2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Xalqimizga xos mehr-oqibat va insoniylikning yuksak namunasi

Ayni kunlarda xalqimiz Ramazon hayitini tinchlik-xotirjamlikda, shukronalik bilan bayram qilmoqda. O‘zaro mehr-oqibat yanada oshib, ehtiyojmand oilalarga muruvvat ko‘rsatish, bemorlar holidan xabar olishdek savob ishlar ko‘paymoqda.

Shunday ezgu qadriyatlarimizga muvofiq, Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 may kuni Toshkent shahridagi shifo maskanlarida bo‘lib, u yerda davolanayotgan bemor bolalar holidan xabar oldi.

Davlatimiz rahbari dastlab Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga bordi.

Bu markaz aholiga gematologik va transfuziologik yordam ko‘rsatish, shunday kasalliklarning oldini olish va ularni davolash, gematologiya sohasida ilmiy izlanishlar olib borishga ixtisoslashgan.

Markazda yuqori dozali va intensiv poliximioterapiya usullari amaliyotga joriy etilgan. O‘tkir limfoblast leykozlarni davolashdagi yangi ishlanmalar natijasida bemorlarning remissiyaga chiqishi va to‘liq tuzalishi 70-85 foizgacha yetmoqda.

Prezidentimizning 2020 yil 10 fevraldagi qarori gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish, onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lmoqda. Ushbu qarorga muvofiq, 2020-2024 yillarda gematologiya sohasini rivojlantirish uchun 546 milliard so‘mdan ziyod va qariyb 71 million dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, joriy yilda 91 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan.

Bu mablag‘lar hisobidan shifoxonalar dori vositalari, tibbiy buyumlar, reaktiv va reagentlar bilan ta’minlanmoqda. Shuningdek, gematologiya xizmati moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash va davolashni takomillashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Prezident markazning sharoitlarini ko‘zdan kechirdi. Markazda 3 ta bino bo‘lib, 260 ta o‘ringa ega. Hozirgi kunda bu yerda 210 nafar bemor davolanmoqda. Shundan 42 nafari bolalardir.

Davlatimiz rahbari ushbu shifoxona uchun yangi bino barpo etish, unda Rossiyaning D.Rogachyov nomidagi tibbiy tadqiqot markazi tajribasi asosida bolalar onkogemotologiyasi markazi tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. U yerda o‘zak hujayralarini donordan ko‘chirib o‘tkazish – allogen transplantatsiya yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident shifoxonada davolanayotgan bolalar va ularning onalari bilan suhbatlashdi.

– Gematologiyada davolashni yaxshilash bo‘yicha qarorlar qabul qildik. Lekin, bu ishlar hali yetarli emas. Bugun kelishimdan maqsad – sizlarga yanayam ko‘proq sharoit yaratish, kasallarni tezroq oyoqqa qo‘yish, davolash kafolatini oshirish bo‘yicha choralarni belgilash. Sizlar hammangiz – mening farzandlarimsizlar. Har kuni kulib turib, ota-onalaringga madad bo‘lishlaringiz kerak. Albatta tuzalib ketaman, degan intilishingiz bo‘lishi kerak. Biz buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari ota-onalar va bolalarni Ramazon hayiti bilan tabrikladi.

– Ko‘ngillaringiz bo‘linmasin. Bir o‘zlaringiz emassizlar. Hammamiz hamdardmiz. Bu sohada imkoniyatlarni yaxshilash uchun yangi markaz quramiz. U yerda onalar uchun ham, bolalarning o‘qishi uchun ham sharoit bo‘ladi, davolash ham o‘zgaradi. Eng katta niyatimiz – tezroq davo topib, uyga, oilangiz bag‘riga qaytishingiz, – dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev bolalarga mehribonligi va fidoyiligi uchun markaz shifokorlariga minnatdorlik bildirdi.

Prezidentimiz Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurdi.

Markazda 10 ta davolash korpusi bo‘lib, 370 ta o‘ringa ega. Bu yerda yiliga 9 mingdan ortiq bemorga statsionar, 43 ming nafariga ambulator tartibda xizmat ko‘rsatilmoqda.

Toshkent va Qo‘qon shaharlari, Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda markazning hududiy filiallari tashkil etilgan. Ularning har birida palliativ yordam bo‘limlari ochilgan. Ilk bor, barcha hududiy onkologik muassasalar jami 22 ta zamonaviy nur terapiyasi uskunalari bilan jihozlandi. Tibbiyot markazi bilan barcha filiallar o‘rtasida telemeditsina amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. So‘nggi uch yilda tizimdagi 150 nafar mutaxassis nufuzli xorijiy klinikalarda davlat hisobidan malaka oshirgan.

Bemorlar uchun eng qiyini kerakli dorilarni topish va sotib olishdir. Shu bois bu borada davlatimiz tomonidan ham ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Onkologiya xizmati uchun dori-darmon va sarflov vositalariga 2016 yilda 8 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 62 milliard so‘mga yetgan.

Davlatimiz rahbari markazda davolanayotgan bolalar va ularning ota-onalari bilan suhbatlashdi. Bolalarning orzu-niyatlari, katta bo‘lsa qaysi kasbni tanlamoqchi ekani bilan qiziqdi, ularga dalda berdi.

Prezident bilan uchrashgan bolalarning orzulari bir olam. Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidan kelib davolanayotgan Bunyodbek O‘rolboyev 10 yoshda. Onasi uning dilidagi so‘zlarini Prezidentga yetkazdi, yakkayu yagona o‘tinchi o‘g‘lining shifo topib ketishi ekanini ma’lum qildi. Davlat rahbari ushbu ulug‘ ayyom kunlarida eng katta maqsad – bu yerdagi barcha bolalar sog‘ayishi ekanini, buning uchun hamma sharoit yaratilishini aytdi.

Asaka tumanilik Roziya Bozorboyeva yosh boshiga tushgan dard sabab shifokor bo‘lmoqchiligini, Andijon tibbiyot institutiga kirib o‘qish niyati borligini bildirdi. Shavkat Mirziyoyev shu yerda mutasaddilarga topshiriq berib, bu qiz Prezident hisobidan institutga o‘qishga qabul qilinganini aytdi.

Chust tumanida yashovchi Sabina Insofaliyeva 17 yoshda. U tumandagi 41-maktabda o‘qiydi, ammo dard sabab ikki yil o‘qishi qolib ketgan. Sabina tuzalib chiqsa, yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimi bo‘lish orzusi borligini bildirganda, hamma chapak chalib yubordi. Afsuski, shifokorlar bu qizning hayotini saqlab qolish uchun o‘ng oyog‘ini kesishga majbur bo‘lgan.

Prezident Markazning bolalar bo‘limi boshlig‘i Tojiddin Mustafoyevdan Sabinaning salomatligi haqida so‘radi. Eng rivojlangan davlatlardan protez olib kelib qo‘ydirishga, uning sog‘ligini shaxsan nazoratga olishga va’da berdi.

– Bu qizim albatta yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimi bo‘ladi, o‘qishiga hozirdan g‘amxo‘rlik qilasizlar, – dedi Prezident.

Samarqand viloyati Payariq tumanidan kelgan Rayhona Raupova 10 yoshda. Otasi Rahmonberdi akaning aytishicha, qizi Prezident maktabida o‘qimoqchi. Davlatimiz rahbari bu yil Samarqandda ham Prezident maktabi ochilishini, Rayhona albatta unga kirib o‘qishini aytdi.

– Bu bir sinov. Ana shu sinovlardan bardosh bilan o‘tib, tezroq sog‘ayib, uyga qaytsalaringiz, hammamiz xursand bo‘lamiz. Men bolalar, yoshlar haqida ko‘p gapiraman, ularga katta umidlar bog‘layman. Ilohim, mana shu bolalarning ham kasalligi esdan chiqib, xalqimizga xizmat qiladigan farzandlar bo‘lib yetishsin. Ulug‘ ayyom kunlarida Xudodan shuni so‘raymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bolalar va ularning ota-onalari bilan birga suratga tushdi. Davlatimiz rahbari nomidan bolalarga sovg‘alar topshirildi.

Shu yerda onkologiya tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Prezident markazning hozirgi imkoniyatlari yetarli emasligini ta’kidlab, Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasining bo‘sh turgan hududida Respublika onkologiya markazining yangi binolarini barpo etish bo‘yicha topshiriq berdi.

Kasalliklarni erta aniqlash maqsadida mobil brigadalar tuzib, xavf guruhiga kiruvchi aholi uchun profilaktik ko‘riklar o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun har bir hududga mobil mammograflar va pozitron-emission tomograflar yetkazib beriladi. Saraton kasalliklarini erta aniqlaydigan laboratoriyalar tashkil etilib, maxsus onkomarkerlar tekshiruvlari yo‘lga qo‘yiladi.

Ikkinchi asosiy masala – davolash sifatini oshirish. Shu maqsadda joylardagi onkologiya va gematologiya shifoxonalarini ta’mirlab, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, malakali mutaxassislarni jalb qilish vazifasi belgilandi. Kasallik oqibatida oyoq-qo‘li amputatsiya bo‘lgan bemorlarni protez mahsulotlari bilan ta’minlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi va viloyat hokimlari, shifokorlar o‘z hududlarida onkologik va gematologik kasalliklarni davolashni yaxshilash bo‘yicha takliflarini bildirdi.

Mazkur barcha vazifa va takliflarni inobatga olgan holda, onkologik va gematologik kasalliklarni davolashni tubdan o‘zgartirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilinadigan bo‘ldi.

Videoselektordan so‘ng, davlatimiz rahbari Toshkent tibbiyot akademiyasi hududiga borib, Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi binosi uchun mo‘ljallangan joyni ko‘rdi. Yangi binoni Janubiy Koreya tajribasi va loyihasi asosida qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi Tepaqo‘rg‘on mahallasi hayoti bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida barcha chora-tadbirlar mahallalar kesimida amalga oshirilishini ta’kidlagan edi. Mutasaddilarga o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi holatni o‘rganish, “o‘sish nuqtalari”ni aniqlab, ularni rivojlantirish vazifasi qo‘yilgan.

Tepaqo‘rg‘on mahallasi ham shu tarzda obod qilingan. Bu yerda 30 ta ko‘p qavatli uy bor, 6 ming 150 nafar aholi yashaydi. Ikkita 100 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, bitta ixtisoslashtirilgan maktab-internat faoliyat yuritmoqda.

Mahalladagi yo‘laklar, daraxtzorlar obod qilingan. Bolalar o‘yingohlari tashkil etilib, sport qurilmalari o‘rnatilgan.

40 ta kichik biznes sub’ektida mahalliy yoshlar va ayollar ishlamoqda. Yaqinda bu yerda yana bir ishlab chiqarish korxonasi – “Euroasia print” bosmaxonasi qurib bitkazildi. Unda 60 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. Shavkat Mirziyoyev ushbu korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Shu yerda Toshkent shahrida xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish rejalari taqdimoti o‘tkazildi.

Mahalla ahli bilan suhbatda nuroniylar Ramazon oyi ro‘zasini shukronalik bilan tutganini, yurtimizga tinchlik-farovonlik so‘rab duolar qilganini aytishdi.

– Mana shu shukronalikni, insof sari baraka ekanini xalqimizga, yoshlarimizga yetkazish kerak. O‘z mahallangizda ko‘rib turibsizlar. Mana, intilsa, qilsa bo‘lar ekan-ku. Bunday o‘zgarishlarning eng katta zamini – yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik. Buning qadriga yetib, har bir mahallani mana shunday chiroyli, tartibli qilishimiz zarur. Balandparvoz gapsiz, mehnatimiz bilan xalqimizni rozi qilishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari xorijiy tillarni o‘rgatish markazi faoliyati bilan ham tanishdi.

15.05.2021

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Ишсиз деб эътироф этиш ва ишсизлик нафақасини тайинлашИшонч телефони12 Fevral 202421 Fevral 2024Qoraqalpog`iston Respublikasi
Йўл, унга қарашли йўлак, лоток, ариқ ва бошқаларнинг талабга мувофиқ эмаслигиИшонч телефони26 Oktabr 202323 Fevral 2024Toshkent viloyati
Муҳтожларга бир марталик моддий ёрдамИшонч телефони27 Yanvar 202424 Fevral 2024Buxoro viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati
Шахсий жамғариб бориладиган пенсия ҳисобварағига (ИНПС) оид масалаларИшонч телефони20 Fevral 202423 Fevral 2024Samarqand viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Ҳомиладорлик ва туғиш таътилига (декретга) чиқиш, таътил даврида тўланадиган нафақаИшонч телефони19 Fevral 202426 Fevral 2024Surxondaryo viloyati

Foydali resurslar