2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Qashqadaryoda aholi muammolari qanday hal etilmoqda?

Aholining muammolarini o‘rganish, ularga yechim topish, kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy himoya qilish, yoshlar va ayollar daftaridan o‘rin olgan fuqarolarni ish bilan ta’minlash masalalari Qashqadaryo viloyatidagi Prezident Xalq qabulxonalari va sektor rahbarlari tomonidan joriy yilda ham amaliy natijalar bilan davom ettirilmoqda.

Koson tumanida 1-sektor rahbari bilan tashkil etilgan sayyor qabulda 80 dan ortiq murojaatlar qabul qilindi, 50 nafar fuqaroning muammosi shu yerning o‘zida hal etildi. Murojaatlarning aksariyati bandlik, uy joy, tibbiy yordam, yo‘l qurilishi, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, kredit olish bilan bog‘liq masalalardir.

Koson tumanidagi «Quybog‘» mahallasida istiqomat qiluvchi Nilufar Yo‘ldosheva tadbirkorlik qilish istagi borligini aytib, chorvachilikni yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kredit olishda yordam berishlarini iltimos qildi. Uning muammosi tez kunlarda hal qilib beriladigan bo‘ldi.

«Regzor» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Nargiza Bekmurodovaning 4 nafar voyaga yetmagan farzandi bor. Sayyor qabulga kelib, tikuvchilik qilish niyati borligini, ammo tikuv mashinasi olishga qurblari yetmayotganligini aytib, ko‘mak so‘radi. Unga tikuv mashinasi sovg‘a qilindi. Shu bilan birga, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 30 million so‘m imtiyozli kredit ham beriladigan bo‘ldi. Shu kuni «Ayollar daftari»dan o‘rin olgan yana 10 nafar xotin-qizlarga zamonaviy tikuv mashinalari topshirildi.

Furqat To‘xtayev «Bunyodkor» mahallasida yashaydi. Mavsumiy ishlarda ishlab yurgan bu yigit sayyor qabulga kelib, dehqonchilik qilish istagi borligini bildirdi va yer so‘radi. Unga «Guvalak» hududidan 1 gektar yer ajratib beriladigan bo‘ldi. Gap shundaki, ushbu hududda foydalanilmay, yotgan yer maydonida intensiv bog‘ tashkil etish rejalashtirilgan. Ayni paytda 52 ta artezian quduq qazilib, tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Sayyor qabul davomida ish so‘rab murojaat qilgan, «Yoshlar daftari»dan o‘rin olgan yana 9 nafar yigit-qizga 1 gektardan yer ajratilgani haqidagi sertifikatlar topshirildi.

«Do‘stlik» mahallasidan Shavkat Abdunazarov ko‘pning dardini aytish uchun sayyor qabulga tashrif buyurdi. Ma’lum bo‘lishicha, mahallada 2 500 dan ortiq aholi istiqomat qiladi, 200 ga yaqin oila yangi uy-joy qurib, massivga ko‘chib chiqishgan. O‘zlari qo‘lbola usulda simyog‘ochlar o‘rnatib, elektr simlari ham tortib olishgan.  

Bu esa elektr ta’minotida muammolarni keltirib chiqardi. Ana shu masalalar sayyor qabulda o‘rtaga tashlandi. Tuman elektr korxonasi tomonidan mahallaga yana qo‘shimcha 160 kilovatli yangi transformator o‘rnatib berildi. Yog‘och ustunlar o‘rniga temir ustunlar almashtirish ishlari davom etmoqda. Bundan tashqari 850 metrlik zamonaviy kabel tarmog‘i ham tortilmoqda.

«Do‘stlik» mahallasida yashovchi Mahbuba Mo‘minovaning ham shu kuni tashvishlari ancha yengillashdi. Taqdirning achchiq qismati tufayli yon qo‘shnisining 6 nafar farzand bir kunda ham onadan, ham otadan ajralib qoldi. Ularni o‘z bag‘riga olgan ayol 2 yildan buyon o‘zining 2 farzandi bilan birga oq yuvib, oq tarab kelmoqda. Ammo ro‘zg‘or tebratish borasida biroz qiyinchilikka uchrayotganligi sababli yordam so‘rab sayyor qabulga keldi. Shu kunning o‘zida unga 30 million so‘m yordam puli berildi. Bundan tashqari, homiylar tomonidan bolalarga kiyim-kechaklar, o‘quv qurollari olib berildi. Qarshi shahrining diqqatga sazovor joylari, tarixiy manzillari bo‘ylab sayohat ham uyushtirildi.

Tumanning «Obod turmush» mahallasida istiqomat qiluvchi Kamol Jo‘rayev taqdir sinovlariga yengilmay kurashib kelayotganlarning biri. Garchi 2-guruh nogironi bo‘lsa-da, ro‘zg‘orini boqish, 4 nafar farzandini bekami-ko‘st qilib voyaga yetkazish uchun harakat qiladi. Tuman Xalq qabulxonasi va sektor rahbarlarining ko‘magi bilan «Har bir oila tadbirkor» dasturi asosida 30 million so‘m kredit olib, tomorqasidagi 5 sotix yerga issiqxona qurdi. Bu yerga limon, pomidor, bodring ko‘chatlarini ekishni rejalashtirayapti.

Koson tumanidagi «Ayronchi» mahallasi tuman markazidan 20 km. uzoqlikda joylashgan. Shu vaqtgacha o‘quvchilar 1932 yilda loy paxsadan qurilgan maktabda ta’lim tarbiya olib kelishgan. Avvalgi qabullarda mahalla faollari va ota onalar avariya holatiga kelib qolgan maktabni ta’mirlab berishlarini so‘rab murojaat qilishgan edi.  

Bu muammoga ham ijobiy yechim topildi. 2020 yilda 3 qavatli 300 o‘rinli yangi maktab qurilishi tuman hokimligi tomonidan investitsiya dasturiga kiritildi. Qisqa muddatda yangi zamonaviy, barcha shart sharoitlarga ega maktab barpo qilindi. Bilim dargohi zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ham ta’minlandi.

Ushbu mahallada 5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bog‘cha yoshidagi bolalar soni esa 500 nafardan ortiq. Ammo hududda bor-yo‘g‘i bitta maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lib, u ham 90 yillarda qurilgan, moslashtirilgan binoda faoliyat olib borgan. Aholining xalq qabulxonasiga murojaatidan so‘ng, yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish mahalliy dasturga kiritilib, 3 milliard 400 million so‘m evaziga 125 o‘rinli zamonaviy bog‘cha qurilib, ishga tushirildi.

«Esaboy» mahallasi tuman markazidan 12 km. uzoqlikda joylashgan. Hududdagi 1997 yilda qurilgan qishloq vrachlik punkti 3 ta mahalla, 6 ta qishloqning 10 mingdan ortiq aholisiga xizmat ko‘rsatgan. Yillar o‘tib bino nochor ahvolga kelib qolganligi tufayli, tibbiyot xodimlari qo‘shni mahalla fuqarolar yig‘ini binosining 3 ta xonasida faoliyat yuritishga majbur bo‘lishdi. Bugun investitsiya dasturiga asosan ajratilgan 586 million so‘m evaziga eski bino qayta rekonstruksiya qilindi. Ayni paytda so‘nggi pardozlash ishlari amalga oshirilayapti. Ushbu zamonaviy oilaviy shifokorlik punktida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha shart sharoit va qulayliklar yaratilmoqda.

29.01.2021

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Йўл, унга қарашли йўлак, лоток, ариқ ва бошқаларнинг талабга мувофиқ эмаслигиИшонч телефони26 Oktabr 202323 Fevral 2024Toshkent viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Муҳтожларга бир марталик моддий ёрдамИшонч телефони27 Yanvar 202424 Fevral 2024Buxoro viloyati
Ишсиз деб эътироф этиш ва ишсизлик нафақасини тайинлашИшонч телефони12 Fevral 202421 Fevral 2024Qoraqalpog`iston Respublikasi
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati
Ҳомиладорлик ва туғиш таътилига (декретга) чиқиш, таътил даврида тўланадиган нафақаИшонч телефони19 Fevral 202426 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Шахсий жамғариб бориладиган пенсия ҳисобварағига (ИНПС) оид масалаларИшонч телефони20 Fevral 202423 Fevral 2024Samarqand viloyati

Foydali resurslar