2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Eng katta maqsadimiz – xalqimiz hayotiga quvonch olib kirish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari dastlab Mirzo Ulugʻbek tumani Avayxon mahallasida bunyod etilayotgan koʻp qavatli uy-joylarni koʻzdan kechirdi.

 

Bu yerda jami 1 ming 120 ta xonadondan iborat 17 ta koʻp qavatli uylar qurilishi loyihalashtirilgan. Bugungi kunda 5 ta turar joy qad rostlab, ichki pardozlash ishlari olib borilmoqda.

 

Prezidentimiz xonadonlardan birini kirib koʻrdi, uylarning qurilish texnologiyasi va energiya tejamkorligiga eʼtibor qaratdi.

 

Tashqi devorlar bazalt materiali bilan qoplangani ob-havo taʼsirini kamaytirib, xonadonlarning qishda issiq, yozda salqin boʻlishini taʼminlaydi. Yana bir samarali tomoni – bu toʻliq mahalliylashtirilgan mahsulot.

 

Davlatimiz rahbari mahalliy materiallarni koʻproq ishlatib, uylarning narxini arzon qilish, ularni turli soha vakillari bilan birga kam taʼminlanganlarga ham ajratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Kredit muddatini uzaytirish, ijaraga berish orqali kambagʻal oilalarni qoʻllab-quvvatlash muhimligini taʼkidladi.

 

– Shaharlarda odamlar kommunal xizmatlar sifatsizligidan norozi. Binolarni ekspluatatsiya qiladigan barqaror tashkilotlar, malakali kadrlar yetishmaydi. Yangi obyektlar eski tarmoqlarga ulab qoʻyiladi. Butun kvartal birdaniga uzoqdagi stansiyadan isitiladi. Aslida, aql bilan ish qilinsa, kommunal toʻlovlarni 50 foizgacha arzonlashtirish mumkin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Yangi mavzeda avtonom issiqlik stansiyasi qurish, imoratlarni ekspluatatsiya qiladigan va sifatli xizmat koʻrsatadigan zamonaviy shirkat tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi.

 

Hududda yana bir nechta 9, 16 va bitta 25 qavatli turar joy barpo etilishi rejalashtirilgan. Loyihada zamonaviy qurilish normalari bilan birga milliy qadriyatlarimiz, turli marosimlar uchun qulayliklar ham inobatga olingan. Barcha uylarni 2020-yil sentyabrda foydalanishga topshirish moʻljallangan.

 

Shuningdek, maktab, bolalar bogʻchasi, dam olish va sport maydonchalari, bolalar oʻyingohlari, koʻp qavatli avtoturargoh barpo etilishi loyihalashtirilgan.

 

Bugungi kunda Toshkentning sanoat, tranzit-logistika, infratuzilma imkoniyatlaridan samarali foydalanib, yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent mexanika zavodining ulkan hududi va binolaridan samarali foydalanish maqsadida tashkil etilgan Texnopark ana shunday sanoat hududlaridan. Davlatimiz rahbari oʻtgan yili 28-iyunda bu yerga kelib, loyihalar taqdimoti bilan tanishgandi.

 

Texnoparkda 2020-2021 yillarda umumiy qiymati 393 million dollardan ziyod boʻlgan 15 ta korxonani ishga tushirish moʻljallangan. Ularda kir yuvish mashinalari, oshxona plitalari, sovutkich va muzlatkichlar, sanoat konditsionerlari, lift va eskalatorlar, elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.

 

Bu yerda zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari mavjud. Tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida logistika markazi tashkil etiladi. Ishlab chiqariladigan mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasi 35-40 foiz boʻladi. Shuningdek, yiliga 186 million dollarlik eksport qilish rejalashtirilgan.

 

Prezidentimiz Texnopark hududida ishga tushirilgan ilk loyiha – elektron gaz hisoblagichlar korxonasi faoliyati bilan tanishdi, mahsulotlar namunalarini koʻzdan kechirdi.

 

50 million dollar investitsiya hisobiga tashkil etilgan korxonada yiliga 3 million dona elektron gaz hisoblagich tayyorlanadi. Bu “aqlli” hisoblagichlarga sim-karta oʻrnatilgan boʻlib, ishlatilgan tabiiy gaz hajmi haqidagi maʼlumotni onlayn rejimda markaziy serverga uzatadi. Shu tariqa hisoblashda billing tizimi joriy etiladi va inson omili qisqaradi.

 

Ushbu hisoblagichlar xavfsizlik jihatidan ham qulay. Ularga oʻrnatilgan meʼyor uskunasi ortiqcha gaz bosimini pasaytirib, isteʼmolchiga bir xilda yetkazib beradi. Bu orqali aholi xonadonlari va inshootlarda yongʻin yoki gazdan zaharlanish kabi koʻngilsiz holatlarning oldi olinadi.

 

Bugungi kunda mamlakatimizda 3,5 million dona elektron gaz hisoblagichga ehtiyoj mavjud. Korxona ushbu ehtiyojni bir yilda qoplab, kelgusi yildan 7,7 million dollarlik mahsulot eksport qilish quvvatiga ega. Buning uchun korxona hamkori – Italiyaning “Petro Fiorentini” kompaniyasi bilan tegishli shartnoma tuzilgan.

 

Davlatimiz rahbari korxona faqat sotish bilan cheklanib qolmay, hisoblagichlarni oʻrnatishdan tortib xizmat koʻrsatishgacha masʼul boʻlishi, ekspluatatsiyaga javob berishi kerakligini taʼkidladi.

 

– Har bir ishlab chiqarishga kirishishdan oldin standartni oʻylash kerak. Malakali servis uchun ham, eksport uchun ham standart zarur. Afsuski, biz bu sohada dunyodan ancha ortda qoldik. Joylarda standart kafolatini taʼminlaydigan kadrlar juda kam. Shuning uchun mana shunday sanoat korxonalarining oʻzida servis boʻyicha mutaxassislar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish kerak, – dedi Prezident.

 

Korxonaning servis markazi faoliyati haqida maʼlumot berildi. Bu markaz korxona va “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati bilan uzviy ishlaydi. Joriy yilda “Hududgaztaʼminot” tomonidan 3 million 480 ming dona hisoblagich oʻrnatish rejalashtirilgan. Bu ishni tashkil etishda Texnopark servis markazining joylardagi 15 ta filiali koʻmaklashadi. Hozirgi kunda ushbu filiallarda 150 mutaxassis mehnat qilmoqda. Bitta ishchi bir kunda 30 ta gaz hisoblagich uskunasi toʻgʻri oʻrnatilganini tekshirib, kafolat muddatini beradi.

 

Servis markazidagi yagona aloqa boʻlimida mijozlar murojaatlariga javob qaytariladi. Bitta operator kuniga 60 tagacha qoʻngʻiroqni qabul qiladi. Servis markazida ishlab chiqilgan “Texnosoft” dasturiy mahsuloti orqali oʻrnatilgan gaz hisoblagichlar soni, toʻgʻri oʻrnatilgani nazorat qilib boriladi. “Texnosoft” hisoblagichlarga kafolat muddatini berish uchun arizalarni mutaxassislarga taqsimlaydi, mijozlarga xizmat koʻrsatadi.

 

Prezidentimiz korxona ishlab chiqargan gaz hisoblagichlar sifatiga javob berishi, servis markazi korxona – “Hududgaztaʼminot” – mijoz oʻrtasida bogʻliqlikni taʼminlashi lozimligini taʼkidladi.

 

Davlatimiz rahbari Texnoparkda amalga oshirilayotgan galdagi loyihalar, ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan sanoat mahsulotlari bilan ham tanishdi.

 

Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumanidagi Mudofaa vazirligiga qarashli Maʼnaviyat va maʼrifat markazini borib koʻrdi.

 

Bu markaz binosi 1980-yilda qurilgan. Hozirda unda Qurolli Kuchlar ansambli, Markaziy harbiy orkestr, “Turon” davlat harbiy teatri, bichish-tikish korxonasi va bolalar toʻgaraklari joylashgan. Lekin imkoniyatlardan toʻla foydalanilmayotgan edi.

 

Prezident markaz binosini rekonstruksiya qilib, undan maqsadli foydalanish, davlat-xususiy sheriklik asosida koʻngilochar maskan tashkil etish zarurligini taʼkidladi.

 

Bu yerda konsertlar, bayram tadbirlari oʻtkaziladi. Atrof obodonlashtirilib, tadbirkorlar ishtirokida savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari tashkil etiladi.

 

Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ishsizlarni kasbga qayta tayyorlash uchun zarur sharoit yaratilmoqda.

 

Yashnobod tumanida 2019-yil sentyabr oyida faoliyat boshlagan “Ishga marhamat” mono-markazi ana shunday muassasalardan biri. Unda qurilish, maishiy xizmat, texnik-muhandislik kabi sohalar boʻyicha 22 ta kasbga oʻrgatish yoʻlga qoʻyilgan. Buning uchun zarur stanoklar, mebel, mulyaj va boshqa amaliyot vositalari keltirib oʻrnatilgan. Markaz yiliga 5 ming 600 kishini oʻqitish imkoniyatiga ega.

 

Bu yerga kelgan odamga avval bandlik masalalari boʻyicha maslahat xizmati koʻrsatiladi. Doimiy ishga ega boʻlmasa, boʻsh ish oʻrinlari taklif etiladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj murojaatchilar doimiy kvotali ish bilan taʼminlanishi ham mumkin.

 

Kasbiy malaka talab etiladigan ishni tanlaganlar shu yerdagi oʻquv kursiga jalb qilinadi. Boshqa mamlakatda ishlash istagini bildirgan fuqarolarga bu boradagi koʻnikma va xorijiy tillar oʻrgatiladi.

 

Markazda ingliz, yapon, xitoy, koreys va rus tillarini oʻqitish boʻyicha qisqa muddatli kurslar faoliyat yuritmoqda. Xorijdagi bir qator oliy oʻquv yurtlari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

 

Bu yerga oʻtgan 5 oyda 550 dan ziyod fuqaro murojaat qilgan. Ularning asosiy qismini xotin-qizlar va yoshlar tashkil etgan. 267 fuqaro oʻqishni bitirib, sertifikat olgan.

 

Prezidentimiz markazda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, usta va kasb oʻrganayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi.

 

Bunday markazlar odamlarning talab bor kasblarni tezda oʻrganib, oʻz ishini topishi uchun juda muhimligini, boʻsh turgan kollej va boshqa binolarni taʼmirlab, Toshkent shahrining har bir tumani va barcha viloyatlarda shunday muassasalar tashkil etish lozimligini taʼkidladi.

 

Kasb-hunar yoʻnalishlarini shu ixtisoslikdagi oʻquv yurtlariga biriktirib, yuqori malakali oʻqituvchilarni jalb etish, shuningdek, kechki saboqlarni ham yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumani rahbarlari, mahalla raislari, tadbirkorlar, maktab va sogʻliqni saqlash muassasalari vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

 

Davlatimiz rahbari tumanni obod va osoyishta, namunali hududga aylantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, kambagʻallikka barham berish, taʼlim sifatini oshirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, tinchlikni taʼminlash borasida bir qator tashabbuslarini aytdi, topshiriqlar berdi.

 

– Sizlar bilan, xalq orasida yurib, islohotlarimizni amalga oshirayotgan odamlar bilan suhbat qilib, mavjud muammo va masalalarni ochiq-oydin muhokama qilgani keldim. Shuning uchun yodlangan gaplarni gapirmasdan, koʻproq savol berib, takliflaringizni aytsangizlar xursand boʻlaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Tumandagi 58 mahallada 240 ming aholi istiqomat qiladi. 8 mingdan ziyod fuqaro ishsiz, 10 ming odam ishlash maqsadida boshqa davlatlarga ketgan. Demak, Yashnobodning 18 mingdan ziyod aholisiga munosib ish kerak.

 

Davlatimiz rahbari tumanda ishsizlikning oldini olish, kambagʻallikka barham berish maqsadida “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqish haqida topshiriq berdi.

 

– Bir insonning ogʻirini yengil qilish Xudoga ham yoqadi. Kambagʻal kishining ham farzandi bor, hayotdan umidi bor. Shuncha yil bu haqda gapirmadik, yashirib keldik. Endi bunga barham beraylik. Kambagʻallikni yoʻqotaylik, – dedi Prezidentimiz.

 

Buning uchun, avvalo, yoshlarni biron kasb egasi qilib voyaga yetkazish, yangi ish oʻrinlarini koʻpaytirish, Yashnobod tumanidagi band boʻlmagan aholiga xizmat koʻrsatuvchi “Ishga marhamat” mono-markazi shaklidagi markazlarni barcha tumanlarda ochish haqida fikr bildirildi. Tuman hokimlari va boshqa daxldor tashkilotlar rahbarlariga qisqa vaqtda kollejlarda mahalla yoshlarini kechki smenada kasb-hunarga oʻqitish kurslarini joriy etish haqida topshiriq berildi.

 

Davlatimiz rahbari kasb-hunar egallagan yoshlarning ish unumdorligi, oilasiga, iqtisodiyotimizga foydasi haqida gapirdi. Taʼkidlanganidek, sanoatni rivojlantirishda yoshlar kuchidan foydalanish kerak. Buning uchun ular zamonaviy dastgohlarda ishlashni bilishi talab etiladi. Shunda ularning oylik maoshi ham oshadi.

 

Davlatimiz rahbari sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish borasida muhim gʻoyalarni aytib, yana bir muammo aholining sogʻlom ovqatlanish meʼyorlariga amal qilmasligida ekanini taʼkidladi.

 

Nuroniylarga, oilaviy poliklinika shifokorlariga mahallalarda keng targʻibot ishlarini olib borish vazifasi topshirildi. Koʻproq piyoda yurish va bu borada Yashnobod tumani tajribasini joriy qilish taklifi bildirildi.

 

Uchrashuvda mahalla va oila tizimidagi uygʻun islohotlar, jumladan, yangi tashkil etilgan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyati haqida soʻz bordi. Jinoyat sodir etilishining oldini olish, ishsizlikka, kambagʻallikka barham berishda mahallaning roli muhimligi taʼkidlandi.

 

– Prezident siyosatining eng katta zamini bu – mahalla tizimi. Shu bois mahalla raisi va profilaktika inspektorlarini majlislarga chaqirmaymiz, kerak boʻlsa mahallaga kelib majlis qilinadi, – dedi davlatimiz rahbari.

 

Oilaviy nizolarga, ajrashishlarga qarshi kurashni kuchaytirish kerakligi haqida gap borar ekan, endilikda er-xotinni ajratishda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining ruxsati olinishi shartligi aytildi. Bu borada tegishli qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha topshiriq berildi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev uchrashuvda Yashnobod tumani misolida davlat boshqaruvi tizimiga oʻzgartirish kiritish haqida fikr bildirdi. Shuningdek, kambagʻallikni kamaytirish boʻyicha Sirdaryo viloyatining Boyovut va poytaxtimizning Yashnobod tumani namuna boʻlishi kerakligini aytdi.

 

Bunda asosiy eʼtibor kam taʼminlangan oilalar bilan ishlash, xotin-qizlar muammolariga yechim topish, bandlikni taʼminlash, mahallalardagi sogʻlom muhitni mustahkamlashga qaratiladi.

 

– Ishlagan odamga jamiyat eʼtibor qaratadigan zamon keldi. Tinchligimizning qadriga yetib, pok va halol boʻlib harakat qilsak, albatta natija boʻladi. Ertangi kunimizga befarq boʻlmaylik. Yashnobod oʻz nomiga munosib yashnab turishi, quyi tizimda ishni tashkil qilish boʻyicha namuna boʻlishi kerak, – dedi Prezidentimiz.

 

Bugun Toshkent poytaxt maqomiga munosib rivojlanmoqda. Islohotlar xalqimiz hayotida aksini topmoqda. Odamlarimiz kayfiyati ham shunga monand – koʻtarinki. Taraqqiyot esa davom etadi. Bu yoʻlda davlatimiz rahbarining koʻrsatmalari, topshiriqlari, tashabbuslari muhim dasturilamal boʻlishi shubhasiz.

29.02.2020

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati
Ишсиз деб эътироф этиш ва ишсизлик нафақасини тайинлашИшонч телефони12 Fevral 202421 Fevral 2024Qoraqalpog`iston Respublikasi
Шахсий жамғариб бориладиган пенсия ҳисобварағига (ИНПС) оид масалаларИшонч телефони20 Fevral 202423 Fevral 2024Samarqand viloyati
Йўл, унга қарашли йўлак, лоток, ариқ ва бошқаларнинг талабга мувофиқ эмаслигиИшонч телефони26 Oktabr 202323 Fevral 2024Toshkent viloyati
Муҳтожларга бир марталик моддий ёрдамИшонч телефони27 Yanvar 202424 Fevral 2024Buxoro viloyati
Ҳомиладорлик ва туғиш таътилига (декретга) чиқиш, таътил даврида тўланадиган нафақаИшонч телефони19 Fevral 202426 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati

Foydali resurslar