa – ong, tafakkur o‘zgarishi kerak. Rossiya davlatida ishlayotgan 2 millionga yaqin fuqarolarimizning 400 mingini rasmiylashtirdik. Qolganlarini ham rasmiy jihatdan qabul qilsak, ularning topgan daromadining kattaroq qismi uyiga, qolgan qismi ijtimoiy to‘lovlarga ketadi. Keksayganida nafaqa olish imkoni bo‘ladi.

Hozircha ularda bunday imkoniyat yo‘q. Shu boisdan, birinchi navbatda, ijtimoiy kafolatlangan mehnat kerak. Mehnat tufayli nogiron bo‘lish bu juda katta jinoyat. Bunda korxonaning ham, jarohat olgan odamning ham aybi bor. Chunki uning na kafolati, na to‘lovlari belgilanmagan. Mana shu mehnat munosabatlarini tezroq tugatishimiz kerak. Har bir ishlayotgan odam rasmiy jihatdan shartnoma asosida ijtimoiy kafolatlangan ish olib borishi kerak.

Mamlakatimiz aholisi soni yaqinda 35 million nafarga yetadi. 19,5 million aholi mehnatga layoqatli hisoblanadi. Shundan taxminan 7-7,3 aholi norasmiy, 5,5 million nafari rasmiy ishlaydi. 2025 yilgacha norasmiy ishlaydigan fuqarolarni bosqichma-bosqich rasmiyga o‘tkaza olsak, davlatimiz byudjeti, moliyaviy imkoniyati 10 barobarga oshadi. Yashirin iqtisodiyotning oldini olgan bo‘lamiz. Jahon miqyosida buni tahlil qiladigan bo‘lsak, norasmiy ishlaydiganlar AQSH, Yevropa davlatlarida ham bor. Bu davlatlarda 9-12 foizni tashkil etadi. Ammo bizda bu ko‘rsatkich 62 foizni tashkil etadi. Bu ham iqtisodiyotimizga, ham ishchilarning mehnat huquqiga ziyon.

Bularni qonuniy jihatdan tashkil etish maqsadida “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonunni puxta ishlab chiqdik. O‘zbek mintalitetini hisobga olgan holda xalqaro andozalardan namuna oldik. Aholiga munosib mehnat sharoiti yaratib bermaganimiz, mehnatini to‘g‘ri baholamaganimiz, mehnatiga munosib haq bermaganimiz uchun ko‘pchilik fuqarolar ishsiz, ko‘pchiligi chet elga ishlash uchun ketmoqda. Mana shularni tashkiliy, qonuniy  va boshqa tomonlariga e’tiborni kuchaytirsak, odamlar kamroq o‘g‘irlik qiladi. Davlatimizni chin yurakdan sevadi.

– Ayrim qishloqlarda maktab va poliklinikadan boshqa davlat tashkiloti yo‘q, aholi shu sababli pul topish maqsadida chetga chiqib ketyapti, degan fikrga qanday munosabat bildirasiz?

– Bu gapda jon bor. O‘tgan yili 184 kun viloyatlarda bo‘ldim. 47 yildan buyon davlat idorasida ishlayotgan bo‘lsam, umrimda ko‘rmagan yoki eshitmagan qishloqlarda bo‘ldim. Masalan, Romiton tumanining Mahtumquli qishlog‘iga bordim. U yerda 1 ta maktab va 1 ta qishloq vrachlik punkti bor. Boshqa korxona yo‘q.

Qishloq aholisining farovon hayot kechirishi, ularga munosib sharoit yaratish maqsadida “Obod qishloq” dasturi qabul qilindi. Unga davlatimiz tomonidan katta mablag‘ ajratilyapti. Shu dastur asosida Chinoz tumanidagi Eshonguzar qishlog‘ida ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari qurilib, foydalanishga topshirildi. Qishloqqa issiq va sovuq suv bordi, yo‘llar, ishlab chiqarish sexlari qurildi. O‘sha joyda 800 nafardan ortiq fuqaroni kasbga o‘qitib, ish bilan ta’minlanishida  hissa qo‘shdik. Bu qishloqlarga bo‘lgan e’tibor emasmi?

Endi bir yilda 500 mingta qishloqni qamrab olish qiyin. Reja bo‘yicha 1-2 yilda barcha qishloqlarda imkon bo‘ladi.

04.01.2021

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Иш ҳақи ва унга тенглаштирилган тўловларни ундиришIshonch telefoni5 Iyun 202117 Iyun 2021Andijon viloyati

Foydali resurslar