2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Barcha reja va harakatlarimizdan maqsad – odamlarni rozi qilish

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlardagi o‘zgarishlar, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollarini belgilash maqsadida 15-16 aprel kunlari Samarqand viloyatida bo‘ldi.

Tashrifning birinchi kuni davlatimiz rahbari viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan sanoat, turizm, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar, joriy yil va kelgusi yillarga mo‘ljallangan loyihalar bilan tanishdi. Shuningdek, muqaddas qadamjolar ziyorati, tadbirkorlar, nuroniylar va yoshlar bilan uchrashuvlar ham dastlabki kunning muhim voqealari bo‘ldi.

16 aprel kuni Shavkat Mirziyoyev ishtirokida viloyat faollari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik va idoralar, ularning hududiy boshqarma va bo‘limlari boshliqlari, viloyat, tuman, shahar sektorlar rahbarlari, mahalliy kengashlar deputatlari, tadbirkorlar, nuroniylar va yoshlar qatnashdi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani singari Samarqand viloyatida katta o‘zgarishlar bo‘layotgani, odamlarning dunyoqarashi o‘sib, faolligi oshayotganini ta’kidladi.

– bugungi davr, shiddatkor zamon jonajon Vatanimiz taraqqiyoti, bunyodkor va tanti xalqimiz farovonligini oshirish uchun oldimizga muhim vazifalarni qo‘ymoqda. Va bu har birimizdan, ayniqsa, ijro hokimiyati organlari rahbarlaridan yuksak mas’uliyat, fidoyilik talab qilmoqda. Shu nuqtai nazardan bugun Samarqand viloyatida ham ko‘p o‘zgarishlar, yangilanishlar bo‘layotganini ko‘rayapmiz. Ko‘plab yangi loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda, shahar va qishloqlar qiyofasi o‘zgarmoqda. Lekin eng asosiysi, odamlarning dunyoqarashi, hayotga munosabati o‘zgarishi kerak. Qachonki xalqimizning dunyoqarashi o‘zgarib, bugungi islohotlarga ishonchi va xayrixohligi oshsa, davlatdan, rahbarlardan rozi bo‘lsa, faoliyatimizga berilgan baho, olib borayotgan sa’y-harakatlarimiz natijasi shu bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz har doim Samarqandni sog‘inishi, bu viloyatda orttirgan tajribasi ish faoliyatida qo‘l kelishini ta’kidladi. Lekin o‘sha paytlarda ijro hokimiyatining imkoniyati hozirgidek bo‘lmaganini qayd etib, mavjud imkoniyat va salohiyatdan samarali foydalanish zarurligiga e’tibor qaratdi.

– Hozir zamon o‘zgardi, odamlar endi kechagiday yashashga majbur emas. Eng katta masala – joylardagi ijro hokimiyati rahbarlari bugungi hayot, harakat, shiddatga mos ishlashi kerak. 2020 yil og‘ir yil bo‘ldi, manaman degan davlatlar iqtisodiyoti bu sinovlarni ko‘tarolmadi. Bu yil kechagiga nisbatan intilishimiz o‘zgarib, ertangi kun manfaati nuqtai nazaridan harakat tuyg‘usi paydo bo‘lsa, oldimizga qo‘ygan rejalarimizni bajara olamiz. Agar bizga kimdir qilib beradi, degan tushuncha bo‘lsa, bunday xohish bilan hech qachon natijaga erisholmaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi nishonlanadigan joriy yilda Samarqand viloyatida yuqori natijalarga erishish uchun hozirdan marrani baland olib, aniq belgilash lozimligini ta’kidladi. Shu jihatdan viloyatni kompleks rivojlantirish, aholi hayotini yaxshilash bo‘yicha eng muhim yo‘nalish va vazifalar, sanoat, transport logistikasi, turizm va boshqa sohalardagi “o‘sish nuqtalari” belgilab olindi.

Jumladan, har bir mahalladagi muammo va imkoniyatlarni tanqidiy o‘rganish, aholini tadbirkorlikka va o‘zini o‘zi band qilishga jalb etish orqali kambag‘allikni qisqartirish, 2021-2022 yillarda sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, uy-joy qurilishi, obodonlashtirish, kommunal va transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash yuzasidan vazifalar belgilandi.

2021-2022 yillarda Samarqand viloyatida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida qiymati 30 trillion 415 milliard so‘mlik 1 ming 279 ta investitsiya loyihasi rejalashtirilgani ta’kidlandi. Xususan, 12 trillion so‘mlik 1 ming 184 ta hududiy, 18 trillion so‘mdan ziyod 95 ta tarmoq loyihalari amalga oshiriladi. 1,8 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi va 26 mingta doimiy ish o‘rni tashkil etiladi.

Xususan, energetika sohasida 974 million dollarlik 8 ta yirik loyiha amalga oshirilib, yiliga 6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, natijada 1,8 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. Shuningdek, Fransiyaning “Total Eren” kompaniyasining 100 million dollar sarmoyasi hisobiga shu yil dekabrda Nurobod tumanida quvvati 100 megavatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi.

Prezident Urgut tumanini to‘liq erkin iqtisodiy zonaga aylantirish, viloyatning barcha hududlarida ushbu iqtisodiy zonaning filiallarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Shuningdek, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi negizida xolding kompaniya tuziladi.

Qo‘shrabot, Ishtixon va Urgut tumanlarida 8 ming gektarda intensiv bog‘ va uzumzorlar barpo etib, 4 mingdan ziyod kishini ish bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Chorvachilikda yana 4 ming, pillachilik va ipak mahsulotlari tayyorlashda 12 ming ish o‘rni yaratish mumkinligi qayd etildi.

Har bir mahalladagi muammo va imkoniyatlarni tanqidiy o‘rganish, aholini tadbirkorlikka va o‘zini o‘zi band qilishga jalb etish orqali kambag‘allikni qisqartirish asosiy vazifa bo‘lishi ta’kidlandi.

Joriy yilda 915 ta qishloq va mahallada qurilish-obodonlashtirish ishlari bajarilishi, 658 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari ta’mirlanib, 210 ta qishloq va mahalladagi suv ta’minoti yaxshilanishi aytib o‘tildi. Ipoteka dasturi doirasida 3 ming 450 kvartirali ko‘p qavatli uylar qurilib, 2 ming 200 ta oilaga subsidiya beriladi.

Turizmni rivojlantirish viloyat iqtisodiyotining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi ta’kidlandi.

– Ichki va ziyorat turizmini bosqichma-bosqich qayta tiklash bo‘yicha ishlarimiz, jumladan, ichki sayyohlar uchun transport va mehmonxona xarajatlarini subsidiyalash tizimi joriy etilgani, hozirdan o‘z natijasini bermoqda. Buni birgina Registon majmuasiga mart oyida 150 ming nafar fevral oyiga nisbatan 5 barobar ko‘p sayyoh kelgani ham yaqqol ko‘rsatib turibdi, – dedi davlatimiz rahbari.

Turizm infratuzilmasini rivojlantirish doirasida barcha talablarga ega Samarqand turizm markazi barpo etilmoqda. Unda xalqaro kongress markazi, “Abadiy shahar” karvonsaroy majmuasi, 8 ta mehmonxona, tematik xiyobonlar, dam olish va ko‘ngilochar ob’ektlar, hunarmandchilik markazi, sun’iy suv havzalari quriladi. Buyuk olim va hadisshunos bobomiz
Imom Buxoriy majmuasini, bu ulug‘ zotning butun islom olamidagi yuksak obro‘ va maqomiga munosib tarzda, qaytadan qurish ishlari boshlandi.

Bu yerda 10 ming o‘rinli masjid, 21 gektar maydonda ulug‘ ajdodlarimizning diniy merosi va moddiy madaniy meros ob’ektlarini aks ettiruvchi tematik xiyobon, 3 ta mehmonxona va 24 ta oilaviy mehmon uylaridan iborat ziyorat turizmi majmuasi barpo etiladi.

Urgut, Nurobod va Jomboy tumanlarida ham turizm klasterlari tashkil etiladi.

Samarqandda qurilayotgan yangi xalqaro aeroport parvozlar sonini 7-10 barobarga oshirish va chetdan turistlar oqimini keskin ko‘paytirish imkonini beradi.

Faollar yig‘ilishida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarini rivojlantirish, yoshlar bilan tizimli ishlash bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.

Xususan, 106 ta davlat bog‘chasini ta’mirlash, 6 ta davlat-xususiy sheriklik, 400 ta oilaviy bog‘cha va 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash bo‘yicha guruhlar tashkil etish orqali viloyatda maktabgacha ta’lim qamrovi 63 foizdan 70 foizga yetkaziladi.

Camarqand davlat universiteti huzurida Muhandislik fizikasi instituti, Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti tashkil etiladi. Narpay xizmat ko‘rsatish texnikumi binosida Samarqand davlat chet tillari institutining “Maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda ingliz tili” hamda “Xorijiy til va adabiyoti” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha fakulteti ochiladi.

Viloyatdagi ijtimoiy soha ob’ektlari uchun respublika byudjetidan qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratiladigan bo‘ldi.

Viloyatda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 108 ming nafar yoshning hayotini yanada yaxshilash maqsadida ular bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka va kasb-hunarga o‘rgatish zarurligi ta’kidlandi. Ushbu maqsad yo‘lida 6 mingga yaqin yoshlarga tadbirkorlik uchun 136 milliard so‘m kredit ajratiladi. “Yoshlar: 1+1” loyihasi doirasida 18 ming 500 nafar yosh kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitiladi, 13 ming 200 nafar yoshni tadbirkorlikka o‘rgatish va usta-hunarmandlarga biriktirish orqali ularning bandligi ta’minlanadi. 14 ming 400 nafar yoshlar doimiy va haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etiladi.

Yilning uchinchi choragiga qadar viloyatda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 35 ming nafar xotin-qizdan 7,5 ming nafarining bandligini ta’minlash, 2 ming 789 nafarini kasb-hunarga o‘qitish choralarini ko‘rish zarurligi qayd etildi. Buning uchun Bandlikka ko‘maklashish va Jamoat ishlari jamg‘armalaridan 10 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 6 ming 341 nafar ayolni tadbirkorlikka jalb etish uchun “Xalq banki” orqali 182 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

– Islohotlarning pirovard maqsadi odamlar daromadini ko‘paytirish, xarid qobiliyatini oshirish va bandligini ta’minlash orqali ularni hayotdan rozi qilishdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda vazirlar, sektorlar rahbarlarining hisoboti eshitildi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlar, sektorlar rahbarlariga joriy yilda viloyatda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan aholiga murojaat qilish topshirig‘i berildi.

Kunning ikkinchi yarmida Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida ochilgan ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi.

“Zarmed pratiksha hospital group” nomli ushbu qo‘shma korxona O‘zbekiston va Hindiston hamkorligida tashkil etilgan. Uning ta’sischilaridan biri Nishant Bajajning aytishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga tashrifi, ishbilarmon doiralar o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvlar hamkorlikka ishonch tug‘dirgan.

Qo‘shma korxonaning dastlabki loyihasi bo‘lgan mazkur tibbiyot markazi uchun 8,5 million AQSH dollari sarflangan.

Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 5 ta jarrohlik amaliyoti xonasi, 100 o‘rinli statsionar mavjud. Intervension kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, endoskopik jarrohlik, ortopediya va travmatologiya, urologiya va ginekologiya, otolaringologiya faoliyat turlari uchun zamonaviy diagnostika uskunalari o‘rnatilgan. Bir vaqtning o‘zida 600 kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Tibbiy xizmatlar xalqaro standartlar asosida kompleks tarzda ko‘rsatiladi. Markazda 140 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

– Mamlakatimizda xususiy tibbiyotga sharoit yaratilgani natijasida mana shunday zamonaviy klinikalar ko‘paymoqda. Endigi vazifa bemorlarga sifatli xizmat ko‘rsatib, odamlarning ishonchini qozonish. Davolanish uchun chet elga ketmoqchi bo‘lganlarni ham jalb etish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga Samarqandda xususiy tibbiyot universiteti va klinikadan iborat tibbiyot klasterini tashkil etish, xorijda ishlab yurgan samarqandlik shifokorlarni ishga taklif etish uchun viloyat hokimligida jamg‘arma tuzib, ularni imtiyozli uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filialida davolanayotgan O‘zbekiston Qahramoni, Oliy Majlis Senati a’zosi Hasan Normurodovni borib ko‘rdi.

Bu inson yurtimizdagi fidoyi nuroniylardan. Uzoq yillar xalq ta’limi tizimida ishlagan. Keyinchalik “Nuroniy” jamg‘armasining Samarqand viloyati bo‘limi raisi sifatida mehnat faxriylarini ijtimoiy himoya qilish ishlariga katta hissa qo‘shgan. Hozirgi kunda Samarqand viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari.

82 yashar Hasan Normurodov jonkuyar va samimiy inson sifatida viloyat aholisi o‘rtasida hurmat qozongan. 2019 yilda Prezidentimiz farmoniga ko‘ra “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

Shavkat Mirziyoyev fidoyi mehnat faxriysiga mustahkam sog‘lik va bardamlik, uzoq umr tiladi.

Hasan Normurodov vaqt topib kelgani, yuksak e’tibor ko‘rsatib, qo‘llab-quvvatlagani uchun davlatimiz rahbariga tashakkur bildirdi.

Shu bilan Prezidentning Samarqand viloyatiga tashrifi yakunlandi.

17.04.2021

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Муҳтожларга бир марталик моддий ёрдамИшонч телефони27 Yanvar 202424 Fevral 2024Buxoro viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati
Шахсий жамғариб бориладиган пенсия ҳисобварағига (ИНПС) оид масалаларИшонч телефони20 Fevral 202423 Fevral 2024Samarqand viloyati
Ҳомиладорлик ва туғиш таътилига (декретга) чиқиш, таътил даврида тўланадиган нафақаИшонч телефони19 Fevral 202426 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Йўл, унга қарашли йўлак, лоток, ариқ ва бошқаларнинг талабга мувофиқ эмаслигиИшонч телефони26 Oktabr 202323 Fevral 2024Toshkent viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Ишсиз деб эътироф этиш ва ишсизлик нафақасини тайинлашИшонч телефони12 Fevral 202421 Fevral 2024Qoraqalpog`iston Respublikasi

Foydali resurslar